Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127815 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:11:22

Hojasi nochor jilmaydi. Bu ichi to‘kilib borayotgan odamning zo‘rma-zo‘raki kulimsishiga o‘xshab ketardi:
— Menmi, qani qanotim bo‘lsa, uning o‘rniga ham o‘zim uchib borib, bir yo‘lini qilgan bo‘lardim-ku. O‘shaning evini topolmayapman-da, Bonu...
Ular jim qoldilar. Kim dasturxon popugini g‘ijimlaganicha, kim bo‘shagan chinni piyolani changallab, uni keti ila xontaxta ustini ezg‘ilagancha. Ammo har ikkisining ko‘zlarida yosh g‘ilt-g‘ilt aylanar-u, oqib ketolmas edi.
Shunda Xudoning ularga rahmi keldimi, kushoyishini O‘zi yetkazib, supadan besh qadam narida xizmatkor yo‘talindi:
— Hojam, sizni bir kishi yo‘qlaydir.
— Kim, deding? — dedi Bahriddinxo‘ja hayratga tushib.
— Zanjimisan zanji bir qora darvesh... kirishga izn so‘raydir.
— Yo‘g‘-e, o‘sha, alp kelbatli kinochi-ya? Uni shu topda qanday shamol uchiribdir?
— Bilmasam.
— Ayt, kiraversin, Shundan shu yoqqa kelib, nega tortinadir, aziz mehmonimiz?
Eshik og‘asi uning qaysibir so‘ziga (balki «aziz mehmonimiz»gadir) iljayinqirab yelka qisdi. Ammo to‘g‘risini yashirmadi:
— Toza shaldir-shuldir — bir qop yong‘oq ekan, mehmoningiz. Tili tanglayiga yopishib, suyunchi so‘raydir nuqul.
— Suyunchi?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:11:35

— Ha-da. Siz bilan qaysi oftobshuvoqda qatiq yalashgan ekan, nuqul «hojamiz qaerdalar, hojamiz suyunchini cho‘zaversinlar, ataganlarini chiqaraversinlar», deydi.
«Shig‘ab suyunchi so‘raydir?» Shoshma, o‘sha xayrli ishi Tangrim azza va jallaga xush kelib, shu dunyodayoq izzat-ikrom topibdikanmi?
— Shoshma, o‘zim, — deya Bahriddinxo‘ja supadan tusha boshladi.
Ammo u orqasi ochiq kavushini oyog‘iga ilib ulgurmadi. Darvozaning bolacha eshigi ochilib, burungi zamon gladiatorlaridan qolishmaydigan gavdali odamning avval mushtdek qop-qora boshi (soch degani jingalak-jingalik bo‘lib, kallaga yopishib ketgan — jingirtob edi), so‘ng unga necha barobar katta yelkasi ko‘rindi. O‘zi esa, bolacha eshikdan ikki engashib o‘tmoqda, oyog‘ini olaman desa, gavdasi sig‘mas, gavdasini o‘tkazaman desa, oyog‘ini ololmas edi. Tanidi. U o‘sha Najoshiy avlodi, sahobalaru Payg‘ambarimizga muhabbati tushib, shu muhabbatini kinoga ko‘chirmoqchi bo‘lgan Qora darvesh edi. O‘sha dinu diyonatini asramoq uchun Xabashistonni qora tortib borgan birinchi musulmonlarning alamli kunlariyu Alloh rozi bo‘ladigan mardona safarlarini, keyingi karamli hayotlarini alohida bir muhabbat bilan dunyo xalqlariga hikoya etmoqchi bo‘lgan zanji kinochi edi.
U eshikdan ikki bukilib o‘tishi ila qanday bir tor yerdan o‘ta olganiga qarab ham qo‘ymayin qaddini g‘oz tutib, supa chetidan tura boshlagan Bahriddinxo‘ja tomon intildi:

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:11:50

— Oh, hojam! Hotami Toy birodarim! Bizni tabriklang! Mubarakbod eting! Alloh yo‘lidagi ehsoningiz O‘ziga xush kelib, bizga nusrat ato etdi. Eshityapsizmi, hojam, biz yutdik! Suyunchini chiqaravering, ataganingizni keltiravering.
Bahriddinxo‘ja dabdurustdan hech narsa tushunmadi. Qanday nusrat? Kinosi olib bo‘linib, qo‘yila boshlagan, hatto telekanallar sotib olgan edi shekilli? Yana qanday nusrat haqida gapiradir?
U jindek hayiqdi. Chindan ham qora ayiqdek lapanglab quchoq ochib kelayotgan bu qora davangirning quchog‘iga tushib qolishdan kishi tuyqus cho‘chib ketuvi mumkin edi. Lekin u begonamas, keyingi yillarda o‘zi suyib orttirgan birodarlaridan edi. Qoraning qorasi, ko‘mirga aylanib ketgan bir inson bo‘lsa-da, yaltiragan qo‘l-oyoqlari, yuz-boshlari, tars-tars yorilib ketgan tovonlariga qarab turib, qaysi balchiqdan chiqqan deysiz. (Shunaqa xabash!) Ammo iymoni shunchalar butun, shunchalar pokizaki, buni o‘ylaganda bag‘riga singib ketging keladi! Unday birodarni qaytib top-chi!
— Xudo har bir mo‘minni sochqi sochadirgan kunlarga yetkazsin! Suyunchi sizdan aylansun! — dedi Bahriddinxo‘ja xizmatkorlariga mehmon yelkasiga to‘n yopmoq ishorasini berib.
Bungacha Qora darvesh unga yetib kelib ulgurgan, qalampirmunchoq hididan sal bo‘lakcharoq, gurkiraganroq bir ifor bo‘ylar taratib bag‘riga olgan, u bo‘ylar yuzini yuzga bosganda quloqlari takkinasidan kelarmi, qora eti yaltiragan yag‘rinlaridan kelarmi, bilib bo‘lmas, ammo juma namoziga otlangan mo‘mindan taralgan bo‘ylardan kam emasdi.
— Oh, hojam, bilsangiz edi, men sizga qanday quvonchlu xabarlar keltirganimni. Yetti uxlab tushimizga kirmagan iltifotlarga erishib turibmiz. Bu hammasi siz tufayli, ehsoningiz tufaylidir. Ungacha Allohga xush keladirgan bir nima yaratmakka bizga yo‘l bo‘lsin edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:12:38

Bahriddinxo‘ja xizmatkorlar oldida xijolatlandi:
— Nima topgan bo‘lsangiz Allohdan. U fiysabililloh edi...
— Yo‘q, siz qanday xabar deb so‘rang. Qanday suyunchiliq deb so‘rang, — u uni bag‘riga bosib to‘ymas edi. — So‘rang, og‘zingizga siqqanini so‘rang. Men siz uchun jonimni berishga-da tayyorman. Biz o‘shal jannatmakon diyoringizga ketyapmiz. Eshityapsizmi, sizning ota yurtingizga! O‘shal siz qo‘llab yuborgan kino Allohga xush kelib, bizga ko‘p izzatlar keltirdi. Sizning yurtga yo‘l ochdi. Xalqaro festivalga ketyapman. Tilang tilagingizni — endi uzmasak, qachon uzamiz yaxshiligingizni?!
Bahriddinxo‘ja o‘z diyorining nomini eshitib, yuraklari to‘kilib tushayozdi. U ma’voni ko‘rish, bo‘ylarini qayta bo‘ylab, suvlaridan hovuchlab-hovuchlab ichish mumkin ekanmi? Qo‘yarkanlarmi shunga? Nimalar deydi? Kimni aytyapti? Nahot bir umrlik armon shu qora qulning iltifoti bilan abas topsa? Shu mumkin ekanmi? Ularga shu kinochining bir og‘iz so‘zi bilan diyorga qaytishga ruxsat beradilar ekanmi? Sho‘rolar-a, o‘sha yo‘qsillar hukumati-ya? Yo biron narsani chalkash eshitdimi? Balki yo‘l oldidan tila tilagingni deb iltifot ko‘rsatib kelgandir? Shunisi to‘g‘riroq, haqiqatga yaqinroq. Shunga ham shukr, aytmasa, indamay jo‘nab yuborsa, nima deya olardi?!
— Qanday anjuman dedingiz? Sho‘rolar ham o‘z eshiklarini ochadilar ekanmi? Temir qo‘rg‘on qilib tashlagan, deb eshitardik-ku? — deya oldi Bahriddinxo‘ja, birodari u yetib bo‘lmas diyorga ketayotganidan ko‘ngli allatovur buzilib kelib. Shunaqa: kimga u diyorning yo‘llari taqa-taq berk, (Xudo yorlaqasagina tushlarida ko‘rmoq mumkin!), kimga esa, «sho‘rolarning sharofatini» ko‘z-ko‘z etib, anjumanlar tashkil etishadi, festivallar o‘tkazishadi. Birodarimiz ham o‘sha ro‘yxatga tushibdimi?
Mayli, biz uchunam ko‘rishsin, jannat bog‘larida kezishsin, kavsar suvlaridan ichishsin! Faqat zar qog‘ozga o‘ralgan yolg‘onlariga uchishmasa, bas! Iymonlaridan ajrab qaytishmasa, bas! Mazlum hukmida qolgan butun bir elni qandayin ham bular baxtiyor ekan deb yurishmasa, bas!

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:13:07

— Hojam, tilang tilagingizni. Bizga sizning diyorlarga borish nasib etib turibdi. Omonat salomlaringiz, topshiriqlaringiz bo‘lsa ayting! O‘zim elchingiz bo‘lay! U yaxshiliklaringizni qaytaray men ham. Nima istaysiz? Mana, men xizmatizdaman! Tortinmang, hojam.
Oh, bu ko‘ngil nimalarni istamas?! Xohlamas?! Voh-voh-voh, bir og‘iz so‘z shunchalar shirin bo‘larmi? Jonu jahoningni o‘rtab yuborarmi? Uning so‘nggi so‘zi yuragining allaqaysi ingichka joylariga yetib borib, tegib ketgan edi: vujudiga yoqimli bir titroq yugurgan, o‘zi erib-bitib borar edi! Qarilikmi, nima yo bir umrli sog‘inch eltdimi? Bahriddinxo‘ja tuyqus bo‘shashib, peshonasini mehmonning yelkalariga tirab qoldi! Voh, Alloh shu kunlarni ravo ko‘rib turibdi ekanmi, yetkazib turibdi ekanmi?!
— Hov, umrim shomida topgan aziz birodarim, o‘zimga qolsa, men nimalarni istamasdim?!
Ichikkan ko‘ngli bu pallada o‘zi tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan u diyorning suvratlarini bir bor bo‘lsa-da, ko‘rmoqqa zor-zor yig‘lar, shunda ham kuygan dili «mayli, men chidayman, nima karomating bo‘lsa, nima iltifoting bo‘lsa, mening darbadar bir birodarim bor, o‘shanga qil bu olamning yaxshiligini», der edi. O‘zi qolib, unga ilinardi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:13:29

9. Taqsirlar jindek urzlidurlarmi?

Bugun saboq kuni edi.
Olim ertalabdan qaymoq bozoriga tushdiyu ikkita issiq non bilan bir shisha bonkachada qaymoq olib, To‘ramning ziyoratlariga shoshdi.
U bu tabarruk xonadondan tuganmas g‘azna topib olgandek edi. G‘azna nimasi, To‘ramning o‘zlari yuradirgan bir tirik xazina ekanlar. Har so‘zlari oltinga teng, turgan-bitgani hikmat. Saboqlari-chi, chan-qoq qalbga chippa yopishyapti. Shu vaqtgacha qayoqlarda yurgan ekan? Ilgariroq kelsa, bo‘lmasmi ekan?! Intiqishi shundan: har kuni xizmatlarida tursam, nazarlariga tushib, duolarini ola qolsam, deydi-yu, duo olish o‘zimi? Jilla qursa, u tarixlardan biron nima ilinsalar ham jon qulog‘ini tutib, chanqog‘ini qondirgay-ku.
Hammasidan ham burun u harf taniyotganidan, «bismillahir rohmanir rohiym1»ni o‘zi tatalib o‘qiy boshlaganidan boshi osmonda edi. To‘ram sakkiz darsdan so‘ng Kalomullohning mayda suralarini o‘zi o‘qiydigan etib, Qur’onga tushirar emishlar. U shunga ichi tushib yotibdi. Harf tanib olsayoq Sutchi Qayrag‘ochli yolg‘iz mozordan topgan kitoblarni so‘rab olib kelardi. Padaribuzrukvori o‘qigan tabarruk kitoblarni o‘zi o‘qiy olsa qani edi, yig‘lab-yig‘lab xatm etsa qani edi! Nechuk o‘qimasin?! Otaning nomai a’moliga savob yetkazuvchi narsa shu bo‘ladiyu o‘qimaydimi?! Xatm qilmaydimi?!
To‘ram shu kalitni topib beradilaru u zotning huzurlariga chopmasinmi, xizmatlarini qilib, nazarlariga tushmasinmi? Bo‘lak niyati yo‘q. Bo‘lak niyatlarni yarim yo‘lga tashlab kelgan. Alloh shohid, sof niyat bilan kelgan.
Ammo xosxonaga nonushta hozirlab, To‘ramning qo‘llariga suv quyib ulgurib edi hamki, u kishini allaqanday ulug‘ mehmon yo‘qlab kelganini ma’lum qilishdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:13:42

Ustozga ixtimat bilan xizmat etib, birga nonushta etmoq umidida yelib-yugurgan Olimning choyiga quvalashgan pashsha tushgandek bo‘lgan edi. Nachora, Allohning xohlashi!
Hovliga banoras to‘nda, oq salalli ulug‘ mehmon— muftiy janoblari ziyoratga kirib kelmoqda edilar.
Olim ularning oldida o‘zini ortiqcha sezib, tash¬qariga chiqa boshlagan edi, To‘ram chaqirib qoldilar:
— Eshon bola, bu kishimni tanimadiz, chog‘i?
Olim bir daqiqa taraddudlandi. Mehmonning yuzida kamdan-kam odamlarda uchraydigan ichdan balqquvchi bir nur ko‘rib to‘xtadi. Ulug‘ mehmon ham yarim hayrat ichra o‘girilgan edi. Salomiga alik oldi:
— Vaalaykum assalom, keling, o‘g‘lim.
— Shunday, tog‘-tog‘ bilan ko‘rishmasa-da, odam odam bilan topishgay ekan, — dedilar To‘ram mehmonni to‘rga o‘tishga undab. — Albatta, Allohning izni-marhamati ila. Bu yigit ota qadrdoningiz rahmatli Abdurahim eshon pochchamning kenjalari bo‘ladirlar.
— Yo rabbiy! — dedi mehmon to‘lqinlanib, — O‘shal... muftiylikka birinchi haqdor zotni-ya? Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin ul rahmatullohi alayhni!
— Ha, muftiylikdan Tumanli yurtni afzal ko‘rgan zot — Eshon pochchamning kenjalari.
Olim ko‘p odamlar og‘zidan eshitgan gaplarni eslab, (muftiylikka chaqirishganda u kishi uzr aytib, «Qur’onning zer-zabari ko‘p, biz ulardan chiqolmaymizmi, deb qo‘rqadirmiz», degan ekanlar) ko‘zi namlandi. Bular qolgan tarixlarni ham bilishsa edi! Shu asno tomog‘iga achchiq bir narsa tiqilib keldi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:13:53

Shu topda ulug‘ mehmon u tomon ikki odim tashlab, quchog‘ini ochib ulgurgan edi.
— Keling, ota qadrdon, bir xo‘shlashib, u zotlarning ruhi-poklarini shod etib qo‘yayluk.
U qo‘li ko‘ksida, yelka tutib borib, iymanibgina taqsirning bag‘riga singidi. Singidiyu judayam begona emas ekanmiz-ku, deb o‘yladi.
Hazrat uning kuraklarini silab, yuzini yuziga bosdi va ikki kiftidan mahkam tutib, silkib qo‘ydi:
— Mana, tanishib ham oldik taqsirim tufayli. Endi qiyomatga qadar birodarmiz. Unutmaysiz-a? Kerak bo‘lganda tortinmay boraverasiz, — dedi.
So‘nggi so‘zi unchalik yoqinqiramagan bo‘lsa-da, ko‘ngli uchun ham Olim bosh silkidi.
To‘ram iltifot qildilar:
— Qani, marhamat, dasturxon muntazir bo‘lmasin. Alloh bugun birga-birga nonushta qilmoqni nasib etgan ekan. Shukrini bajo qilayluk.
O‘tirdilar.
Qo‘llarini duoga ochib, bir-birlariga qarashdilar. Ulug‘ mehmon:
— O‘zlaridan bo‘lsin, — deb qistadi.
Hali judayam sog‘ayib ketmaganlari rang-ro‘ylaridan sezilib turgan, ammo yangi kuzalgan soqollariyu bir burda yuzlaridan nur yog‘ilib turgan jikkak qariya— To‘ram duo qildilar:
— Albatta, har narsa niyatga bog‘liq. Shu kun, shu soatda yaxshi niyat-la kulbamiz ostonasin bosib kelibsiz, ya qodir Alloh o‘zing chevarsan, birodarlarimizni niyatlariga yetkazgaysan. Shular qatori biz ojiz bandangni ham marhamatlaringdan darig‘ tutmagaysan, omin, Allohu akbar.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:14:04

Bu shirin duoga ilm talabidagi Olim ham, ziyorat niyatida qadam ranjida etgan manavi ulug‘ mehmon ham qo‘shilib, sidqidil yuzlariga fotiha tortdilar.
Shundan so‘nggina mehmon hol so‘rashga tushgan edi:
— Qalaysiz, taqsir? Bir oz muolajalar olgan emishsiz. Jarrohlar tig‘ ham tekkizgan emishlar. Safarda edik, xabar ololmadik. Xatar o‘tib, hammasi orqada qolgan bo‘lsin, ilohim. Ko‘rinishlaringiz yaxshi, Allohim shifosini bersin.
To‘ram rahmat ma’nosida bosh silkidilar, kamiga qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘yib, ta’zim qildilar:
— O‘ziga shukr, dardni chekintirib, bandachiligimizni bardavom ettirishga imkon berganiga shukr.
— Ko‘rgan-kechirganingiz shu bo‘lsin. Qaytib qiynamasin, sizday suygan bandasini, — dedi hazrat.
— Kim suyukli — yolg‘iz O‘ziga ayon. Biz umid tutamiz, xolos. O‘zining jamoliga mushtoqligimiz qay  darajada ba’zan bilib, ba’zan bilmay...
— Yo‘g‘-e, taqsirim, sizki shunday desangiz...
Ularning nainki so‘rashishlari, hatto manziratlari ham bir bo‘lakcha, havas qilsa arzigulik edi. Olim some o‘tirib ham erib borardi: ana mo‘minligu, ana halimlik! Muomalayu manziratni ulardan o‘rganmoq kerak ekan!
Bu orada choy kiritilib, Olim chor-nochor taqsirlarga xizmat eta boshladi.
Avval choy uzatib, so‘ng non ushatdi. Dovdiraganidan hammasini aralashtirib yubordi. Qarasa, qaymoq hamon idishda turibdi. Piyolalarga quymoqchi edi, xaytovur, To‘ram yo‘lga soldilar:
— Yaxshisi, chinniga ag‘daring, non to‘g‘raymiz. Ivib mag‘iz-mag‘iziga singsa, ana uning savobiga nima yetsin.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:14:14

Ulug‘ mehmon ham u kishini quvvatladi:
— Ha, ana shunday: qari bilganini pari bilmas. So‘ng bu qaymoqxo‘rlikni allazamongacha eslab yuramiz.
— Shunday-shunday, mubolag‘asi yo‘q buning, — deb kulishdilar.
U qaymoqqa non to‘g‘rab bo‘lgunicha, Ro‘zioxun (qachon kelib, jiz-bizga unnabdi ekan!) chinnida yakkaovoradan shirchoy kiritdi. Taqsirlar alqab-alqab icha boshladilar. Ammo-lekin qanday tayyorlanibdi, Toshkanni shirchoyidan o‘tib tushgan, bu dunyoning taomi bo‘lmagan edi.
So‘ng taqsirlar dasturxondan totinib, choy xo‘plagancha o‘tgan-ketganlarni eslashga berildilar-u, Olim chiqib, ularni holi qoldirarini ham, o‘tirib choy quyarini ham bilmay qoldi. Turay desa, hali choyni bo‘ldi qilishganicha yo‘q, turmay desa, ulamoyu ustozlar oldida o‘tirish o‘ng‘aysiz.
Bir marta choyni yangilab ham kirdi, ammo qaymoqqa to‘g‘ralgan non bo‘ka qolmas, mehmon ham mud-daoga ko‘cholmayotir edi.
— Darvoqe, Xijoz safaridan qaytgan emishsiz. Ziyoratlari dargohida qabul bo‘lsin. Nabiyi Akram sollallohu alayhi vasallam yurtlarida ne yangiliklar? Saodat asridagidek ibodatga qaytishga urinishlar tinchigudekmi, yo hali ham o‘sha-o‘sha? — dedilar To‘ram muftiyning yuzlariga sinchkov termulib.
Muftiy issiq ham mayin jilmaydi:
— U asrni qaytib topmak maholligin o‘zlari ham biladilar. Biladilaru... urinadilar-da.
To‘ram ham jilmaydilar:
— Niyat u ibodat halovatini topmoq bo‘lsa, topardilar-a...
— Unday emas, deb o‘ylagaysizmi, taqsirim?
— Shundaymi, deb qo‘rqaman. Agar niyat xolis bo‘lsa, u diyorni eng dorilomon bir diyorga aylantirmasmi edilar?! Qolaversa, Xijoz yo‘llarini har muslim uchun ochdirib qo‘ymasmi edilar? Biz esimizni tanibmizki, yo‘llar berk. Tag‘inam chor zamonida hayo bor ekan.

Qayd etilgan