Mish-mish
Mayda mish-mishlardan zirqirar tovon,
Unganmiz-ku asli bitta tuproqdan.
U kuni she’rimni tinglab, bir nodon
Meni maqtab qo'ydi: falon qishloqdan.
Shu bir so'zdan tuygan huzurin ko'rsangiz,
Go'yo oyni uzib olgan bu odam.
Bundaylar uchrasa, yurtin so'rsangiz,
Mahallasin aytar Afrikada ham.
Ayting, xafa bo'lay men yana kimdan?
Birov davlat qurar, birov uy tiklar.
Asli bir xalqligin bilar-u, zimdan
Nechun, bir-birovin ko'rolmas ular.
Bitta dayr arodan bir tushgan kema,
Bir qirg'oq yer, bir kun suzishdan tolsang.
Birodar, bunchalar gerdayding, nahot,
"œO'zgani sher bilgan", naqlin bilmasang?
Bo'lingan bo'lisning o'chgay chirog'i,
Ortga bir qayriling, mingta qiyos-ku.
To'pga tutgan kuni Toshkentni yog'iy,
Amir Nodirani so'ygani rost-ku"¦
Ungan joyimga-ku, qullug'im bisyor,
Sog'inch to'la dilim aylar ming faxr.
Ammo boshim silar bitta Vatan bor,
Men ham uning bitta o'g'liman, axir.
O'yim uzaymoqda ulg'aygan sarim,
Kengroq bo'lsak, deyman bu keng dunyoda.
Farg'onada bo'lsa yarim jigarim,
Jigarimning yarmi Surxondaryoda.
Baxmal bo'lagiga munchoq qadalgan,
Bir oltin beshikda o'sgan o'zbekmiz.
Bir paytlar Jayhun, Sayxun atalgan
Ikki qosh ostida bir juft ko'zdekmiz"¦
Mayda mish-mishlardan bitta bezgan — men,
Zanglagan hanjardek o'tdi u jondan,
Tanihib qo'yaylik: she’rni yozgan men —
Muhammad Yusufman
O'ZBEKISTONdan.
M.Yusuf