Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127853 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 35 B


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:17:16

— Darvoqe, shundaymi? Allohimning hifzu himoyasinda bul diyorlarda umrguzaronlik qilayotgan ul mushfiqa... sizga-da begona bo‘lmas. Tangritoqqami — qayoqqa hijrat etib ketmish qay bir xolavachchangizning shar’iy halolasimish-ku, Maqsudxo‘ja janoblari. Salom xolamizga kelin qavlida bo‘lgay, topsangiz o‘sha diyorlardan — Kattabog‘u Yakkabog‘lardan topgaysiz daragin, dedilar.
— Boyadan beri aytmaysizmi, shuni?! — dedim quvonchim ichimga sig‘may ketayotganini oshkor etishdan yila-tiyla. Ammo o‘zimga qolsa, qani, holi bir yerda bo‘lsagu shunday shirin xabarlar ila kelgan elchini quchib olib, bag‘rimdan bo‘shatmasam... — Faqat bir narsa so‘rasam maylimi, aybga buyurmaysizmi? — deya oldim axiyri shivirlagudek bo‘lib.
— So‘rang, Maqsudxo‘ja janoblari, jonim bilan aytay, — dedi u ham.
— O‘sha darbadarning o‘zi-chi? — dedim tilim tang-layimga yopisha borib. — O‘zi qay ellarni vatan tutib, qay diyorlarda to‘xtabdi? Bilasizmi o‘zingiz?
— Kimni aytasiz? — dedi u dabdurustdan anglab yetolmay.
— Kim bo‘lardi, biz uchun aziz o‘sha mujohidni aytaman-da...
— Ha-a, Bahriddin og‘amizning qiyomatli oshnasi, vatanjudo xolavachchasin aytasiz... — U yengil tin olib, orqasiga suyandi. — Ikki yil bo‘ldimikan, vallohi a’lam, daragi chiqqaniga...
— Qay yurt-diyorlardan so‘rarmiz? Omonmilar ishqilib? — dedim o‘ksim buzila kelib.
— Siqilmang, ko‘ngilingiz ham buzilmasin, Maqsudxo‘ja janoblari. O‘zini xor qildirib qo‘ymaydigan jigarlaringiz vor ekan. Avvalda Peshovardami, qaerda edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:17:27

— Hozir-chi, hozir qaerdalar? — dedim titranib, qolaversa, u manzillardan kelgan xatlar rost chiqmoqda edi.
— Bombeydami, qaerda — bandargohda qo‘nim topmishlar. Kemalaru qayuqlarni mumlashar emush.
— Mumlashar emush?!. — Men bilganlarim tasdiq topayotganidan hayratga, tushib qaytarib so‘rardim. — Shunday botur — shunday mujohid akamiz-a? Haligacha-ya?..
— Siz xursand bo‘ling, Maqsudxo‘ja janoblari, o‘sha yerdan shunday bir yumush topganlariga, vatanjudolar jamiyati ochganlariga.
— Jamiyat?! — dedim men orziqib, akam o‘shal yerda ham jim yurolmagani yana tasdiq topmoqda edi.
— Mushkul kunga qolgan vatanjudolarni himoyaga oladurgan, qo‘llaydurgan jamiyat emush. Niyatning ulug‘ligini ko‘ring, Maqsudxo‘ja. Har kim ham bu ishga bel bog‘lasin-chi! — dedi mehmon mutaassirlanib. — Shunday ishlarga bosh qo‘shadiyu biz qayushmaylukmi?! Ahli ayolini topishib yubormaylukmi?
Men uning so‘zlaridan titranib bormoqda edim.
— Siz... o‘ziz u kishini bilgaysizmi? — deya oldim.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:17:38

— Qay birlarin aytasiz, Maqsudxo‘ja janoblari? Men nimagadir aqlim yetmay boradir. Har ikkalalari-da Siza xolavachcha bo‘lgaylarmi, yoki?.. — dedi Sodiqxon afandi sergak tortib.
Men o‘zimga kelib, elchimizning ko‘zlariga termuldim.
— Bahriddin xolavachchamizga Marg‘u kennoyimni yetkazgan kishi — o‘sha vallomat bizga kim bo‘lishini bilsangiz edi...— dedimu xushxol engashib mehmonning qulog‘iga shivirladim.— Bizda ham birov bilib, birov bilmas xabarlar bor: o‘sha tug‘ishgandan a’lo akamizni... Oltinxon to‘ram Makkaga chorlayotgan emishlar. O‘shanaqasi birodarinikiga kirsa ham ajabmas.
— Kim, Oltinxon to‘ram-a? Makkaga-ya?.. Voy, Maqsudxo‘ja janoblari-ey, zo‘r ekan-ku sizning xabarlar ham! Biz bilmaydigan narsalarni bilasiz ekan-ku!.. — deb yubordiyu u azza-bazza turib, rapidadek kaftini yelkamga tashladi va o‘ziga tortdi.
Biz jonu jahonimiz erib, bir-birimizning bag‘rimizga singib borar edik.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:17:51

2. Ular kimning ahli ayoliyu tirnog‘in izlashar?

Uylarning soyasi tortilib, oftob terak bo‘yidan oshgan sari osmon toqi tiniqlashib, kamiga moviylashib kengayib borar edi. Balki men so‘riga chiqvolib tok tarashga tushganimdandir bu. Ishqilib atrofga suqlanib boqar, hali hovli ortidagi o‘rik shohida chiyov-chiyovlashga tushgan sa’vaga, hali qo‘shnining tuproq tomi bo‘g‘otiga qo‘nvolib, tojini yoyib-yig‘ib «huku-pish»layotgan popishakxonga anqayishga tushgan edim.
Pastdagi ayvonda esa, oyim chordana qurib o‘tir-volib, menga qaysi navdani kesib tashlashu qaysi-nisini qoldirib, qanday bog‘lashni o‘rgatib turibdilar:
— Yo‘q-yo‘q, unisiga tegma. Ko‘zing qayoqda?! O‘sha mayda bo‘g‘ini sho‘ralasin-da hali. Senga qolsa, satta uzum qiladiganini kesib, erkak navdasini qoldirmoqchimisan? Qo‘y, bilmasang, kelinim chiqadi, — deb tergab qo‘yadilar ora-orada. Bunga sari kulgim qistab, yuzimni chetga buraman.
— Nega kulasan, u sendan uquvliroq. Bitta aytgandayoq ilib oladi.
Battar kulgim qistab, burnimni yelkamga ishqayman: qani, shaytonim qo‘ysa...
— Ha, unga nima qipti, so‘riga chiqmay yurgan joyi bormi? — dedilar azza-bazza jahllari qistab.
— Ha, endi... so‘riga ikki kishi chiqqanidan... bir kishi chiqqani tuzuk-da, oyi, — deb uning og‘ir-oyoqligiga shama qilgan bo‘ldim.
— Qo‘yaqol unda. Kenja tog‘ang tarab bera qolar.    U kishining qo‘li tekkan navda hosil bermay qo‘ymagan.
Ola! Men turib, tog‘amni chaqirtirib yursalar, ayt-maydilarmi?!.
Azza-bazza xafa bo‘lgan joyimda... darvoza zulfini shiqirladi.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:18:02

— Hoy, kim bor, qutlug‘ uyda? Mehmon kevotti o‘z oyog‘i bilan.
Ovoz taniс‰, juda ham tanish edi. Hassaning do‘q-do‘qi undan-da tanish edi.
«Kelavering, pochcha»lab narvondan tushib borsam, chindan yo‘lakdan u kishi kirib kelyaptilar. Birpasda bag‘rimiz to‘lib, uyimizga fayz kirib ketdi.
Dasturxon yozilib, choy kirdi. Duolar bo‘lib, hol-ahvol so‘rasha ketdik. Qarindoshlar sal uzoqqa tushib, hovli-joy qilsa, shu ekan: sog‘inib, ichikar darajaga yetar ekan odam. Shundanmi, so‘rashib-istashib to‘ymas edik.
Qolaversa, biz istab borish o‘rniga, u kishining yo‘qlab kelganlaridan, ixrab-sixrab bo‘lsa-da, shu yoqda xeshlarim bor-ku, deb kirganlaridan bir — xijolatga botsak, bir — boshimiz ko‘kka yetar edi.
— Borsa-kelsa, oqibat uzilmaydi-da, Salomxon. Oyog‘imiz ostidan shamol o‘tib turibdi, shunisiga shukr. Hassa nima, bir dalda-da, yotgulik qilmasin, — der edilar u kishi pishillab. Basavlat odamning yostiqqa suyalishi ham, xontaxtaga ko‘krak berib, xo‘rillatib choy xo‘plashlari ham bir bo‘lakcha edi. Suyagi yo‘g‘on, toshi og‘ir odamning shundan shu yoqqa bizni deb kelganlari, hovlimizga yuz burganlari, ayniqsa, bizga xush kelmoqda, u kishini har qachongidan yaxshi ko‘rib ketmoqda edik.
Tog‘alarimiznikiga kelib, bosib o‘tib keta olmadilarmikin yo atayin kelyaptilarmi, bunisini bila olmay o‘tirardik.
— Hay, bizning tog‘ oshib kelgan arzanda kelinimiz qani, Yodgormurod qani? Ular ko‘rinishmaydi, qayoqqa javob bergansiz? — deb qoldilar pochcha ochiq eshikdan hovli adog‘idagi uylar tomon alanglab.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:18:14

Shundagina bir narsalarning uchini sezgandek yuragim hapriqdi: nima gap ekan? Shunchaki surishtiryaptilarmi yo biron xabar bormi, deb yuzlariga termuldim. Ammo u kishi soqollarini tutamlab-silagancha javob kutsalar-kutardilarki, menga qaray qolmas edilar. Yuzlaridan bir quvonchli narsani sir tutib turgandeklar. U nima ekan, deb ichim qurib boryaptiyu... o‘zim Bahriddin akam yuborgan elchi haqda hech kimga miq etmay yurganimdan (Kelishuv shunday! Hatto kennoyimga, Yodgorga so‘z ochganim yo‘q! Elchi qattiq tayinlagan!) jim qola qoldim. Hozir ham ochmaganim ma’qul bu gapni, ochsam — oyimlardan baloga qolaman. Boshlanadi so‘ng: nimaga aytmovding? Biz ko‘rsak bir narsa bo‘lardimi? Shundan shu yoqqa odam keladiyu uyga opkelmaysanmi? Anuv mushtiparlarga bir og‘iz bildirib qo‘ymaysanmi? Shuncha kutganda — arzimabdimi, daragini eshitsa?.. Undan ko‘ra, ichimda yotavergani ma’qul. Bunaqa narsalarning isini chiqarib bo‘ladimi!
— Qumloqqa ketishdi. Oyto‘raxonni ko‘rib kelgani, — dedilar oyim, men ruxsat berdim degan kabi va qo‘shdilar, — U kishi ham tabarruk, duolarini olib turishgani ma’qul. Bir vaqtlar bag‘rilarida o‘tirishgan.
— E, shunaqami, men Sultonmurodimizning tirnog‘ini ko‘rib ketamanmi, devdim. Xayitlik berolmab edim, berib ketamanmi, deb edim. E, attang, e, attang,— deb qoldilar u kishi.
— Shoshadigan yeriz bormi, pochcha, o‘tira turing. Kelin ko‘ksomsaning harakatiga tushgan. Keyin o‘zim osh damlayman, qo‘lbola qilib. Ungacha qaytib ham qolishadi, — dedim sog‘inganimni jindek sezdirib.
— Hay, sening gaping ham tuzuk, qayoqqa shoshaman. Kechqurun oborib qo‘ysang bo‘ldi-da, — dedilar halitdan ketish g‘amidan so‘z ochib.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:18:23

— Qolavurasiz-da, — dedim atay.
— Xo‘, jiyan-a, — dedilar u kishi orqalariga suyanib-kulib. — Senam qarigin bilasan, o‘z uying o‘lan to‘shaging ekanini. Qolaversa, xolang ko‘z yummay chiqadi.
— Opkelavermabsiz-da, opamlarni ham. Yotib ketardilar, — dedilar oyim.
— Umi, bilgani yo‘q. Isini chiqarmay qo‘ya qolay devdim topgan gapimni...
— Voy, yana qanaqa gap? Nimaning isi? — deb hovliqib qoldilar oyim. — Shu mushtiparginaga tegishlimi?
— Nima desam, sizga qanday tushuntirsam, — deb pochcha talmovsiradilar. Aftidan bu gapni hech kimga ochgilari kelmay meni izlab kelganlar-u, hozir no-iloj qolgan edilar. — O‘zimam tagi-tugiga yetolmay sarangman.
— Nimani, ochiq-yoriqroq aytavering,— dedilar oyim.
— Shu yangi imomimiz kechaginda bir gap topib kepti. Emishki, hajdan qaytgan muftiy taqsirimiz bir odamning omonatidan so‘z ochganmishlar. O‘sha qoch-qoch paytlarda ahli ayoli qolib, o‘zi hijrat etib ketgan birov yaqinlari daragini so‘ratganmish. «Sizda ham bir mushtipargina bor deb eshitamiz, eri sarhaddan o‘tolmay qolgan. Taqsirimga balki uchrab boqarsiz», deydi. O‘shandan beri na yeyar-icharimda, na o‘tirar-turarimda halovat bor. Koshki bizga tegishli bo‘lib chiqsa deb... — Pochcha ko‘ksilarining ichi achishib borayotgan kabi o‘sha joylarni silab, yana orqalariga yastandilar, — Sultonmurod hajda nima qiladi, u yerlarga yetishga yo‘l bo‘lsin, boshqa birovdir deb, o‘zimga taskin-tasallular bersam-da, tinchiy olmayapman hech. Xudo xohlab turibdiki, bu xabar bizgacha yetib kelibdi. Xohlamasa, qaydan ham yetardi deb, ertalabdan bu yoqqa yurvordim. Nima qilay, nima bo‘lsa, Xudodan ko‘rdik, deb bir borib ko‘raymi, Maqsudxo‘ja? Harholda sen o‘qigansan, dunyo ishlaridan xabaring bor. Ishonsa bo‘ladimi shu gaplarga... yo hammasi bir uydirma, tuzoqmi? Og‘rimagan boshga tashvish ort-tirib olmasmikanmiz?

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:18:33

Men yalt etib oyimlarga qarasam, u kishi qo‘llarining yuzidagi ko‘k ipakdayin tomirlarini silagancha xayolga tolib qolibdilar. Bir to‘xtamga kelganlarini bilib bo‘lmaydi: shunchalik xayol olib qochgan.
Pochcha ham bu holni ko‘rib, sovub qolgan choylarini simirarkanlar, orqasidan chuqur tin olib, yuzlarini ishqab qo‘ydilar:
— So‘z ochgani ham qo‘rqasan, ochmagani ham. Aytsang ham — bir balo, aytmasang ham. Bu hukumat is olib qolsa bormi... — dedilar u kishi xum boshlarini ma’noli saraklatib, — undan ko‘ra, «och qornim — tinch qulog‘im» yaxshiroqmikan-a?
Men u kishining soyalaridan ham xavfsirayotganlarini bilib tursam-da, elchi kelgani, ketidan bu gapning chiqishi hech bekorga o‘xshasdi. Demak, Sultonmurod akam ham tinch o‘tirgani yo‘q: bularni topib, zimmasidagi shar’iy burch — omonatni o‘tash harakatida! Shunday bo‘lib chiqadimi?.. Unday desam, Bahriddin akam jo‘natgan elchidan xabari yo‘q, taqsirga og‘iz ochib qo‘ydimikan?.. Hech tushunib bo‘lmasdi.
— Chiqmagan jondan umid, o‘zimizning odam — muftiy ekan-ku, — dedim.
— He, jiyan-a, — deb qo‘l siltadilar pochcha, — bularning ichida ham murosai madorachisi qancha, xizmat qilib qo‘ygani qancha. Yaktagu salla bir libos, xolos. Jon esa, shirin.
Ichimdan yo qirindi o‘tdi, yo boshimdan bir olov chiqib ketdi (Balki har ikkisi shu bir lahzaning o‘zida kechgandir):
— Qanday?! Xudodan qo‘rqmasdan-a?.. — deb yubordim. — Mehrobda chayon yotsa, bu yoqdagilarni holi ne kechadi?

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:18:40

— Astag‘firullohi al-azim. Balki biz adashayotgandirmiz, Alloh zohirgamas, botinga qaraydi-ku.
— Unda nimadan qo‘rqasiz? — dedim qidirayotgan odam akam ekanidan umidimni uzmay.
Oyim shasha-doka ro‘mollarini peshonalariga tortib, uchini yelkalaridan oshirib tashlarkanlar, bosh to‘lg‘adilar:
— Gumondan imon ham qochadi. Ka’batullohgaki borib kelgan odam... unday qilolmas. Boravering, Allohning yozganidan bo‘lak nima bo‘lardi? Balki kelingina boyaqishning baxti ochilay deb turgandir.
— Shuni ayting. Balki hammasi rostdan ham yaxshilikkadir.
Men ich-ichimdan «Qani edi, qora kunlar orqada qolib, bular ham ro‘shnolikka chiqa qolsa», deb uchib-qo‘nib turardim-u, kallamning bir chekkasidagi shub-ha qo‘ymasdi: «Shoshma, shuncha ko‘rgiliklari kammi? Hukumatning nayrangi bo‘lmasin. Undan ko‘ra, sabr qilish kerak. Ishonchli elchi kelib ketdi-ku, axir».
Axiyri shu shubha tosh bosib ketib, fikrimdan qaytdim:
— Avval biladiganroq odamga maslahat solish kerakmidi?
— Kimga? — dedilar pochcha sergak tortib. — Anuv oshnasiga deysanmi?
Tushundim, Chaman akamni aytayaptilar. Kechagi elchi haqida miq etmadim-u, buni aytib bo‘ladimikan? Yerning tagida ilon qimirlasa, biladi-ku, buni bilmaydimi? Akamning qaytishi mumkin bo‘lsa, Chaman akam allaqachon harakatga tushib qolmasmidi.
Undan ko‘ra, To‘ramning oldilariga o‘tmoq lozim. Kim-kim, u kishidan xayrli bir maslahat chiqishi aniq.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:18:48

— Istasangiz, To‘ramning oldilariga oborib kelay. U kishi aytgan odamizni bilsalar kerak, — dedim tusmollab.
— Darvoqe, sen haqsan, — dedilar pochcha pishillab, — haq bo‘lganda ham yuz karra haqsan. Borib sekin so‘raylik-chi, bor gapmikan-yo‘q gapmi? Otlan-otlan, men rozi.
— Hoy, pochcha, kelmasizdan-a, — dedilar oyim azza-bazza hovliqib, — kelin ko‘ksomsani opkesin, omonliq-somonliq qilaylik. Xudoning kuni bittami? Qolaversa, o‘sha mushtipargina kelsin, Yodgori kelsin. Sizni ko‘rib, boshlari ko‘kka yetsin. Kelmasizdan yo‘l ko‘rmang-da, pochcha.
— Bo‘pti-bo‘pti. Surishtirish mirzoga tan. Men qoldim, — deb ikkala qo‘llarini ko‘targancha chayqalib qo‘ydilar u kishi.
Bundan mutaassir bo‘lib hammamiz kuldik. Chindan Nusrat pochchaning qiliqlari o‘zlariga yarashardi, ulardan boshqa odam bunday beg‘arazdan-beg‘araz kulgi uyg‘ota olmasdi. Hatto Yodgor ham, kennoyim ham, ko‘zda yosh bilan bu kulgiga qo‘shilgan bo‘lar edilar. Hozir esa, kim ahli ayoliyu yolg‘iz tirnog‘ini izlashidan bexabar qaerlarda yurishar, bilishsa bormi, yuraklari yorilar edi.
Chindan Oyto‘ra buvining ziyoratiga ketishdimikan yo Chaman akamdan biron mujda kutib? Men aniq bir narsa bilmasdim.

Qayd etilgan