Ahmad Muhammad. Islom hazorasi  ( 80388 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 B


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:13:58

    Al-Fath ibn Hoqon (248 hijriy yilda o‘ldirilgan) kutubxonasi. Uning kutubxonasi juda katta bo‘lib, zamonasining fozil kishilaridan Ali ibn Yahyo al-Munjim uni yig‘ib bergandi. Hatto, bu kutubxonaga berilgan hikmat kitoblarini mashhur «Dorul-hikma» kutubxonasi ham ko‘rmagandi.

    Ibn al-Xashshob (567 hijriy yilda vafot etgan) kutubxonasi. Nahvda odamlarning eng bilimdoni edi. Tafsir, hadis, mantiq va falsafadan yaxshi xabardor bo‘lgan. Ochko‘zlik darajasida kitobga oshiq bo‘lgan. Bu oshiqligi uni kitob yig‘ishda ma’qullanmagan yo‘llarni tutishga majburlagan. Masalan, kitob sotib olish uchun kitob bozorida hozir bo‘lsa, kitobni arzon bahoda olish uchun sotuvchilarni g‘aflatda qoldirib, undan bir varaq yirtib olar va: «Kitobing yirtilgan ekan», derdi. Yoki birovdan kitob so‘rab olsa, vaqti kelib kitob sohibi kitobini talab qilsa: «Men bilan kitoblar orasida daxldorlik bor, bunga qarshi turolmayman», derdi.

    Jamoliddin al-Qiftiy (646 yili vafot etgan) kutubxonasi. Tavsifiga til ojiz kitoblarni yiqqan. U dunyoda kitobdan boshqasini sevmasdi. O’zini kitobga vaqf qilib qo‘ygandi. Ahli avlod mashg‘ul qilib qo‘ymasin, deb uylanishni rad etgandi. Kutubxonasini Nosirga vasiyat qilgan bo‘lib, uning bahosi ellik ming dinorga teng edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:15:13

    Halabdagi ulamolar — Bani Jaroda kutubxonasi. Ulardan biri Abul Hasan ibn Abu Jaroda (548 yili vafot etgan) nafis kitoblardan uch javonini o‘z qo‘li bilan yozgan. Yana bir javonini o‘g‘li Abul Barakot, bir javonini boshqa o‘g‘li Abdulloh yozgan.

    Al-Muvaffiq ibn al-Matron ad-Dimashqiy (587 yilda vafot etgan) kutubxonasi. U kitob yig‘ishda oliyhimmat inson edi. Hatto, u vafot etgan paytda kitob javonlaridagi tibbiy va boshqa kitoblar soni o‘n mingtaga yetardi. Uning xizmatida uchta nussox to vafot etguncha kitob yozishgan. Ularning maoshlari va taomlarini o‘zi berib turgan.

    Hazorasi gullab-yashnagan davrda Islom olamidagi kutubxonalarning keng yoyilgani ko‘rilganida, qalblar qanchalik zavqu shavqqa to‘lgan bo‘lsa, mana shu kutubxonalarning nihoyasini, ular yo‘liqqan halokatu yong‘inlar eslanganda, ilmning bunchalik ziyon ko‘rishi mumkin emasligidan g‘am-g‘ussaga botiladi. Kutubxonalardagi millionlarcha kitoblarga barham bergan falokatlar tufayli olam tarixda insoniy fikr qoldirgan eng qimmatbaho boyliklardan abadiy ajradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:17:27

    Bag‘dodni bosib olgandagi mo‘g‘ul-tatarlar tomonidan yetkazilgan kulfatlarni olaylik. Hamma narsadan oldin kutubxonalarga talofat yetkazildi. Vahshiy jangchilar umumiy kutubxonalarda qo‘llariga ilingan barcha kitoblarni Dajla daryosiga uloqtirdilarki, hatto tashlangan kitoblar hisobiga daryo to‘lib-toshdi. Shu darajadaki, otliq odam u sohildan - bu sohilga bemalol o‘ta olardi. Daryoning suvi unga cho‘ktirilgan kitoblarning rangi hisobiga bir necha oy tim qora  rangga bo‘yaldi. Salb yurishlari ham Taroblus, Maarra, Quddus, o‘azo, Asqalon va salbchilar xarob qilgan boshqa shaharlardagi eng aziz kutubxonalarni yakson qildi. Taroblusning o‘zida salbchilar uch million kitobni yo‘q qilganliklarini eslash kifoya.

    Ispanlarning Andalusga bosqinlari tarix hayrat bilan so‘zlagan buyuk kutubxonalarni yer bilan bitta qildi. Bu kutubxonalarning barchasi dindor mutaassiblar tomonidan yondirib yuborildi. Ba’zi tarixchilarga ko‘ra, o‘arnota maydonida bir kunda millionta kitob yoqilgan.

    Endi tashqi balolardan ichki fitnalarga diqqatni qarataylik. Fotimiy xalifalar kutubxonalari mamluk turklar tajovuzi tufayli xotima topdi. Ular kitoblarga o‘t qo‘ydilar. Xizmatkorlari ularning jildidan kiyishga poyabzallar yasab olishdi. Kitoblarning anchagina qismi Nilga otildi. Ayrimlari boshqa o‘lkalarga olib ketildi. Qolgan qismini shamol uchirib, «kitob tepaliklari» nomi bilan tanilgan tepaliklarni yuzaga keltirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:19:02

    Halabda «So‘fiylar xizonasi» deb nomlangan kutubxona bor edi. U juda katta kutubxona bo‘lib, Oshuro kunlarida ahli sunna va shia o‘rtasida qo‘zg‘algan fitna tufayli aksar qismi yo‘q qilindi.

    Andalusdagi Al-Hokim al-Mustansir kutubxonasiga ichki fitnalar qo‘li barbarlar Qurtubaga kirgan paytda yetib bordi. U yerdagi kitoblarning aksari sotib yuborildi va qolgan qismi talon-taroj qilindi.

    Musibatlarning eng g‘aroyibi ilm va kitobga nisbatan hamoqat amalga oshirgan kulgili ishlardir... Beshinchi hijriy asrdagi Misr amirlaridan biri Amir ibn Fotinning katta kutubxonasi bor edi. U ko‘p vaqtini ushbu kutubxonadan hech qaerga chiqmay, kitob mutolaasi bilan o‘tkazardi. Uning davlat arboblari o‘rtasida obro‘ga ega xotini bor edi. Lekin bu xotin erini kitoblardan rashk qilar edi. U vafot etgan paytda xotini va joriyalari qalblarida kitobga nisbatan alam bilan kutubxonaga kirishdi. Chunki kitoblar undan erini chalg‘itgandi. Va yig‘lab-siqtab shu asnoda kitoblarni hovlining o‘rtasidagi suvli katta hovuzga otishdi. Erining kitobga bo‘lgan muhabbatidan bo‘g‘ilgan xotin uning vafotidan keyin kitoblardan shunday qasos oldi. Haligacha xotinlarimiz ichida mana shu «fozila» xotin singari erini kitoblaridan qizg‘onadiganlari uchrab turadi. Qadimda erini kitoblari ichra g‘arq bo‘lgan holda ko‘rgan imom Zuhriyning xotini shunday degandi: «Allohga qasamki, bu kitoblar mening uchun uchta kundoshdan ham yomondir!»

    Bu — Islom hazorasi davridagi kutubxonalar va ularning ayanchli intihosi haqidagi haqiqat edi. O’zganing yaxshiliklarini e’tirof etish nafsga og‘ir keladi. Ammo shuni e’tirof etishimiz kerakki, Ovro‘padagi kutubxonalar bizga o‘sha ulkan merosning qoldiqlarini asrab berdi. Ularda haligacha Islom olamida misli ko‘rilmagan arabiy muallafotlar xazinasi mavjud.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:20:16

    Bular ham Islom hazorasining yorqin ko‘rinishlaridan biridir. Ushbu hazorani yoyishda, ilmni tarqatishda ularning ta’siri katta bo‘lgan. Ziyolilar doirasida ijtimoiy darajaning ko‘tarilishida, ilmiy zavqning oshishida garchi madrasa, ma’had va kutubxonalarning o‘rni katta esa-da, poytaxt va katta shaharlarda uyushtirilgan ilmiy majlis va anjumanlar ham muhim ahamiyat kasb etgan. Bu majlislar ko‘p, bahslari turlicha bo‘lishiga qaramay, ular Islom millatining shavkatli va quvvatli davrlaridagi fikriy uyg‘oqlik ko‘rinishlariga betimsol misoldir. Bunga xalqning turli tabaqalari: xalifalar, amirlar, ulamolar, adiblar va shoirlar xususiy va umumiy majlislaridagi baxslarni ilmiy, adabiy va falsafiy musobaqaga aylantirayozganlarini ko‘rib amin bo‘lasiz. Albatta, bu — millatning ilmga oshiqligi, uning buloqlaridan qonishga ishtiyoqi buyuklik va taraqqiyotini ko‘rsatadigan darajaga yetganini bildiradi.

    Bu majlislar sanoqsiz va turlicha edi. Xalifa huzuridagi majlislarga uning o‘zi boshchilik qilardi. Unda poytaxtdagi mashhur olim, adib va faqihlar qatnashardi. Xalifalarning majlislari Islom hazorasining rivojlanishi va yuksalishi bilan barobar rivojlandi. Xulafoi roshidiynlar davrida ushbu majlislarda davlat ishlari va voliylarning faoliyati haqida so‘z borardi. Bunda go‘yo noiblar majlislariga o‘xshab, qavm ulug‘lari davlat ishlari va turli muammolarni hal qilishardi...

    Umar ibn Xattob (r.a.) bir kun davlat mansablaridan muhim bir amalga munosib kishini tayinlashga muhtoj bo‘lib qoldilar. Shunda majlisdoshlariga qarata: «Men uchun muhim bo‘lgan amalga odam tayinlamoqchiman. Shunga munosib odamni ko‘rsating», dedilar. Majlisdagilar bir odamni taklif qilishganida, bu odamga muhtoj emasmiz, degan javobni olishdi. Shunda: "œKimni xohlaysiz, ey amirul-mo‘minin?" deyishgandi, hazrati Umar shunday javob qildilar: «U shunday odam bo‘lsinki, agar amirlari bo‘lsa, ichlaridagi bir kishidek bo‘lsin, amirlari bo‘lmasa, amirlaridek bo‘lsin». Majlisdagilar: «Bu sifatni faqat Rabi’ ibn al-Xorisiydagina bilamiz», deyishgan. Bu nomzod amirul-mo‘mininga ham ma’qul tushib, uni mazkur amalga tayinladilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:21:14

    Umaviylar davriga kelib, xalifalarning majlisi adab, hikmat va she’r majlislariga aylandi. Abdulloh ibn Hishom bir kuni Muoviyaning majlisida hozir bo‘ldilar. Muoviya: «Saxovat, jasorat va muruvvat haqida menga kim xabar beradi?» dedi. Abdulloh aytdilar: «Saxovat — so‘ramasdan burun mol va hadyani berish, jasorat oldinda bo‘lishga jur’at va qadam toyganda sabr, muruvvat esa — dinning salohi, holining islohi va qo‘shnining himoyasidir".

    Bir kun amir Abdulmalik majlis ahliga qarata: «Kim badanidagi a’zolarini alifbo harflari tartibi bilan keltira olsa, o‘ylagan narsasini beraman», dedi. Shunda Suvayd ibn o‘afla: «Men keltira olaman, yo amirul mo‘minin», deganda, «Boshla», javobini oldi. U alifbo harflari bo‘yicha a’zolarini sanay boshladi: «Anf (burun), batn (qorin), tarquva (o‘mrov), sag‘r (og‘iz), jumjuma (bosh, bosh suyagi), xalq (tomoq), xad (yuz), dimog‘ (dimog‘)... Shunda boshqa birov turib: «A’zolarni ikkitadan qilib aytib beraman», dedi. Buni ko‘rgan Suvayd: «Men uchtadan qilib ayta olaman: anf (burun), asnon (tishlar), uzun (quloq)..." deya davom etdi. Abdulmalik uning topqir va hozirjavobligidan hayratga tushdi va mukofotladi.

    Abbosiylar davriga kelib, xalifalar majlisi yanada rivojlandi. Keng, yaxshi jihozlangan yerlarda ko‘pgina olim va adiblar bilan ajib majlislar qurilar, undagi baxs va munozaralar turlicha bo‘lardi. Bundan tashqari o‘yin-kulgu majlislari ham bo‘lardiki, unda adabiy muhit hukmron bo‘lib, she’r va shoirlar to‘g‘risida so‘z borar va mug‘anniylar kuylagan qo‘shiqlarning kalimalari izohlanardi. Bani Abbos xalifalarining ichida majlisi dabdaba va ajoyibotda eng mashhurlari Rashid va Ma’mun edi. Rashid o‘z majlisiga har bir fan va ilmning taniqli olimlarini yig‘ardi. Bu o‘rinda majlislarining oldi bo‘lmish shoirlar: Abu Nuvos, Abul Atohiyya, Da’bal, Muslim ibn Valid, Abbos ibn Ahnaflar, faqihlar: Abu Yusuf, Shofe’iy, Muhammad ibn Hasanlar, tilshunoslar: Abu Ubayda, Asma’iy, Kisoiylar, muarrix Voqidiy, mug‘anniylar Ibrohim Musimiy va o‘g‘li Ishoqlarni eslash yetarli.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:21:52

    Uning majlislarida kechgan adabiy munozaralarga bir misol keltiramiz. Bir kun uning huzurida til va adabiyotning ulug‘ imomlari Sebvayh va Kisoiy yig‘ilib qolishdi. Kisoiy shunday deb qoldi: «Arablar bu jumlani quyidagicha aytishadi: «Men qovoqarining chaqishi asalarinikidan kuchli deb o‘ylardim, vaholanki, u o‘sha (ya’ni, bir xil) ekan». Sebvayh esa, uning noto‘g‘riligini aytib: «Balki, u u ekan», deyiladi», dedi. Ular uzoq tortishishdi va nihoyat kalomiga o‘troq shaharliklar so‘zidan biror narsa aralashmagan «toza» arabga murojaat qilishga kelishishdi. Rashid Kisoiyni juda yaxshi ko‘rar va unga inoyat ko‘rsatardi. Chunki uni xalifalik mansabiga o‘tirmasidan oldin ham bilardi. Shundan so‘ng «toza» bir arabni chaqirib, jumlaning qanday aytilishini so‘rashdi. U jumlani Sebvayhnikidek gapirdi. Rashid unga: «Biz jumlani Kisoiynikidek gapirishingni xohlaymiz», dedi. U esa: «Tilim bunday gapirishga o‘rganmagan», deya javob qildi va nihoyat u ham: «Kim to‘g‘ri gapirgandi?», deb so‘ralsa: «Albatta, Kisoiy-da» deya javob qilishga rozi bo‘ldi. Bu kelishuv katta bir yig‘in ichida sodir bo‘ldi. Sebvayh Kisoiyga tarafkashlik qilinganini tushundi va Bag‘doddan mahzun holda chiqib ketdi. Aytishlaricha, ushbu voqeadan keyin u uzoq yashamadi va ruhiy azobdan vafot etdi.

    Ma’munning majlislari esa islomiy hazora tarixidagi eng ajib ilmiy majlislardan bo‘lgan. Zotan, uning o‘zi ustun ulamolardan bo‘lgan. Uning saroyi ilm kishilari, shoir, adib, tabib va faylasuflar ommasi bilan to‘lib-toshgandi. Ma’mun ularni mamlakatining turli tomonlaridan chaqirgan bo‘lib, kelib chiqishlari va millatlaridan qat’iy nazar ularga katta ehtirom ko‘rsatardi. Munoqashalarni ko‘pincha uning o‘zi boshlab, ulamolarni baxsga chorlardi. Agar majlisida faylasuf va ulamolar bo‘lsa, muqaddas kitoblardan oyatlarni dalil qilishni hammalariga nahiy qilardi. Ularga shunday derdi: «Qur’ondan ham, Injildan ham shohid keltirmang, meni sermulozamat, sertakalluf bo‘ladi, deb o‘ylaysiz. Allohga qasamki, ish siz uchun yo siz to‘g‘ringizda ham emas, balki mening arab ekanligim haqiqat va to‘g‘rini e’tirof etishdan to‘sib qo‘yishini yomon ko‘raman, xolos».

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:22:21

    So‘ng u arablarni boshqalarga nisbatan ortiq ko‘rishining boisini shunday izohlaydi: chunki ularda boshda kitob ham, ilm ham bo‘lmagan. Shunga qaramay, ular o‘z fitratlari bilan o‘simliklarni, ulardan qo‘y va tuyaga salohiyatlilarini yaxshi bilishgan. Zamon va uning o‘zgaruvini kuzatishgan. Uni bahor, yoz, kuz va qishga bo‘lishgan. So‘ng ichimliklari osmondan ekanini bilib, ob-havoni kuzatishni va vaqt o‘zgaruvini o‘rganishgan. Osmondagi yulduzlarga qarab, yo‘llarini topganlar. Yana o‘rtalarida munkardan qaytarib, yaxshilikka targ‘ib qiladigan va pastkashlikdan tiyib, go‘zal axloqqa chaqiradigan bir kelishuvga kelganlar. Hatto, ularning chekka yerda, xarob yashaydigan bir kishisi ham yaxshilikni hech qoldirmay maqtar, yomonliklarni hech kamchiliksiz mazammat qilardi. Ularning so‘zlari faqat yaxshilik qilish, qo‘shnining haqqini muhofaza etish, saxovatli bo‘lish va qo‘ying-chi, bor ezgulik haqida bo‘lardi. Bularning barini ular o‘z aqllari bilan topishar, farosat va fitratlari bilan hech bir o‘rganishsiz, odobsiz bilishardi. Balki ularning tabiatlari odobli, aqllari orif edi. Ibn Muqaffa’ ham aytadi: «Shuning uchun ularga «Sizlar eng aqlli millatsiz», dedim. Chunki ularning fitratlari sog‘lom, bo‘y-bastlari mo‘‘tadil, to‘g‘ri fikr va fahmlidirlar».

    Ilmiy majlislar to‘g‘risida gapirganda, kitob do‘konlarining ham bu boradagi ahamiyatini unutmaslik kerak. Chunki ularda ham ilm haqida, har kim o‘zi mutaxassis bo‘lgan sohasida ulamolarning go‘zal suhbatli majlislari bo‘lardi. Kitob sotuvchilarning ko‘pchiligi odatda ziyoli adiblar edi. Ular o‘z kasblaridan ilmiy ehtiyojlarini qondirishda foydalanishardi. Masalan, «Al-fihrist»ning muallifi Ibn Nadim, «Mo‘‘jamul-udabo» va «Mo‘‘jamul-buldon»ning muallifi Yoqutlar kitob sotuvchi bo‘lishgan. «Al-ag‘oniy»ning muallifi Abul Faraj Isfahoniy va mashhur tilshunos adib Abu Nasr Zujjoj ko‘pincha kitobdorlarning do‘konida uchrashishardi va u yerda to‘plangan shoirlar bilan she’r va adabiyot haqida suhbatlashishardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:23:27

    Hayotga haqli har bir millat hamma narsadan oldin ozuqasini ilmdan topadi. Islom millati boshqa millatlarga hayot bag‘ishlab turgan vaqtlarda ilmga ega bo‘lish va uni yoyib, tarqatish yo‘lidan borgan. Uning xalifadan tortib olimu tojirgacha bo‘lgan farzandlari ilm qurollari, kitoblari va madrasalarini ko‘paytirishda musobaqalashishgan. Ularning suhbatlari faqat ilmni ziyoda qilish, zehnni ochish va aqlni charxlash yo‘lida bo‘lgan. Hatto, o‘yin-kulgu, kayfu-safo majlislarida ham, agar ulamo va udabo bo‘lsa, biror masalani yechish, mavhumotni kashf qilish yoki xatoni to‘g‘rilash uchun fursat boy berilmagan.

    Yana bu o‘rinda fuqaho, muhaddis va voizlarning majlislari haqida gapirmadik. Bunday majlislar har bir shahar va qishloqda keng urf bo‘lgandi. Gapning qisqasi, hazorasi gullab-yashnagan davrlarda Islom olami ilm nuri bilan to‘lib-toshgandiki, bu nur butun uylarni, masjidlarni, madrasalarni, yig‘in-majlislarni va do‘konlarni qamrab olgandi. Bu to‘g‘rida ulug‘ olim Gustav Lubon haq gapni aytgandi: «Arablarning (musulmonlarni nazarda tutmoqda) ilmga muhabbati juda kuchli edi. Ular juda oz muddatda futuhotlarini tugatganlaridan keyin hazorada yuqori darajaga erishgandilar. Hatto ular unda adabiyot va ilm-fan kamolga yetgan va cho‘qqiga chiqqan hazorani bunyod eta oldilar».

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:24:41

    Agar to‘rtinchi hijriy yoki o‘ninchi milodiy asrdagi   Islom olami va g‘arb olami shaharlariga tezkor nazar tashlab chiqilsa, bu ikki olam o‘rtasidagi katta farqni ko‘rib hayratga tushadi kishi. Hayot, quvvat va hazora bilan to‘lib-toshgan Islom olami bilan hayot, ilm va hazoraning izi yo‘q g‘arb olamida ko‘rilganlar dahshatga soladi.
 
    Pofes va Romboning umumiy tarixida quyidagilar keltiriladi: «Anglosaksoniya Angliyasi yettinchi milodiy asrdan o‘ninchi asrgacha boshqa mamlakatlar bilan aloqasi yo‘q kambag‘al davlat edi. Uning manzarasi qo‘rqinchli, ko‘rimsiz bo‘lib, uylari sayqallanmagan (ishlov berilmagan) toshlardan ko‘tarilib, loy bilan mustahkamlanardi. Uylarning tirqishlari tor bo‘lib, yaxshi yopilmasdi. Otxona va og‘ilxonalarda tuynuk yo‘qligidan mamlakatning yagona daromad manbai bo‘lgan chorva mollari va ot-ulovlar takror-takror turli kasallik va vabolardan qirilardi. Odamlar ham joy va amniyat borasida hayvonlardan qolishmasdi. Masalan, qabila boshlig‘i o‘z kulbasida oilasi, xizmatkorlari va ularga aloqador kishilar bilan birga yashardi. Barchalari o‘rtasida o‘choq bo‘lgan katta xonada o‘ltirishar, shiftdagi mo‘ri yaxshi ochilmaganidan xonani tutun bosib ketardi. Hammalari bir xontaxtada ovqatlanishar, xo‘jayin va uning yaqinlari dasturxonning bir tomonida o‘tirishardi. U paytlarda vilkani bilishmasdi, qadahlar ushlashga noqulay edi. Dasturxondagilar qadahning tagini yo qo‘llari bilan ushlab turishar yoki uni bir ko‘tarishda bo‘shatishardi. Kechqurun xo‘jayin ovqatga to‘yib, sharobga bo‘kib olgandan keyin o‘z xonasiga chiqib ketardi. So‘ng xontaxta va taxtasupalar ko‘tarilar va ushbu xonada yig‘ilganlar yerda skameykalarda cho‘zilishardi. Ular yotayotganda qurol-yarog‘larini boshlariga qo‘yib olishardi. Chunki o‘g‘rilar shu qadar jur’atli bo‘lib qolishgandiki, odamlar to‘satdan ashyolarini oldirib qo‘ymaslik uchun doimo hushyor turishlari lozim edi.

    Mana shu zamonlarda Ovro‘pa quyuq o‘rmonlar bilan qoplangandi. Dehqonchilik borasida ancha orqada qolib ketilgandi. Shaharlar atrofidagi ko‘pgina botqoqlardan yomon hidlar tarqardi. Parij va Londondagi uylar yog‘och hamda poxol va qamish aralashtirilgan loydan qurilardi. Ularda tashqariga ochiladigan derazalar va isitiladigan xonalar bo‘lmasdi. Ular uy jihozi nima ekanini bilishmasdi. Yerga to‘shaladigan poxoldan bo‘lak jihozlari ham yo‘q edi. Tozalik va pokizalik ham ularga yot edi. Hayvonlarning ichak-chavoqlari va oshxona chiqindilarini uylarining oldiga tashlashardi. Ulardan esa juda badbo‘y hidlar taralardi. Erkaklar, ayollar va bolalardan iborat katta bir oila ham bitta xonada yotardi. Bu xonada ko‘pincha ular bilan birga uy hayvonlari ham panoh topishardi. Kishilarning to‘shaklari poxol qoplama ustidan qilingan jun kigiz bo‘lardi. Ko‘chalarda na o‘zan, na saroy va na chiroqlar bo‘lardi».

Qayd etilgan