Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127851 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 35 B


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:19:02

3. O‘zi pok, dardi dunyosi qora bir inson

Pochchani kirakash mashinada Beshqayrag‘ochga tashlab qaytsam, mahalla zim-ziyo, na biron ko‘chada chiroq bor, na biron uyda lipillagan yorug‘. Hammayoq tim-tirs, odam zoti ko‘rinmaydi. Xuddi allamahal bo‘lib ketgandek.
Vaholanki, ketayotganimda chiroqlar charaqlab yotib edi. Qancha vaqt bo‘libdi ekan? Qolaversa, kennoyimgilar shahardan qaytishmagan edi.
Shu xayolda guzarga yaqinlashib qarasam, do‘kon yonidagi qorovulxonada bir narsa miltirayapti. Kim ekan, bemahalda hujraga chiqqan? Sekin burildim. Borsam, shaxmatchi xariflarim xontaxta ustiga muk tushgancha dunyoni unutib dona surishyapti. Yonlarida yog‘ga solingan pilik ojiz chirsillab, shaxmat ustinigina zo‘rg‘a yoritib turibdi. Shu ahvolda:
— Shix, qochsinlar! Shix, ishongan tog‘larini bersinlar! Shix, motga tayyorlanavursinlar! — deb dona surishyapti.
— Ey-y, harifjonlar, bormisizlar, o‘rtanglar to‘lsin, — deb kirib bordimu o‘tirib qopman.
Necha qo‘l o‘ynadik, o‘rtada shaxmat necha aylandi, bilmayman. Bir mahal birov eshikni ochib yuborib:
— E, barakalla, u yoqda kim nechta tug‘ib o‘tiribdi, bu yoqda bularning topgan o‘yinini ko‘ring, — desa, o‘zimizga kelibmiz. Darvoqe, oyim ko‘z yummay o‘tiradilar-ku. Ustiga-ustak, Yodgorlar ham kelishmagan edi, deb o‘rnimdan turdim.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:19:11

Ichim g‘urmishlab, uyga yetib kelsam, eshik yuziga yopiq, qulf tushmabdi. Demak, oyim tiq etgan tovushga quloq tutib o‘tiribdilar. Kirishimdan urishib berishlari aniq. Shuning uchun ham oyoq uchida kirib borib, derazadagi qulfni ola boshladim. Ammo ichkaridan... qanaqadir piq-piq yig‘i tovushi kelar, tovush ham tanishdek edi...
— Shunaqa, kichigoyujon, dardum ichimda. Chiroq yoqsa, yorumaydu. Bu balo qaydun yopushdu, qay gunohlarumga tutdu, — deb siqtanardi kennoyim... Qotib qopman.
— Hammadan yashirsangiz ham o‘zimga aytavermaysizmi? — dedilar oyim.
Kennoyim yig‘isini yutolmay, hiqilladi:
— Koshki... aytub bo‘lsa, kichigoyujon.
— Men kimman, kelinposhsha? Nega onangiz o‘rniga onadek ko‘ravurmaysiz? Bir chekkasi kelinim bo‘lsangiz, bir chekkasi shu yoqdan ketgan kishilarning tirnog‘isiz, chirog‘isiz, — deb tergay ketdilar oyim.— Alloh otalarizga buyurmagan yurtni sizga buyuribdi, shukr qiling. Birovlarnimas, bizni bag‘rimizda o‘tiribsiz. Bizga suyanmay, kimga suyanasiz?! Sultonmurodimizning taqdirida ahli ayoliyu Yodgorini bizga qoldirib, o‘zi darbadar ketishi borakan, ne qilayluk?! Ko‘namiz-da Xudoning yozug‘iga. Dardizni olay, unday qilmang. Hammasini ichingizga solavermang. Anavi Yodgorizzi o‘ylang. Erta birisi kun uni uylashingiz, orzu-havasini ko‘rishingiz kerak. Kelin tushirsangiz, qo‘lidan bir piyola choy ichganingizda bu kunlar unut bo‘lib ketadi, aylanay. Zimmangizga ham ota, ham ona bo‘lish tushibdi, hali ajrini ham ko‘rasiz. Tirnog‘ingiz er yetib qoldi, har odamlar borki, tirnoqqa zor, chirog‘bonga zor. Hech siqilmang, Allohning va’dasi bor, men shukr qilgan bandam bilanman, degan. To‘g‘rimi?

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:19:20

— Rahmat, kichigoyu. Yaxshuyam sizlar borkansiz.
— Ha, bu boshqa gap. Dard bergan Allohim shifosini bermasmi? Sudralib yuruvchi bir ilonki, jarohatiga shifo topganda, biz topolmasmizmi?
Men damim ichimda, hamon deraza tagida miq etmay turar, ketolmas ham, qimirlay olmas ham edim.
— Qanday? — dedilar kennoyim ilinjda.
— Dalayu dashtdan bir o‘tni topib borib, o‘shangga jarohatini surta-surta, tuzalib ketadi ekan. Ana o‘shani ermana der ekanlar. Biz o‘shanchalik ham emasmizmi? Buning ham bir davosi bordir, kelinposhsha...
Men esovsirab qolgan edim. Kennoyim bechora, tomoqlariga dovur o‘ranib yurishlari shundan ekanmi? Boshidan ro‘mol tushmay, yengi uzun ko‘ylaklar kiyib olishlari, bilaklarini xuddi yara chiqqandek doka bilan tang‘ib tashlashlari... shundan ekanmi?! Olim akamnikiga uyko‘rarga borganimizdami, qaerda ko‘rib edim, xuddi yangi tushgan kelinlardek ro‘mollarni tomog‘lari bilan qo‘shib o‘rab olganlarini? O‘shandan boshlangan ekanmi?
Nega ranglari chiqmaydi, uzun xayol surganlari-surgan desam... oq tushib, shu dard ilashgan ekanmi? Oyto‘ra buvining oldiga ham bekorga tushmagan ekanlar-da.
— Hamisha shunday qolmas, kelinposhsha...
Shu mahal... chiroq birdan charaqlab yonib, hammayoq charog‘on bo‘lib ketsa... ko‘zlarim qamashib, tisarilib ketibman. (Qolaversa, deraza tagida so‘z poylagan kimsadek turishim xunuk edi!)

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:19:31

Qulfni ola darvozaxonaga qayrilgan joyimda ichkaridan oyimning ovozlari keldi:
— Hoy, kim? Maqsudxo‘ja, o‘zingmisan?
— Men-men, keldim...
— Sen kelishing-la chiroq yonarkan, vohliroq kelmaysanmi-ya, bolam?
Men eshikni qulflab, qo‘limni chayib kirib borganimda, ular ancha o‘zlariga kelib qolishgan, kennoyim xontaxta ustini yig‘ishtirishga tushgan, allaqanday o‘ng‘aysiz holatda odamga qaramaslikka tirishar, ko‘zyoshlarini artib ulgurgan bo‘lsalar-da, nami bilinib turar edi. Men ichim zil ketib, so‘rashishga ham tilim bormay turarkanman, oyim hushimga keltirdilar:
— Ha, bolam, ja qolib ketding? Xolang yaxshi ekanlarmi?
— So‘ray-so‘ray bir yerga yetishdi, duo deb qolishdi.
— Salomat bo‘lishsin. Kichkina bo‘lsayam bitta mashina olsang, «g‘uvva» oborib-kelib turarmiding. Odam sog‘inarkan, bolam. Ha, qani-ya, Kattabog‘da o‘tirganlarimiz? Sog‘insak, eshikka tambani bosib ketaverishlarimiz? Allamahalgacha gaplashib o‘tirib kelishlarimiz? Qadri o‘tyapti.
— Endi men qachon o‘rganardim! Undan ko‘ra, ana, Yodgorni o‘qitamiz. O‘rganvolsa, oborib kelaveradi.
Bu gapim choy yangilagani chiqib borayotgan kenno-yimga yoqib, qayrilib qarab qo‘ydilar. Ko‘zlarida yilt etgan yolqin, u kishini yangi kelgan davrlariga qaytargandek edi, tavba. Yuzlari yorishib:
— O‘sha kunlarga yetkazsun, ilohum, — dedilaru chiqdilar.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:19:41

Oyimlar bilan qolib, men u kishiga savolomuz qaradim.
— Tinchlikmi, oyi, ruhlari tushib ketibdi juda?
Oyim damlarini chiqarmay, eshikka imo qildilar. So‘ng oyoq ovozlari uzoqib borib, oshxonaga kirib ketgachgina:
— Boyaqishga shu yetmay turib edi, — dedilar bosh to‘lg‘ab. — Nima qilasan, Allohimning yozmishi. Suyganiga dardu mashaqqatni qoplab beravuradikan.
— Tushunmadim?
— Hammaga ham bersin-chi, bermaydi. Pirovun1 degani o‘tgan ekan, dodam rahmatli aytib o‘tirardilar. O‘shanga hamma narsani, mulkniyam, dunyoniyam berib qo‘yib, dardni ravo ko‘rmagan ekan.
— Yomonmi bu? — Men hamon nima demoqchi ekanlariga tushuna olmay o‘tirardim.
— Bosh og‘rig‘i nima degan gap? Hatto o‘shani ham bermagan ekan.
— Nega?
— Bersam, menga iltijo qilib, topinib qoladi deb, bermagan ekan. Dardni ham suygan bandasiga, amallari xush kelganiga beradi. Kennoyingga ham ibodatlarini mukammal etsin, deb bergan-da, bolam, bu narsani.
— O‘sha hammadan yashirayotganlari shunchalik qo‘rqinchlimi, oyi? — dedim o‘takam yorilib. Qolaversa damim ichimga tushib, eshikka alanglar edim.
— Ayol kishiga xunuk-da, bolam. Ustiga-ustak, suqsurdek juvon shu oq baloga uchrab tursa. Hamma qatori yayrab-yashnab yurolmasa, birovga ko‘rinolmasa... Sulton akangdan tirik judo bo‘lgani kam ekan. — Oyim chuqur tin oldilar, ichlaridan olov o‘rtab chiqqandek, ketidan bosh to‘lg‘ab dedilar. — Nimayam qiladi, osmon uzoq, yer qattiq...

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:19:52

Mening ichim battar tilindi:
— Shunchalik bedavo deb o‘ylaysizmi, oyi?
— Qaytib, musaffo bo‘lib ketibdi, deganini eshitmaganmiz...
Endi ichimni bir g‘ashlik tirnagandan tirnay boshlagan edi. O‘g‘li er yetib qolganida shu ham bor ekanmi? Ichim xuddi birov tilimlab, tuz sepayotgandek achishar edi.
— Shaharga nimaga borishibdi ekan? Tabib izlabmi?..
— Chamanni opasi Eski Juvadagi yoymachilardan bir gap topib kelganmish. Arpapoyada shunaqa oq tushganni davolaydigan tabib borakan. Agar xorijga ketib qolmagan bo‘lsa, o‘sha davolaydimish.
— Borishibdimi? — dedim umid tutib.
— Yo‘q, bizdan bemaslahat o‘tmabdi. Yig‘lab-siqtab qaytib kepti. Shunisiga ham shukr. Bizni qora tortib, ko‘nib o‘tiribdi. Boshqasi bo Xudo, derdiyu chopardi. Bu istihola qipti. — Unaqa-bunaqa narsaga xo‘rliklari kelmaydigan oyim engashib olgancha kaftlarining orqasiniyu och ko‘kimtir tomirlarini silashga tushgan edilar.
Men qaytarib so‘rashga jur’at etdim:
— Qanday tabib, dediz?
Oyim aytgilari kelmayinqirab aytdilar:
— Juhud tabib desa, hamma bilarmish.
— Ular o‘ta aqlli xalq, baloga aqli yetadi. Nima bo‘pti, boraverish kerak, — dedim miyamga kelganini qaytarmay.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:20:09

Oyim yalt etib aftimga qaradilar-u, ensalari qotgandek, yuz burib oldilar. Men hech narsaga tushunmay movdiradim. Ammo shu tob eshik ochilib, choy ko‘targan kennoyim ko‘rindilaru biz jim qoldik. U kishi piyolalarni chayib, choy damlab kelmoqda edilar.
— Hojati yo‘q edi, bekor urinibsiz. Kerak bo‘lsa, ana, Saidaga aytardik, — dedim.
Oyim u kishini alqadilar:
— Baraka toping, osh endi chanqatvotuvdi. Kelin boyaqish, bolalarini uxlataman deb, o‘zi ham mizg‘ib ketgandir-da. Mayli, tiniqib ola qolsin.
Men razm solmayman desam ham nazarim kennoyimning o‘sha ro‘mol o‘ragan joylariga, quloq yumshog‘i ortiyu soch taglariga ketib-ketib qolmoqda edi. O‘sha quloq yumshog‘ining yonginasidagi tangadek nori tepasida (yo tavba, bu nesi bo‘ldi!) tuxum po‘chog‘i yopishgandek bir narsani ko‘rib, ichlarim titrab ketdi. Qaydan ilasha qolibdi bu balo? Yo necha yil surunkasiga ko‘rgan azoblari, siqilishu kutishlari, bedarak ketgan akamga yetib-etolmasligiyu ertasini bilib-bilolmasliklari — barcha-barchasi qo‘shilib, shu oq dard bo‘lib chiqibdimikan? Akam kelmaguncha bet-qo‘lini shunday tutib boravuradimi bu? Ungacha davosi yo‘qmi?

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:20:24

Mening nazarimda shunday edi, ungacha bironta tabib ip esholmaydigan, davosini topib berolmaydigandek edi. Akam keladiyu u yana bir et tashlab, avvalgidek yashnab ketadimi?
Ammo akamni qaysi mard qaytarib kela oladi? Topganda ham sarhaddan kim o‘tkaza oladi? Koshki bu hukumat jim qo‘ysa! Hamma-hamma bilan uni o‘tkazib qo‘yadilar ekanmi? Yashatib qo‘yadilar ekanmi?
Nima qilmoq mumkin? Men kennoyim uchun, akam uchun hamma narsaga tayyordek edim, ko‘z yumgancha qolgan edim. Ammo ular uchun o‘zni nisor etishning biron-bir yo‘li ko‘rinmasdi. Go‘yo miyam to‘ngib qolgandek o‘tirardim.
Boshqa qanday ham yo‘l bor — juhud tabibdan boshqa?..
Ichim o‘rtangandan-o‘rtanib borar, hech kimgayu hech yoqqa qaray olmasdim. Choy ham tatimas, ichsamoq ichimni yondirib yuboradigandek edi go‘yo. Turib qo‘l chayish bahonasida hovliga tushib bordim. Bodroqdek bodrab ketgan osmon yulduzlari g‘ashni keltirar darajada yarqirar, nimqorong‘u ko‘kdan adashgan tun qushi chuldirab o‘tib borardi. Qayoqqa, Xudo bilsin.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:20:38

4. Niyatga qarab ajr berilsa, agar...

Kun chiroyli yoyilib kelar, u qo‘shnining navdalari g‘o‘dda-g‘o‘dda burtib yotgan gilosi ustidan uy peshtoqlariga sirg‘alib tushib ulgurgan, mana-hozir o‘sha peshtoqlar alangalanib ketadigandek bir tus olib borar edi. Ko‘klam oftobining tiniqligi shunchalik, nurlarining mo‘lligi shunchalik! Undan jilla pastdagi ravon oynalariga tushib borsami, qarab bo‘lmas ham ekan-da.
Boyadan beri ulkan shotut tagida quvalashib, hali tomga, hali pastga uchib tushib, tinmayotgan maynalar axiyri nimadandir hadik sirab tom oshib uchib ketdilaru darvozaxona yo‘lagida birov tomoq qirib yo‘talindi.
— Hov, opa, kim bor?
Ovoz tanishdan-tanish, tog‘amlarnikiga o‘xshash edi: ko‘z oldimga u kishining sassiz jilmayib kirib kelaverishlari tushib:
— Hozir-hozir, — deya chiqib boraverdim.
Chiqsam, chindan tog‘am, yarim yo‘lda jilmayinqirab turibdilar, orqalarida devor ushlab yuradigan kenja tog‘amlarning qo‘ltiqlaridan olgancha darozdan- daroz Yahyo akam ostona osha pastga tushayaptilar. Tog‘amni qo‘ltiqlaridan tutganlari kamday, yana bir qo‘llarida bir shishabonka qaymoq bilan ikkita issiq non. Men uning yangi tandirdan uzilganini darvozaxonani tutgan hididanoq sezib, qo‘llaridan olishga oshiqdim.
Yahyo akam shunaqalar, bizni mahallaga kelib qolsalaroq, bas, hammamiznikiga bir-bir kirib o‘tishlari bor, kirmay ketganlarini ko‘rish tugul, eshitmaganmiz.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:20:49

— Hammangni ichingda Yahyo bir boshqacha-da! Keldimi, bosh suqmay ketmaydi, oqibatni undan o‘rganinglar, hoy, falonchi, — deb oyim hammani uyaltirganlari-uyaltirgan. Hatto tog‘alarimni-da ko‘zlarini ochirmaydilar, hech kimni ayamaydilar. Bugun qaysi tog‘ qulab, nima bo‘laqolibdiki, tog‘am jiyan-qaynilari bilan boshlashib kelar edilar. Kenja tog‘am, albatta, o‘zlari yo‘ldan qo‘shilganlar. (U kishi vaqt topdilar deguncha, Qur’on o‘qigani kirib turadilar. «Opa, sizzi Qur’oniz tiniq, dona-dona, odam zer-zabariga adashmaydi. Menam shunaqa bosmasidan toptirsam edi», deb qo‘yadilar.)
Men ular bilan ko‘rishib-istashib, oyimlarning uylariga boshlab kirdim. Kennoyim qo‘ltiqlaridan olib, u kishi turishga unnalayotgan edilar, tog‘alarim qo‘yishmadi.
— Hoy-hoy, opa, sizdan lozimmi shu, o‘zizzi urintirib? Mana, biz kirib bo‘ldik-ku. Haliyam bo‘lsa, o‘ltiring.
Ammo oyim o‘z bilgilaridan qolmay, bosh to‘lg‘ardilar:
— Mani qo‘yaveringlar. Er kishining o‘z hurmati bor. Turib so‘rashganga nima yetsin. Momo Havvoni ham Allohim er kishining qay yeridan yaratibdi. Jilla qursa, ko‘krak baravar turay.
Keyin sizsirab, alohida bir iltifotlar ila yelkalariga qoq-qoqa, so‘rasha ketdilar:
— Keling, Qo‘ldoshxo‘ja, bormisiz-omonmisiz. Pensalarga chiqib olganmushsiz. Ishlarni tashlab, masjidlardan beri kelmayotganmushsiz. Bir chiroyli-bir chiroyli. Qumrixondan eshitib, bir suyundim-bir suyundim. Bolaligizda chiroyli talovatlar qilardiz, Qur’onga qaytganiz muborak bo‘lsin, muborak bo‘lsin.

Qayd etilgan