O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326837 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 54 B


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:04:18

Onajon

Onajon ruhingizda sog'inchlar kezmadimu,
Qabringizga bosh qo'ysam chechaklar sezmadimu,
Onajon jismingizni kesaklar ezmadimu,
Onajonim giryonim, g'arib ko'ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.

Samolarda sor lochin ayt, nelarni izlaydi,
Ruhi ravon zabonim faqat sizni so'zlaydi.
Yuragimda bir qushcha onajon deb bo'zlaydi,
Onajonim giryonim, g'arib ko'ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.

Siz baxsh etgan mehrni endi kimdan yig'ay man,
Siz sig'magan dunyoga endi qanday sig'ay man,
Davosi yo'q bu dardga endi qanday chiday man,
Onajonim giryonim, g'arib ko'ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.

G'arib dunyo, g'o'r dunyo, peshonasi sho'r dunyo,
Sitamlaring bu jonga ozor bo'ldi, ko'p dunyo.
Onam yurgan yo'llarni gulga ko'mib yur, dunyo
Onajonim giryonim, g'arib ko'ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.

Sarson qushim jon ko'nglim, buncha bo'lding qon ko'nglim,
Izingizdan zar to'kib, topolmay armon ko'nglim.
Sizni bir bor ko'rishga aylagum qurbon ko'nglim,
Onajonim giryonim, g'arib ko'ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.

Fasli fano o'todir hayot otliq yelkanda,
Qabringizga bosh qo'ysam, tafti yonar yelkamda.
Qalb qo'ringiz, umringiz o'g'il-qizim erkamda,
Onajonim giryonim, g'arib ko'ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:04:39

Qaldirg'ochlar keldimi?

Sarin yellar yana yeldimi,
Uzun yo'llar dilni tildimi,
Sog'inchimni bahor bildimi,
Ona, qaldirg'ochlar keldimi?

Tonda shudring to'kilgan izdan
Daraklab ko'r qizg'aldoq-qizdan
Tushlarimga gul taq yalpizdan
Ona, qaldirg'ochlar keldimi?

Barmoqlari qirmiz hinoli,
Qarashlari sirli, imoli
Oy-omonmi qizlar himoli
Ona qaldirg'ochlar keldimi?

Adirlarda maysa uyg'onmish,
Tushlarimga kirasan xomush,
Zabonimda bir nido yonmish
Ona, qaldirg'ochlar keldimi?

Umr-armon to'ldirilgan may,
Yuragimda yig'layotir nay,
Ko'z yoshingni yomg'irlarda chay
Ona, qaldirg'ochlar keldimi?

Huzuringga bir kuni uchib
Boradirman xavotir quchib
Deyman bo'm-bo'sh xonani ochib:
Ona"¦ qaldirg'ochlar keldimi? "¦
Ona"¦ qaldirg'ochlar keldimi? "¦
Ona"¦ qaldirg'ochlar"¦ keldimi? "¦

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:05:07

Samarqandga qachon...

Yo'lga boqib toldi ko'z qirim,
Suyagimni ezdi izg'irin,
Xush gap bilan dilni yoz qiling
Samarqandga qachon boramiz?

Unda ungan har bir giyohi,
Handalakbo'y qizlar nigohi
Tushlarimga kiradi gohi -
Samarqandga qachon boramiz?

Gulxan bo'ldi lablarimda so'z,
Dardlarimga yig'lar bunda kuz,
O'z ko'ksiga xanjar urgan do'st
Samarqandga qachon boramiz?

Yog'du edim, tongim qoraydi,
Men keng edim, olam toraydi,
Ko'ksimda bir qushcha so'raydi:
Samarqandga qachon boramiz?

Bu dunyoning asli biri kam,
Bir burji baxt, bir burjida g'am,
Ayt, ne uchun ko'zlaringda nam
Samarqandga qachon boramiz?

Andijon deb yig'ladi Bobur,
O'z yurtiga sig'madi Nosir,
Qodiriyning ko'zlari sohir
Samarqandga qachon boramiz?

O'z elingda hursan, sabosan,
Garchi shoxsan, zo'rsan, dahosan,
Yurting bo'lsin, garchi gadosan -
Samarqandga qachon boramiz?

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:05:48

Qaydasiz...

Qaydasiz"¦
sizlarni keldim sog'inib.
Qizlarday muloyim yurtim tonglari.
Qaydasiz, beg'ubor bolalagimning
Olislarga ketgan notinch bonglari.

Shodon quchoqlaydi qadamlarimni
Meni kutib yotgan qo'hna darvoza.
Meni onam kutar, sochlari oppoq,
Kelganim do'stlarga bo'lar ovoza.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:06:07

Yolg'on

Yuzingni oy deganim yolg'on.
Xilvatlarda kezganim yolg'on,
Qo'y, ishonma, sevganim yolg'on,
Seni izlab kelganim yolg'on.

Kunlar so'ndi, chechaklar so'ndi,
Unlar so'ndi, yuraklar so'ndi,
Chinlar so'ndi, ertaklar so'ndi
Seni izlab kelganim yolg'on.

Yuraklarda qoldi dard, naylay,
Chidab yurgan bitta mard, naylay,
Yostig'ingning yarmi band, naylay
Seni izlab kelganim yolg'on"¦

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:06:29

Adashgan karvonim

Adashgan karvonim, qayga yo'l tutding.
Sargashta sarbonim, qayga yo'l tutding,
Qay bir sabohlarda manzillaring bor
Yonmoqda bu jonim, qayga yo'l tutding.

Sorbon, sabohingda maning yodim bor,
Karvon kalominda qolgan dodim bor,
Ko'nglimda bo'zlagan parizodim bor,
Adashgan karvonim, qayga yo'l tutding.

Karvon yo'llarida chashma ko'ringay,
Qarasang, men kabi tashna ko'ringay,
Sevgi mahdudlari oshna ko'ringay
Adashgan karvonim, qayga yo'l tutding.

Tevalar o'tadi basma-bas bo'lib,
Bir nido ketadi mungli sas bo'lib,
Mening yuragimdan hech qaytmas bo'lib
Adashgan karvonim, qayga yo'l tutding.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:06:51

Oddiy oilada

Oddiy oilada oddiy bolalar
Oddiy taqdir bilan tug'ilaverar.
Ular belanchagi shoyi atlasmas,
Quyosh nuri bilan yo'g'rilaverar.

Oddiy bolalarning oddiy kunlari
Uydami, dalada o'taveradi.
Paxta qabartirar qo'lchalarini
Jabrmi-sitammi, yutaveradi.

Juda oddiy bo'lar ulg'ayganida,
Oila tebratib o'tadi kuni.
Jismida yurgizsang tegirmon toshin
Suyagi un bo'lar, chiqmaydi uni.

Tashvishi iborat bo'lar paxtadan,
Yoki, qilaverar bergan ishini,
Jag'iga bir boplab tushirib ko'ring,
Ichiga yutadi singan tishini.

Qanday hokisor u, hoki turobdir,
Ishga egni boshi yamalib chiqar.
Boshqalar jinoyat qilsa u sodda
Qilmagan ishiga qamalib chiqar.

Qulayroq joylashib oling bo'yniga
Sal niqtab qo'ysangiz ketaveradi.
Jar soling, g'oyalar sari olg'a deb,
Ularga quruq gap o'taveradi.

Biroq faromushdir xotiringizdan
Moziy tomirida yongan nolalar
Axir kim yurt uchun tig'ga jon tikkan -
Oddiy oiladan chiqqan bolalar!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:07:13

Ayol bor bo'lsin

Zamin tinchi barqaror bo'lsin,
Chechaklari beg'ubor bo'lsin,
O'n sakkiz ming olam aylansa
Mehvarida ayol bor bo'lsin.

Jildirasa jilg'alar shoshib,
Vijirlasa qaldirg'och toshib,
Toqqa chiqsa bir ohu qochib
Ko'zlarida ayol bor bo'lsin.

Ishi olchi bo'lar erkakning,
Beshiklari to'lsa ertakning,
Bir Alpomish kelbat go'dakning
So'zlarida ayol bor bo'lsin.

Ishq nasimi tug'yona solsa,
Oshiq G'arib uyg'ona qolsa,
Bir qamishni nay qilib cholsa,
Bo'zlarida ayol bor bo'lsin"¦

Lolalar rang olsa ro'yidan.
Yor libosi bo'lsa shoyidan,
Sarxush bo'lsa yalpiz bo'yidan
Rozlarida ayol bor bo'lsin.

Dehqon chiqsa ketmonni qayrab,
Yuragida chirildoq sayrab,
Bolasini beshikka boylab
Ro'zlarida ayol bor bo'lsin.

Ul begunoh to'kilgan qondan,
Qizg'aldoqlar Afg'onda yongan,
Ko'rpalari taxmonda qolgan
Ruhlarida ayol bor bo'lsin.

G'ayurlarning qo'rqma kinidan,
Ogoh yurgil yolg'on, chinidan
Ayirmasin og'a-inidan
Sulhlarida ayol bor bo'lsin.

To'maris shon topdi qilichdan,
Ishq darsini tinglang Kumushdan,
Vaqt orttirib barcha yumushdan
Baxtimizga ayol bor bo'lsin!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:07:35

Yomg'ir yog'ib...

Yomg'ir yog'ib o'tdi bu kecha
sochlaringday namxush, safoli,
Tunning bo'm-bo'sh qaroqlarinda
seni izlab kezdim, jafolim.

Izlarimdan xo'rsinib qoldi
o'rindiqlar xilvat va sokin.
Qadamlaring o'pgan ko'chalar
yuragimga tashlaydi choking.

Yillar qayga oqar qayg'ulim,
tun bag'rida vujudim sim-sim.
O'rik guli yongan kechada
seni izlab bog'larni kezdim...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:07:55

Go'ro'g'li

Yurgan yo'ling dor bo'lmasin, Go'ro'g'li,
Suygan eling xor bo'lmasin, Go'ro'g'li,
Bu dunyoning savdolari g'o'r ekan,
O'lsang go'ring tor bo'lmasin Go'ro'g'li.

O'tda yonsang, jonu-jahon qalqisin,
Na'ra tortsang, ahli imon qalqisin,
San inonsang, vujudda jon qalqisin,
O'lsang, go'ring tor bo'lmasin Go'ro'g'li.

Omon chiqding qancha qirg'in-barotdan,
Ro'shnolig'ing olov yolli-G'irotdan,
Haq so'raydi o'tsang puli sirotdan
O'lsang, go'ring tor bo'lmasin Go'ro'g'li.

Kenglikni ber bu beqaror suronda,
Tenglikni ber asli azal Turonda,
«Kulli» muslimin ixvatun Quronda
O'lsang, go'ring tor bo'lmasin Go'ro'g'li.

Botirim der o'z aslini bahodir,
Butun bir xalq ro'shnoliq deb borodir,
Maning ko'nglim ikki daryo arodir
O'lsang, go'ring tor bo'lmasin Go'ro'g'li.

Zar-u zo'rg'a egmading bu boshingni,
Alloh azal og'ir qilgan toshingni,
Nokaslarda tashlab ketma loshingni
O'lsang, go'ring tor bo'lmasin, Go'ro'g'li.

Bu bir maydon, ko'plar bunda jang qig'an
Kim g'olib-u kimlar holi tang bo'g'an,
Atrofingda qancha itlar sanqig'an,
O'lsang, go'ring tor bo'lmasin Go'ro'g'li.

Budun karvon, bari bir-bir yitadi
Biru og'u, biri sharob tutadi,
Yaxshilik ham, yomonlik ham o'tadi
O'lsang, go'ring tor bo'lmasin Go'ro'g'li.

Qayd etilgan