O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326707 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 54 B


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:48:46

O'yin
Bu qiz bilan har kuni
O'ynardik bekinmachoq.
Darrov topardim uni
Devorga bekingan choq.

Qo'l ushlashib adirga
Chopar edik hakkalab.
Qaytardik keyin birga,
Qo'ymas edim yakkalab.

Ishonmasdan, ko'zimni
Kafti bilan yopardi.
Bekinardi. Men uni
Osongina topardim.

Kapalakday beqaror,
Ohuday edi qochoq.
Keyin bilsam, aslida
Bu dunyo - bekinmachoq.

Bir kun ogoh qilmasdan
Bir burchakka chekindi.
O'zi bilib-bilmasdan
Chimildiqqa bekindi.

Ovoz berdim: «Bo'ldi, chiq,
Qanisan?..» - tinglar edi.
Lekin negadir piq-piq
Chiqmasdan yig'lar edi.

Kiray desam yoniga,
To'siq bo'ldi yangalar.
Igna sanchib jonimga,
Dil dardimni yangilar.

Tashqaridan so'z qotdim:
«Hammasi o'yin edi,
Ko'z yumdimu - yo'qotdim,
Buyog'i to'ying endi...»

Shundan beri har kuni
Yaramga teginaman.
Uzoqdan ko'rib uni,
Shu zahot bekinaman.

Ergasholmas izimdan,
Ortimdan chopolmaydi.
Ko'rib turaru zimdan,
Hech qachon topolmaydi...

2002

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:49:28

Faqat sizni...
Ishonaman sizga, azizim,
Faqat meni sevasiz, faqat -
O'pich uchun bir menga izn
Berasiz-u yotga yo'q shafqat.

Turna bo'lib uchar qoshingiz,
Qabog'ingiz shimadi shafaq.
Shab sharobin ichar sochingiz,
Kiprigingiz - hilol, muhaqqaq.

Barmog'ingiz atirgulday xush,
Ko'ylagingiz yoqasi burma.
Ko'ksingizda g'unchalar behush,
Poyingizga qadalgan durmi?!

Nur elagan oyday yuzingiz
Bilamanki, faqat men uchun.
Demak, chindir aytgan so'zingiz,
Demak, meni sevishingiz chin.

Tun torayib boradi asta,
Xayolotga bazo'r sig'asiz.
Meni o'ylab uxlayolmasdan,
Yostiq tilin tishlab chiqasiz.

Tuyg'ularim aldamas sira,
Hech bir qizni sizday suymadim.
Tarqab ketar olis xotira -
O'zgaradi yurak qiymati.

Xum ichida qolgan g'o'raman,
Ko'hna mayday ko'pirar qonim.
Faqat sizni yaxshi ko'raman,
Faqat sizni o'paman, jonim!

1995

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:49:50

D A R S
Darsxonaga kirasiz shoshib,
Yonimdan «g'uv» o'tib ketasiz.
O'zingizga loyiq yo'l ochib,
Joyingizga qushday yetasiz.

O'tirasiz (axir, bu dars-da)
Va'zlar sig'mas dilxonangizga.
Pichir-pichir qilasiz, asta
Sirg'alib yon dugonangizga.

His qilaman: g'iybatingiz - men,
Po'rtanadek qo'pgim keladi.
Sochingizdan tortqilab, keyin...
Keyin...
...yig'lab o'pgim keladi!

1995

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:51:12

Tobutimni ko'tarar qizlar
O'layapman - ranjimang tag'in,
Qololmayman bu yerda sobit.
Atirgulning shoxchalaridan
Yasaganman o'zimga tobut.

Jar soladi mushfiqim - sabo,
Chorlayverar do'stu g'animni.
Mehmon bo'lgan Azroil bobo
Shabnam bilan yuvar tanimni.

Hayotimni muqaddas bilib,
Urfu-rusum qilurlar ul-bul.
She'rlarimni tilovat qilib,
Janozamni o'qiydi bulbul.

Yaproqchalar soladi uvvos,
O'ksimasin maysalar nega?!
Ko'milaman eng toza, eng soz,
Eng chiroyli gulning tagiga.

Ko'm-ko'k rangga kiradi jonib,
Chayqaladi zil-zambil hislar.
Yuragimni alvonday yopib,
Tobutimni ko'tarar qizlar!

1995

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:51:47

Qariqiz
Osuda, tinch yo'ldan ham yurak yutib o'tar jim,
Topilmaydi olamda yuragiga mutarjim,
Kim bilsin, balki u ham shahzodasin kutar jim,
Axir, o'z baxtin kutib yashaydi-ku bari qiz,
Singlisini uzatib, o'zi qolgan qariqiz.

Bolalikka yo'lak yo'q. Oldga ham. Bir joyda lol,
Halinchakka osilib o'z-o'zicha ochar fol:
Balki bugun yo erta yoki indin, ehtimol...
Foli o'zgaga to'g'ri - o'ziga teskari qiz,
Qo'shni uyda kul bo'lib yor-yor aytar qariqiz.

Chehrasi dog'li deya havas qiladi Oyga,
Sochining bir tolasi zarbidan sinar oyna.
Tushin aytmaydi hatto tushunmaydi deb soyga,
Ko'nglining girdobidan qo'rqar, tubsiz qa'ri, qiz,
Xayolida baliqlar bilan suzgan qariqiz.

Bormi unga dugona, bormi dardin so'rovchi?
Bormi uning zoriga yetadigan zo'r ovchi?
Bu eshikni har kimsa qoqar - ko'rinmas sovchi,
Ostona hatlab endi chiqmas o'zi nari qiz,
Soyasi - o'zi, soya bo'lib qolgan qariqiz.

Halqa-halqa mung sochar qaroqlari havoga,
«Kimning qobirg'asiman?» - bo'zlar Momo Havvoga,
U ham gul-ku - bir kuni ochilishga da'vogar,
Ochilsa, hovlisini jannat qilar pari qiz,
Yaproqlari ostida ifor to'la qariqiz.

Ona - tinsiz: keksargan yuragin timsoh g'ajir,
Ota - tilsiz: qarigan manglayi g'ij-g'ij ajin,
Yo, Xudoyo, sen bu uch qulingga o'zing achin,
Ketayapti kun sayin, oy sayin Sen sari... qiz,
Ko'zlaridan to'kilib duolari - qariqiz...

Ko'ksimga xanjar sanchdim-qonday chiqdi bu she'rim
O'ttiz uch yil to'lg'ongan jonday chiqdi bu she'rim,
Rosti, o'zim bilmayman, qanday chiqdi bu she'rim..
Ko'zyoshingday samoda omonat Yer shari, qiz,
To'kma, yo'qsa, yo'qlikka yo'l olamiz, qariqiz!..

1999

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:52:23

San'at
1

Ko'ksimdagi parcha muz
Kun sayin eriyapti.
Ko'zlarimdan sizar So'z -
His qildim she'riyatni.

Yomg'irpo'shni yopinib,
Singayapman botinga.
Faqat unga topinib,
Kechdim - neki yot unga.

Anglab yetdim: suv kabi
Isrof bo'larkan his ham.
Gunoh bo'larkan kabir -
Ehtiyot bo'ling siz ham.

Dildagi toshni oting,
U - muzning bir xili-da...
Keyin... menga so'z qoting
Faqat qushlar tilida!



Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:53:09

2

Qofiyalar aylanar g'uj-g'uj,
Shoshiradi: «Tashbeh, timsol top.
Bo'lmasin lek havoyi yo puch,
Va shaklga bergin zebu-tob».

Chavandozday sapchiydi har So'z,
Sho'rlik dilim - o'rtada uloq.
Tomoshaga shaylanar ming ko'z,
Eshitsam der ming bitta quloq.

Men-chi, jonim halak, taloshda
Ulashaman borimni saxiy.
Netay, shunga ko'nganman boshdan,
Netay, boshqa yo'lim yo'q, axir.

Hislarimni bitta-bittalab
Gul misoli tutaman - oling.
Yo'q, hech narsa qilmasman talab,
Faqat she'rga muxlis bo'p qoling.

Chin so'zim shu... Ey, g'ofil Inson,
Kulmang, mazax qilib, lof deya:
Tushingizga kirar so'ng timsol,
Tushingizga kirar qofiya...

2006

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:53:59

Yo'qlov (Muhammad Yusufni yo'qlab...)
-1-

Uzoqlashgan edim qalamdan,
Qo'llarimdan tushgandi qog'oz.
Bag'rim tutab qayg'u-alamdan,
Yuragimni to'kayapman boz.
Har bir so'zni, har bitta harfni
Dil to'ridan olyapman uzib.
Sog'intirib menday g'aribni,
Qayerdasiz, Muhammad Yusuf?

Kimdir dedi: o'lgan, u o'lgan...
Hayron boqdim: jinnimi u yo...
Odamlarga bir nima bo'lgan,
Yo so'ngiga yetdimi dunyo?
Axir, cheksiz samovot uzra
Charchadi-da Ona Yer yuzib.
Yoki Oyda axtarib misra -
Yuribsizmi, Muhammad Yusuf?

Yulduzlarni sarxush etibdi
Ko'ksimga siz kadagan rayhon.
Ammo kimdir yulib ketibdi,
So'ng ezg'ilab, etibdi payhon.
Nogoh izza bo'lgan boladay
Yig'layapman dunyoni buzib.
Cho'qqidagi yolg'iz loladay
Olisdasiz, Muhammad Yusuf.

Yetolmayman - tovonlarim qon...
Osilsam-da tikan, xaslarga -
Poyingizga yetganim hamon
Yumalayman yana pastlarga.
Intilaman tag'in ko'k sari,
Burnim konab, laxta qon qusib.
Unutilar ozorlar bari -
Sizni ko'rsam, Muhammad Yusuf.

Diydoringiz qayda? Hansirab,
O'rmalayman - eltar qay so'qmoq?
Ketayapman faqat sha'n so'rab,
Balki tushar boshimga to'qmoq.
Axir, dunyo maslagi - makr,
Huzur qilar hiylalar tuzib.
Dardkashim yo'q, ezginman, axir,
Bexabarsiz, Muhammad Yusuf.

Men kimman?!
Huv, yo'lda o'ksinib,
Yolg'iz qolib ketgan butaman.
Yarim yo'lda oyog'i sinib,
Bo'zlab yotgan nochor bo'taman.
Chor atrofim - yonayotgan dasht,
O't yo'lini bo'lmaydi to'sib.
Endi qiyin bo'ladi yashash -
Siz yo'qsiz-da, Muhammad Yusuf.

Tog' edingiz - har kuni quyosh
Bag'ringizdan ko'kka chiqardi.
Men-ku sizdan yumalagan tosh,
Yuksalay deb quvvat yig'ardim.
Balki bir kun yo'l ochsa Samo,
Tog' bo'larman siz kabi o'sib.
Qay tomonga bo'ylayin ammo -
Qaerdasiz, Muhammad Yusuf!?

-2-

Umr nima?
Bir sho'x nag'maki,
Tugamasdan bo'ladi sarob.
U - bir tutab o'chgan tamaki,
Yarmi yerga to'kilgan sharob...

-3-

O'ylab qoldim birinchi marta:
Ne o'zi shoir bo'lmoq?

Hech kim qabul qilmagan dardni
Yuqtirib o'lmoq!


2001 yil, 19 avgust

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:54:23

Munojot
Ey, ismidan atir taratgan,
Ey, dunyoni ishqdan yaratgan.

G'uncha kabi ochdim ko'zimni,
G'arib holda ko'rdim o'zimni.

Neki bildim - mudhish... Uyaldim,
Behush bo'lib, gulga suyandim.

Yuragimga tegdi tikani,
Qonim oqdi yaproqqa... Ani -

Chumolilar ichib berdi jon,
Qanday maxluq bo'ldim, Xudojon?!

Tomirimga sancharkan nishin,
Chayonlar ham yiqilar shishib.

Nahot boshdin oyoq zaharman,
O'z-o'zimni tinmay chaqarman.

Holbuki, bol isini tuyib,
Kelgandim gul ishqida kuyib.

Bilmam, qachon, ne deb chalg'idim,
Adashdimmi turmush changidin...

O'zing - mayoq, o'zingsan habib,
O'zing - tiryoq, o'zingsan tabib.

Kasalimni tuzatsang zora,
Sendan o'zga topolmas chora.

Ki, sensan bor olam maqsudi,
Senga yetmas tubanlig' dudi.

Arshingdasan, oliysan, poksan,
Va hammadan ham yaqinroqsan.

Yaqindirsan hatto o'zimdan,
Olissan-u ojiz ko'zimdan.

Har hujayram sezar taftingni,
Osmonlarga sig'mas taxtingni -

Yuragimga qo'ndirgan o'zing,
Isyonimni so'ndirgan - so'zing.

Sokinman-u ruhimda to'lg'oq,
Sening otash shavqingga to'lmoq -

Qanday azob, qanday shirin, xush,
Go'yoki tush ichidagi tush.

Jilvalanar eng toza ranglar,
Go'zal, nafis saslar, ohanglar...

Jimirlaydi har bitta tolam -
Menga singib yo'qolar olam.

Men qaydaman? Vujudim qayda?
Mast bo'ldimmi gul tutgan maydan?

Eslolmayman nega ismimni?
Topshirdimmi butkul izmimni?

Hayotimni o'zing qilgin hal,
Ey, nafasi - mushk, ismi - zarhal...

Sendan o'zga yo'qdir yupanchim,
Sen boqmasang, bu dunyo yanchib -

Ko'kka eltar xas-somonimni,
Bir qop qoldig'-u yomonimni.

Holbuki dur, marvaridlarim -
Sochiladi tuproqqa bari...

Hech kim sezmas, hech kimsa termas,
Tersa hamki, birovga bermas.

Ular faqat senga atalgan,
Ruhimga tugmaday qadalgan.

Sen deb tunlar berganman oro,
Zahmatimdan topganman orom.

Ey, ismidan atir taratgan,
Meni ishqqa qorib yaratgan.

Gardim bo'lsa - artib qo'y sekin,
Tanobimni tortib qo'y, lekin

Qahhor isming talabin tutma,
Parvardigor, meni unutma!

Bir uyum go'ng kabi tashlandiq
Sasib yotmay bir chetda... Sandiq

Ichidagi zanglagan tig'day
Ruhim ado bo'lmasin... Tinmay

Yod etaman nurli zotingni,
Rahmon, Rahim, Karim otingni.

Netay, faqat shunga qodirman,
Bechoralar ichra nodirman.

Yuragimga kuch ber, ilohi,
Yetib borsin senga dil ohi.

Toki jannat yuzin qaratsin,
Toki ismim atir taratsin...

2006

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:54:36

Nilufar (Doston)
«Men seni sevaman» -
Yodimda ham yo'q,
Qachon, kimga dedim,
Ko'zladim neni...
Mening xayolim - ko'k,
Mening ko'nglim to'q -
Baridan ortiqroq ko'raman seni...


1

Umrim nihol edi, manzilim - falak,
Yerning chaqmoqlari sindirdi tuyqus.
Ko'ngling panoh bo'ldi, nigohing - tirgak,
Nilufar, o'n to'qqiz dardim olgan qiz.
Kimdandir voz kechdim, nedandir tondim,
Kimningdir yuziga tupurdim qattiq:
Yo'q, yo'q, o'zimgamas - senga ishondim,
Yuragim ko'zini teshib o'tgan tig'.
Menga berishmadi pokiza kuloh,
Hilol orzusidan qildilar judo.
Xudoni unutdim... astag'firulloh...
Ehtimol, meni ham unutdi Xudo...
Yo'limda izg'idi olamushuklar,
«Pisht» dedim,
hammasi to'ng'izga do'ndi.
Yuzimga urildi ochiq eshiklar,
Eshiklar ko'nglimni quyqaga ko'mdi.
O-o-h, dedim,
Mayliga, o'tmishim - ayro,
Bugunim - yarador, ertam quruq dard.
Axlat sochavering - gul uchun zero
O'g'it bo'lar hatto eng chirkin axlat.

Kimdir mazax qildi
hiringlab gizli,
Kimdir qo'l siltadi
izimdan:
«ahmoq...»
Hayqirdim:
» Ko'rsatib qo'yaman...
Sizni...
Men chaqmoq bo'laman,
men hali
chaqmoq...

2

Shoni ulug og'am Po'rtana,
Ohanraboli inim Girdob,
Men o'zimni topyapman yana,
Men o'zimga berayapman tob.

To'lqin, mening oqqo'ngil singlim,
Yo'lga tayyor bo'lib tur har on.
Men ko'chyapman - sezmakda ko'nglim,
Qo'pajakdir yangi bir to'fon.

Poseydon*, huv, qo'zgoling, deb ayt,
Nuh, kemangni safarga shay de:
Mayliga, men g'arq bo'lsam bo'lay -
Baribir nilufar yashaydi!
-----------------------------------
* Poseydon - yunon afsonasidagi dengiz xudosi

Qayd etilgan