Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127823 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:21:14

Bahriddin ona yurt xabarlaridan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgan, hozir esa, hovlilariga qadar tutashib kelgan xurmozorlari tagidagi mehmonsupalarni oyog‘i olti, qo‘li yetti bo‘lib. yig‘ishtirib yurgan zavjasini imlab chaqirdi:
— Qo‘y, onasi, xizmatkorlarga ham ish qolsin. Beri kel, qara, ular bizga vatandan nima keltirlar. Bunaqasi yetti uxlab tushingga kirmagan. Ostki qavatdagi salqin uyga joy qilsang, birga-birga o‘shani ko‘rgaymiz. O‘zimizdan bo‘lak hech kimni qo‘yma. Xohlasak, ko‘zyoshlarga erk beramiz, xohlasak, qayta boshdan ko‘rib bo‘zlashamiz. Bo‘laqol, — dedi.
Marg‘ubabonu erining oxirgi so‘zlaridan cho‘chibgina yarim yo‘lda to‘xtadi:
— U nima, adasi? O‘ziz buyurganmisiz? Yo o‘z bilgilaricha, biron narsa topib keltiribdilarmi?
— Kirsang, ko‘rasan, — dedi Bahriddin halitdan bo‘g‘ziga bir narsalar qadalib kela boshlab, ovozi o‘zgargani o‘ziga ham bilinmoqda edi. — Biz tug‘ilib o‘sgan ma’voni, sen kelin bo‘lib tushgan joylarni suvratga tushirib qaytganmishlar.
Marg‘ubabonu bu xabardan ikki yuzini ushlab qolgan edi, yuzlari uyatdanmi, nimadan, balki chimildiqda yolg‘iz qolganlarini eslab, lov-lov yonmoqda edi:
— Voy, Murjimondagi o‘sha hovli-joylarizni-ya?
— Topdik-topdik, ko‘cha yoqasidagi o‘sha uzun boloxonali uy omon qolgan ekan, deydilar. Qari tollar qirqilib ketganmish-u, tom omonmish.
— Subhanalloh, shuncha yil kechib-a? — Ikki oyog‘idan bor madori yerga o‘tib keta qolganmi, ayoli  turgan yeriga o‘tirib qolgan edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:21:25

Bahriddin uning bu holi-ahvolidan qo‘rqib ketib, oyog‘ini qo‘lga olib yugurdi. Borib zavjasining qo‘ltig‘iga kirarkan:
— Holing kelmasa, mayli, onasi. Men senga ilingan joyim edi, — deb tasalli bera ketdi. — Balki jindek suv ichib yuborsan o‘tib ketar?..
U suv chaqirguncha bo‘lmay, Marg‘ubabonu yengi bilan yelpinib, sal o‘ziga keldi:
— Hechqisi yo‘q, adasi. O‘tib ketdi shekilli, — deb turishga unnaldi. — Aytishga aytib qo‘ydiz, endi chidab bo‘ladimi, yurak uzilib tushadi-ku.
Ular pastki qavatdagi salqin uy tomon yura boshladilar.
— Mayli, mayli, o‘zingga qara, o‘zing bilasan, yuraging ko‘tarmasa, keyin ham ko‘raveramiz, — dedi Bahriddinxo‘ja uning ko‘ngliga qarab.
Ammo ayoli bosh to‘lg‘ab, yaxshiman, degan kabi jilmaydi, so‘ng qo‘ltig‘idan chiqib, o‘sha salqin xona eshiklarini ochgali oshiqdi: vatan sog‘inchi, vatan suvratlari oldida bo‘lak narsalar o‘taversin edi!
Ular o‘sha salqinlatib qo‘yilgan xos xonaga kirdilar-da, har ehtimolga qarshi eshik ilgagini ham ildilar. Vatandagidek qilib ustalarga yasattirilgan xontaxta yoniga, qo‘shqavat ko‘rpachalarga cho‘kkancha, tash¬qaridagi jazirama issiqni unutib, boshqaruv tugmachasini bosdilar. Na tasma shig‘illadi, na televizor mahtal etdi. Ana buni texnika desa bo‘lardi! Tugmachani bosgan onda oynai jahon tasvirxonasi ochilib, yurakni orziqtirib yurt jamoli yuz ochgan va o‘ziga ohanrabodek tortgan edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:21:36

Avvaliga ko‘z oldilarida tanib bo‘lmas darajada yangarib ketgan ulug‘ shahar paydo bo‘lib, hech narsaga tushuna olmay turdilar. So‘ng u ham orqada qolib, tasvirga olayotgan kinochilar tushgan mashina kunbotarga qarab oqqan allaqanday kanal yoqalab bora boshladi. Qarangki, uning ikki cheti keta-ketguncha tekis bo‘y talashib o‘sgan mirzateraklar edi, ularning barglari shabadada uchirmaqanot qushchalardek parillagandan-parillar edilar. Mana buni ona diyor desa bo‘lardi! Shamolda ko‘k uklardek shildiragan mirzateraklarni ko‘rib, har ikkalalarining-da yuraklari to‘kilishga tushgan edi. Bu qaysi suv ekanki, qirg‘og‘ida behisob teraklar bo‘y talashib ulguribdi? Ustiga ustak, suv yoqalab ketgan kaftdek tekis yo‘lning bu yonidagi oq uy-olabargohlarni hech tanib bo‘lmas edi. Uni qarang, hatto suv ustiga hatto beton ko‘priklar solib ham ulgurishibdi. Ammo u qaer edi, hech taniy olmasdilar.
Yo‘q, ana, o‘sha ko‘prik yonida osma taxta ko‘prik ham ko‘rinib, endi tasvirchilar undan kimnidir o‘tkazib suvratga ola boshladilaru... u rosmana lopillashga tushib, Bahriddinxo‘ja o‘zini tuta olmay qoldi:
— Ie-ie, axir bu Oqtepaning osma ko‘prigi-ku! O‘zimizning Bo‘zsuv-ku, onasi! Tanidingmi?
— Voy, o‘shami? Novzadan boraverishdagi ko‘prikmi? O‘shani aytasizmi? — dedi ayoli.
— Ana, ana, chapga burilishdi! Yo‘l ilgarigi o‘rnida qolgan ekan! Novzani ko‘chasi bilan Cho‘pon otaga qarab kelishyapti! Meni aytdi deysan! — hovliqdi Bahriddin xo‘ja. — Sen qarab tur, yo‘l yoqasida ho-zir azim sadaqayrag‘och chiqadi: agar surib tashlashmagan bo‘lsa.
— Voy, nega surishadi, adasi, necha yuz yillik narsani-ya? Unaqada nima qoladi?! — deb achindi ayoli halitdan.
— Sen niyatlarini bilmaysan, onasi. Bu xalq g‘ururlanadigan narsa borki, hammasini yiqadilar, qirqadilar, yo‘qotadilar. Sen nimani bilarding, — dedi xojasi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:21:54

— Shu zilzila bahona o‘zlarini ko‘chirib, jannatdek bog‘larimizni tortib olishganmishmi, adasi? Qarang, hammayoqqa toshqo‘rg‘onlarni «ekib» tashlashibdi. Bog‘lardan asar ko‘rinmaydi-ku.
— Ular bo‘ladiyu qoldiradimi! Tag‘inam hammasini kun-payakun qilib ulgurmaslaridan suvratga olib qolishibdi. Bo‘lmasa, tanib bo‘psan edi!
Shu orada kinochilar mashinasi tagidan bir an-hor suv oqib chiqayotgan ko‘prikdan oshib o‘tib, rastalariyu do‘konlarining tomlari ochib tashlangan bir guzarga kirib bora boshladiyu Bahriddinxo‘ja uni tanib qolib, «voh-voh»lab yubordi:
— Vo-oh, onasi! Bu axir Cho‘pon ota-ku! Harob bo‘pti-ku guzarimiz! Men senga nima devdim?! Jannat diyorimizning urvog‘ini ham qoldirmaydilar, g‘ururlanadigan hech vaqomiz qolmaydi, demabmidim?! Guzarsiz, hovli-bog‘larsiz — biz kimmiz?! Hech kimmiz-da. — Alamdanmi, nimadan ko‘kragi simillab ketdi, allaqaeri tuz sepilgandek achishardi.
Shu tob katta yo‘l yoqasida o‘sha aytgani — azim sadaqayrag‘och ko‘rinib, ikkalalari-da shoshib qolishdi: Hayxot, unga nima bo‘lgan ediki, butun boshli ulkan sada tag-tugi bilan qurib bitgan, ayni bahorda bironta ham barg yozmay, chumchuqvoylarga in-vatan bo‘lib qolgan edi!
— Ana, xolos! Men senga nima devdim? — dedi Bahriddinxo‘ja ichi sidirilib, — Ularning qaysi kasofatidan qurib ham bitibdi-ku.
— Hechqursa, qirqilmay qopti-ku, adasi, — dedi ayoli.
— Qurigan daraxt qachon bir yaxshilik keltirgan? O‘zbek borki, kasri-kasofati urmasin deb, o‘sha zahoti arralab tashlaydi. Bular esa, tegishmabdi ham! Shundan bilaver, niyatlarini!..

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:22:10

Atrofda osmonni ham to‘sgudek bitib-bitmagan mahobatli toshqo‘rg‘onlar ko‘rinar, ular o‘rtasida ilgarigi bog‘lardan na biron daraxt, na biron ishkom-bog‘ ko‘zga tashlanar edi. Hatto soylargacha ko‘mib, chimzorlarga dovur surib tashlashibdi.
— Ana senga diyoring!.. — dedi Bahriddinxo‘ja «nimasini sog‘inasan, nimasini qo‘msab bir yerlarga yetasan», degan kabi.
— Qay gunohimizga Alloh diyorimizni bu ko‘yga solibdi, adasi? Gunohimiz borki... — dedi ayoli ovozi qaltirab.
— Bor, bor. Bo‘lmasa, balo yubormasdi, — dedi xojasi ovozi o‘zgarib. Unga piqillab ayoli qo‘shildi:
— Hikmati nima ekan, adajonisi?
— Avvalo, biz o‘zbeklar o‘zimiz noahilmiz, ittifoq emasmiz. Agarki, — U turib, qaytib o‘tirgan, o‘zini biroz tutib olgan edi. — Oltinxon to‘ramga, Sultonga o‘xshagan kishilarmizning etagidan mahkam tutganimizda edi, mana bunday jahonga to‘zib yurmasmi edik, muqaddas yerimizni kelgindilarga berib qo‘ymasmi edik?! Eng avvalo, Allohga suyanib, O‘ziga tavakkul qila bilganimizda, shu kunlarga qolmasmi edik!.
— Uni qarang, adasi, qarang, bizni boloxona, bizni tom-ku, esladizmi? — deb yubordi ayoli kutilmaganda o‘rnidan turib ketayozgudek bo‘lib.
— Eslaganda qandoq, taniganda qandoq, — dedi xojasi yig‘imi, nima bosib kelganidan ovozi bitib, so‘ng hiyla vaqt o‘zi esini tanib, er yetgan o‘sha vatan suratiga termulib qolib, ichini to‘ldirgan hislardan mingdan birini tiliga ko‘chiroldi. — Sen kelin bo‘lib tushgan, men baxti qaroga kuyovlik nasib etmagan uy— go‘sha-ku, — deb tomog‘iga tiqilib kelgan yig‘ini qult yutib, qo‘shdi. — Taqdirning yozmishi bunday ekan, mana, qay diyorlarda o‘zi topishtirdi. Qo‘sha qaruvimiz, bir etak bola-baqra ko‘rib yuruvimizni... ko‘rmagandan padarimiz ko‘rmadilar, ko‘rmagandan onaizorim ko‘rmadilar. Kuygandan ular kuyib o‘tishdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:22:29

Bu so‘zlar shunchaki so‘z emasdi, yig‘lamaganni ham yig‘latadirgan, bo‘zlamaganni ham bo‘zlatadirgan so‘zlar edi. Dunyo ko‘rgan, bu kunlarga yetguncha xo‘b og‘irchiliklarni yelkaga olib ne mashaqqatlarga miq etmagan er kishining ich-ichidan qaynab chiqayotgan bir so‘zlar ediki, uni piq-piq yig‘lab tinglamoq mumkin edi, o‘rtaga biron so‘z qo‘shib bo‘lmas edi.
— Oh, onaizorim, g‘amguzorim! Xudo farzand bermagani kamdek asrandilari to‘yini ko‘rishga ham qo‘ymagandilar-a!.. Biz boyaqishlarga kuyovlik kiyimlarida go‘shangaga kirish nasib etmasa-ya... Bilmadim, bu voqealardan eslari og‘ib qolmadimikan keyin?..
Uni tinglayturgan yolg‘iz zavjasi — nima qilsa ham ayol kishi — o‘zini tutolmadi, tutolmayin xo‘ngrab yubordi:
— Nimasini aytasiz, adasi, siz nimani ham ko‘ribsiz! Shom tushdi degandan u kishi kelinlik uyimning ostonasiga o‘tirib olib, «Bahriddinuv, Bahriddinginamuv»lab chaqirishga, chaqirib bo‘zlashga tushar edilar. U bo‘zlashlariga bir men chidar edim, butun olam chidolmasdi. Hamma uy-uyiga kirib ketar, bir men qora oshxonada yolg‘iz qolib, xun-xun yig‘iga botar edim. Osmon yiroq, yer qattiq edi, adasi. Siz esa, kela qolmasdingiz.
— Taqdirning yozmishi bu, onasi, Xudoning xohlashi, — deya olardi xojasi.
— Keyin men ketdim, adasi, u kishi menga javob berdilar. Ne umidlar bilan kelgan uyimdan ketdim, adasi, — deb yig‘lagan kuyi tushuntirardi zavjasi.
— Senda ayb yo‘q, onasi, Allohning sinovlari bu,— derdi xojasi, yana ketidan taskin berardi, — Shukr qil, shuncha yil o‘tib topishtirganiga, birovdan kam joying yo‘q, yana qaer, Payg‘ambar alayhissalom yurtlarda ko‘rishtirdi, topishtirdi, rizq-ro‘z, vatan o‘rniga vatan berdi, shukronasini qil.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:22:38

— Alhamdulilloh, alhamdulilloh, bu kunlarga kimlar yetdi, kimlar yetmadi. Men shukr etmayin, kim etsun.
Ular diyor tasvirlarini-da unutib, Allohga hamdu sanolar aytishar, bu kunlarga yetkazgani, hamma narsani chevarlik bilan chok-chokiga to‘g‘rilab, ularni qo‘sha qaritib qo‘yganiga shukronalar aytib, ado qilisha olmas edi.
Axiyri er ahli ayolining yuziga iltijo-la boqdi:
— Shoshma, onasi, biz o‘zimiz bilan bo‘lib, bizga shuncha yaxshiliklar qilgan, yurak yutib ajdahoning komiga borib kelgan bir kishini, uning mushfiq zavjasi, yolg‘iz yodgorini unutibmiz. Sen taqvosi zo‘r bir musofirsan. Sening duoing qabul. Shu mard birodarimu uning mushfiqasi haqqiga bir duo qilki, tokim qodir Alloh ularning ham uzulgan rishtalarini ulab, o‘zlarini topishtirsin. Judoliklariga chek qo‘yib, keng dunyoning biron yerini vatan tutib, yashamoqlariga imkon bersin. Och, qo‘lingni, tokim shular ham hamma qatori farzandlarining kamolini, rohatini ko‘rib, O‘ziga ibodatda qo‘sha qarisinlar.
— Yo‘q, yo‘q, adasi. Men Tangrining bir ojiza, shu diyorga kelib ibodatga tushgan bir gunohkor bandasiman, xolos. Ular haqqiga o‘ziz duo qiling. Siz necha yillarki, tahajjudizni uzmay kelayotgan kishisiz. Sizning duoingiz qabul. Ularga siz ro‘shnolik so‘rasangiz, shoyad Allohim ijobat etsa...

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:22:54

Ular bu mushfiqalarga ro‘shnolik tilashayotgan bir pallada qarangki, gung tasvirchi olgan tasmadan ajab tanish o‘rangan bir ayol suvrati o‘tib borar, uning ortidagi bo‘y yetgan yolg‘iz Yodgorini demasa, u bu go‘shada yig‘lab duo qilmoqda bo‘lgan Marg‘ubaga bir tomchi suvdek o‘xshab ham ketar, o‘xshamay ham qolar edi. Bu nima, ro‘yomi, haqiqat, har ikkalalari ham anglay olmay, alanglashib qolishgan edi.
Bu qanday karomat — ular bilisha olmas, bilishdan ham ojiz edilar. Bu pallada esa, boyagi o‘g‘il onasi quyib uzatgan choyni gung tasvirchiga ilinib olib bormoqda edi.
— Yo qodir Alloh, choy quygan u mushfiqa kimu uni notanish mehmonga ilinib olib borgan o‘g‘il kim?— deb yubordi azbaroyi to‘lqinlanganidan xojasi. — Nahot birodarimiz gung tasvirchi qiyofasida o‘sha yergacha yetib boribdi?! Yetgan ersa, bu ham bo‘lsa, Allohning so‘ngsiz marhamatidir, undan bo‘lak narsa emasdir. O‘ziga hamdu sanolar bo‘lsin, subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil aziym1, — deya oldi.
Shu daqiqada Vatan dog‘ida kuygan dillardangina Alloh sha’niga shunday hamdlar yog‘ilmog‘i mumkin edi, xolos. O‘zi dargohida qabul etib, har sanosini bir nurga aylantirsin oxiratda, ilohim!

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:23:06

14. Rozi bo‘l, Chaman...

«Uzr, Chaman, sendan beruxsat bir ishlar qilib qo‘ydim. Jo‘mardligim tutib, sarhad oshib qo‘ydim: diyorga yo‘l chiqib turgan ekan, tavakkali Xudo qildim. Vatan sog‘inchi, qavm-qarindoshlar ruxsorini bir ko‘rmoq, u diyorga intizorlik, ahli ayolim, yolg‘iz yodgorim oldidagi qarz — qo‘ymadi. Barcha-barchasi ustun keldi senga bergan va’dalardan, dim ketmoqdan, ne balolarni ko‘rgan bu aziz boshdan. Tavakkal qilmoq vaqti kelgan edi, o‘zimni Allohga topshirib tavakkal qildim. Mardni qilich ham olmas, shayton ham yo‘ldan urolmas, botirni Xudo ham asragay, degan gaplarga ishondim. O‘sha qora-quralarga yollanib bo‘lsa-da, jondan aziz yurtga kirib bordim.
Uzr, bu niyat, bu jihodimni sizlarga xabar berishi mumkin bo‘lgan pashshadan ham sir tutib, Alloh o‘zi kechirsin, Oltinxon to‘ram qavatlarida e’tikof o‘tirgani ketayotgan joyimda safarni ixtiyor ettim. Shunday — vatanga yo‘l chiqqanda — e’tikofdan ham kechmoq, ortga surmoq mumkin ekan.
Vatanni sevmoq iymon jumlasidandir dedilar To‘ram ham. So‘ngra yo xubbil vatan, deya yo‘lga chiqdik. Vatan havolaridan bir bora nafas olmoq uchun, sarhad ortida qolgan u azizlarim birini ruxsor ko‘rmoq uchun men har narsaga tayyor edim. Axiyri o‘sha qora-quralarga yukchi bo‘lib yollanishga, gung-soqov bo‘lib borib-kelishga rozi bo‘ldim. Rozilik ham gapmi, bora-borguncha, kela-kelguncha ularning poy-patagi bo‘lishga-da tayyor edim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:23:16

Bilmadim, Bahriddin ular bilan qanday tillashgan, qanday ko‘ndirgan, lekin men bu safar uchun gunglik ekan-ku, har narsaga rozi edim. Faqat ikki diyda—ikki qarog‘im ochiq bo‘lsa bas edi! Sarhad ortida qolgan u mushfiqam, u jabrdiydalarimni o‘z qarog‘im-la bir ko‘rsam, bu jahonda sog‘-omon ekanliklarini bilsam kifoya edi.
Chaman, bil, men ishontirib kelgan mushfiqam haqqi qaytib bormasligim mumkin emas edi. Ko‘rmagunimcha ko‘nglim joyiga tushmasdi. Tinchimasdim. Xabar berolmaganim-berolmagan, bormasam, holidan xabar olmasam keyin tongla Mahsharda Alloh oldida kim deb atalardim?!
Tushun, men qoidani buzib, seni abgor qilish uchun emas, osmon nikohi uzilmagan o‘z zavjam — oilamni deb, pushti kamarimdan bo‘lgan tirnog‘im — Yodgorimni deb bordim. Sen vatan sog‘inchi nima bilmassan! Vatan sog‘inchi nima, vatandan quvilganlardan so‘ra! U sog‘inch o‘rtab kelganda hamma narsa bir tomon, vatan ham bir tomon bo‘lib qoluvini, uning havolaridan bir bora nafas olmoq, suvlaridan bir qultumgina ichmoq jahondagi jamiki narsalardan azizroq bo‘lib qoluvini do‘stim, sen qaydan ham bilarding?! Buning uchun mening kuyimga tushmog‘ing, sarhadlarda kulbasiga yo‘lay olmagan it kabi darbadar daydimog‘ing, zor-zor yig‘lamog‘ing kerak, Chaman.
Uzr, men seni g‘aflatda qoldirdim. G‘aflatda qoldirib sarhad oshib bordim.

Qayd etilgan