Mana shu tarix. Endi bu yog‘ini o‘zing tushunib olaver, Olim. Agar otam tushimga kirmasalar edi, seni ko‘rib yuzlarini o‘girib olavermasalar edi, men bu tarixni senga yozib, yo‘llab o‘tirmasdim ham balki.
Tanangga o‘ylab ko‘r, kim eding, qaysi ko‘chalarda yuribsan? Kimlarning zurriyoti ekaningni nahot unutib qo‘yding? Otamiz — ul zot, xuddi Payg‘ambar alayhissalomdek sendan yuz o‘giryaptilar. Turqingni ko‘rishni istamayaptilar, uka. Bu qanday isnodligini bilasanmi o‘zing? Kimlarning gapiga uchib u ko‘chalarda yuribsan? Va axiyri kim bo‘lmoqchisan? Hozir-ku, mayli, bu foniy dunyo ham o‘tar, erta birisi kun — tongla Mahsharda qay yuz bilan otamizga ko‘rinasan? Qurumu is bosgan qora yuz bilan Parvardigorga ro‘baru bo‘lmoqchimisan?
Hali-da kech emas. Bekorga otam xafahol o‘tirganlari yo‘q. Tirik bo‘lsalarki, top-da, oyoqlarini o‘p, uzr so‘ra, desam.
Ota rozi — Xudo rozi, degan gap bor. Ota roziligini topish iloji yo‘q ekan, nega endi tavba eshigini qoqmasliging kerak?! Nega yolg‘iz Uning O‘ziga tavba-tazzarular bilan hidoyat so‘ramasliging, sajdaga bosh urmasliging kerak? Qachongacha g‘o‘ddayib o‘tmoqchisan? Egil, ukam. Azbaroyi jonim achiganidagn yozmoqdaman bu gaplarni, Hali bu xat qo‘lingga tegadimi-yo‘qmi, qalbingni larzaga soladimi-yo‘qmi, u shayton ko‘chasidan qaytasanmi-yo‘qmi, bilmasman, Olim. Ammo tanangga o‘yla, o‘sha Vahshiylar tavba eshigini qoqib, hidoyat topganida, sen — otamizning pokiza palagidan bo‘lgan bir zurriyot nechuk insofga kelolmasang?
Ilohim, men adashayotgan bo‘lay.
Ilohim, ichimdagi hadiklar bari yolg‘on bo‘lib chiqsin.
Ilohim, o‘ylarim behuda, tushlarim shaytoniy bo‘lib chiqa qolsin.
Ilohim, sen siroti mustaqim yo‘lini topib olgan bo‘lginu men bexabar qolgan bo‘lay.
Alloh barchamizin O‘z panohida asrasin. Omin.
Akang Sultonmuroddan
deb bilgaysan.
Kalkutta».