Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127740 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 35 B


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:08:30

Osmon boyagi-boyagidek, o‘sha xatarqush uchib o‘tgan vaqtdagidek musaffodan musaffo edi. Kun esa charaqlagandan charaqlar, atrofdagi muz ko‘llaru, boshida tosh-tugun ko‘targan muz qoyalaru, har ikki yondagi muz tog‘largacha oftob nurida parpiragandan parpirar edilar. Muzlar erimasalar-da, jimgina «yonardilar»...
Ammo qo‘lim qalam ushlashga kela qolmaydi. Sovuq urgandek to‘ng qotgan...
O‘sha Ularqush muz qoziqdek osmon ustunlari — muz tog‘lar yoqalab sayrab uchib o‘tgan chog‘da hech bir xatardan darak yo‘q edi. Ko‘kda bir tola ham bulut ko‘rinmasdi, tavba. Ot tuyoqlarining tiyg‘onib, taqalarining taraqlashi, o‘zlarining pishqirab, seskanib bosh silkishlarini demasa, jimjitlikni buzguchi hech narsa yo‘q edi. Hatto g‘uvlagan shamol esib qo‘ymasdi...
Oradan bir soatlar o‘tib, orqa yonboshimizdagi baland tog‘larning teppasida banogoh osmon qarsillab yorilgandek bir mudhish ovoz eshitildiyu... tog‘lar parchalanib tushayotgandek bir qiyomat ko‘pdi! Qarasam, cho‘qqidan ko‘chgan katta muz yo‘lida uchragan jami muz-toshlaru qorlarni surib, pastga tushib kelmoqda, vahimasi olamni buzgudek!.. Otlar jon halpida kishnab yuborgan, Qori aka kalima keltirar, Elchin boturning sochi bir daqiqada oqarib ketgan edi! Orqadagilar qochishga-da ulgurmay ko‘chki tagida qolgan edilar, Chaman.
Holimiz shunchalik ekan-ku, dunyo nizomini tuzamiz deb yuribmiz, Chaman?! Bu dunyoda adolat topamiz, adolat o‘rnatamiz, deb yuribmiz! O‘zimizni kim sanab ketibmiz?! Undan ko‘ra, bu ishlarimiz Allohga xush keladimi-yo‘qmi, shuni o‘ylasak-chi! Alloh yorlaqamasa, nihoyati xatokor bir banda ekanimizni o‘ylasak-chi! Qori aka haqlar: Alloh roziligini istab qilinmagan har bitta ishning oxiri kesikdir, voydir! Niyatini o‘nglab olmagan banda xatokordir! Oxiratini o‘ylamagan kishi bu dunyosini ham, u dunyo-sini ham boy bergan kimsadir! O‘zni o‘nglash eng katta jihoddir! Shu lahza, shu pallada men eng to‘g‘ri yo‘lni ko‘rib turgandekman, Chaman! Siroti mustaqim deganlari shu bo‘lsa kerak.
Allohdan bizga madad tila, Chaman.

Qiyomatli oshnang Sultonmurod.
Ko‘chki tepani ko‘rganingda uning tagida manguga qolgan safdoshlarimiz haqqiga bir kalima Qur’on tilovat etib qo‘ygaysan, oshna».

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:08:51

5. Nusrat so‘rab duo et, Mahfuzam

«Mahfuzam, yolg‘iz o‘zing mening chin najot farishtamdirsan.
Bir bo‘lsa, sening duoi iltijolaring Haqqa yetib, Uning rahmat-marhamati bilan bu dovonga yetib turibmiz; bir bo‘lsa, taqdiri azalda Allohimning Lav-hul Mahfuzga yozmishi shunday — boshqasi bekor.
Bulutlar bilan o‘pishgan bu muz-dovonga yetmak, aytishga oson. Unga yo vafodor otning yoliga yopishibgina chiqib olmoq mumkin, yo muzlik pasaygan kezlari yetmoq mumkin. Ha, jonim, bu muz dovon o‘sib-ulg‘a-yib, erib-pasayib turadi. Shunda ham muz zinalardan ulovsiz chiqishga yo‘l bo‘lsin!
Dovonchining tosh uyiga yetib bir piyola qaynoq choy ichish har kimga ham nasib etsin-chi! Biz besh birodarimizni muz qabru ko‘chkiga berib, chiqib keldik bu yerga, Mahfuzam. Endi o‘shalar uchun ham yashashimiz kerak, o‘shalar orzu qilgan, kurashgan dorilomon kunlar uchun bu foydaga qolgan jonni ayamasligimiz kerak. Alloh ham rozi bo‘ladigan yo‘l shu, rafiqam. Yana nimani marhamat qiladi, O‘zi biladir.
Dunyoning bir uchidagi, qachondir Boburshoh safdoshlariyu Yoqubbek lashkarlarining oyog‘i yetgan bu joy — bu dovon shunaqa Xudo qarg‘agan joy ekanmi, deb o‘ylasak, g‘alati xabarchilari bor go‘sha ekan u, jamilam. Biz qoziqtog‘lardan qulagan ko‘chkidan esxonamiz chiqib, tiyg‘ona-tiyg‘ona yo‘lda davom etarkanmiz, dovondan yuk-ulovlari bilan atak-chechak tushib kelayotgan kichik bir karvonga uchrab edik. Bu diyorlarning daxlsiz tijoratchilari bo‘lsalar kerak, omonlashib-xo‘shlashib o‘tib ketib edilar. Besh soat o‘tmay o‘sha karvondagilar holdan toygan bir ahvolda qaytib kelib qoldilar.
Xudo ularni bir asrabdimish: Uforli soylikda qiyomat bir bo‘ron turib, ko‘z ochirmayotganmish.
Shunda biz tepamizdan sayrab o‘tgan o‘sha Ular-qushni esladik. Dovonchi aytdi. Bu qush xabarchi qush emish. Muztog‘ning buyuk qoziqtog‘lari ustida uyg‘onayotgan xatar — bo‘rondan xabar berib, sayrab, jar solib o‘tadi ekan! Shundan uch-to‘rt soat o‘tib, Uforli soyda rosmana qorbo‘ron avjga minar emish. Biz bu qush ne xatardan xabar berdi, ko‘chkidanmi, deb o‘ltiribmiz.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:09:08

Biz-ku oson qutulibmiz, Mahfuza. Alloh asrabdi. Lekin orqamizdan tushgan yog‘iyni... ha, ha, Mahfuza, kechagina nusrat topgan yog‘iy lashkari o‘sha g‘alabaga qoniqmay mo‘minlarga dovonning bu yog‘ida ham qiyomat azobini tottirmoqchi bo‘lib kelayotgan ekan, Allohning g‘azabiga uchrabdi-qo‘yibdi.
Eshityapsanmi, Mahfuz, Alloh odil! U hamisha mazlumlar tarafida! Tojirlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘ribdilar: butun boshli lashkar jon olguchi sovug‘u bo‘ronga uchrab, qor ostida qolganmish. U yer-bu yerda otlarning boshi ko‘rinadimish, ular ham muz qotgan.
— Subhanalloh! Quvonishingni ham bilmaysan, achinishingni ham, — deb sapchib ketdi Elchin botur. (Ha, ha, o‘sha ko‘chki vaqtida bir damda sochi oppoq oqarib tushgan Elchin birodarimiz!) — Kecha nusrat berib, bugun g‘azabiga duchor etsa... hikmati ne buning, Qori aka? — derdi u.
Hammamizning ichimizda eng kamgap, eng xokisor (shu chivindek joni bilan bu kurash-so‘qishlarda qanday yuribdi ekan?) shu odam bir og‘iz so‘z bilan uning hikmatini aytib qo‘yaqoldilar:
— Hamma gap shundaki, chin nusrat oldinda. U mo‘minlarga atalgandir. Qolgani sinov.
Eshityapsanmi, Mahfuz, ana, Allohning adolati qanday! Chin nusrat biz tarafda ekan, baribir. Qolgan barcha mashaqqatlar, mag‘lubiyatu yo‘qotishlar sinab-toblantirish, iymonni charxlash, kishini o‘zining suygan bandalari safiga qo‘shish uchun ekan!

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:09:19

Nega ham so‘nikaylik endi?! Nega ham niyatlardan tonaylik, qaytaylik endi?! Nega ham endi har nafas, har qadamda Allohga topinmaylik, sig‘inmaylik?! Qo‘limizni baland etadigan ham, past etadigan ham O‘zi ekan-ku!
Hali boyagina qay bir mamlakat, qay bir diyorga bosh olib ketdik, bu mag‘lub boshimiz qaerga ham sig‘di ekan, deb kelmoqda edik. Bu xabarni eshitib xam bo‘lgan boshlarimiz tik bo‘ldi! Bilaklarimizu oyoqlarimizga mador kirdi! Hammasidan dilimiz ravshan tortgan edi. Qaraki, Alloh biz bilan ekan!
Endi haligi hikmatni — nusrat alal-oqibat biz tarafda ekaniyu qolgan barchasi Allohning sinovi ekanini har bitta mo‘min birodarimiz diliga jo qilmak bizdan lozim emasmi?! Ana shu Alloh bizdan rozi bo‘ladigan ishdir, Mahfuzam. Hali shunday silai rahm jamiyatlari tuzaylikki, har qanday mo‘-min — u xohi qora, xohi sariq, bizga suyana olsin, shu jamiyatimizdan himoya topa olsin. Adolat shundadir. Uning pok sabolari, hali qarab turasan, o‘sha bizning ona diyorlarimizgacha yetib borgay, inshaalloh. Faqat saharlargi duolaringda bizga nusrat tilasang, bas, jamilam. O‘sha men borgandagi va’dalarni unutmagaysan.

Sultonmuroding.
Dovonchining Yoqubbek davlatmand davridan qolgan «tosh qasri»da hiyla turib, janub viloyatlarga tushmoq niyatidamiz. Duoda bo‘l, toki Tangri taolo boyagi oliy ham pokiza niyatlarimizni o‘zimizga yo‘ldosh etsin. Omin».

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:09:40

6. Achchiq bir qamchi yoxud u qamchida ne hikmat ko‘rmoqdasan, Chaman?

«Chaman, sening ham ko‘zingga bu dunyo tordan- tor ko‘rinib ketganmi hech? O‘shanda nima qilgansan? Bilaman, sen ensangni qashlagancha, sekin jilmaya boshlar eding. Buni ko‘rib raqiblaring talvasaga tushib qolardilar. Kim — bu tarz muloyim tortib ketuvingdan, kim — mana hozir qoplondek tashlanib qoluvingdan hayqib, tisarilib ketardilar.
Men-chi, men qay alpozga tushardim, kuzatganmisan hech? O‘zim eslab, eslay olmadim. (Balki alam achchig‘i qo‘ymayotgandir).
O‘sha Bo‘zsuv bo‘ylaridagi qarorgohimizga askar tashlab, o‘rab olmoqchi bo‘lganlarida ham, ona diyorimiz Kattabog‘ni tashlab chiqishga majbur bo‘lgan chog‘larimda ham dunyo ko‘zlarimga bunchalar tor ko‘rinmagan. Balki endi u diyorga sig‘dirmasliklarini anglab yetganimdan shunday bo‘lgandir. Balki u paytlar erta birisi kun qaytib borarimga ishonganimdan — jimgina chiqib ketgandirman.
Sakkiz botur — sakkiz dovqur sarhad oshib, ajdaho komiga kirib borib, To‘ramni olib ketmoqqa ko‘ndira olmagan kezimizda ham shunga yaqin bir holga tushib, vujudimni bir narsa otashdek o‘rtab yondirgan edi. Lekin alami bu qadar o‘tmagan edi, Chaman.
To‘ramning soyai chehradoshlari — soxta to‘ram boshchiligida jangga kirib, yog‘iydan zarba yeb, to‘zigan chog‘imizda ham, hatto Muztoqqa o‘rlab bora turib, orqadagi safdoshlarimizni ko‘chki yutib ketib, muztog‘lar aro uch kishi yolg‘izdan-yolg‘iz qolgan kezlarimizda ham dunyo bundan tor, bevafodan bevafo ko‘rinmagan edi, Chaman.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:09:52

Chaman, odamga alam qilarkan. Sen bu dunyo hayotini go‘zal qilaman deb, adolatli etaman deb, joningni Jabborga berganing sari u seni toptaydi, hali u, hali bu yoningdan achchiq qamchilarini yog‘diradi, savalaydi. Nima bu? Dunyo shunday qurilgan ko‘hna dormi yo? Na adolat bor, na odil qozi! Yo biz ketma-ket mag‘lub bo‘laverib, to‘zigandan-to‘zib, bu diyorlarga ham sig‘a olmayotganimizdanmi, yo musofirlik bizga pand berayotirmi? Unday desam, Qori akaning pandlari qayon ketdi? «Biz Allohga shukr aytib, bu diyorga jon fido etsak arziydi. Ansorlardek quchog‘ini ochib, kutib olgan bunaqa qavm, bunaqa yurtni yana qaerdan ham topgaymiz?! U chindan ham Madinai soniydir», deb edilar u kishi. Biz dovon oshib yetib kelgan viloyat kishilari chindan shunday: bitta mayizni qirqqa bo‘lishadigan, muhojir desa, jonini berib yuboradigan. Quda-qudag‘ayini ham shunchalik e’zozlamas.
Lekin o‘zing bilgan siyosat, o‘sha siyosatning iskovichlari bu yerga ham yetib kelib, harom tumshuqlarini tiqmagan joy qolmabdi, Chaman. Chaquv, g‘iybat urug‘ini sepib, u ko‘zingni bu ko‘zingga yov etmagan kunlari qolmadi, Chaman. Shunday sharoitda qozi bo‘lib o‘rtaga tushib ko‘r-chi, mazlumning tarafini olib ko‘r-chi! Nusrat alal-oqibat biz tarafda ekanini kishilar ongi, qalbiga singdira ol-chi! Isbotlay ol-chi! Har bitta mo‘min suyana oladigan, himoya topadigan silai rahm jamiyatingni tuzib ko‘r-chi! Qalbingni to‘r-to‘rida asragan-ardoqlagan orzularing-ni amalga oshirib ko‘r-chi, o‘zingni qaerda ko‘rar ekansan!
Ammo ular shohida yursalar biz bargida yurolmaymizmi deb tog‘lar oralig‘idagi bu viloyatda shu yerlik mard boturlar bilan muhojirlarning birodarlik jamiyatini tuzgan edik. Ular qo‘lni qo‘lga berib, qiyomatli do‘st tutingan, qay birlarining boshiga mushkul tushsa, boshqalari yordamga kelishi haqida, lozim bo‘lsa, jon fido etib, qutqaruvi to‘g‘risida qasamyod etgan edilar. Xuddi Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam davrlaridagidek bir birodarlik vujudga kelayotib edi. Bu ishlarning boshida Qori akam, Elchin botur — uchovimiz turib edik. Buni bir yilga dovur ham bilisholmay hukumat iskovichlari axiyri oramizga sotqin tiqishdi. A’zolarimiz birin-sirin qamalib, rejalarimiz barbod bo‘la boshladi. Sotqinni topmoq, qamalganlarni qutqarmoq lozim edi. Shoshilinch, ammo qaltis reja tuzib, zobitlaru turma nazoratchilari kiyimida markazdan kelgan tekshiruvchilar qiyofasida birodarlarimiz yotgan qamoqxonalarga kirib bordik va soxta buyruq qog‘ozlari bilan ish ko‘ra ketdik. Sirimiz ochilib qolsa, yo qarshilik bo‘lsa, o‘t ochib yorib chiqishga ham tayyor edik. Ammo dovqurni Alloh ham qo‘llaydi ekan, Chaman, omadimiz chopib, o‘nta birodarimizni shunaqqib qutqarib oldik.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:10:07

Ammo bu yog‘iga ham qadamimiz nazoratda — har ko‘cha boshiyu etagiga iskovuchlar ekib tashlangan — «to‘rt ko‘z»lab kuzatar edilar. Sotqinni esa, aniqlay olmayotgan edik. Shu tashvishlar ustiga, Chaman, men uchun kimligi o‘zingga ayon, Mafhuzam bo‘y yetmish xonadondan (ha, ha, o‘sha ularning qishga meva saqlanadigan yerto‘lalarida qirq kun jon saqlab, bilmam kimning baxtiga Xudo bir qaytib bergan qo‘rg‘onlaridan) hech kutmaganda odam kelib qoldi. Uni bir ko‘rishdayoq tanidim, Chaman. U rahmatli qaynotamiz Mirzaxo‘ja hojimning ko‘p sadoqatli qarollari — eshik og‘asi Alimat qozoq edi. Qay pushtidadir qozoq urug‘lari bilan tutashib ketib, ikki gapining birida «hov-hov»lab, «oy-boy»lab qoladigan bu kepchik yuzli odamni tanimaslik mumkin emas edi, Chaman. Sadoqatni qaraki, izlab-izlab, surishtira-surishtira topib kepti. Shu kelishida Muztog‘ni ham oshib o‘tibdi. Men bu dovondan qanday o‘taman, deb qaytib ham ketmabdi.
— Qudayga shukr, o‘zizzi ko‘rdim, Eshanayimning amanatlarini ala keldum, — deydi.
— Qanday omonat? Yoxud salommi? O‘zlarining tan-jonlari sog‘-omonmi?
— Quday rahmatig‘a olg‘an bo‘lsun. Bandaliqni baja etdilar-g‘o‘y.
— Yo Alloh, u kishini hammi?.. «Inna lillahi va inna ilayhi rojiun», — deya oldim yuzimga fotiha tortib. Eshik og‘asi hayrat-la boqdi:
— Ne deg‘aysiz, kuyav to‘ram?
Men qaytardim:
— Biz hammamiz Allohnikimiz va Uning dargohiga qaytib borgaymiz. Xudo rahmat qilsin.
— Ha, ha, rahmat etsun. Ko‘p marhamatli edular Eshanayum. Shu kishining vasiyatlari ila kelibjaturman, bilsang‘iz.
— Vasiyat? — deb yuboribman. Hoynahoy, kuyovimga yetkazsangiz, u qizim boyaqish Mahfuzamga yetkazadi, qora kiyib aza ochadi, bir kalima Qur’on tilovat qilsayam harna savob, deb o‘ylaganmilar onaizor. Men shu xayolda edim, ammo...
— Amanat-g‘o‘y... Aybg‘a buyurmag‘aysiz.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:10:20

— Aybi nimasi, — deya oldim men. Eshik og‘asi esa qo‘ynidan oq shoxi ro‘molga o‘ralgan bir narsani olib, kaftida tutib turar, men uni olarni ham, olmasimni ham bilmasdim. Olay desam, sarhad yo‘li men uchun berk. Olmay desam, qaynonamning omonati, jondan aziz Mahfuzamga atalgan. Oldim. Shohi ro‘mol ichida mayindan-mayin shildirashidan, siqimga sig‘ib-sig‘masidan marvaridmi, nimadir edi.
— Achib ko‘ring, kuyav to‘ram, — dedi elchi, — qiyomatda bu qo‘l, bu ko‘zlar-da guvahliqqa o‘tg‘ay.
— Darvoqe, — deb ochdimu nimani ko‘rdim, Chaman. Kaftimda har shodasi nozik-ado tilla iplarga taqilib, keyin barchasi qo‘sh bog‘ichga jamlangan oppoq marvarid turar edi. Men uni tilla ipiyu halqali tilla bog‘ichlaridan, to‘g‘rirog‘i, hilolmonand taqinchog‘idan tanib turar edim. Ular birinchi ko‘rganimdagidek yangi tuqqan qizg‘ish oydek yarqirar edilar.
Eshonoyimiz nimadir bo‘lib, unutilib qoldirilgan o‘sha yodgor taqinchoqni jigarporalariga yetkazmoqni vasiyat etardilar.
Elchini bir kecha mehmon etib, sovg‘a-salomlar bilan jo‘natdim-u, lekin o‘zimga kelolmasdim. Bu nima, Allohning yana bir sinovimi yo diyorga yuz burmoq kerakmi — bila olmasdim. Unday desam, men u diyorga endi qanday sig‘gayman, vatanda bir bevatanga aylanmasmanmi, niyatlarim-chi, ne bo‘lg‘ay — hech bir to‘xtamga kelolmasdim.
Bu yoqda esa, jamiyat tashvishlariyu bizni deb qo‘lga olinmish, turmalarga tiqilmish jonnisor oshnalarimizni qutqarmoq bilan bog‘liq yumushlar yotar, buni desam, omonat, omonatni desam, ular qolib ketmoqda edilar.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:10:37

Ana shunday ichga qil sig‘maydigan kunlarning birida Oqsu guzaridagi do‘konimda qiblaga qarab, faromush o‘ltirar edim. Nega faromush? Tilimda «Alhamdulillahillaziyu» ko‘z oldimda qarshimdagi soylik emas, Bo‘zsuv tepaliklari bir-biriga yastanib yotar edilar. Negadir o‘sha qarorgohimizga lolaqiz-g‘aldoqdek bo‘lib, osmondan hov birdagidek yog‘iy yog‘ilib tushib kelar edi. O‘ngimmi, hovfim, deb tursam... yelkam aralash bo‘ynimga ilondek yopishib, achchiq qamchi tushsa degin!.. O‘girilib qarasam, shahar qozisi! Ayonlari bilan qarshimda savlat to‘kib turibdi. Hammalari otliq — ot ustida. Biz singari piyoda do‘kondorlaru xaridorlar esa, barchalari ikki bukilib ta’zimga egilishgancha qolishgan. Ko‘zim qozining bilagidagi qamchiga tushib, fe’lim aynib-aynib kela boshladi. Chaman, hech kimga aytmasam ham senga aytaman. Nega biz bunday millatmiz? Ustimizga to‘n yopib, tagimizga ot bersalar, aynib qolamiz? O‘z millatimizga past nazar bilan boqib, o‘sha ot berganlar bilan og‘iz-burun o‘pishib ketamiz? Shu ham o‘z millatdoshim, dindoshim, tepishib katta bo‘lganim, bir imom ortida turib namoz o‘qiydigan safdoshim demaymiz? Hamma bilan o‘z tug‘ishganimizdek sog‘inishib ko‘risholmaymiz? Bizga qanday dard tekkan, nuqs urganki, ichimiz kirlanib ketgan, Chaman? Qachon odam bo‘lamiz biz ham? Qachon biriga tikon kirsa, boshqamizning ham jonimiz barobar achiydi? Mo‘minlar bir-birlariga birodardirlar, degan gap qayda qoldi?! Yo saodat asri endi qaytmagaymi, unday zamon kelmagaymi?
Esiz, hatto biz ila birodar tutingan kishilar ham miq etolmasdilar. Evohki, oshna, biz pista po‘choqdan kema yasamoqchi ekanmizmi?.. Men ana shunday o‘ksik bir holatda edimmi, yo qamchi tushgan yer— bo‘ynim hali ham lovullab yonardimi, qoziga ters qaradim.
— Ha, botur yigit, Sizga alohida takalluf lozimmu?
Menga bu qochiriq qamchidan-da o‘tib tushgan edi. Ustiga-ustak atrofdan pichirlab shivirlashardi:
— Egil-egil. Bukilib-da ta’zim et, qutulgaysan.
Ammo men to‘nimni teskari kiyib ulgurgan edim, Chaman. O‘zing bilasan, endi meni epaqaga solib bo‘lmasdi. Ters o‘girildim:
— Ajab?! Ta’zimni so‘rab oladurlarmi bu diyorlarda?
— O‘ho‘, o‘ziga yetguncha-ku bu?! — dedi qozi atrofidagilarga ma’noli boqib. Ko‘rib turibman, ayonlari imosiga shaylar. Ko‘z uchirsayu oyog‘imni yerga tekkizmay olib ketsalar. Ularga shu kerak shekilli. Bu yoqda esa, qo‘shni tojirlar pichirlashib o‘tinishadur: «Uzr so‘rab qo‘yaqoling, o‘g‘lim...»

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:10:52

Ammo men (nohaq qamchini unutganimcha yo‘q) shaytonga hay berolmay turibman.
— Uzrni men emas, u kishim so‘rashlari lozimdur!
Bilaman, tilim achchiq. Lekin bu til haqdan so‘zlar edi.
Qozi janoblari shuncha xaloyiq ichida o‘zini o‘ng‘aysiz sezib, o‘sha ta’zimdagi xaloyiq tomon alangladi. Aftidan u mo‘minlardan najot kutmoqda edi.
— Astag‘firullohillazi, ta’zim qachondan beri... uyatlu sanalmish?
Meniki tutgan edi:
— Qachondan berli qamchi ta’zimu ta’zir quroli bo‘lib qolmish? Qamchinni shuning uchun to‘qirlarmi bu yurtda?
Bilaman, so‘zlarim ularni chayondek chaqib-chaqib olmoqda edi. Qoziyu shahar ayonlari o‘zlarini oqlashga so‘z topolmasdilar. O‘rtaga oqsoqollardan kimdir tushmasa bo‘lmaydirgan bir vaziyat vujudga kelmoqda edi. Men esam, tilimni tiygim kelmay borar, shu bilan hamma alamlarimni bir yo‘la olgimmi, nima qilgim kelar edi:
— Muhojirlarga hamisha quchog‘ini ochib kelgan bu diyor, bu yurtda nahot endi qamchi ko‘tarib, ta’zir bermoqni rasm etsalar?
— Nauzanbilloh! Siz haqsiz, bo‘tam. Boshqa so‘zga tilim aylanmas, — kutilmaganda qozikalon otdan tushib, azza-bazza qo‘lini ko‘ksiga bosib kela boshladi. Bilagidagi o‘sha qamchi esa, kaftiga yopishgan qo‘ng‘ir ilondek to‘lg‘onar edi, Chaman. U kela tizzalarimni quchmoqqa hozirligini ko‘rib, keskin tisarildim.
— Qo‘ying. Endi bari kech!..
U to‘xtab qoldi. Najot kutib atrofimdagilarga qaradi. O‘rtaga qariyalar tushib, yarashtirmoq niyatida yelkayu kuraklarimni silamoqqa tushdilar. Ammo bari ko‘zimga xunukdan-xunuk ko‘rinib ketmoqda edi. Mening o‘ksuk ko‘nglim nimani istardi — o‘zim bilmasdim. Nasihatlar qulog‘imga kirmas, kirsa ham malham bo‘lolmas edi.

Qayd etilgan