O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326682 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 ... 54 B


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:18:34

Bahor ko'priklari

Gulga qo'nayotgan asalarilar,
Gulning dudog'idan bolin so'rguncha,
Gilos shoxidagi ikki musicha
To kelib bir-birin holin so'rguncha,

Payvasta qoshlardan o'pichlar olib,
Hayolangunicha uzun kipriklar,
Bir tomchi atirdan is taralguncha,
Bahor ko'ngillarga solar ko'priklar.

Olamda bir so'lmas chaman bor - Vatan,
Demak, qolgan gaplar muvaqqat bo'lgay.
Bahor ko'priklari - mehru sadoqat,
Bahor ko'priklari - muhabbat bo'lgay.

2001

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:19:00

Kelib ketmoq

Sahar turib olamga boq: jilg'alari ravondir,
Charaqlagan tog'lar boshi shomga borib tumondir.
Toychoqlaring qayondiru qulunlaring qayondir?
Ko'rganlaring o'zingniki, ko'rmaganing gumondir.

Inson bo'lib bu dunyoning bozorini ko'rdingmi?
Zarlari ham zorlariyu ozorini ko'rdingmi?
Sahar turib o'z otngning mozoriga bordingmi?
Borganlaring o'zingniki, bormaganing gumondir.

Kelib ketmoq o'yin ermas, sayohat yo ziyorat,
Umr yo'li zahmatlaru mehnatlardan iborat.
Ko'ngillarga qurdingmi bir ko'prikmi yo imorat?
Qurganlaring o'zingniki, qurmaganing gumondir.

Atrofingga qarab borgil, anglab borgil yo'lingni,
Ko'z bo'lsang gar,qarog' deb bil ona yurting,elingni.
Bergil unga e'tiqoting, mehring,jonu dilingni,
Berganlaring o'zingniki, bermaganing gumondir.

2000

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:19:18

Sevgi

Sevgi mening kechmishimdir, bugunimdir,
Olovimdir, kulimdir, ham kukunimdir.
Bu yo'llarda oxir bir kun to'kilgumdir,
Sevgi mening ko'nglimdagi tugunimdir.

Bu tugunni yecholmadim, yecholmadim,
Siz o'ylagan daryolardan kecholmadim.
Sevgi mening erib ketgan qorimdirur,
So'ng boychechak bo'lib ungan zorimdurur.

Yakka-yolg'iz qolib ketdi majnuntolim,
Majnuntolim, xabar olgil, qiyin holim.
Sevgi mening shovullagan teragimdir,
Yulduz kuygan, oy yig'lagan kuragimdir.

Qumga singib ketgan tiniq jilg'am mening,
Qumda lola unsa agar ilg'ang meni.
Sevgi mening nayson yuvgan ko'ylagimdir,
O'lgunimcha o'ylagumdir, o'ylagumdir.

Quyosh ko'rpa qavib qo'ygan bog'imdir u,
Ko'ksimdagi dog'imdir u, dog'imdir u.
Sevgi mening munisgina chirog'imdir,
Dilga yaqin, lekin ko'zdan yirog'imdir.

Qaniydi o'z qadamimni puxta qo'ysam,
Bir xol birlan bu savdoga nuqta qo'ysam.
Sevgi mening hech tuganmas azobimdir,
Guvohimdir, gunohimdir, savobimdir.

Butun umr shunday o'tar ko'ngillarim,
Ey,siz mening gulgun uka-singillarim,
Sevgi tiniq kulgungizdir, saqlang uni,
Sizning go'zal mulkingizdir, asrang uni.

1991

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:19:35

Sinoat

Nuqta ayla dilga aqiq tugmadin,
So'yla menga, ko'zlardagi mung nadin?
Qosh-qaboqlar arosida ne sir bor?
Andin menga na osmon bor, na yer bor.

Mujgonlar ham tuzmish maxfiy guruhlar,
Alar ham bir fitnagamu sheriklar?
Sirg'alarning titrog'ida na holat,
Nadin yig'lar zulflardagi girihlar?

1993

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:20:17

To'y oqshomida

Dunyo hazin, "Yor-yor" aytgil,
Ey ko'zlari quralay.
"Yor-yor"ingdan o'lgan edim,
"Yor-yoringdan tirilay.

Qaro tunda oq gulmidi
Kelinchakning libosi.
Armon bo'lgan bir mulkmidi
Uning nozu ibosi.

Dunyo hazin, "Yor-yor" aytgil,
Ey ko'zlari quralay.
Men ham bir zum ezgin-ezgin
O'lanlarga berilay.

Ko'zlaringdan dur sachragay,
Lablaringdan chechaklar.
Asta-asta yechilgaydir
Ko'ngildan zarpechaklar.

Dunyo hazin, "Yor-yor" aytgil,
Ey ko'zlari quralay.
Men bor dardu sog'inchimni
Qayta boshdan saralay.

O'tgan oyu yillarimni
Men bir tush deb bilgayman.
Bo'yningdagi xolingni ber,
Dilga nuqta qilgayman.

Dunyo hazin, "Yor-yor" aytgil,
Ey ko'zlari quralay.
Sochlaringdan o'rim-o'rim
Armonlarga o'ralay.

Tun qo'ynida yulduzlarga
Taralmoqda dil zoring.
Mening sherim qolmas,lekin
Qolgay sening yor-yoring.

Dunyo hazin, "Yor-yor" aytgil,
Ey ko'zlari quralay.
"Yor-yor"ingdan o'lgan edim,
"Yor-yor"ingdan tirilay.

1991

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:31:06

Yor-yor

Shaftolilar bargidan ranglar ketar, yor-yor,
Hovlimizda oppoq, oydin tonglar otar, yor-yor,
Yoshlik ham bir to'y singari o'tar ketar, yor-yor,
Siz kelsangiz ko'nglimizdan zanglar ketar, yor-yor.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:31:29

To'y

Bukun Gulning bolishlari ketmoqdadir,
Surnaylarning nolishlari ketmoqdadir.

Aravada yig'laydi Gul, atrofida,
Yangalarning koyishlari ketmoqdadir.

Bunda qolar bobosining choriqlari,
Momosining kalishlari ketmoqdadir.

Hovli qolar, suv qoladi, suvga boqib
Xayollarga tolishlari ketmoqdadir.

Mo'ltiraydi ota uyning uzumlari,
Bukchayishib voyishlari ketmoqdadir.

Aravada-yig'laydi Gul, bilmaydi Gul -
Bir dunyo dunyo ishlari ketmoqdadir:

Onosining o'n sakkiz yil kuyishlari,
Otosining yonishlari ketmoqdadir.

1990

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:31:54

Zilolahon, g'am ko'rmasin boshingiz

Bir chiroyli qaynayotir oshingiz,
Zilolahon, g'am ko'rmasin boshingiz.
Izlab mening hayotimga tadbirlar,
Qo'lingizda qo'shiq aytsin kapgirlar.

Yillar osha yetib kelgum, chopgum ham,
Hozir yor-yor ayta boshlar chovgum ham.
Uylarimda oylarning eng to'lini,
Piyolayu choynaklarning o'lani.

Qoshiqlar ham juft bo'lib yaralganlar,
Yalla aytar yarqiragan laganlar.
Choy suzganda choyga tegar zulfingiz,
Zilfmidir yo ochilgan dil qulfingiz.

Ro'mol birlan tun sochlarni turmaklab,
Siz guruchdan tergaysiz tosh, kurmaklar.
Bir chiroyli qaynayotir oshingiz,
Zilolahon, g'am ko'rmasin boshingiz.

Men ne uchun noliy endi taqdirdan,
Siz kutsangiz nonlar uzib tandirdan.
Xudoyimga aytib hamdu sanolar,
Bozorlardan olay sizga xinolar.

O'stirmishlar bir gul, chekib zahmatlar,
Bo'lsin ota-onangizga rahmatlar.
Kechdim endi bor hasratu ozordan,
Men o'smalar olay sizga bozordan.

Gard yuqmasin bu ko'zlar ham yuzlarga,
Uylaringiz to'lsin o'g'il-qizlarga.
Bir chiroyli qaynayotir oshingiz,
Zilolahon, g'am ko'rmasin boshingiz.

2000

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:32:14

Bir turlanguvchi gul

Bu qanday gul? Bu qanday gul?
Gahi qor, gohi qonday gul.
Men unga barqlarim aytsam,
U menga barglarin bergay.

Qaddi ham, bo'yni zarhal gul,
Yaqqosi, qo'yni zarhal gul.
Men unga zorlarim aytsam,
U menga zarlarin bergay.

Qabog'i uzra nurlar bor,
Qabosi ichra durlar bor.
Anga ashkimdin arz aytsam,
Manga shabnamlarin bergay.

Parishon holu bog'imdan
Kuyib ketgan dimog'imdan,
Desam dilda yamog'imdan,
U menga barglarin bergay.

Judolik isli epkinlar,
Bukun bog'imda erkinlar.
Men unga qarzlarim aytsam,
Menga anbarlarin bergay.

Tun ichra chirma yolqin gul,
Gahi tinch, gohi toshqin gul.
Men unga dardlarim aytsam,
U menga lablarin bergay.

1990

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:32:36

Xotiralar ko'li

Bunda biror giyoh
Qimirlamaydi.
Tosh otsang ko'l suvi
Jimirlamaydi.

Yulduz porlamaydi,
Osmon aks etmas,
Nurlar baliqlarday
Suvda raqs etmas.

Vahimali erur,
Ko'lning uyqusi.
Bunda cho'kib yotar
Yillar uyqusi.

Faqat tunlar cho'kkan
Oy yanglig' yuzib,
Goh nogoh ko'rinur
Bir oltin uzuk.

1989

Qayd etilgan