O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326662 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 ... 54 B


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:10:05

Nodirajon, Shoirajon

Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
olis-olis vohalardan
tog`larimni chaqiring,
osmon to`la havolar
faqat menga yetmaydi.

Nodirajon, Shoirajon
tanam qimir etmaydi,
ko`zimda bir tomchi yosh,
soylar yuvsa ketmaydi.

Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
peshonamning sho`ridan
bino bo`lgan bu daryo...
osmon to`la havolar
faqat menga yetmaydi.

Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
boring, qorli tog`larga:
bir shoir yotibdi deng,
Xudoning hovlisida...
Osmon to`la havolar
faqat menga yetmaydi...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:10:25

Vatan

Hali biror ishni uddalamadim,
hali hech kimsani qilmadim rozi,
behuda o`tibdi go`zal umrimning
qanchalab chiroyli bahori, yozi.
Farog`at borligin unutib qo`ydim,
bag`rimga chaqinlar tegdi daf'atan,
Sendan-da ulug`roq narsa yo`qligin
sochim oqarganda angladim, Vatan!
Buncha kech angladim,
nega muncha kech...
anglasam loaqal o`ttiz yil avval,
loaqal tug`ilmay turib anglasam...
Ko`rgan bo`larmidim seni mukammal.
Hali asl Vatan bo`lmog`ing uchun
ovozi toshlarni yorar kuychilar,
qanchalab sehrgar shoirlar kerak,
qancha bilim kerak,
qancha kuch-chidam.
Umrim ko`chkilarday jimjit, shiddatli,
butkul tinmoq uchun bir kun bemalol
faqat yaxshi bo`lmoq judayam kamdir,
juda kamlik qilar yashamoq halol.
Naqadar kechikib angladim seni,
chaqinlar yo`q qilsa meni daf'atan,
ayt, qandoq chidayman bunday xo`rlikka,
ayt, qandoq yotaman qa'ringda, Vatan!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:12:02

Qasam

Shavkat Rahmon degan
bir o`jar shoir,
bir kuni qaytadan yaraladimi?
Hayotim ma'nisin juda ko`p o`ylab,
sayladim so`zlarning
saralarini.
Har bir so`z
yuz so`zning o`rnini bosar —
Vatan, Xalq, Jasorat, Kurash, Ozodlik.
Har bir so`z yetajak yuzta umrimga,
har biri baxy etar
ruhimga shodlik.
Hozirlik ko`rarkan buyuk safarga,
pushtirang pardali minglab darchadan
mo`ralab o`tirgan go`zal so`zlarni,
qoldirib ketaman endi barchaga.
Aslida atirgul bo`yin taratgan
bu o`ynoqi so`zlar menikimasdir.
Menga nonday zarur, qilichday keskir,
zaharday mard so`zlar bo`lsayoq basdir.
Sayladim so`zlarning saralarini,
kurashlar shamoli kirdi nazmimga.
Yurtimni kezaman,
endi har narsa —
egilgan narsalar tegar g`ashimga.
Endi ishlash kerak bu kengliklarda,
tokim so`ylamasin yolg`onni hech kim,
tokim buyuk tog`lar saltanatida
egilgan boshlarni
qilichlar kessin.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:12:39

Umr - qumsoat

Umr — qumsoat ham
yarimlab qoldi,
ko'nglim to'lgani yo'q bilganlarimdan.
Yodimni og'ritar kechirganlarim,
ko'pdir qilmaganim qilganlarimdan.
Kechalar tobora oydinlashadi,
ko'zingda quyoshning chechagi so'lmas,
yashaging keladi,
faqat umrni
qumsoat singari to'nkarib bo'lmas.
Go'zallar yodimdan o'chdilar bir-bir,
do'stlarim bag'rimdan ko'chdilar bir-bir,
yillarim uzilib tushdilar bir-bir,
faqat bu ko'ngilni
to'ldirib bo'lmas.
Kun keldi,
ohlaring uchadigan kun,
yuraging olamga sig'maydigan kun,
yuzingni bosgancha yerning yuziga,
silkinib-silkinib yig'laydigan kun.
Kimni baxtli qildim,
kimni umidvor,
kimlarga ko'nglimni yorib so'yladim.
Qo'limni berdimmi moziy qa'ridan
cho'zilgan sanoqsiz ojiz qo'llarga?!
Quyosh daldasida egilganlarning
yengilroq qildimmi og'irligini?
Aytdimmi kimlarning asl do'stligin,
kimlarning haqiqiy yog'iyligini?!
Kun keldi,
boshingni egadigan kun,
hattoki o'zgalar gunohi uchun
yuzingni bosgancha yerning yuziga,
silkinib-silkinib yig'laydigan kun.
Mendan nima qolur,
abadiy nurlar
barq urib yashnagan dunyo tomonda?
Urinib-surinib, sira to'lmagan
bir ko'ngil qoladi
qolsa ham mendan.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:13:11

Tariqat

Dunyoga sig'madim,
sig'madi dunyo
g'urbatdan toraygan tabiatimga,
qop-qora chechakday sochilmish hulyo
jo'mardlar ko'milgan tariqatimga.
Mayliga,
chechaklar qop-qora bo'lsin,
yiqitsa shu yo'lda yiqitsin taqdir,
qurtlagan istaklar shu'lasi so'lsin,
xudoyim siylagan hurligim yaxshi.
Bichilgan qullarning,
qulzodalarning
malak siymolarin o'ynatgan dunyo,
yaralgan lahzadan hur odamlarni
iblislar tilida so'ylatgan dunyo.
Chiroyli ermaklar mahzanidir ul,
mag'izi qayg'udan,
po'stlog'i zardan,
sarg'arar ochilmay turib qizil gul,
tuprog'i jimgina qusgan zahardan.
Chayqalar jaholat og'ochlarida
necha ming Mashrabu
Mansuri Halloj...
hamon yuksaladi yo'l boshlarida
odamzot qoniga to'ymagan jallod.
Tokay bu iblislik,
tokay bu yolg'on,
tokay tig' ko'tarar qora guruhlar,
tokay bijg'ib yotar g'arib olamon
ichiga tiriklay ko'milgan ruhlar.
Zulfiqor ruh kerak,
kerak chin yog'du,
chin ishq yolqinlari bag'rimga to'lsin,
jismimni toblasin faqat chin og'riq,
chechaklar qop-qora bo'lsa-da bo'lsin.
Bag'rikeng xudoyim
kechirib qo'yar,
yiqilsam yetmay ul haqiqatimga,
ko'milsam, ko'milay o'limi go'zal —
jo'mardlar ko'milgan tariqatimga.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:13:27

Yosh o'zbek shoirlariga

So'zlarni qayraylik,
obdon toblaylik,
idrok-la sovutib tag'in qayraylik,
O'zbekning qorako'z bolalariga
bitta dunyo qolsin hayratlik.
Bitta dunyo qolsin mustahkam,
eshilgan po'latday daryolar qolsin,
Chaqilmas toshlarday bir tog'lar qolsin,
musaffo xayollar,
samolar qolsin.

So'zlarni qayraylik,
do'stlar, jo'ralar,
g'aflat to'shagida yotmay, shoshaylik:
yashamoq, kurashmoq, o'lmoq sirlarin
bolakaylar uchun ochaylik.
Bitta dunyo qolsin mustahkam,
unga posbon bo'lsin o'tkir she'rimiz,
tokim bu daryolar bemalol oqsin,
bolalarga qolsin jannat yerimiz.

So'zlarni qayraylik,
tag'in qayraylik,
toki keskir bo'lsin bamisli olmos.
O'tkir so'z qolmasa shoirlaridan,
o'tkir so'z qolmasa...
hech narsa qolmas.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:13:43

Bo'rilar

Qirg'in keldi
vabo kelganday,
murdalar ham turdi go'rida —
ko'piklangan qora sellarday
urchib ketdi qonxo'r bo'rilar.
Ochlik o'rgan turkiy o'lkada,
ofat chiqqan makonlarda ham
parchalangan zulmat ko'lkasi
paydo bo'lar edi daf'atan.
Kunlar —
ochiq yaraday qonli,
tunlar —
oydin xarobazorlar,
jasadlarga to'la tonglarni
sirqiratar faryodi borlar.
El qirildi turkiy o'lkada,
er qolmadi — keldi ajali,
kim qoniga botdi yo'lkada,
kim g'ijildi namoz mahali.
Yillar o'tdi.
Go'yo hammani
chalg'itganday vaqtincha kulfat,
qonga tashna milyon sharpani
yashirganday qa'rida zulmat.
Ahli muslim,
endi ogoh bo'l,
qonxo'r gala hali tirikdir,
o'lar bo'lsang ozodlarday o'l,
qolar bo'lsang endi birikkin.
Tokim yovuz tumshug'in suqsa,
ajdodlarning aziz go'riga,
jim turmasin qo'y mijozli xalq,
bas kelolmay bitta bo'riga.
Ko'rsam deyman —
qahru g'azabdan
go'rlarida tursin murdalar,
ruhi ozod bo'lsin azobda
gullarini suyib yurganlar.
Tokim
har bir muslim qabriga
hech yashirmay ko'zda yoshini,
avlodlar ham la'nat lavhimas,
qo'ysa deyman qabr toshini.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:14:01

Bashorat

Surilar bu temir pardalar,
istibdodning tog'lari qular,
mog'or bosgan qora qa'rlardan
milyon ozod ruhlilar turar.
To'sib bo'lmas soxta vahiy-la,
yolg'on shior,
safsata bilan,
hur fikrni bosgan vahima,
dabdaba-yu as'asa bilan.
Qular qonda suzgan qasrlar,
Qulab bitar sangin saltanat,
so'qir bo'lar asriy nahsdan
bino bo'lgan yovuz shaytanat.
Kelar,
kelar buyuk mehrdan
kiftlar kiftga bosilajak kun,
g'amdan forig' jez kallalar ham
ko'kraklarga osilajak kun.
Porlar toshga do'ngan so'zlarim,
porlar mangu odamiy ruhim,
porlar Haqqa tashna ko'zlarim,
xudo bergan mangu anduhim,
yorug' anduhim...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:14:16

Lahza

Xazonga aylandi kunlarim...
Motamda turganday boqaman.
Fasllar to'qnashgan lahzada
xazonlar to'pini yoqaman.

Ko'zlarim achishar, bexosdan
yuragim, qo'llarim titraydi.
Alanga olmaydi kunlarim,
tutaydi, oh, muncha tutaydi.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:14:32

Tuhmat

Kecha o'g'ri bo'ldi,
bugun vahshiydir,
endi butun dunyo bilar bu haqda.
Qanday mo'min edi,
qanday yaxshiydi
anqayib jimgina terganda paxta.
Qayta qurish o'zi chiqdi qaydanam? —
yuksak qal'alardan boqqan o'g'rilar
ulkan mamlakatning butun aybini
sodda o'zbeklarga qo'ydi to'g'rilab.
Shunda buyuk dengiz chayqalib ketdi,
maydonlarni bosdi bir yuvosh zulmat.
Shoirlar uyg'ota olmagan elni
uyg'otib yubordi malomat, tuhmat.

Kecha o'g'ri bo'ldi,
bugun vahshiydir,
bo'htonga ko'milib turar asabiy.
O'zin maydonlarga sig'dira olmas,
bolalar qoniga o'tar g'azabi.
Yaxshilik tugadi, yomonlik ham goh.
bo'lmasa ozgina qo'ysalar maqtab,
bugun ham sahardan qaro shomgacha
jimgina iljayib terardi paxta.

Qayd etilgan