O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326704 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 54 B


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:54:52

3

Yuragim,
bardosh ber,
o'ttizmi-qirq yil
Seni ko'kragimga yurayin osib.
Yuragim, bir kuni yozilsa bu til,
Sen uchun bir ism topay munosib.

Yuragim, balki sen chaqmoqday ko'chgan
Tig'dor tuyg'ularning tugilgan tug'i.
Yuragim, balki sen nilufargulning
Ko'ksimga tashlangan mitti urug'i...

4

Nilufar,
suv ichra zerikmadingmi,
baqalar joningga tegmadimi-ey!?
Tufroqko'lda qolgan sheriklaringga
Bugun sen haqingda nima xabar dey?

Ahd qilu
shahdingda aslo kechikma,
kecha bo'sh bo'lgan joy erta bo'lar band.
Aslida men ham eng nodir chechakman,
Istasang, kel, ikkov bo'lamiz payvand!

5

Tomirimiz yondi - qonimiz qaynoq,
Istirohat bog'i.
Soat kech 6.
Majnuntol ostida yalab muzqaymoq,
Yuragimiz battar alanga oldi.
Menga qaramasding,
cho'g'dor nigohim
ko'zingdan olardi tunlarning qasdin.
Senga tikilardim... tikilardim-u
Baribir chehrangni ko'rmasdim.
Men vulqon edimu
uyquda yotgan,
Tushlarimni senga aytardim bir-bir.
Demakki, mening ham tonglarim otgan,
Demakki, aylashing kerakdi ta'bir.
Nafasing issig'-u
qovjirab qoldim,
Lablaringda bildim sarinbaxsh yelni.
Tushlaringdan seni ayirib oldim,
Quchog'ingda bir zum uxlagim keldi...

6

O'sha kuni kechikding darsga,
Qirq daqiqa chidadim, biroq
Vujudimni irg'itdi pastga
Yuragimni o'ygan qo'ngiroq.
Professo'r falsafasini
Qabr qazib, havoga ko'mdim.
Tashqariga chiqdimu
seni
Bir yigitning yonida ko'rdim.
Ko'zlarimni to'ldirdi birdan
Ko'ylagingning qip-qizil rangi.
Fol ochganday sirqiroq sirdan,
Gumburladi tuyg'ular jangi.
Xayolimda qolmadi tartib,
Irodamni ayladim g'orat.
Qo'llaringdan qotilday tortib,
Yuz-ko'zingga sochdim haqorat.
Sas-sadosiz gurlading lov-lov,
Sas-sadosiz yig'lab yubording.
Tig' uchida turgan ko'nglimni
Kipriklaring tig'lab yubordi.
Majruh qushday potirlab,
o'ksib -
yulqilanding... siqdi quchog'im.
(Qanotlaring shunchalar kengmi,
Osmonimga sig'mas uchog'im!?)

- Axir, senga ne bo'ldi, Nilu,
Nahot yurak - boshi bo'sh kema?!
- Axir, do'stim bo'ladi-ku u,
Axir, mening gunohim nima!?

Javoblaring meni shol qildi,
Javoblaring ayirdi hushdan.
Do'stu dushman tomosha qildi,
Yayrab g'iybat qildi do'st-dushman:

«Kim bo'libdi bu o'zi Nodir?!
Har kuni mast... jin ursin uni!
Bilarmidi neligin qadr,
Rasvo qildi gulday Niluni...»

Titrayotgan taningni ko'rib,
Qaltirardim - borlig'im behol.
Chindan ikki ko'zim ham ko'r-u
Qo'l-oyog'im bo'lib qoldi shol...
Ko'cha bo'ylab yig'lab ketarding,
(Alamlarning surati - yig'i)
Bulutlarday yig'ilib dardim,
Og'riyverdi ko'ksim sinig'i.
Ko'ylagimni parchalab echdim,
Qo'llarimga berdim ming ozor.
Va... umrimda ilk bora ichdim,
Mo'ri bo'lib tutadim... ilk bor!
Kiprigimda iztirob pishdi,
Qiyin bo'ldi tushmoq hovurdan.
Vujudimni zo'rga topishdi
Jo'ralarim shomda zovurdan.
Pand o'qishdi:
- Ne bo'ldi, Nodir,
Nahot ko'ngil - boshi bo'sh kema?!
- Axir, sevgi talabi nedir,
Axir, mening gunohim nima!?

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:55:13

7

Mendan yuz o'girding, xuddi men
Darslardan voz kechganday oson.
Nahotki, bu ishqning udumin
Ado qilmoq an'ana hamon!?

She'rlarimda sherga xos toqat
Savol bo'lib singmoqda oqqa.
Nega ulkan Zaminda «faqat
Shoir haqli baxtsiz bo'lmoqqa»?! *
--------------------------
* Rauf Parfi misrasi


8

Seni xafa qildim,
o'zimni so'kdim,
Oppoq gullarini sochdi ayriliq.
Dengiz izlaringga izillab cho'kdim,
Sen esa boqmading qayrilib,
Seni xafa qildim...

Ne bo'lsa bo'ldi,
faqat men istagan narsalar emas.
Oftobga chidamsiz chechakday so'lding,
Men quruq xashakday o't oldim chars-chars,
Nima bo'lsa-bo'ldi...

hammasi aniq -
Soyangda izg'ibman itday bekorga.
Ishongan narvonim bo'lsa-da siniq,
o'zimni osibman eng baland dorga,
hammasi anig'-u...

Chidyolmayman:
Sen qayda,
men qayda,
muhabbat qayda?
Aytgan so'zlarimni olgim kelmas tan,
Shivirlashgim kelar sen bilan qayta,
Chiday olmayman...

Mayli, azizim,
Ahding qattiq bo'lsa,
Izingga qaytma,
Telba tuyg'ularga bermagil izn.

«Men ham sizni sevar edim» deb aytma,
Mayliga, azizim...

Ahvolimizga -
Kimlardir befarqu kimlardir kular,
Kimdir g'iybat qilar, bilaman... bizga
Achinsa-achinar nilufargullar.
Faqat...
Faqat...
Faqat...
Seni ranjitdim,
Buyuk bir jinoyat bo'ldi-ku sodir.
Aslida jobir kim, jabrlangan kim,
Aslida xor kimu kim bo'ldi nodir!?
Na qilay...
ko'ksim cho'l...
kipriklarim ho'l...
Men shoir bo'laman...
Sen-chi baxtli bo'l!

9

Shahidlar qoniday qoraydi oqshom,
Bosh qo'ydim. Tushimni yoritdi bir nur.
Bir qo'lida qilich, birida Kalom,
Meni huzuriga chorladi Temur.

- Ay, qarog'im, kel qani,
Ko'zlaringda ko'rdim dard.
Alhamdulillah! Sani
Bandi etmish muhabbat.

Turkiymu u yo arab,
Forsiymi yo farangi?
O'g'lum, ko'nglingga qarab,
Poyingga etgum bandi...

Y-o'-o'-q, dedim...

Ko'ngilday yorishdi osmon:
To'lin Oy - Ulug'bek Mirzoning boshi,
Serjilo qarog'i - «Ziji Ko'ragon»,
Qalamday qimirlab turardi qoshi.

- Kuygan bovrim, suyganing
Qaysi bir sayyorada.
Ayt, sen uchun keltiray
Eng yangi tayyorada.

Kundami u Kunsuluv,
Oydami yo Oyjamol -
Kunglingga solgan g'uluv
Kimdir, bolam, ayta qol!

Y-o'-o'-q, dedim...

Boshimni kundaga tutdim,
Ongimni tilkalab tashladi bir harb.
Garchi sirlarimni sindirib yutdim,
Tilimdan tomchilab tushdi
Yetti harf:

N...
I...
L...
U...
F...
A...
R...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:55:34

10

Dars bitdi.
Sirg'alib dugonang keldi:
- O'lmang-ey, sizni kim shoir ataydi.
Shunchalik ham qo'pol bo'lasizmi-ya,
Kimga foyda araz qilmoq atayin?!
Axir, o'zingiz-ku she'rda yozgan ham:
«Muhabbat - eng nafis gulday bejirim!»
Xo'sh, endi Niluga etib oling-da,
Shoirona qilib so'rang kechirim.
- Nega so'rarkanman, axir...
- Azizim,
Bunda ortiqchadur «yigitcha g'urur»,
Har kim ma'qullasa o'zining izin,
Siz aytgan bejirim chechak ham qurir.

Noiloj bosh egdim:
- Haydab solsa-chi?
- Voy, qaysi yurak-la yuribsiz o'zi?!
Hamma sizga o'xshab qilmaydi achchiq,
Boring,
haydamaydi - kafilman o'zim.

Ko'ngil to'la g'ulu... yo'l oldim shitob,
Bilmayman, qay holda senga-da etdim,
«Nilu, sizda bormi haligi kitob...
Kechirasiz... meni... haligi...» - dedim.
«Kitobmi? Haligi... Bor edi... Ha, ha...
Ertalab iltimos qiluvdi Jasur,
Berib yuboribman... Bilmagandim-da
Sizga kerakligin... Tutingiz ma'zur!»
So'ng
oppoq qo'lingdan
avaylab tutdim,

Ko'zlaringga boqdim:
- Ayrilmaymiz-a!?
Sensiz qancha qaro tunlarni yutdim...
- Necha kunlar mahtal bo'ldim-ku Sizga!..

Shu kecha eng go'zal she'rimni bitdim,
Shu kecha yana pok ruhlar qo'lladi.
Tong otdi.
Uyquli farrosh xolaga
Shoirona qilib salom yo'lladim...


11

Yuragimday izlarga to'la -
Bu bekat.
Band etdim uni qish, bahor, yoz, kuzlar.
Seni quchog'imdan yulqib ketadi
27 - avtobuslar.

Oynani munavvar aylaydi yuzing,
O'ziga sig'masdan uchar avtobus.
Yelkamga sakraydi eng so'nggi izing,
Ohista qulog'imga shipshiydi bir so'z:

«Dunyoda gulzorlar ko'p - eng go'zali Motrudda,
Dunyoda chechaklar ko'p - eng nafisi Nilufar.
Uning qiyosi bor na Istanbul, na Madridda,
Qiymati yo'q - husniga na shon yetar va na zar»

Nigohim kirtillab sinadi...

Sen hali uyingga yetib-yetmasdan
Sog'inib ketaman -
dilim xun.
Quvlayotgan hijron chaqmoqlaridan
Jonimni saqlaydi telefo'n:
- ...
- Allo', kim? - akangning tovushi,
- Kechirasiz... - sinaman mulzam.
Ey-ey...
...bu dunyodan roziligim yo'q,
Ag'yorlik qiladi hatto simlar ham.

Ustunlar mushtimga to'yadi,
Go'shaklar yaramay qoladi ishga.
Simyog'ochda sirli kulib qo'yadi
«Muhriddin Xoliqov» -
yangi afisha.

Sen Yulduzxonimni sevasan,
Men esa qasdma-qasd Oxunni.
Qoshlaring tor ipi kabi tortilar:
«Qo'ying-e shuni...»

Ko'nglingga qarayman -
be-poy-yo-o-n,
Bir labin Enasoy, birin Nil o'par.
Men esa baliqday o'ynayman - ayon,
Nilufar!

Sen tug'ilgan kuning men ham tug’ildim:
19 may, 76 nchi.
Seni qobirg'amning kemtigi bildim,
Sening bilan to'lug' shu yigit kuchim.

Ko'cha - keng, yo'l - uzun...
Top-toza qizlar
Ko'zlarimni teshib o'tadi, ammo
Topisha olmaydi ko'nglimni izlab,
Ko'nglimni sen olib ketgansan-ku, o!
Tip-tiniq kaftingga yotqizib uni,
Qoshing-la silaysan...
Va yarim tunda
Eshita boshlaysan sen ham Oxunni,
O'ylaysan: «Xabari bo'lmaydi bundan».

Men esa eng inja sezgilarim-la
Rasmingni yasayman yigirib-tikib.
Qo'llarim havoda igna tortadi:
«35 - 21 - 22»


12

Bir kuni g'alayon ko'tardi tuyqus
Senga atab bitgan jami she'rlarim:
«Bizga ozodlik ber!»
Ko'zimni qisib,
Uzoq vaqt o'yladim...
Bermadim.

G'aflat ogushida qoldimmi yoxud
Sening xayoling-la edimmikan band -
Bir saboh hammasi goyib bo'lishdi,
Meni yotog'imga qilib zanjirband.

O'n kecha to'lgondim, go'yo chalajon...
Yangi she'rlarimni tushimga ko'mdim.
Bir tongda, so'zimga ishon, Nilujon,
«Matbuot oynasi» tevaragida
Mudhish ur-sur to'la to'polon ko'rdim.

Hammaning qo'lida «hurriyat tongi»
(Eng omadsiz gazet edi-ku oldin!?)
Qiziqdim...
Navbatga kirdim-u ang'ib
Naq tushda eng so'nggi nusxani oldim.

Boqdim-u nigohim chatnadi qizib,
Talvasa ichida muzlab-terladim.
So'nggi sahifada menga ko'z qisib,
Kulib turar edi qochoq she'rlarim.

Vo-o-h, dedim...
Shu kundan boshimni egdi
Davrada o'qilgan har bitta she'rim.
Muharrir xatlari jonimga tegdi:
«Nilufar»dan bo'lsa bizga ham bering!

Sen chiroyli bo'lsang,
mening aybim ne?!
Qara, qalamimga ko'zlar sanchilar.
Qiynalib ketdim-ku o'zing bir gap de,
Meni tinch qo'yishsin gazetachilar.

Kecha bir g'alayon ko'tardim tuyqus:
«Shafqatsiz she'rlarim,
Menga erk bering!»
Uzoq vaqt o'ylashdi ko'zlarin qisib,
So'ng battar bog'lashdi...
Deyolmadim g'ing.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:55:53

13

Chumoliday kechmakda darslar,
Dovul kabi ko'chmakda darslar.
Kimlarningdir ortidan chopib,
Yarim yo'lda qolmoqda saslar...

Nima qolar ertaga, bilmam,
Keragi ham yo'qdir, ehtimol.
Hech kimsaga e'tibor qilmam,
Hech kimsaga bermasman savol.

Tevarakning ta'mali ko'zi
Ko'zlarimga og'ir botadi.
Kimdan nima istadim o'zi -
Menga sevgi yetib ortadi!


14

Dars nima?
Seni bilmadim,
Mening uchun - yuzingni ko'rmak...
O'sha kuni sen-da kelmading,
Xuddi mendan olganday o'rnak.
Ertasi ham...
Tugadi sabot -
Jo'ralar ham ketgan aksiga.
Motrud tomon chiqordim qanot,
(Pul etmasa netay taksiga?!)
Bir amallab chaqirdim.
Chiqding.
Ko'zlaringda chiroyli hadik,
Shu hadik-la dilimni yiqding.
- Nima bo'ldi?
- Sog'indim qattiq!

Ro'molingning uchlari g'ijim,
Ro'molingning uchi labingda.
Ko'zlaringga yosh to'ldi - g'ujum,
Hasrat changday uchdi gapingdan:
- Jonga tegdi...
...bezbet sovchilar,
Erta kelib, ketadi shomda...
- Kimdan!??
- O'g'li uchun kelyapti
O'sha... sizni «yiqitgan» domla...

O'-o'-o'-h...
Muzlab ketdi peshonam,
Bo'sh qopdayin bo'shashdi qaddim.
Axir, unga... unga ishonib,
Seni sevishimni aytgandim...

O, ko'nglimning ayyor o'g'risi,
Ustozmisan? -
Iblisga dars ber!
Seni...
Seni...
Seni...
To'g'risi...
Eh, bu so'zni ko'tarmaydi she'r.

Xayr, dedim...
Xayr!
Izimga -
Alangaday gurillab qaytdim.
Domlayimning tikka yuziga
«Charchab qolmang tag'in...» deb aytdim.

O, mening g'o'r yigirma yoshim,
Pok deb bilma har kas etagin.
Silkib ketsa - o'krab qolasan,
Jinlariga aytsin ertagin.

Eh-ey, sodiq qora kunlarim,
Kelavering, yosh jonim - uloq...
Sadoqatli itday uvladim,
Eshitmadi bironta quloq.

Potir-potir quloch yozdimu
Keng maydonga o'kirib chiqdim.
Men Xudoga ishondim yolg'iz,
Ishondimu yigitday yiqdim.

Oshnolarim olqishladi... Zo'r
G'animlarim ko'tardi qo'lin.
Yo'llarimdan olinguncha to'r
Burolmadim sen tomon yo'lim...

Dars nima?
Seni bilmadim,
Mening uchun - yuzingni ko'rmak.
Ortingdagi partadan pinhon
Sochlaringni iskalab o'rmak...


15

Qarog'im ko'zyoshga to'ldi-yu
Unib chiqdi bir nilufargul.
Qah-qah otib kulaman endi,
Istasang, ey g'addor, sen ham kul.

So'ramasman hech kimdan shafqat,
Jon, deng - beray, qonim so'rganlar.
Gulruhimni so'ramang faqat,
Ko'zlarida guli so'lganlar...


16

Nilufar,
Vatan ne?
Men uchun - Osmon,
Sen uchun - Suv yuzi,
Ikkimizga - Yer.
U haqda kun bo'yi xayol sursak-da,
Nechun bitolmaymiz ikki misra she'r?!

Nilufar,
Millat ne?
Men uchun - Shiddat,
Sen uchun G'urur-u
Ikkimizga - Ishq.
U haqda tun bo'yi tushlar ko'rsak-da,
Nechun aytolmaymiz balandroq qo'shiq?!

Nilufar,
nahot,
bu olam
jimjima,
Zerlar zabar bo'lgay,
Zabarlar-chi zer?!
Nilufar, dilsizning millati nima?!
Nilufar, tilsizning vatani qayer?!


17

Uch yil...
Uydan uchib ketdimu
Nelar qildi taqdirning izmi:
Goh Samarqand, Toshkand izg'idim,
Goh chorladi Anqara, Izmir.
G'oziy Antep ko'chalarida
G'oziy yanglig' gupirdim, lekin
Ko'nglimning o't go'shalarida
Shahid bo'lmoq istaganim chin.
Qaytdim...
Qutlug' diydor izladim,
«O'zbegim»ni hayqirib aytdim.
Sog'intirdi qishloq qizlari,
Yalangoyoq changyo'ldan qaytdim.
O-o-o...
Ko'zlarim tutayverdi-ku...
Chanqadim... til qovjirab yondi.
Tonglar yurtim yantog'larini
Ko'kragimga bosib uyg'ondim.
Talabalik...
beshakl olam
kunlarimga bemalol sig'di.
Ammo chetda qolibdi otam,
Ammo onam esimdan chiqdi.
Ketmon meni tanimay qo'ydi,
Mendan qocha boshladi o'roq.
Hammasini iqbolga yo'ydim,
Do'st-dushmanga solmadim quloq.

Ayo,
g'ofil,
dunyobexabar...
Mashhur shoir bo'laman, dedim.
Men o'lmayman... o'lsam ham agar,
Dovruq solib o'laman, dedim.
Intilganim ne edi o'zi,
Orzularim nimaga loyiq?
Samimiy, chin bo'lsa-da so'zim,
Meni tinglarmidi xaloyiq?!
Men o'zimni tanidim bexos,
Men xalqimning holini bildim.
Shuncha kibru havo ichinda
O'lmaganimga shukur qildim.
Y-o'-o'-q...
Yengimdan kimdir silkidi,
Tomirimga tashladi g'ulu.
Ko'zlarimga singdi gul hidi,
Xudoyimga qaytarding,
Nilu!
Garchi yo'l ko'p,
girdob har bir iz.
Yo'l bitta, deb qasam-la qaytdim.
Ko'zlaringga termulib sassiz,
«O'zbegim»ni hayqirib aytdim...


Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:56:10

18

Shahar - eng katta xatom,
Qishloq - qalbim suvrati.
Qaytdim... umidvor otam
O'qishimni so'radi.

«Ko'nglimni so'rang, ota!»

Meni qo'msagan olam
Ro'mol qilib o'radi.
Hadiklari mo'l onam
Sog'ligimni so'radi.

«Ko'nglimni so'rang, ona!»

Hovlimizda gulbog'cha -
Turfa chechak qulf urar.
Biroq ko'rmadim hali
Birorta ham nilufar.

«Ko'nglimga qarang, axir!»

Otamday mag'rur ko'nglim,
Onamday mushfiq ko'nglim.
Sen to'lasan, men - to'la,
Hovuzimiz limmo-lim:

Seni Osmon so'rasin!


19

Nilufar,
Sen - suvdagi chaqmoq,
Baliqlarga dilini yorgan.
Menga qismat - samoga chiqmoq,
Menga qismat - askarlik Yorga.
Bugun bildim: ko'p ekan raqib
Bugun bildim: yurak - surx xazon.
Iblislar-da xudoga chaqib,
Tanobingni tortishar ba'zan.
Nega endi muhabbat - hadik?
Nega do'stlar o'zidan ortmas?!
Ortsa... qayga ham borar edik,
Baribir bir qabrda yotmas...
Qilko'prikka
o'zimni
ossam,
Ko'zyosh to'kma, suvni sevgan qiz.
Axir, seni bag'rimga bossam,
Yonib ketar ummonlar jiz-jiz.
Vasiyatim malaklar tinglar,
Vasiyatim allaqachon shay:
«O'lsam, meni suvga ko'minglar,
Nilufarning poyida yotay!» *
Seni tashlab qayga ketaman,
Mening ruhim - ko'klamgi yomg'ir.
O'lsam hamki... senga yetaman,
Barglaringda uxlayman bir-bir.
Tushlarimda:
o'tmishim - hamdam,
bugunim - shahd,
ertam - muhabbat.
Tushlarimda g'animlarim ham
Ekishadi nilufarko'chat...
Kecha kimdir degandi «ahmoq«,
Bugun kelib poyimni o'par.
Men chaqmoqman,
men endi...
Chaqmoq -
Ko'kka ildiz otgan nilufar!
--------------------------
* Muhammad Yusuf satrlari


20

Ibtidoning intihosi bor:
Kun ortidan tug'iladi tun.
Fikr so'ngi bo'ladi xayol,
She'r boshlansa, topadi yakun.

Kun ortidan tug'iladi tun,
Samarqanddan chiqqan avtobus
Bulung'urda to'xtaydi... mahzun
Onam ovqat suzadi beso'z...

Fikr so'ngi bo'ladi xayol,
Behishit behush qiladi seni.
«Kimsan? Nesan?» - beradi savol
Firiblarni osgan Yesenin.

She'r boshlansa, topadi yakun,
Chirsillaydi nozik belli harb.
Savashadi sevinch ila mung,
She'r yakuni - kutilmagan zarb!

Ibtido ne?
Intiho nima?
Xayolim - ko'k...
Mening ko'nglim to'q.
Oq ko'ngilli, gulim, o'ksima,
Sevgining
so'ngi
yo'q!!!


1996 yil, aprel.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 11:57:09

Muallifi :

Nodir Jonuzoq

Unutish...
Shahina - nadir?
O'yin
Faqat sizni...
Dars
Tobutimni ko'tarar qizlar
Qariqiz
San'at
Yo'qlov (M. Yusufni yo'qlab...)
Munojot
Nilufar (Doston)

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:01:20

Nurullo Oston Sherlari


O'zbeklar
Hur Vatan haqida ballada
Onajon
Qaldirg'ochlar keldimi?
Samarqandga qachon...
Qaydasiz...
Yolg'on
Adashgan karvonim
Oddiy oilada
Ayol bor bo'lsin
Yomg'ir yog'ib...
Go'ro'g'li
So'z jabri
Sozimda qoldi
Yuragingning hazing dashtini...
Marsiya
Daraging bormi?
Qaytma endi ortingga
Mansab ko'prigi
Ketar bo'lsang
Ketolmasman
Sog'inch
Volidai muhtarama Bodom Shodmon qizining nevarasiga aytganlari
Ko'ngil fasli
Sinfdoshlarga
Ochiq she'r
Meni uyg'otsalar
Navro'z
O'tdingmi...
Sozimda qoldi
So'lim bahor, qanotlaringda
Istadim
Qizlar go'zal edi...
Dilimda tilimga kelmagan so'z bor...
Bir yildan so'ng sodir bo'lgan tush
Qaytma endi ortingga
Bahriddinning to'yi
Bezovta ruh
Do'sti xalillarga so'ngso'z o'rnida
Diydor

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:02:18

O'zbeklar

O'zbeklar uyiga kelganda mehmon
poyiga to'shaydi yurak qo'rini.
Eng avval, qo'yini so'yishdan oldin
mehmonga beradi uyning to'rini.
Ko'nglini oladi qurbi yetguncha,
keltirar taomning sarxillarini.
Mehmon tusab qolsa, bir imo bilan
topadi sharobning har xillarini.
Turkiy lug'atlardan izlab topmadim
mehmonni kamsitgan biron bir so'zni.
O'zbeklar shunday xalq,
eshikda kelsa,
do'st-u, dushmanidan ayamas tuzin...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:03:04

Hur Vatan haqida ballada

Jonlana boshlaydi tassavvurimda
Beg'ubor qalbimda balqqan ko'chalar.
Jonlana boshlaydi qizlar zulfidek
Buralib,
buralib
oqqan
ko'chalar"¦

1972 yil. Javzo

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:03:36

Ona, ko'zlaringda qatra yosh ko'rdim,
Ufqlar bag'rini qontalosh ko'rdim.
Izn ber, qalbimda gulxanlar yoqay,
Qo'yniga chorlagan bir quyosh ko'rdim.

Menga torlik qildi osmon vujuding,
Menga torlik qildi kindik makonim.
Keturman endi to nafas yetguncha
Qo'limda qiynalgan bir parcha jonim"¦

Ariqlar bo'yida qoldi yosh umrim,
Ajriqlar ustida qoldi yosh umrim.
Ayriliq ko'ksida qoldi yosh umrim
Ayriliq do'st ekan, oldi yosh umrim.

Sevgilim, sen gulim, birinchi gulim,
Sochingga yetmadi uzatgan qo'lim.
Yurakda darbadar bir to'lqin qoldi,
Tutashmas yo'lingga to'lqin-da, yo'lim"¦

Men ketdim, sizga ham xayr-xo'shlarim,
Osmonda charx urgan ozod qushlarim.
Ko'rishib turgaymiz tokim tanda jon.
Mening ham ko'nglim bo'sh, ko'ngli bo'shlarim"¦

Qayd etilgan