Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127814 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:23:27

Meni siznikilar nima deb atasinlar-atamasinlar, xalqim kim deb o‘ylasin-o‘ylamasin, yurtim o‘zim uchun o‘sha-o‘sha azizdir, millatim o‘sha-o‘sha qadrlidir, men o‘lsam-da, undan kecha bilmasman, Allohning omonatini qaerda topshirmayin, o‘sha vatanimni, shu dinimni, o‘sha azizlarimni so‘nggi nafasimga qadar unutmasman. Mayli, elim meni quvg‘indi deb atasin, xalqim sig‘indi deb bilsin, men o‘zimni ular bilan etu tirnoqdek deb bilarman. Bu hijrat hammaga ham nasib qilavermas! Allohim bizni shu hijrat bilan sinabdi, taqdirlabdi, shunisiga ham shukr. O‘zi aziz qilgan yurtlarga yetkazmay, tili, dini boshqa bir yurtlarga itqitganda, o‘shanday Xudo qarg‘agan bir taraflarda do‘zax azobini totmoqni ravo ko‘rganida nima qilardim?! Yo bo‘lmasa, Tangritog‘ning o‘zida kelgindilar changalida qoldirganida dodimni kimga aytardim?! Jindek omadim borakanki, qaysibir ishlarim Allohga xush kelgan ekanki, bu yoqlarni ravo ko‘rdi, emin-erkin o‘ziga toat-ibodatda bo‘la oladigan diyorlarga yetkazdi. Payg‘ambar yurt-lariga qadamimiz tegdi, shukr.
Bilaman, sizlar anoyimassiz. Tuzumingizga xavf sola olguvchi har bitta mujohid-quvg‘indi qay mamlakatda nima bilan nafas olyapti, nimani diliga tukkan, dardi nima — hamma-hammasidan xabardor turguvchilaringiz bor, ko‘z-quloqlaringiz son ming. Shunchalar ustomonsiz. Lekin makringiz Allohning makri oldida hechligini bilmaysiz. Alloh istasa, o‘sha dushman tugul qush ham uchib o‘tolmassaltanatingizni bir kechada o‘tmishga itqita olishidan bexabarsiz. Shunchalar o‘zingizga mag‘rursiz, maftunsiz.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:23:34

Qolaversa, Chaman, men ham shu temirqo‘rg‘onning qanchalar mahkamligini bir sinab ko‘rgim keldi. Yo‘q, niyatim sizlarni dog‘da qoldirishgina emasdi. U dargohlarning ko‘ziga cho‘p solib bo‘lsa-da, azizlarimni ko‘rib kelish edi, qiyomat qarzdan qutulish edi. Hatto meni ola ketgan o‘sha zanji kinochilarning o‘zi-da mening kimligimni bilmasdilar. Plastik operatsiyadan keyin o‘zimni o‘zim tanimay qolganimni bilsang edi! Chaman, bilaman, sen bu ishimni oqlamasliging tayin. Shakkoklik deb atashing, ko‘ra-bila turib, dor tagiga borish, qilich damida yurib, sirot ko‘prigidan o‘tmoq deb baholashing mumkin. Lekin bu o‘lgisi kelgan mushukning arslon bilan o‘ynashuvi emasdi, yo‘q. Men o‘sha arslonning ko‘zini shamg‘alat qilgim keldi va Allohga tavakkal qilib edim, qodir Alloh mendek yolg‘iz jangchisiga nusrat berdi va men Allohning bir «qora quli» niyatimga yetdim.
Chaman, sen bu safarimni, yovuz arslon changalidan omon o‘tib, azizlarim panoh topgan bir yergacha borib, ularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib keluvimni, judo bo‘lgan diyorimizning tanish suvratlarini esdalikka tasmaga tushirib qaytuvimni sen shakkoklik deb sanama. Bu Xudoning marhamatidir. Bil, agar butun olam seni dushman sanab tursa ham yolg‘iz Alloh sen taraf bo‘lsa, butun olamning dushmanligi hechdir. Yolg‘iz Alloh o‘zi asragaydir. Men bilan ham shunday bo‘ldi, bir tukimni ham to‘kdirmay manzilimga qaytardi u.
Shu boisdan ham sen mendan xafa bo‘lishing o‘rinsizdir, Chaman. Qolaversa, ona shahrimizga borib, bir og‘iz o‘zimni bildirmaganimni, ko‘rgilarim kelsa-da, ko‘rishga harakat etmaganimni o‘zing tushunib yetarsan deb o‘ylayman. Bo‘lmasa, Kalkovuz bo‘yidagi u aziz go‘shaga bosh suqmoq, seni, Oyto‘ra xolamlarni ko‘rib, ziyorat etmoq, duolarini olmoq farz edi menga — seni, o‘zimni ayab (ayamasam bo‘lmasdi, hamma-hamma bilan senga dog‘ tushirolmasdim!) borolmadim. Ichlarim g‘urmishlab, ko‘rgim kelib yotsa-da, nafsimni bosdim, sindiroldim uning istaklarini!

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:23:44

Sen gina qilishga har qancha haqqing bor, so‘kishga haqqing bor. Ammo tushun, bu mumkin emasdi. Men yolg‘iz bir niyat bilan — u mushfiqam, u musofirginam, u qiyomatga qadar kutmoqqa rozi jabrdiydam ruxsorini sog‘inib, bo‘yi bo‘yimga yetib qolgan u yol¬g‘iz tirnog‘imizning chiroyi, kamoli-bastini bir qurgina ko‘rmoq uchun ham, har ikkalalarining holidan xabar olmoq uchungina ham kelgan edim. Kelmoq — qiyomat qarz edi, keldim. Men ularga biron nima qilib berolmasam-da, ko‘rmog‘im, hollaridan xabar olmog‘im o‘zim uchun farz edi. Sen muhojirlik nimaligini, ahli ayoli, oilasini tashlab, dunyo kezmoq nimaligini bilmaysan, darbadarlik alamlarini totmagansan. Yo‘lingga ko‘z tutgan mushfiqang, farzand-laring ko‘z oldingdan o‘tib ko‘rmagan.
Sen tushun. Zamonning zayli bilan men sarhaddan o‘tolmay qolganim bilan, musofir yurtlarda muhojir bo‘lib kezib yurganim bilan ahli ayolim, oilam oldidagi shariat zimmaga yuklamish vazifalar soqit bo‘la qolgan emas. O‘rtada osmon nikohi turibdi, guldek navjuvon farzandim bor, taloq ham tushmagan o‘rtaga. Ularning holidan bir qur bo‘lsa-da, xabar olmaslikka qanday haqqim bor?!
U sizning dahriylik asosiga qurilgan davlatingiz oila muqaddas deb dunyoga jar solgani bilan meni o‘z oilamga qo‘ysin-chi! Yoxud olib chiqib ketarimga ruxsat etsin-chi! Qo‘ymaydiyam, ruxsat ham etmaydi! Unga shariatimiz biz erkaklar zimmasiga yuklamish vazifalar bir pul. Men esam Alloh subhanahu va taolo amrini ilgari bo‘lmasa ham hozir ustun qo‘yaman, unga bo‘yin egaman. Chunki qiyomatda bu xususlarda qattiq so‘ralmog‘imiz bor. Shu vajdan ham o‘sha tong-la Mahsharda janobi Bosh qozi huzurida xijolatda qolmaslik uchun ham bu safarni ixtiyor ettim, Chaman. Ana endi tushungandirsan, men u quvilgan diyorimga ne maqsadda qora qul qiyofasida kirib, yana o‘sha qiyofada vatanni tark etganimni?! Bo‘lak ilojim yo‘q edi, mendan keyin birov jabr ko‘rib qolmasligi kerak edi. U diyordagilarga men jafo qilolmasdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:23:54

Agar Chaman, ixtiyor menda bo‘lsami, o‘zim bilardim nima qilishni. Afsus, ixtiyor bizdamas. Qo‘limiz ham kalta. Faqat senga bir iltijom bor. Yo‘lini topib u mushfiqam Mahfuzaga bir yordam qil. Sen chindan kirishsang yo‘lini topgaysan. Ming yillik birodarligimiz haqqi, qolaversa, Alloh roziligi uchun qil bu ishni. O‘ziga yarasha ajrini ham olgaysan, inshaalloh.
Gap shundaki, Chaman, balki men adashayotgandirman (ilohim, adashgan bo‘lay!), balki ko‘zimga shunday ko‘ringandir (ilohim, adash ko‘ringan bo‘lsin!).
O‘sha safar payti, Maqsudlarning  yangi joydagi hovlisida biz xabash kinochilar u xonadonni yutaqib tasmaga tushirayotgan kezimizda Allohning marhamatini qaraki, mening mushfiqam — izlagan kishilarim (Bahriddin xabar berganidek) o‘sha yerdan chiqib turibdilar. Ko‘rib, boshlarim ikki aylanib ketayozdi. Nazarimda dunyo ostin-ustun bo‘lib ikki aylanib keldiyov. Ular esa, dunyoning narigi bir chekkasidan kelgan biz mehmonlarni ko‘rib, ona-bola       pastki uy ayvonidan tushib kelishmoqda edi. Mahfuzam — to‘lishib durkun tortgan bir ayol, bo‘yi bo‘yiga tenglashib qolgan (qara-ya, o‘g‘limiz o‘smir yoshidan o‘tib, er yetib qopti, yelkalari barvasta tortib, onasining chin himoyachisiga aylanibdi!) o‘zidek ko‘rkam o‘g‘lining ortida yelkasiga qo‘l qo‘yib turar, boshiga men hech ko‘rmagan simobiyrang bir ro‘mol tashlagan va bo‘ynilariga dovur o‘ranib olgan edi, Chaman. Men uning bunday farishtalardek o‘rangan holda hech ko‘rmagan edim, orziqqanimdan, otini atab chaqirib yuborsam mumkin edi! Ammo so‘nggi damda tilimni tishlab qoldim. Men ovoz bermog‘im mumkin emasdi, bu diyorga gung tasvirchi qiyofasida yollanib kelgandim. Sirni ularga-da ocholmasdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:24:03

Alloh shunaqa paytda O‘zi to‘zim berarkan, Chaman. Esimni yig‘ib, sotib qo‘yishi mumkin bo‘lgan ko‘zlarimni tasvir apparatining ko‘zlariga bosganimcha qoldim... Ammo uni achchiq yosh allaqachon qoplab bo‘lgan edi, shuncha tikilmay hech nima ko‘rolmasdim! Shuncha urinmay u yoshlardan qutulolmasdim (ular tomchiga aylanib, oqib keta qolmasdilar!). Bo‘g‘zimga ham bir nima tiqilgan, go‘yo jon kushi yuragim birla potirlab chiqib ketmoqqa urinardi-yu, chiqib ketolmasdi. Peshonamdan esa marjon-marjon terlar yog‘ilardiki, qo‘yaverasan.
Ana shunda o‘zimga kelib ko‘rsamki, haligi yigitcha — mening Yodgorim bir piyolagina choymi, suvmi olib kelayotir. Uni kim berib, kim yo‘lladi deb qaragan chog‘imda, Chaman, nimani ko‘rdim! Boyaqish mushfiqam, qo‘lidagi choynakni ayvon chetiga qo‘yayotgan ekan. Shu tob qayoqdandir bahorning erka bir epkini kelib, uning simobiy ro‘molini yelkasidan ko‘tarib tashladiyu... bo‘yniginasining bir chekkasini ochdi-qo‘ydi.
Senga yolg‘on, Allohga chin, Chaman, men uning quloq yumshog‘i tegrasida tanish va notanish ikki bir narsani ko‘rib, taxta bo‘lib qolayozdim. Biri tangadek nori bo‘lsa, uning yonida... hech ko‘rilmagan oq dog‘ ko‘zga tashlanar edi...
Men uni shu holida tasmaga tushirishga tushirdimu hali yurak betlab ko‘rganimcha yo‘q, Chaman. Ilohim, men adashgan bo‘lay. U dard mushfiqamga yopishmagan chiqsin.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:24:17

Ammo men eshitganim bor muhojirlardan. Ayriliq dog‘iga uchramish ko‘p ayollar ana shunday dardga yo‘liqar emishlar va uning davosini izlab, bir amallab hajga kelar emishlar. Ibrohim alayhissalom va Hojar onamiz zamonlaridan qolgan zamzam va duo o‘sha oq dog‘larning yolg‘iz davosi, yuvib yuborguvchisi emish.
Mening mushfiq zavjamga ham bu diyorda nimaiki ilashmish — barchasi men tufaylidir. Oraga tushgan ul badbaxt hijron tufaylidir. Endi sendan yolg‘iz iltimosim, Chaman (shuncha qilgan yaxshiliklaringni bittasi!), uni bir evini qilib, hajga jo‘nat, darddan poklanib — haloslanib ketsin! Mahrami yo‘q, dema, o‘g‘limiz bo‘y yetib qopti, yoniga qo‘sh. Mendan qaytmasa, Allohdan qaytsin — shu iltimosimni uddalasang ulug‘ savobga qolgaysan. Va biz qiyomatda Parvardigorimiz huzuriga albatta yorug‘ yuz ila borgaymiz.
Rozi bo‘l, Chaman, umr bo‘yi senga yuk bo‘ldim.
Men yana Makkaga, Oltinxon to‘ram qavatlariga ketyapman. Niyat qilgan e’tikofim bor. Xayr, oshna, sog‘ bo‘l. O‘zi seni xifzu himoyasida asrasin.

Sultonmuroding.
Jidda».

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:26:18

U ch i n ch i  b o‘ l i m

JUDOLIK ZORI
YOXUD
DIYDOR QIYOMATGA QOLGAYMI?

1. Tavakkalchini Xudo asrar

Men hech yerga sig‘masdim.
O‘tgan ikki kun ikki yilga cho‘zildiyov!
Uchinchi kun shanba edi. Demak, erta o‘tib, indinga taqdirim hal bo‘ladi: yo ketaman, yo biron past ishga survorishadi. Harqalay, ayab o‘tirishmaydi.
Qarangki, men qilmishimdan pushmonga tushish o‘rniga turib-turib allaqanday g‘urur tuyib ketmoqda edim:
«Zab qilibmanmi, qaytarib berib?!»
Men kimga tortdim, oyimlargami yo... Sulton akamga— o‘zim tushunib yetolmasdim.
Harqalay mendan To‘ram taqsir yoki akamga o‘xshagan hukumatlarga ham bo‘y bermaydigan bir odam chiqmasa-da, so‘zimda tura olayotganim, Vatanini sog‘ingan bir vatanjudoga qayishib, uni hamma qatori so‘kib-netib, «o‘lgani» ustiga tepmayotganim o‘zimga yoqib tushmoqda edi. Mana shu g‘urur bo‘lsa kerak. Demak, g‘ururimga qarshi bir ish qilgim kelmapti. Bundan xursand bo‘lish kerak-ku, axir!
Ammo shu tobning o‘zida menga alam qilayotgan joyi ham yo‘q emasdi. Men o‘rtamiyona bir mirzo bo‘lsam — boshqa gap edi. Boshqa sohadan kelib ham, topshiriqlarni o‘rinlatib ado etib yuribman-ku. Birovdan tilim qisiq joyi yo‘q. Shundaki biz mirzolarning qadri shu bo‘lsa, kim ekanmiz biz? Buzoqning yugurgani somonxonagacha deganlaridek nihoyati yugurdak mirzo ekanmizmi biz?..
Turib-turib endi menga nasha qilmoqda edi! Nega o‘sha gap chiqqan kuniyoq ariza yozib, kiritib yubora qolmadim? Nimaga umid tutdim? Biron insofli odam chiqib, yonimga tushishigami? Himoya etishigami?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:26:54

Qachon Xudoga tavakkal qilishni o‘rganamiz?! Peshonamdan ko‘rdim, taqdirning yozmishidan ortiq nima bo‘lardi, deya olsam-ku — olam guliston edi! Qutulardim shu mashmashalardan! O‘sha kuni bosh muharrir oldida andesha saqlab jim turaverganim kelib-kelib endi o‘zimga ta’sir qilmoqda edi. Nega bunday qildim? Rostini aytib, qahriga yo‘liqqim kelmadimi yo? Ishqilib xokisor bir qiyofada jim yer chizib turganim yodimga tushib, o‘z-o‘zimdan g‘ijinib bormoqda edim.
Mening o‘rnimda akam nima qilardi?! Uzr so‘rab yo yalinib o‘tirarmidi? Hech qachon! Men esam, imilladim. Shart kesolmadim!
Menga mana shu mezon, akamni o‘z o‘rnimga qo‘yib ko‘rishim — qarangki, yoqib tushmoqda, bundan o‘zgacha bir g‘urur tuyib ketmoqda edim.
Uyga sig‘may do‘konning qorovulxonasiga chiqib borsam, shaxmatchilarning zo‘rlari Rasulbek akanikiga to‘y kelishi munosabati bilan yig‘ilishib qolishgan ekan. Birin-sirin «Assalomu alaykum»lab chiqib kela boshlashdi. Jang toza qizidi, lekin hech kim meni o‘tirgan joyimdan siljita olmasdi.
— Bu kimning alamini bizdan olyapti? Hammani pista po‘choqdek chaqib tashladi-ku, a? Birortang Shukrulloni chaqirib chiqsalaring-chi! — deb qolishdi.
— Shu turishimda Fisherni opkelsangizam qoqib tashlayman! Mirzolikni tashlab, o‘zimni shu o‘yinga bag‘ishlasammi, deb turibman-ku, — dedim yarim hazil, yarim chini bilan.
— Tag‘in Gorkiy bog‘iga tanda qo‘yib yurmagin, bor bisotingni shilib olishadi-ya, — dedi kimdir.
— Qimordan Xudo asrasin, — deb sekin tura boshladim. — Izzatim borida o‘zim joy bo‘shata qolay. Qo‘l bir kelib qoldi-da, akalar, — deb siporishladim. Aslida ishxonadagi anuv mashmasha yana yodimga tushib, kayfiyatim buzila boshlagan, o‘zim bu yerdan ham jilishga bahona izlar edim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:28:57

Qorovulxona hujrasida shuncha qolib ketibman, qaytib kelsam, vaqt peshindan og‘ib, hovlida kir yuvib o‘tirgan kennoyimdan bo‘lak hech kim ko‘rinmas, hammayoq yer yutgandek jimjit edi.
Qorin ham piyozni po‘sti bo‘lib ketgan ekan, sich-qonni inida qolgan qattiq non ham shirin ko‘rinib, u uydan bunisiga chiqib yursam, kennoyim oshxonadan ustiga talinka yopib, sochiqqa o‘ralgan kosa ko‘tarib kela boshladilar.
— Ovqatiz bu yoqda edu, Maqsudxon. Kelavurmadiz-kelavurmadiz, sochiqqa o‘rab qo‘yup edum, kelung, — dedilar dasturxon yozib.
— Rahmat, bular qani? — dedim ichkariga ishora etib.
Kennoyim nimagadir aytishga istihola qilib, yerga qaradilar:
— Kutup-kutup, ketishdu.
— Qayoqqa ketishadi? Hech gap yo‘q edi-ku, boya? — deya oldim.
— Siznu orqangizdanoq odam kelub edu.
— Odam?.. Nega keladi? — dedim hayron qolib.
Kennoyim yamlandilar:
— O‘sha o‘ziz bila ishlaydukan anuv kungu odam, mehmonlarnu boshlab kelgan-chu...
— Daroz bo‘ylik, shapkalimi? Nima deydi? — dedim ichim g‘urmishlab kelib: «Kim yuboribdi u kishini?»
Kennoyim «O‘sha-o‘sha», deb tasdiqladilar-u, u yog‘ini aytishga tillari bormay, oshxonaga oshiqdilar.
Mening ishtaham o‘lib bo‘lgan edi, u kishini yarim yo‘ldan qaytarishga tushdim:
— Shoshmang, nima deydi? Axir men o‘lgani ketgan emasman-ku, birpas kutmaydimi? Qolaversa, chaqirsa ovoz yetadigan joyda — hujrada edim-ku.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:29:52

— Bilmasam, Maqsudxon, gapuni eshitub, «menu oborchi-obor»lab qoldular kichigoyum.
— Yo‘g‘-e...
— «Xudo olsin ularni, Farg‘onasiga jo‘natarda kerak bo‘luvdi, endi Toshkanga sig‘may qoptimi»lab otlanaverdilar. «Sen obormasang, ana, kelinum oboradi» deb qaytmadular.
— O‘ziyam birgalashib ketdimi? — dedim bo‘shashib.
— Xudonu zoruni qildu, «Siz bormang, o‘g‘luz xafa bo‘ladu»lab. Eshitubam qo‘ymadular.
— U qilishibdi-bu qilishibdi, ishni buzishibdi-ku! — dedim ensam qotib.
— Unaqa demang, Maqsudxo‘ja, qaytuga kichigoyum ishizzu to‘rulab keladula, qarab turasiz, — deb kennoyim oshxona tomonga yuraverdilar.
Fe’lim aynib, kayfiyatim buzilib bo‘lgan edi, o‘tirarimni ham, oyimning orqalaridan yetib borarimni ham bilmasdim: Jo‘ra akamga ham Xudo bo‘y berib, aql bermagan ekan-ku! O‘sha gapni oyimlarga doston qilib ko‘tarib keptimi?! Koshki boshliqlar undan ko‘rishsa! O‘zi qilg‘ilikni qilib qo‘yib, oyisini jo‘natibdi, deb bir karra aytishadi. Bitadigan ishni ham bitirishmaydi. Lekin oyim ularni ko‘p mulzam qilgan bo‘lsalar kerak. Qaysi sho‘ri qurigan u kishiga ro‘baro‘ bo‘ldi ekan? Sirasini aytganda, oyimning borishlari mening sha’nimga yaxshi bo‘lmagan edi. Avval ayab, yon berishsa ham, endi ayashmaydi! Endi qolib bo‘lmaydi!
«Oyisini yuboribdi, zo‘r xotin ekan, advokatlar ham ip esholmaydi u kishining oldida», degan gap menga kerak emasdi.
Nima bo‘lsa bo‘ldi, Xudoning xohlashi shu ekan deb, o‘tirib «non-palov»ni tushira boshladim. U shunaqa xushxo‘r ediki, tavba, bunaqasi kamdan kam bo‘lardi. Yo kosada o‘rog‘liq turib, shunaqa ilikdek bo‘lib ketgan, yo o‘zim o‘lgudek ochqagandim. Ikkisidan biri.

Qayd etilgan