Shunday qilib, Islom yaxshilik eshiklarini odamlarning barchasiga ochib qo‘ydi. Uni hatto ishchi ham, tojir ham, dehqon ham, shogird, ustoz, ayol, ojiz, keksa, mayib, qo‘yingki, iqtisodiy holati jamiyatdagi yaxshilik va ezgulik ishlariga hissa qo‘shishga imkon bermaydigan har bir kishi qila oladi. Dinlari, tillari, vatanlari va jinslari qanday bo‘lmasin, Islom yaxshilikni Allohning barcha bandalariga imkonli qilgan paytda nafslarni komil insoniy xususiyatlarning eng oliy ufqiga ko‘tardi: «Xalqning (maxluq) barchasi Allohning ahli, bas, Unga mahbubrog‘i ahllariga nafliroqlaridir». So‘ng Islom insoniy nafsga yaxshilik va ezgulikni shaxsiy manfaat yuzasidan mahbub ko‘rsatib, qanday xitob qilganiga qarang. U har bir inson ezgu ishining foydasi hammadan oldin o‘ziga qaytishini e’lon qiladi. Ya’ni, u ezgu ishi sababidan savob, muhabbat, maqtov va abadiy Alloh azza va jalla huzurida bo‘lishga sazovor bo‘ladi: «Qanday yaxshilik (mol) infoq-ehson qilsangizlar, bas, o‘zingiz uchundir» (Baqara surasi, 272-oyat). «Kim biron yaxshi amal qilsa, o‘zi uchundir» (Fussilat surasi, 46-oyat).
Mudom inson hamma narsadan oldin o‘zini sevadigan anoniyat sohibi ekan, bu uslubning insoniyat ruhiyatiga ta’siri shubhasizdir. Shundan baxil saxiylik qiladi, xasis himmat ko‘rsatadi, farzandlari, qarindoshlaridan qizg‘angan boyligini odamlarga ulashadi.
Alloh taboraka va taoloning: «Allohga qarzi hasana (ixtiyoriy qarz) beradigan kim borki, (Alloh) unga bir necha barobar qilib qaytarsa...» degan oyati (Baqara surasi, 245-oyat) nozil bo‘lganda, Abu Dahdoh ismli bir sahobiy: «Alloh ham bandalaridan qarz so‘raydimi, ey Rasululloh?» deb so‘radi. Rasululloh: «Ha», deganlarida, u: «Qo‘lingizni uzating, yo Rasululloh», dedi. Va o‘zidan boshqaning haqqi bo‘lmagan bog‘ini sadaqa qilganiga Rasulullohni guvoh qildi. U bog‘da yetti yuzta mevaga kirgan xurmo daraxti bor edi. Keyin u xotinining oldiga qaytdi. Xotini va farzandlari ushbu bog‘da yashashardi. Xotiniga qilgan ishining xabarini berdi. Xotin farzandlarini olib, bog‘dan chiqib keta turib: «Bay’ingda foyda qilding, ey Abu Dahdoh», dedi