Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127821 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 ... 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:30:06

Kennoyim choy ko‘tarib kelib, uni qaytara boshladilar. Men boyagidan ancha tushganimni ko‘rib, u kishi tizzalarini sal yonga bukib, bir chiroyli ham omonatgina o‘tirdilar. Shoshmay choy quyib uzatib, mendan hol so‘ramoqchidek, mavrid kutib qarab qo‘ydilar. Men u kishiga sir boy bergim yo‘q edi, (kuymagani bitta men qolib edim!) lekin shu mahal u kishi yarim xo‘rsiniq ila tin oldilar. Menga achinib-kuyishlarini istamay ulardan ilgariroq otni qamchilab, gapni tamom boshqa yoqqa burdim:
— Yodgor qani, bir yerga o‘tib kelardik.
— Chiqib edu, uzoqub ketmagandur, chaqiraymu? — dedilar u kishi taraddudlanib.
— Men o‘zim shaxmatga alahsib ketibman. Olim akamning tomonlariga, baliq oviga o‘tmoqchi edik.
Kennoyim shu tobda ko‘nglimga shunaqa narsalar siqqaniga hayron qoldilar. Bundan o‘zim ham xijolatga tushib, siporishladim:
— Men unga yolg‘onchi bo‘lib qolmay, deyman-da...
Kennoyim tushunib, bosh silkidilar. U kishi To‘ram taqsirnikiga borib kelganimizdan beri, dam urib bergan zamzam suvlarini ichibmi, chiroylari hiyla ochilib, kamgapliklari qola boshlagan edi. Ammo hozir ko‘zlarini yerdan uzmay, tizzalarini silab o‘tirar, nimadandir istiholada edilar. Nihoyat:
— Tinchlikmu, Maqsudxo‘ja, ishingizda bir nima o‘tdumu? — deb yuzimga termuldilar.
 U kishi o‘zlarini ilgarigiday yaqin olib, ko‘ngil so‘rashlaridan boshimga dovur bir jimirlov yugurib, g‘alati tortib ketdim. Xo‘rlikmi, nimadir bosib kela boshlab, sarosimalandim:
— Yo‘q-yo‘q, shunchaki bir arzimas gaplar. Vahima qiladigan yeri yo‘q, — deb yolg‘onlashga tushdim-u, o‘zimning yolg‘onimdan o‘zim uyaliblar ketdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:30:27

Endi bildim, hammadan yashirsam ham, bu kishidan yashirolmas ekanman.
— Yo anuv kelganlar tufaylu... bir gaplar bo‘ldimu? — Kennoyim nimadandir xavotirda edilaru ochiq-yoriq ayta olmas edilar.
— Qaysi?.. — deya yalt etib betlariga qaradim.
— Anuv zanjularnu aytaman-da. Osmondan tushganday kelub ketganlar-chu?..
Men ko‘nglim buzilib kela boshlab:
— Shunga yaqinroq, — deya oldim.
— Qanaqasiga? — u kishi tashvishga tushib qolgan, hatto bir qadar menga o‘girilib olgan edilar.— Ruxsatsuz kelishgan ekanmu?
— Sizga qanday tushuntirsam?.. — deya chaynaldim, — asli gap ularda ham emas.
— Bo‘lmasa, nimudan vag‘z axtarishadur?
Endi ochiqroq aytavermasam bo‘lmasdi. Mendan begona emas, bu gaplarni tushunadigan, musofirlik nimaligini bilgan kishi so‘ramoqda edi.
— Bir vatangado... shahriga yashiriqcha, sayyoh qiyofasida kelgan ekan. Orqasidan bilib qolishib...— dedim.
— Voy, o‘lmasam, ushlab olushibdimu? Shuni yozasiz deyishdimu Sizga? — Kennoyimning yuzlari oppoq oqarib ketgan edi, ko‘rib qo‘rqib ketdim.
— Yo‘q-yo‘q, allaqachon chegaradan o‘tib ketibdi.
Kennoyim yengil tin olib, ko‘ksilariga «tuf-     tuf»lab qo‘ydilar:
— Hayriyat, Xudo asrabdu.
— Asrayman deganni tikan ham kirgizmay asraydi ekan, — dedim.
— Ilohumning o‘zi g‘amxo‘r,— deb turgan kennoyim yana xavotir aralash qarab qo‘ydilar. — Anuvlar-chu, ularam eson-omon o‘tub olushibdimu?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:30:40

Men bu gapdan esim og‘inqirab, u kishining betlariga termuldim:
— Nega unday deyayapsiz, kennoyi?
U kishi javob o‘rniga ham ko‘zlarimga tikilib qolgan, sirli bir narsani so‘ramoqchidek yo bo‘lmasa, men ham o‘sha sirdan voqifligimni bilmoqchidek ko‘zlarini uzmas edilar. Men esam bunga sari o‘sha haqiqatni anglab borayotgandek boshim gir-gir aylana boshlagan, ichimdan bir hapriqish qaynab chiqmoqda edi. Axiyri u kishi allatovur yoshlanib, kiprik qoqsayoq, duvillab to‘kilib berishga tayyor ko‘zyoshlarini yashirishga urinib, etaklarini silashga andarmon bo‘ldilar. Andarmon ekanlar, allaqanday to‘lib-to‘liqib yorildilar:
— Sizga yolg‘on, Xudoga chin, Maqsudxo‘ja, o‘sha kundan beru mijja qoqolmayman. Qoqdum deguncha akayiz ko‘runaveradular. Bilmasam, nimudan?
— Qanday, kennoyijon?.. Biron narsa sezgandaymi ediz?
— Yo‘q-yo‘q, o‘sha vaqutda hech narsa xayolumga kelganu yo‘q, sezganum ham yo‘q, — deb u kishi bosh to‘lg‘ab edilar, qaroqlarida ilinib turgan yosh bilaklari aralash xontaxta ustiga duv to‘kilib berdi-da, qaybirlari oq dasturxonni, qaybirlari yengini xo‘l etib, yana qaybirlari kafti ortini o‘pib qoldilar.
Sezmagan bo‘lsalar, nega yig‘laydilar, ko‘zyoshlarini to‘xtata olmaydilar? Balki biron narsadan?..
— Yo biron narsadan shubhalangan joyiz bormi? Shundan beri tinchiz yo‘qmi?
— Unday ham... bo‘lganu yo‘q, — deb yerga qaradilaru etaklarini silab, ko‘rpacha ustidan ushoqlarnimi, bir narsalarni terindilar. Ishqilib ko‘zimga qaray olmas, qarasalaroq o‘pkalari to‘lib ketayotgandek edi. Sezib turibman, nimanidir aytolmayaptilar. Istihola qilyaptilarmi?.. Mendan tortinsalar, kimga aytadilar?
— Aytaversangiz bo‘lardi...
— Nimanu, Maqsudxo‘ja? — U kishi yalt etib betimga qaradilaru, ginamni tushunib, nigohlarini olib qochdilar. — O‘shandan beru tinchumnu yo‘qotganumni aytasizmu?
— O‘zidan o‘zi... shunday bo‘lmas...

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:30:55

Kennoyim qaynarbuloq ko‘zidek qaroqlarini kaft¬larila artib, iymanibgina qarab qo‘ydilar.
— Bilasizmu, — dedilar axiyri o‘ksik bir ohang-da, — O‘sha kunu birov sezub, birov sezmagan bir sinoat o‘tganuday bo‘lib edu...
— Sinoat?.. — deya azza-bazza o‘nglanib oldim men.
— Shunga yaqunroq, — deb u kishi yana qayta xayollanib qoldilar.
Qistashga tushdim:
— Menga aytmasangiz, kimga aytasiz?! Siz yashirmang, kennoyi.
Kennoyim norining qizili yuzlariga yoyilib, uyalibgina qarab qo‘ydilar.
— Balku men adashayotgandurman. Menga shunday tuyulgandur. Asli unday ham emasdur...
— O‘sha Sizga qanday tuyulganini ayting, yashirmang, — deb o‘tina boshladim. Yodimdan esa, Jo‘ra akamning: «Maqsud, u xabash bo‘lsa ham bizdan tuzukroq ekan», deganiyu Terakli ota oldidan o‘tayotib kishibilmas yuziga fotiha tortgani ketmayotgan edi. Shunga o‘xshash harakatlaridan biron narsa sezib qoldimikanlar, kennoyim ham?..
— Rostuni aytsam, Maqsudxo‘ja, o‘shalardan bittasu juda g‘alatu edu. Eslasam, halugacha yurakum titraydur...
— Qaysi bittasi? Tushuntiribroq aytavering siz...
Kennoyim ikkilanibgina yuzimga qarab qo‘ygandilar, men yana qistadim:
— Siz yashirmang-da...
Shundagina u kishi titranib tin oldilar:
— O‘sha boshiga tuyaqush patudan tojmu-nimu taqub olganu... aylanadu kelub biznu suvratga olar, aylanadu kelub apparatuning ko‘zidan tikular edu...
 — Sizlar kim? Yodgor bilan Siznimi? — dedim yutoqib.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:31:32

— Ha-da, o‘zi marjon-marjon terga tushub ketuptu. Rahmum kelub, Yodgorumdan bir piyolagina choy berub yuborsam, gung-soqov odam — qo‘luni ko‘ksiga qo‘yup... g‘alatu qarab turuptu... O‘sha qarash...dan, Maqsudxo‘ja, etlarum simillab ketsa deng! Keyungisi undan o‘tub tushgan edu.
— O‘tib tushgan edi?.. Qanday? — Men lolu behol qolgan edim.
— Keyun shoshub qolub, kaftuni kaftuga juftlab hindulardek ta’zum etsa, akangizning bir odatlaru yodumga tushub — esum og‘ub qolayozdu. U kishi shunday xayrlashur edular...
Ana, xolos! U qora-quralar bizni tomonlarda nima qilib yuribdi — eskiyu yangi hovli-joylarimizgacha borib, deb o‘tiribman! Papauslar yo‘lboshchisi qiyofasida kelgani — akam bo‘lsa agar — hammani toza dog‘da qoldirib ketibdi-ku!..
— Keyin-chi, keyin? Ketayotganida-chi?— dedim yuraklarim hapriqishga tushib.
Kennoyim nochor jilmayib, yer chizdilar:
— Shuncha kutdum, zora qaytarsalar deb, ammo sir bermadular. Balki menga shunday tuyilgandur. Ular ham emas, chin habashlardur. Yana Alloh biladu.
— Albatta, Alloh biladi, unga ma’lumroq. — dedim turib-turib. — Lekin bilasizmi, men uning o‘rnida... boshqa ish qilgan bo‘lardim!
— Qanday?! — dedilar kennoyim hayron qolib.
Men u kishini hayron qoldirganimdan g‘ururlanibmi, o‘zimda yo‘q quvonib, xontaxta ustiga shappaladim:
— Shundan shu yoqqa shuncha berk sarhadlardan o‘tib kelibam o‘zini tanitmagan odam... qo‘riqchilarning ko‘zini shamg‘alat qilib, bir kechaga kelib ketolmasdimi?! Men uning o‘rnida tavakkali alalloh, kelardim!

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:32:08

Kennoyim ko‘zlari chaqnab, betimga qaradilaru shu zahoti ikki yuzlari lov yonib, yer suzib qoldilar. Lablarining cheti jilmayinqirab qo‘shdilar:
— Sizam, Maqsudxo‘ja, qarab turub kimga o‘xshab ketopsiz?! Tuproqlariz bir yerdanmi, tavba...
— Qani edi, u kishining tirnog‘iga o‘xshasak... — deya oldim.
— Inshaalloh, deng undan ko‘ra, — dedilar kennoyim.
— Aytaman ham!.. — dedim.
Chindan g‘alati edi! Uchqur otlar, Barzan singari qanotli, dovruqli otlar uzoqdan — hali bir-birlarini ko‘rmay turib, hid olgan zahotlari soy-qirlarni jangillatib kishnab yuborganlari singari edi mening ham bu holatim!.. «Qani edi, qani edi», derdim.
Nima bu? Nimadan belgi? Hid olgan bo‘z otlar kabi qaydan ichimga bir turluk g‘alayonlar tushib, o‘zimni tanib qoldim? Kishnab yubordim?!.
Darvoqe, bo‘z otlar nega kishnaydilar? Judo bo‘lgan diyorlarnimi, nimani sog‘inib kishnaydilar? Uchqur sheriklarini qayon chorlaydilar?..
O‘zim tushunolmasdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:32:42

2. Osmon yiroq, yer qattiq bir kunda

Men chindan hech yerga sig‘masdim.
Oyim qaytishlarini kutib, ko‘chaga necha bor chiqib keldim: kun asrga qarab ketyapti, ulardan darak yo‘q. Yodgor ham qayoqqadir to‘psurarga jo‘nab yuboripti. Qaytsayoq «polkovniklarning sobiq bog‘i»ga o‘tib kelarmidik.
Shu bahona Olim akamga ko‘rinib, yorilgim bor. Qolaversa, u To‘ramning iltimoslari bilan qayoqqadir ketgan. Salt-svoy odam o‘ziga har xil yurishlar topib olaverarkan-da!
Bu yoqda qancha voqealar o‘tib ketibdi, u kishimning yurishlari bunday.
Ilgari yuragim bunaqa tor emasdi. Orqaga tashlay bilardim. Endi manavi mashmashalar tufaylimi, na uyga, na ko‘chaga sig‘ardim.
Nihoyat, ko‘cha eshik oldiga mashina kelib to‘xtab, ular tushishdi. Men «suyunchi»lab chopgan bolakaydek yugurib chiqishni o‘zimga ep ko‘rmay, hovlida «kuymanib yurgan» edim, darvozaxonada oyimlarni qo‘ltiqlagan ayolim ko‘rindi. Oyim xorib-charchaganlari ustiga juda ham tund ko‘rinar edilar.
Ana xolos, hech ish chiqarolmay qaytishibdi-ku!.. Bundan o‘z izzatlarida turib, bormaganlari ma’qul emasmidi! Lekin buni shu tobda u kishiga qanday ayta olasan?! U kishi mening uzoqdan bergan salomimga alik olib-olmayin (olsalar ham damlari ichlarida) ichkari kirib ketdilaru o‘lan ko‘rpachalariga cho‘zila qolib:
— Voy, moshin bo‘lmay ordona qolsin, shaldiroq aravaning o‘zi ekan-ku. Siylagani shu bo‘lsa... — dedilar.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:34:29

«Siylaydi-ya, siylaydi! Qutulish uchun bergan! Shuniyam tushunmadizmi», degim keldiyu, qani og‘iz ocha olsam... Men ich-ichimdan u kishidan xafa edim. Bir og‘iz so‘rasalar-ku, aytaman-a! Ish pishgan, yalinishga arzimaydi deb! Endi nima bo‘ldi? U kishining yuzidan o‘tolmay kichikroq bir ishda qoldirishganda ham ming yilgacha ko‘zimni ochirishmaydi-ku. «Vo-oh, buning zo‘r oyisi bor ekanmi? Advokatlar ham ip esholmaskan» degan qochiriqlari kimga kerak?! Bir kun emas, bir kun bo‘shab ketishim tayin.
Shu tob ayvon qoshida ayolim ko‘rindi:
— Adasi, shofer so‘ravotuvdi, ko‘rinib qo‘yasizmi?
— Bir kami shu qoluvdi.
Men to‘ng‘illay-to‘ng‘illay chiqib borsam, o‘zimizni «jujurka» shoferlaridan ekan. Yaqin olib, ko‘ngil so‘ray ketdi:
— E, sizzi oyizlami? Zo‘r ekanlar!..
Ana, aytmovdimmi?!. Halitdan boshlandi!
Men uyatdan yerga kirgudek zo‘rg‘a ming‘irladim:
— Menga aytmayinam ketvorishipti: bular boradigan ishamasdi...
— Shunday deysizu... bir hisobda yaxshi bo‘ldi! Bo‘lmasa, qulog‘izzi ushlab ketuvdiz.
Men uning betiga tik qaradim:
— O‘sha ketganim yaxshi edi bundan.
Shofer sergak tortdi:
— O‘x-o‘, g‘ururing zo‘r-ku?! — dedi u sensirab ham yaqin olib.
— Birovdan qarz oladigan joyim yo‘q, — dedim kamiga. — Nima, oyoqlarini o‘pib, kechirim so‘raydigan ish qipmanmi?!.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:34:40

Men azza-bazza qaytib kirib ketishga hozirlangan joyimda u orqamdan kelib, yelkamdan quchdi. Keyin o‘ziga qaratib:
— Shu g‘ururingni mahkam tut, hali yana o‘sib chiqasan, ko‘p maqolalaringni o‘qiymiz, omon bo‘l, — dedi.
Ichimda «Bu boshqa gap», dedim-u, ammo o‘zim sir bergim kelmasdi.
Keyin u ketdi, men o‘z izzatimda qola bilganimdan xursand edim. Hatto oyim ularni qanday sindirib kelganlarini... so‘rab o‘tirmadim. So‘raydiganim ichkarida edi, o‘sha ichkariga kirib boraverdim. Saida allaqachon ko‘chaligini uylikka almashtirib bo‘lgan ekan, kirishimdan bo‘ynimga osilib olib, yig‘ini boshlab bersa, dovdirab qopman.
— Ha, nima bo‘la qoldi, oyim osmondalar-ku? — dedim uni bag‘rimdan uza olmay.
— U kishini avrab yuborishdi. Asli zig‘ircha rahm qilishgani yo‘q, adasi, — deb u xo‘rligini yutolmay battarroq bag‘rimga yopishdi. — Endi nima qilasiz, jo‘javirday jon bilan ko‘chada qolavurasizmi?
Yorilolmay turgan edim, shu bir og‘iz so‘z kifoya bo‘lib, uni devorga suyab qo‘ya qoldim:
— Hov, ko‘chada qolishimni bilgan! — derdim ikki yelkasidan silkilab, — senga kim aytdi o‘shalarga yalinib borsin deb?! Kim aytdi, oyimlarni boshlab borsin deb?! Ular hamiyatni biladimi!
Ayolim aybini sezib, bo‘shashib tushdi:
— Oyim... qo‘ydilarmi, adasi.
— Sen kimga tekkansan? Mengami, u kishiga? Mendan beruxsat shu uydan bir qadam jilishga nima haqqing bor?..
Narigi uydan oyimning zardali ovozlari keldi:
— Hoy, Maqsudxo‘ja?!
Noiloj past tushib, chiqib bordim:
— Nima edi, oyi?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:37:58

U kishi jahldan tushmagan ekanlar, birvarakayiga eshitib oldim:
— Dard edi! Isaning alamini Musadan olguncha, mana, mendan so‘ramaysanmi? Qilg‘iliqni qip qo‘yib, kimga zaharingni sochyapsan!
— Nima qilg‘iliq, oyi? Men xohlamadim, xolos. Aybim shumi?
— Moshin yuborib, chaqirtirib olishar balki?! Shuni kutayotgandirsan?
Bu gap suyak-suyagimdan o‘tib, to‘ng‘illadim:
— Ko‘chada qolmasman...
— Qolib bo‘lganakansiz! Tag‘inam insof qilishdi.
— Insof? — Men yalt etib yuzlariga qaradim. Buni qanday tushunishni bilmasdim.
— Ana, xotiningdan so‘ra. Allaqaysi bir jo‘rnalgami, nimaga yuboradigan bo‘lishdi, — dedilar g‘oliblardek qo‘l to‘lg‘ab.
Ichim shuv etdi! Nazarimda ko‘ksimda bir narsa uzilib tushgan edi! «Ana, xolos! «O‘zTAG»1ga ham arzitmabdilar-ku?!» U o‘lsa o‘ligi ortiq, hamma «urilgan zo‘r»lar, qalami o‘tkirlar jo‘natiladigan joy edi. Unga hamma ham yetisholmasdi. O‘shani ham ravo ko‘rishmagan bo‘lsa, qay go‘rga jo‘natishmoqchi ekan?
Men yalt etib, ayvonda qolgan xotinimga qaradim. U yoshli ko‘zlarini chetga olib, yer suzgancha titranib turar edi.
— Aytavur, — dedim yanib, ham ayama degan kabi,— tilga olishga ham uyatli emasdir.
Uning bo‘g‘zidan bir og‘izgina so‘z uchdi:
— Koshkiydi...
Men shundagina nima gapligini anglagandek bo‘l-dim.

Qayd etilgan