Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127810 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:16:31

Shu yerga kelganda qo‘l-oyog‘im bo‘shashib, xushim boshimdan uchib borayotgandek bir holga tushgan edim. Oh! U baxti qaro xonadon! Na Adol xolamga, na Marg‘u kennoyimga, na boshqaga buyurgan bu uy, bu joylar, hali omon turgan ekanmi? Hammayoq ostin-ustin bo‘lib ketganida Xudo uni shu kunga qadar nega asradi ekan? Shular kelib, suvratga tushirib ketishlari uchunmi? Nima bu, taqdir yozmishimi, yo tasodif? Qandayin ham aqlga sig‘dirasan?
Jo‘ra akam mening holimdan bexabar davom etar edi:
— Keyin Tuvakka o‘tib, Bo‘zsuv bo‘ylariga tushdik. Omon qolgan jaru jurlarni, tepasida oq kaptarlar porillab uchgan Bo‘zsuvni, uning qiyoqzorlarini xo‘b tomosha qilib, suvratga olishdi. Kattabog‘ning bir chekkasida eski shiypon buzilmay qolgan ekan, o‘sha yerda choy ichdik, undan sizlarning eski hovlingizga o‘tishdi.
— Yopiray, qanday topib borishdi? — O‘ylab gapiryapsizmi, degandek tikildim. — Yo rejalarida bor ekanmi?
Jo‘ra akam yelka qisdi:
— Unisini bilmadim. Lekin do‘mlar oralab o‘tib borayotsak, (taniyman-ku, axir!) tomi ochilgancha valongor yotgan ekan, oyog‘im tortib olib kirdim. Ular ham ko‘rib, ko‘p achinishdi.
— Gung tasvirchingiz-chi?..
— Yo‘q, — dedi Jo‘ra akam bosh chayqab, — U anhor bo‘yida qolib edi. Chiqsam, tagidan arralab tashlangan yong‘oq to‘nkasi ustida tizzasiga kamerasini qo‘ygancha izzatini bilgan papaus qabilasi yo‘lboshchisidek tek qotib o‘tiribdi. Ko‘zi vayronadayu yuzi qilt etmaydi. Ammo vajohatidan odam qo‘rqqulik! Chindan nima bo‘pti ekan deb, boshi mushtdek o‘zi davangirdek xabash kinochiga qarasam, (bitta shunisi chalakam-chatti o‘rischa bilarkan!) yelkamga qoqib:
— Ustal, ustal, — deydi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:16:41

— Ana o‘tiribdi-ku, ustaldan ham a’losida... poshshoi olamga o‘xshab, — debman. O‘l deydigan odam yo‘q. Buyam temirmas-ku, charchasa-charchagandir, ozmuncha xarobalarni oldimi, to‘rt qavatli koshonalar yonida? Balki bundanam xarob o‘z qishloqlarini, quvg‘in elatdoshlarini eslab ketgandir? Sivilizatsia degan balo xarob etgan jannatmakon diyorlari ko‘z oldidan ketmay qolgandir balki? Bir ko‘nglim yelkasiga qoqib taskin bergim, biz ham sendan kam emasmiz — tirik turib nimalardan judo bo‘lmadik degim keldiyu, aytolmadim. Til bilmagach, qanday tushuntirasan?!
Men esam, afsus-nadomatdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim: kelib-kelib shu bugun jujur bo‘lib qolamanmi?! O‘zim borishim kerak ekan! O‘z ko‘zlarim bilan ko‘rsam... nima gapligini anglab yetardimmi, aniq-taniq tasavvur etardimmi! Ungacha bu qorong‘uligicha qolaveradi shekilli.
— Shoshmang, keyin-chi? Keyin qayoqqa olib o‘tdingiz? Borishdimi yana biron yerga? — dedim ijikilab.
— Hamma gap shunda-da, shu Kattabog‘dan ko‘chib borib, vatan tutgan yerlarini ko‘rsak bo‘ladimi, deyishdi. Men qayoqqa ham olib o‘tardim, sizlarnikiga boshlab bordim.
— Ana xalos! Nega, axir! — Esingiz joyidami deb yuborishimga bir bahya qolgan edi: odam ham shunchalar sodda-to‘pori bo‘ladimi?! Ketidan keladigani-chi, gap chiqsa, tinch qo‘yishadi ekanmi keyin?
Men o‘zimdan ham burun kennoyimni, Yodgorni o‘ylamoqda edim. Mahalladagilar tushungani bilan hukumat tushunarmidi! Bir kami qochqinning ayoli deb surishtirishlari, so‘roq berib yurishi qoluvdi!
— Yaxshi bo‘lmabdi shu ishiz, — dedim xafa bo‘lib.
Men o‘rnimdan turib azza-bazza joyimga qayta boshlagan edim, Jo‘ra akam yelka qisdi:
— Nimasi yomon, mehmon otangdan ulug‘ degan gap bor. Sizlar chaqiribsizlarmi?..
Mening kayfiyatim buzilib, shashtim tushib ketib bo‘lgan edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:16:49

— Ular kelib-ketadigan odam. So‘ralgandan biz so‘ralamiz. Bilasiz-ku, xonadonimizda nozik odam bor,— dedim to‘ng‘illab.
— Ular ham kinoga tushishdi, ona-bola. Osmon uzilib yerga tushgani yo‘q.
— Tushishdi? — dedim qaltirab.
— Nima bo‘pti, hamma qatori, — dedi hamxonam.
«Dard bo‘pti!» devorgim keldi-yu, tilimni tishlab qoldim.
Xayolimdan esa, birov buyurgan, buyurmasa, ular borib yurmasdi, suvratga tushirib yurmasdi! Lekin o‘sha birov kim, derdim-u, javobiga ojiz edim.
— Ulariz qayda? Ko‘rsa, biron og‘iz gaplashsa bo‘-ladimi, o‘zi? — dedim nihoyat hovrimdan tushib-tusholmay.
— Yuring opchiqaman, mehmonxonaga tashlab kelganimga nari borsa, biron soat bo‘ldi-da, — dedi hamxonam menga achinib.
— Jildik-jildik, jujurlik qochib ketmaydi. Loaqal birontasi bilan tanishtirib qo‘ying, — dedim iltijoga tushib.
Hamxonam turib, o‘sha urininqiragan plashini daroz yelkasiga ilar ekan, negadir oyog‘i tortinqiramay imilladi:
— Olinadigan narsalar olib bo‘lingan bo‘lsa, nimadan cho‘chiysiz? — dediyu yuzimdan o‘tolmay ostona xatlab yo‘lakka chiqqan joyida qarshimizda kotib ko‘rindi. U kishi jilmayib turib, odamni «uzib» olardi:
— Ha, Maqsud To‘raxo‘jaevich, sahifalar qalashib yotib, o‘zlariga yo‘l bo‘lsin?
— Xorijdan mehmon kepqopti. Tushamanu chiqaman, — dedim og‘zimga kelganini qaytarmay.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:17:01

U kishi mehmonni ulug‘ ko‘rardi, meni qaytara olmadi:
— Yaxshi, tushingu chiqing, mehmonni Jo‘ra akangiz ovutib tura qoladi.
Biz mehmonxonaga chiqishga chiqdigu, Afrikaning qaysi bir go‘shasidan kelgan qora tanli o‘sha kinochilarni topolmay, necha qavatiga bosh suqib chiqdik. Ular ko‘p edilar, lekin birontasi hamxonamni tanimas edi. Qolaversa, papauslar yo‘lboshchisi kabi bejanib olgan gung tasvirchi hech yerda ko‘rinmasdi.
Gidlar xonasiga kirib surishtirsak bo‘lardi-yu, ishni buzib qo‘yishdan qo‘rqdik.
— Meni tergov berib yursin desangiz, kirasiz, — deb turib oldilar Jo‘ra akam.
Men u kishini ayadim, harqalay necha yillardan beri birga ishlaymiz, qora tortib, birga borib, birga kelamiz. U qora zanjilar biz yo‘qotgan diyorning qolgan-qutgan urvoqlarini suvratga olib ketgan bo‘lsalar, bunda ham bir hikmat bordir, sabr qilaylik-chi, derdim.
Shunday bo‘lsa-da, ertasiga festival yopilib, ular jo‘naydigan kuni Jo‘ra akam ikkalamiz aeroportga chiqdik. Men nimagadir birrov bo‘lsa-da, o‘sha papauslar yo‘lboshchisiga o‘xshash gung tasvirchini bir ko‘rgim kelar edi. Ammo dunyoning turli chekkalaridan kelgan oq, qora, sariq tanli kino yulduzlari ichida birgina o‘sha papauslardek kiyingan odamgina ko‘rinmasdi. Yo biz chalg‘ib o‘tkazib yubordik, yo u o‘zini tanitmay o‘tib ketdi.
Men eski hovlimizu yangi hovlimizgacha kirib borgan, shuncha yerdan kelib, biz uchun aziz bir diyorning qolgan-qutgan yodgor joylarini suvratga olib ketgan bir insonni ko‘rmay qolganimdan dog‘da edim. Bu qandayin safar ediki, yonida turib biz ham bexabar qolgan edik. Balki Xudoyimning xohlashi shunday bo‘lgandir. U behikmat emasdir, axir?!.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:17:17

11. Yig‘lasim keladir, ey yoronlar!

«Akam o‘rnida akajonim, Chaman aka!
Eng og‘ir, eng mushkul damlarda har kimning bir ishonimli, suyansa suyangulik kishisi bo‘lsin ekan! Bunday qarasam, dardimni to‘kib, ichimni yorgudek yaqinlarim ko‘p. Oyim borlar, maslahat solsa solgudek, ayolim bor, ichimni yorsam yorgudek. Akamning ukasi — Olim akam bor, borsam borgudek. Yodgorning ayasi — kennoyim bor, meni yeru ko‘kka ishonmagudek. Lekin bu gapni, keyingi kunlarda dardi-dunyomni ostin-ustin qilib tashlagan bu voqealarni men ularga qanday ham aytay?! Ularni ham o‘zimdan battar kuydirmoqqa, tashvishga qoldirmoqqa haqqim bormi?! Ochig‘i, bu dardni ularga to‘kmoq tugul, uchini chiqarmoqqa haddim sig‘may keladir. O‘ylab ko‘rsam, hali ham bo‘lsa bu gapni sizdan bo‘lakka yorilolmas ekanman, maslahat sololmas ekanman. Shu umidda (ichimga sig‘dirolmay) qidirib borsam, yo‘q ekansiz. Sabrim chidamay, bir vaqtlar Yodgorlar turgan boloxonaga chiqib, shu xatni yozib, qoldira qoldim.
Ayting, nima qilay? Boshlig‘imga ariza ko‘tarib kiraveraymi, yo chaqirgunlaricha, kuta turaymi?
Shunday bo‘ldiki, men umrimda birinchi marta bosh muharrirning topshirig‘ini rad etdim. «Men bu xildagi yumushlarni ado eta olmayman. Kim o‘ziga ep ko‘rsa qilaversin», debman kotiblariga. Yo‘q, men ishsiz qolishdan qo‘rqmayman. Bir amallab kunimni ko‘rib ketarman. Lekin Yodgorlarga nima bo‘ladi? Tekshir-tekshir bo‘lib qolmasmikan?
Tushuntiribroq aytsam, Toshkentdagi o‘sha Osiyo, Afrika mamlakatlari kinochilari fetivalidan so‘ng shunday voqealar sodir bo‘lib ketdiki, ularni bir og‘iz so‘z bilan aytishga til, tasvirlashga qalam ojiz. Bizda qo‘li-qo‘liga tegmay, hatto harf-klavishlariga qaramay shatillatib yozib tashlaydigan mashinkachi opoy — Gulsuma opa borlar. Shu kishiga biron ta’sirli voqeani yozdirib qolsak, «Iy, yig‘lasim kela!..» deb kaftlari bilan mijjalarini artaveradilar. Biz buni qarichilikka yo‘yib, miyig‘imizda kulib qo‘ya qolardik.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:17:33

Rostini aytsam, Chaman aka, o‘sha ahvol o‘zimning boshimga kelib turibdi! Eslasam, opoy aytmoqchi, ichim to‘lib, yig‘lasim keladir.
Hammasi o‘sha dardisar jujurlik kuni kech kelganimdan boshlandi. Oddiy kunda bo‘lsa, zilziladan jafo ko‘rgan o‘zbeklarning eskiyu yangi vatanlari haqida hujjatli film olishni niyat qilgan festival mehmonlarini so‘ragan joylariga men oborishim kerak ekan. Nasib qilmasa, shu-da, men qolib boshqa kishini qo‘shib jo‘natibdilar. Keyin tafsilotini eshitib, hayronlar qoldim. O‘lay agar, xabash kinochilarining niyatlariga tushungan bo‘lsam! Yangi joylarimizni olmoqchi bo‘lishsa, nega buzilmay qolgan chaldevorlar oralab yurishibdi? Oxiriga qadar surib, ko‘mib tashlanmagan Izza soylarimizni, Bo‘zsuv tepalariyu hov bir vaqtlar akamgilar qarorgoh tutib, jon saqlagan Kattabog‘ tagidagi joylarni suvratga tushirib yurishibdi? Bunda qanday siru sinoat bor? Nega bizning eski hovlimizu yangi joylarimizgacha qidirib borishadi?
Men Jo‘ra akamdan haligacha xafaman. O‘sha xabash kinochilarni qaerdan qayoqqa boshlab borganlarini aytib o‘tirguncha: «Hey, Maqsud — pakana pari, yur, senga bir narsa ko‘rsatay. Uzoq xorijdan kelib, sizlarning eski hovliyu yangi joylaringizgacha borgan, uy ichlaringizni kinoga tushirib ketgan zanjilarni tanishtirib qo‘yay. Keyin o‘pkalab yurma!» demaydimi?! Keyinchi, keyin aeroportgacha chiqib borib o‘sha papauslar yo‘lboshchisiga o‘xshab peshonasini kumush belbog‘ bilan tang‘ib, boshiga pat qadagan tasvirchining soyasini ham topolmay qaytganimizda ayt-gan gaplari-chi, hammasidan ham o‘tib tushdi.
— Maqsud, rostini aytsam, kecha senga bir narsani aytishni unutibman. O‘sha pat taqib, almoyi-aljoyi kiyinib olib, o‘zini kim deb fahmlagan gung tasvirchi, bilasanmi kim ekan?! — deydi.
Ichim uzilib tushgandek to‘xtab qopman:
— Kim ekan? — dedim jon bitib.
— Musulmon ekan. Qora xabash bo‘lsayam, bizdan tuzukroq musulmon ekan! — deydi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:17:52

Men bu gapdan qotib qolgan edim:
— Qanday? — deya oldim zo‘rg‘a.
— Qanglidan o‘tib borayotib edik. Men oldingi o‘rindiqda edim, bir mahal qarasam, orqada o‘tirgan o‘sha gung tasvirchi kishibilmas yuziga fotiha tort-yapti... Ichimdan muzdek ter chiqib, baqa bo‘lib qopman. Negaki o‘zini chin musulmon sanagan biz qolib, u Terakli ota qabristonida yotganlarga rahm tilamoqda edi...
Shu gapni eshitganimdan beri ichim yonadi! Nega o‘zim bo‘lmadim, o‘z ko‘zim bilan ko‘rmadim! Ko‘rganimda bunday shubhalar girdobida qolmasmidim, o‘zimda bir qat’iyat topib bu ishlaridan ham voz kechib keta qolarmidim? Hozir nega qo‘l siltab ketolmayapman, nima, qanday ilinj tutib turibdi, o‘zim tushunolmayman. Balki u men o‘ylagan kishim emasdir?! Darrovda sir boy bermaslik kerakdir?! (Nima demoqchiligimni tushunayotgandirsiz, Chaman akajon?!)
Navbatchilikdan yarim kechalarda qaytsam, eshik tagida Yodgor o‘tiribdi.
— Amaqu, bilasizmu, biznikuga kimlar kelishdu?— deydi suyunchilab.
— Kimlar? — dedim ichim bir zil ketib.
— Najoshiy yurtudan bir talay kinochilar kelishdu.
— Nima deydular? — deya oldim.
— O‘zuning tiluda «moro-moro»laydur, xolos.
— Salomidir-da.
— Balki, lekin bittasu soqov ekan, amaqu. Hech yoqqa qaramay kamerusining ko‘ziga tikilib yotuptu, aylantiradu biznu oladu, aylantiradu biznu oladu.
Sizga yolg‘on, Xudoga chin, shu gapidan etlarim jimirlab ketdi...

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:18:21

— Sizlar kim — ayang, senmu? — deya oldim zo‘rg‘a.
— Ha-da, unga saru ayam xijolat tortadular, o‘ranub chirmanadular. Axiyru uyumuzga kirib ketub qutuldilar. Nega unday qildiz desam, suratga tushish — gunoh, deydular. To‘g‘rimu shu, amaqu?
— Ayang aytgan bo‘lsalar, o‘zlariga to‘g‘ri, — deyapmanu o‘zimni xayol opqochib ketyapti. Yodgorning boya¬gi gapi: «Aylanadu biznu oladu, aylanadu biznu oladu»si ketmayapti. Chindanam nega?
Hovliga kirib bordigam, Yodgor ichidagini to‘kib solib tugatolmaydi:
— Bilasizmu, amaqu, o‘sha yelkasuda zilday narusa ko‘targan, boshudagi patlari bir chiroyluv tovlanup-selkungan gung tasvirchiga ayam bir piyola choy berub edilar, oborsam ichvolub qo‘li ko‘ksuda mulozamat etsa deng...
— Shoshma-shoshma, qo‘li ko‘ksuda deysanmi? — deya to‘xtab qopman.
Yodgor ham yelkamga osilib, qulog‘imga shipshir edi:
— Ko‘ksuda-ko‘ksuda: rahmati biznukiga o‘xshaydukan.
— Adashmayapsanmi?
— Unda... unda peshonasudagi terlarnu... sidirub artushi-chu?
— Yo‘g‘-e,— dedim hayratim ortib,— Tasodifdir.
— O‘shanda... chakkasuda nima ko‘rdim, deng, amaqu?!
— Nima ko‘rding? — dedim yuragim taka-puka urib.
— Toji taguda oq chanduq bor edu...
— Voh, nimalar deyapsan, qayoqdagi narsalarni esga tushirib? Adoyi-tamom etding-ku odamni!.. — deb ostonaga o‘tirib qopman.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:18:33

Ana shunaqa gaplar, Chaman aka! Rostdanam u bo‘lsa, o‘zi bo‘lsa, nega bizga birrov ko‘rinmay ketdi?! Yo sizga bildirgan, jindek belgi bergan joyi bormidi?
Chaman aka, bu hali hammasi emas. Men ne armon, ne gumonlar ichida yurgan bir kezimda, o‘sha festival mehmonlari jo‘nab ketganlariga bir hafta ham bo‘lmay bir kuni ishxonada tarjimon qidirib, chop-chop qilib qolishdi. Asil tarjimon bir kun avval tongotar ishlagan, mashina yuborib oldirib kelay deyishsa, telefonni hech kim ko‘tarmayotgan ekan. Yuqoridan tushgan material esa, shu sonda ketishi kerak. Bunaqa paytda mas’ul kotibga yo‘liqqan odamning sho‘ri qurirdi. Taqdirning yozmishini ko‘ringki, shu paytda men ro‘baro‘ kelibman. Qarasam, feleton! Yana unaqa-bunaqasi emas, siyosiy feleton! «Hoy, yaxshilar, insof qiling. Men birda-ikkida bunaqa narsani o‘girmaganman. Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin», dedim. Qani, birov eshitsa! Hamma qochadi. «O‘qib ko‘ring avval, halitdan dod-voy qilasiz!» deyishdi kotibiyatda.
O‘qisam... Voh, Chaman aka, kim, nima haqda, deng?! Aytsam, esiz og‘ib qoladi!
Sulton akamga o‘xshagan sarhad ortida qolib ketgan bir odam!
Albatta, akamning vatanga hiyonat qilgan joyi yo‘q, tuzluqqa tupurgan joyi yo‘q. Yozmishi shunday ekan, begona ellarda darbadar kezib yuribdi.
Ammo bu... esimizni tanibmizki, vatan xoini atalib keladi. Bizni tuzumni qoralab, jild-jild kitoblar yozgan. Shunday «to‘nini teskar kiygan odam» nima qilibdi deng? Yurt sog‘inchi, ko‘z ochib ko‘rgan diyor o‘rtashlariga chidamay sirot ko‘prigiga qadam qo‘yibdi. Va qarangki, ona yurtiga sayyox qiyofasida kirib kelib, ko‘rib ketibdi! Buni hech kim sezmay ham qolibdi!..

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:18:47

Meni qanday jin urgan edi, qo‘limga qalam ololmasdim, oldim deguncha ko‘z oldimga akam singari vatanjudolar kelaverar, feletonning bir satriga ham tishim o‘tmas edi.
Qolaversa, Chaman aka, boshqa bir narsa, kechagi zanji kinochilarning biznikiga tashrifi, eski-yangi hovli-joylarimizni, Bo‘zsuv bo‘ylarini, akam qadami yetgan joylargacha borib tasvirga tushirib ketishgani yodimga tushib, ichim muzlab-muzlab ketmoqda edi. Bularning hammasida allaqanday bog‘liqlik bordek, bejiz emasdek edi. Rostini aytsam, agar shu feletonni tarjima etsam, men ular aytayotgan allaqanday bir vatangadoni emas, tirik turib bu diyordan judo bo‘lgan o‘z akamniyu o‘sha yoqlarda qolib ketgan boshqa vatanjudolarni qo‘shib yozayotgandek edim. Agar shu ishni qilsam, taqdir taqozosi-la butun dunyoga to‘zib ketgan, vatanning bir siqim tuprog‘iyu bir qarich yeriga zor kishilar qarg‘ishiga qoladigandek edim.
Nima desalar-desinlar, qanday tushunsalar-tushunsinlar, men feletonni qaytarib berdim. Bosh muharrir eshitib, u qanday noshukr mirzo, ketgisi kelyaptimi bizdan, deganmish. Men akam uchun agar kerak bo‘lsa, o‘sha ishdan ketishga-da tayyorman. Albatta, ular akam bilan bog‘liq u tarixlarni bilmaydilar. Bilsalar, bir kun ham turgizmasliklari aniq.
Shunaqa gaplar, Chaman akajon. Yo yillar ichimdagi mitti cholni yanada qaritdi, yo boshimizdan kechmish savdolar ko‘ksimda bir tur o‘zgarishlar yasadiki, turib-turib men o‘zimni tanimay qolayotirman. Boshimda esa, g‘ujg‘on savollar: nimaga kelganmiz      dunyoga? Avvalda ne niyatda edigu, nimaga erishdik? Ertaga g‘alvir suvdan ko‘tariladigan paytlar ham kelar, lekin biz u g‘alvirdan nima topgusimiz? Ko‘z oldimizda jigarimizning jigarlari qalbi dog‘liq, o‘zi mungliq yashab o‘tmoqdalar. Lekin biz jonni nisor qilib bo‘lsa-da, o‘sha dog‘, o‘sha mungni ketkizmoqqa qodirmizmi?

Qayd etilgan