Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127812 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:14:26

Muftiy domla so‘chib tushgan kabi bir sergak tortdilaru yana o‘zlarini o‘nglab:
— O‘tkazardi... deysizmi? — dedilar beozor.
— Bo‘lmasa-chi. U o‘risda insof bor edi. Haj desa, yo‘lni to‘smasdi. — Keyin mehmonning betiga ma’noli qarab, qo‘shib qo‘ydilar. — Mana, bizam dunyoning To‘qmoq degan bir «ovloq» manzilidan borganmiz akamiz rahmatli ila.
— Ularning nazarida ovloq sanalgan-da, bilsalar-ku... — dedi muftiy jilmayib.
— Harqalay ulamoni ulamo sanar edi, ilmi hurmatidan. Insofi shu-da, — deb qo‘ydilar To‘ram.
Muftiy janoblari yalt etib qaradilaru dillariga kelganini aytmakka andeshami, nimadir yo‘l bermadi. Olimning nazdida uning dilida uyg‘onib bo‘lgan ilon shakkok shayton qiyofasiga kirib, tilining uchiga zahardan-zahar ne bir fikrlar quyib ulgurgan edi-yu, To‘ramning salobatlarimi, nimadir tilidagisini aytishga yo‘l bermas edi. Balki ular ko‘rgan islomiy tarbiya bunga yo‘l qo‘ymayotgandir. Aksincha, yuziga halimlik nuri taralib kelmoqda edi.
— Unda anuv so‘zlar-chi, taqsirim? — deya oldi hayrat aralash.
— Qaysi, ming chig‘iriqdan o‘tkazib... so‘ng ruxsat etishlarimi?
— O‘lmang, bizlar bot-bot eshitganimiz bilan, sizlar ko‘rgansiz, — dedi muftiy, ammo javobiga qiziqqanicha bor edi.
— Davlatchilik hamma yerda, hamma zamonlarda bo‘lgan, — dedilar To‘ram orqalaridagi duxoba yostiqqa bir oz suyanibgina. Toliqdilarmi, choydan lablarini xo‘llab, piyolani qaytarib joyiga qo‘ydilar. Lekin shashtlari boyagi-boyagidek edi, o‘shanday davom etdilar. — Ammo chor davrining to‘ralari boshqacharoq edi, umumiy siyosatdan kelib chiqib, dushmaniga ham hamiyat qila bilardi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:14:35

— Hamiyat? — deb hayrat-la boqdi muftiy domla. Ular bu masalada chuqur ketishayotganini anglab qo‘rqib ketgandek ko‘rinardi u.
To‘ram uning holidan... miyig‘larida kulimsib, dedilar:
— Vallomatroq desa, balki to‘g‘ri bo‘lar.
Bu gap tomdan tarasha tushgandek bo‘lib, muftiy o‘zi sezmagani holda o‘tirgan yerida bir xavfni tuygandek qotib qolgan edi.
To‘ram vaziyatni yumshatish uchun, qo‘l ishorasi ila iltifot qilgan bo‘ldilar:
— Qani, choyga qarasinlar.
— Rahmat, — deya u kishi ham iltifotni qabul qildi-yu, lekin hali o‘ziga kelmagani va To‘ramning og‘zilarini poylayotgani ayon edi.
— Bilsangiz, tarixda misollar ko‘p bunga.
— Siz Xudoyorxon tarixinimi, nimani nazarda tutmoqdasiz? — deb yubordi muftiy bir oz shoshilib.
— Yo‘q, uning safari o‘zida shijoat topib, Allohga tavakkul qilgan bir mo‘minning hijrati bilan barobar. Men imom Shomil hazratlarini aytmoqchi edim. Ular o‘shanday ashaddiy bir dushmanlari — g‘azovotchi mujohidga ham yon berib, vallomatlik qilganlar. Uning so‘nggi iltimosini qondirganlarini eslang. Biz o‘sha safarimizda imom tarixlaridan hali bexabar bir yosh o‘smir edik. Keyin qancha armon qilganmiz Badr qahramonlari qatori ul zot rahmatullohi alayhning Baq’idagi qabrlarini ziyorat etmaganimizga.
— Alloh rahmat qilsin barchalarini. Lekin qanday?.. — deb yubordi muftiy kutilmaganda.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:14:44

U chindan ham imom tarixini bilmasligini shu savoli ila ayon etib qo‘ygan, endi jindek xijolatga tushib, qo‘lidagi bo‘sh piyolani o‘ynar edi. Axiyri uni Olimga uzatib, To‘ramga qaradi:
— Uzr, siz imom Xamzatning shogirdlari imom Shomilni aytasizmi, yo...
— O‘sha ikkinchi imomni aytaman, tutqunlikka qayt¬moqdan, loshi Payg‘ambar alayhissalom yurtlarida qolmog‘ini avlo ko‘rgan buyuk mujohidni. Ul zot Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjidlarida qolib, Allohdan yolg‘iz bir narsani — loshlari o‘shal yurtda qolmog‘ini surunkasiga uch kun namozda so‘rgan ekanlar.
To‘ram taqsir bu voqealarni so‘zlar ekanlar, o‘zlari shu tarixlardan ruh olib, bir necha o‘n yillar avvalgi chin To‘ramga aylanib bormoqda edilar. Ovozlari ham, so‘zlarining zalvori ham bo‘lakcha edi. Muftiy hazratlari esa, u kishiga tan bermoqdan o‘zga ilojlari yo‘q bir alpozda ham havaslanib, ham kemtik bir hislar qorishig‘ida o‘tirar edilar. Niyatlari esa, tashriflarining boisini aytmoq bo‘lsa-da, buning mavridini bilolmay, — qariyaning armoniga hamohang tebranar edilar.
Nihoyat ular bu mavzularni bir chetga surib, iltifotu manziratlar bilan qaymoqxo‘rlikka tutindilar. Boya to‘g‘ralgan non satta moyga aylanib, endi og‘izda erib borar, arzimas vaqtda jannat taomiga aylanib ulgurgan edi. Qariyalar o‘zlari qolib, Olimni qistashar:
— Oling, bu dunyoning ne’mati bo‘lmabdi, keyin bunaqasini topolmay yurasiz. Topganingizda ham o‘xshatolmaysiz, — deyishar edi.
Olim esa, ularga atalgan ne’matga o‘zi ham sherik bo‘layotganidan tobora qisinib borardi. Hozir bu dunyo ko‘rgan qariyalar bilan o‘tirish bir gashtli bo‘lsa-da, o‘rtadagi taomdan ko‘ra suhbatlari shirinroq tuyulmoqda edi. Xizmatlarida o‘tirganidan, bu kunlarga yetib kelganidan boshi osmonda edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:14:55

Qaymoqdan keyin ezilishib choy icha boshladilar. Va shu asno ulug‘ mehmon o‘rnida bir tebranib, joylashib olib, tomoq qirindi. Bu uning To‘ramdan izn so‘rashiga o‘xshab ketardi.
U kishi ham niyatni sezib (balki kirib kelganlaridayoq bilib ulgurgandirlar!) tortinmang, har kuni kelib yuribsizmi, degandek qaradilar. Tavba, inson qarisa, taqvo yo‘liga o‘tsa, kishini bir nigohdayoq anglaydigan darajalarga yetar ekanmi?! Bular bu tarafdan bir-birlaridan qolishmas edilar. Harqalay, Olim buni sezib-anglab turgandek edi.
— Shu hijoz safari chog‘i bir ulug‘ zot ziyoratiga chorlab qolishdi, — dedi mehmon uzoqdan kelib. Uning bu ziyoratdan ko‘p mutaassir bo‘lgani so‘z ohangidan sezilib turar edi.
— Chorlashdi? — «borarga jur’at etdingizmi, axir?» degandek ko‘z tashladilar To‘ram.
Ulug‘ mehmon ham u kishini tushunib, rostiga ko‘chishni afzal ko‘rdilar. (Yashirishdan ne iloj, qaytaga nazardan qolmoq mumkin!)
— Iltimoslariga binoan, oraga nozik kishilar tushib, miyqotdagi Oisha onamiz masjidlarida ko‘rishdik. Umra niyati-la ehrom bog‘lab, ikki rakat namoz o‘tash asnosida.
— Kim, vatandan ayro tushgan vatanjudolar ulug‘lari-lami?
— Shunday. Balki ismi-shariflarini eshitgan chiqarsiz. Oltinxon to‘ram atalmish ko‘p tabarruk zot ekanlar...
To‘ram mayin jilmaydilar, u kishi har qachongidan xotirjam edilar. Buni qandoq tushunmoqni hatto Olim ham bilmay o‘tirar edi. Shunchalar sirli va dunyo ko‘rgan edi bu qariyalar!
Javob undan hayratlanardi chiqdi:
— U zot bizga tomir bo‘ladirlar. Faqat ona tarafdan.
— Uni qarang! — hayratlanish gali ulug‘ mehmonga kelgan edi. — Xudo mushkulimizni o‘zi oson etayotganini ko‘ring.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:15:05

— Qanday yumush, qanday mushkulot, hech tortinmang? — dedilar To‘ram avvaldan sezganlari rost chiqayotganidan jilmayib.
Ulug‘ mehmon ham qisinishga hojat qolmaganidan hiyla yengil tortib, qo‘zg‘olib qo‘ydi:
— Sizga tomir chiqishlarining o‘zi... bu mushkulotni yo‘qqa chiqargay, taqsir. Alloh ko‘nglimga sol-ganiga mingdan ming shukrlarki, kelib yaxshi xabarlar topib turibman, — muftiy domla chindan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgan edilar. — Bordi-keldilar uzilishib ketmagandir, axir?
— Hov, qayda? Bu Sho‘rosi tushmagur bizni xo‘b to‘zitdi-ku, — dedilar To‘ram chinidan qolmay. Olim bu To‘ram haqlarida eshitganlari rost chiqayotganidan bir chekkasi hayratga tushib bormoqda edi. U kishi devorning ham qulog‘i bor demay, Sho‘roni so‘kishda davom etar edilar. — Bunday kekchini onasi tug‘maydi. Ro‘yxatiga tushdingmi, o‘lib qutulasan. Chiniga ko‘chsam, Sayyid Mahmudxon yelkaga to‘nni tashlab, to‘g‘ri qilganlar o‘sha vaqtdayoq.
Ichlari tushib o‘tirgan muftiy janoblari bu orada ikki qo‘zg‘olib oldilar:
— Siz o‘sha Jambulli domlamiz haqda aytasiz-da? Ahli ayollari qolib, o‘zlari sarhad oshib chiqib ketishga majbur bo‘lgan zot?
— Shunday-shunday. Bu gaplar bo‘lib o‘tganiga ham o‘ttiz yillar kechdimikan, vallohi a’lam. Ishqilib, bu hijrat xabarini rahmatli volidamizdan eshitib edik. Keyin bu qo‘tir dunyo necha evrilib, necha o‘zgardi. Ammo ro‘shnolikdan darak yo‘q, — deb turib, To‘ram mehmonning betiga qaradilar. — Siz yashirmay-netmay aytavering: nima balo, Sayyid Mahmudxon to‘ram shoshilishda lozim narsani aytolmay ketgan ekanlarmi?
Ulug‘ mehmon yana bir karra bu karomatdan hayratga tushib, bosh silkidilar:
— Topdiz, To‘ram taqsir, topdiz. Hali taqdir bu boshga nimalarni bitgan deb... javobini berib keta qolmagan ekanlar. Qiyomatda shuning gunohi tutmasaydi deb... qayg‘uradir ekanlar. U kishining ahli ayollarini xabarlashimiz ham shundan.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:15:15

To‘ram yuz-ko‘zlariyu bir chiroyli kuzalgan soqollariga ichdan nur yog‘ilib, kulimsidilar. Shu topda rahmat yog‘ilib turgan bu yuz qarangki, Olimga juda-juda ham tanish, ham suyukli ko‘rinib ketayotganidan o‘zi hayratlarga tushib borardi. Nimadan bo‘lsa ekan bu?...
— Bugun chindan o‘ng yoningiz bilan turgan ekansiz. Suyunchini begona qilmaydirgan bo‘ldingiz. Ularni so‘rattirib berish bizning zimmada, inshaalloh, daraklari ham yaqin kunlarda chiqib qolsa.
— Suyunchi sizdan aylansun, — dedi muftiy janoblari, — o‘ttiz yillik rishta ulanadiyu, judo ko‘ngillar yana topishib, taskin ne’matiga erishadiyu bizni suyunchidan qochirasizmi? Oladirgan savobimizni ayting! Uni qaysi tarozuda tortib ado qilib bo‘ladirkan?!
— Hammasidan burun shundan keling. Uning savobiga nima yetsun!
Olim dog‘da edi: bir narsaning siriga — bir-birlarini uncha ham xushlamaydilar deb eshitgani ikki ulamoning bir birodarlari tashvishida fikrlari bir yerdan chiqib, apoq-chapoq o‘tirishlariga hech tushunib yetolmas edi. Shu anavi kungi To‘rammi, zamzamni undanmas, noibidan so‘rang degan, derdi. Endi qilcha sir bermay o‘tirishlari-chi, bu nimadan dalolat?
Yo bularga o‘xshab bircha taqsirlar ham bu masalada jindek uzrlidurlarmi?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:15:35

10. Gung tasvirchi qaroqlaridagi yosh

Jujur1 edim, peshindan keyin bemalol ishga kelsam, mudirimiz ostonadan o‘tmasimdan tabriklay ketdi.
— Xudo bir asradi sizni, Maqsudxon. Shu jujurligiz bo‘lmasa, bilmadim hozir Toshkanni qaysi dahasida yurgan bo‘lardiz, kinochilarni yetaklab. O‘rnizga Jo‘ravoy ketdi, boyaqish lo‘killab... — deb kuldi u kishi.
Men ichim yorishib kuldim. Chindan har balodan asraguvchi ham, har jafoga tashlaguvchi ham O‘zi. O‘ziga shukr, deb mudirimga tegishdim:
— Omad chopsa shu-da, aka, O‘zi panohida asrayveradi.
— Bu gapni Jo‘ra akangiz eshitmasin, yaniy-yaniy ketdi.
— Jazosi bitta osh-da, bir tovoq osh aylansin akamizdan, — dedimu qalashib turgan sahifalarni o‘qishga tutindim.
Oradan ikki soatlar o‘tib, sahifaga ko‘milib o‘tirsam, og‘zi-qulog‘ida Jo‘ra akam kirib keldi. Birinchi marta sezishim: eshikning takkinasida stolda o‘tirgan kishiga eshikdan kirgan naynovdek odam mirzaterakdek ko‘rinadi ekan. Buning ustiga u almisoqdan qolgan uzun plashini kiyib olgan, boshida «Lenindan qolgan kepka»si bor edi. U kishi qaerda qittak-qittak otvola qolibdi, ikki yuzi qip-qizil, lablarini yig‘ishtirib ololmas edilar.
«Hayriyat, mehmondorchiligi bor ekan, bo‘lmasa, eshitardim eshitadiganimni» deb yengil tortgan joyim-da u kishi plashining yengini egilmaydigan qo‘llaridan zo‘rg‘a chiqarib, engilni joyiga ildilaru tik turgancha sochni taragan bo‘ldilar.
Lekin shu turishda ham mendan ko‘z uzmay, lab-lunjlarini yig‘ishtirolmay turibdilar. Sezdim: menga aytadigan gaplari bor-u, hadeganda damlarini chiqarmayotirlar. U kishi shunaqa og‘irkarvon, tillarining uchida turgan so‘z ham hadeganda uchib chiqa qolmaydi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:15:59

Nihoyat oromijon divanga cho‘kib, faqat ziyofatlarda o‘rtaga chiqib o‘ynagandagina egilmasligi bilinib qoladigan qo‘llarini divan suyanchig‘i ustiga tashlab yastandilar. Bildimki, safar to‘kis o‘tgan, mudirim aytganidek, men eshitadiganimni eshitmayman. Xaytovur, oxiri bahayr chiqdi deb tursam, shu tob Jo‘ra akam sog‘ qo‘llari bilan tizzalariga shappalab qoldilar. Va shu barobar qaddilarini ko‘tarib, o‘tirib oldilar-da:
— Voh, Maqsu-ud, kelib-kelib shu kungayam jujur bo‘ladimi odam?! Xo‘-o‘, ko‘p narsadan quruq qoldiz! Biz qayoqlarga borganimizni bilganizda edi! Ax!— deb tillarini toqilatdilar.
— Nechuk? — dedim men hayronsirab va kulimsirab. — Qaytaga yaxshi bo‘pti. Bilasiz-ku najirxo‘rliklarga tob-toqatim yo‘q. Osh bo‘lsin, — dedim kamiga.
— E, yo‘q, — dedi u kishi qo‘l siltab, — biz qayoqlarga borganimizni, qay go‘shalarga bosh suqqanimizni bilsangiz edi! Qayoqdan mening chekimga tushdi?! Asli o‘ziz boradigan ekansiz. Borganizda bir narsalarni tushungan, men pandavaqi aqlim yetmagan narsalarni o‘ziz anglab yetgan bo‘larmidingiz! Endi men sizga qanday tushuntiray, qay bir boshidan aytib beray?! O‘lay agar, ular bu taraflarga bekorga kelishmagan! Bekorga olishmadi ham u kinoni! Lekin men buni kimga ham aytay, ayta olay?
Men sekin o‘rnimdan turdim. Qaysi bir aqlim bilan xona eshigini ichidan qulflab, hamxonamning yoniga cho‘kdim.
— O‘zi nima bo‘ldi, ochiqroq aytavering. Ular kim ediyu qaerlarga borishdi? Iltimos, bir boshdan qaytaring, — dedim azza-bazza titrab-qaqshab. Men o‘zim sezmagan holda allaqanday xavotirlarga tushib bormoqda edim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:16:09

Chindan ham xorijdan kinofestivalga kelgan kinochilar nega biz taraflarga qiziqib qolishibdiyu hammayoq surib-netib tashlanib, ko‘p qavatli toshqo‘r-g‘onlar tagida qolib ketganda nimasini suvratga tushirmoqchi, kino qilmoqchi bo‘lishibdi? Bunga qanday ruxsat etishibdi? Aql bovar qilmasdi. Yana allaqanday zanji rejissyoru kinochilar emish. O‘lay agar, biron narsaga tushunib yetayotgan bo‘lsam! Yana Jo‘ra akamning gapi bunday.
— Tushunarli yerda ishlaydigan odam ekansiz, iltimos, so‘rashgan yerlariga opchiqib, aylantirib kela qoling. Qaytgach, natijasini aytarsiz, odamlarimiz kamligidan sizga aytyapmiz. Tushundiz-a, Cho‘pon otayu Qangliga olib borasiz. Nimani olishsa, olaverishsin. Xalqlar do‘stligining qudratini bir ko‘rib qo‘yishsin, deyishdi.
Cho‘pon ota bilan Qangli nomini eshitgandayoq yuragim jiz etib, orziqib tushdim!
— Kim u taraflarni tavsiya etibdi?
Jo‘ra akam nogahon engashib, ovozini pastlatdi:
— Shuni ayting. Qo‘llarida birov bir varaq qog‘ozga ko‘k qalam bilan chizib bergan xaritami, nimayam bor.
— Chizmadir balki? — dedim tusmollab
— Shunga yaqinroq. Cho‘pon otadan Qangliga boradigan anuv katta yo‘l. Keyin Tuvakko‘cha, Bo‘zsuvni ko‘rdim. O‘rtada Izza ham bor shekilli.
— Ularni bilgan odam chizmasa, boshqa kim ham chizib beradi? So‘ramadizmi? — dedim yuragim hapriqib kela boshlab.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:16:20

— Qanday so‘rayman, kimdan so‘rayman? Hammasi qop-qora, bir-biridan davangir xabash kinochilar. Papauslardek kiyinib, peshonasiga pat taqib olgan tasvirchisi-ku qulog‘i tom bitgan, naqd gung ekan. Yelkasidan kamerasini qo‘ymay chaldevorlarni, surilib bitmagan tepayu soylarni suvratga obyotibdi.
— Yangi tushgan uylar, osmonga bo‘y cho‘zgan toshqo‘rg‘onlar-chi? Oldimi ularni ham? — dedim Jo‘ra akamning gapidan bir narsalarni anglagandek bo‘lib. Xayolimda esa, nuqul bir gap aylanadi: nima balo, ular omon qolgan eski joyu mavzelarni suvratga olib borishni buyurtma olib kelishganmi yo? Olishgan bo‘lsa, kimdan?
Shunday deb o‘ylayman-u, o‘ylarim tubsiz ko‘rinaveradi. Axir bu mavzedan ketgan kim ham ularga buyurtma berishi mumkin? Sulton akam yubordimikan? O‘zimiz yetolmaganimizga yarasha, suvratiga yetishaylik deb? Undan bo‘lak kim ham intiqishi, sog‘inishi mumkin?
— Shoshmang, qaerlarga borib, qaerlarga kirdilaringiz? — deya uning yengidan tortqiladim.
— Ha, darvoqe, bu yog‘ini aytmadim-a? Avval Cho‘pon otaga borishdi. Yolg‘iz omon qolgan Mirto‘xta amakining choyxonasiniyu orqasidagi sutbozorni olishdi. Keyin katta ko‘cha bilan Qoraxo‘janing Izzasiga dovur tushdik. Omon qolgan soylikni, chimzorlarni olishdi. Keyin Yakkabog‘da yo‘l chetida turgan bo‘yicha qurib qolgan sadani, Murjimonda ildiz-pildizi bilan sug‘irib tashlangan azim yong‘oqlarni (jonivorlar shuncha yildan beri qilt etmay turibdi ekan!) u yog‘idan o‘tib, bu yog‘idan o‘tib olishdi. Undan narida, shunday yo‘l chekkasida Minavarxo‘ja akani boloxonali uyi bo‘lardi. Shu buzilmay qolgan ekan, uni ichu tashiga qadar olishdi. O‘sha yerda yarim soatcha qolib ketdik. Gung tasvirchini undan ajratib bo‘lmasdi.

Qayd etilgan