Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127735 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:53:37

Opoy xayrlashib ham ketdi, lekin biz g‘aroyib xatg‘ilofning orqa-o‘ngini tomosha qilishdan o‘zimizni tiya olmasdik.
— Qattun ekan, amaqu?
— Bilolmadim, — dedim rostiga ko‘chib. — Ma, sen ko‘r-chi, balki sening tishing o‘tar harflariga.
U ko‘rib turib, bir dikonglab qo‘ydi:
— Ie, amaqu, Turkiyadan-ku. Katta amaqum, Olim amaqumdan emasmu?
— Qaerdan bila qolding? — deb xatni uning qo‘lidan tortib oldim. Bu gapdan o‘zim ham bir hapriqib tushgan edim.
— Ana, To‘pqopu. O‘shaning ramzu. U Turkiyadan bo‘lak qaerda ekan?
— Aqling balo! — dedim uni quchib ham suyub, keyin yelkasiga qoqib, — Shuniki bilibsan, tuf-tuf ko‘z tegmasin, bizdanam uzoqqa borasan, — dedim sidqidil. Negadir men uni shu tobda akamga mengzab yuborgan edim. Shundanmi, ko‘zlarimga jindek yosh ham kela qoldi, buni yashirgan kishi bo‘lib, kuraklarini siladim. — Sen haqsan, Olim akamdan bo‘lak kim ham bizga u yoqdan yozardi.
O‘zim esa, xatni ocharimni ham, ochmasimni ham bilmayman. Ochay desam, u yoqda pochcha, mehmonlar o‘tirishibdi. Ochmay desam, ichim g‘urmishlab yotipti: «U yetib bordimikan, akamni ko‘rdimikan? Ko‘rgan bo‘lsa, qachon qaytadi ekan?» Bilgim keladiki, nar-yog‘i yo‘q.
Balki opkirib, mehmonlarga ko‘rsatish kerakdir? Suyunchi olish kerakdir?! Ularga bundan ortiq yana qanday xabar kerak?!
Shu tobda kallam o‘qdek ishlab keta qolgan edi:
— Sen kir-da, ayangdan, oyimlardan suyunchi ol! Men mehmonlarga aytay, — deb Yodgorning kiftiga qoqdim. — Olim akam bekorga xat bitadiganlardan emas! Adangni topganki, yozgan. Chop! — dedim karomatgo‘yligim tutib.
O‘zim esa, shunday ekaniga zarracha shubha qilmasdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:53:50

9. Qiyomatga qolmagan diydor yoxud Alloh rozi bo‘ladirgan bir ziyorat

Maqsud, mening jondan aziz xolavachcham, ona o‘rnida onalik qilib, boshimizni silagan bir kishining yolg‘iz chirog‘iyu ishongan bog‘i. Yolg‘iz sen mening hozirgi holimni tushunishing mumkin, anglashing mumkin. Shu bois o‘zingga yorilgim keldi, to‘kilgim keldi. Yolg‘iz sengina buni tushunasan. Boshqalar mingdan birini anglamasliklari, tasavvur eta olmasliklari mumkin.
Shuning uchun qaytib borgunimizga qadar sabrim chidamadi. Qolavursa, biz bu yerda jindek ushlanib turadiganga o‘xshaymiz. Bu diydorlashuvni tashkil etib, uyushtirgan turkiyalik birodarlarimiz — diyo-nat ishlari vaqfining xodimlari har ikki tomon uchun aziz kishilarning bir-birlariga to‘yib olmoqlari uchun bu diyorda yana biron hafta turib qoluvimizga imkon bermoqdalar. Bunaqa mehmondo‘stlikni, ota yurtdan kelib qolishibdi, deb azizlashlarini, boshga ko‘targudek bo‘lishlarini men shuncha dunyo kezib, hech yerda ko‘rgan emasman.
Bular hammasi balki Oltinxon to‘ram sharofatlari tufaylidandir. U kishini bu taraflarda pir darajasida ko‘rib, azizlashar ekan. Qaraki, din Arabistonning qaqroq yerlariga tushibdiyu u bizning   diyorlarda ushlanib qolgan ekan: o‘z diyoriga sig‘magan Oltinxon to‘ramdek bir mudarris bu diyorlarda shunchalar izzat-ikrom topib pir darajasiga yetibdilar. Aql bovar qilmaydi. Lekin biz, Maqsud, chin haqiqatni ko‘rib turardik. Chindan barcha izzat-ikrom Alloh huzurida ekanki, uning yo‘lini mahkam ushlagan darbadar bir vatanjudo qulini o‘zining diyoridan yaxshi bir diyor bilan taqdirlab, ilgarigi izzatidan baland izzatlar bilan mukarram etibdi. Yuzlaridan nur yog‘ilgan u kishini ko‘rib, rostini aytsam, Maqsud, ko‘ksim to‘lib, bag‘rim uzilib-uzilib yig‘lagilarim keldi. Nahot shunday odamlar bizning diyorlarga sig‘masa?!.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:54:00

Uzr, Maqsud, muddaodan jindek ilgarilab ketdim.
Men senga avvalo, Turkiyaning Odana shahriga qanday yetib kelganimiz, bu yerdagi diyonat ishlari vaqfi xodimlari bizni qanday kutib olib, Saudiyadan yetib kelib, sabrsizlik ila kutib yotgan To‘ramdek azizlarimiz bilan qanday uchrashtirib-ko‘rishtirganlarini yozmog‘im kerak edi. O‘shanda barcha-barchasi tushunarli bo‘lardi, oydinroq tasavvur etarding. Rostini aytsam, dunyo dunyo bo‘lib, bunaqasini ko‘rmagandir.
Qolaversa, Maqsud, qiyomatda amallar taroziga qo‘yiladirgan pallada tosh bosadigan yolg‘iz amalim shu bo‘lsa kerak. Esingda bo‘lsa, bu — hov anavi Umarjon akaning tepasi yonida, hamma ko‘chib-ko‘chib ketib, yolg‘iz o‘zi qolgan, buzilayotgan uylardan nodir kitoblarni terib kelib, bir boloxona kitob yig‘ib qo‘ygan Sutchining ishiga o‘xshab ketyapti. U ham umrida yolg‘iz bitta tosh bosadigan ish qilgan — otamizni surgun yeridan bemalol toat-ibodat qilish mumkin bo‘lgan bir diyorga o‘tkazib qo‘ygan edi. Men u darajada jon hovuchlamagan bo‘lsam-da, bu ishga savob umidida bosh qo‘shganimdan o‘zim terimga sikmay ketayotirman. Zora Alloh shu niyatimni o‘sha kunda hisobiga olsa! Niyat ota bilan o‘g‘ilni topishtirish edi, topishtirdik, Maqsud.
Bunaqasi kam bo‘ladi. Barcha tingchilaru «quloq»larni dog‘da qoldirib, bunaqa uchrashuvni tashkil etish hammaning ham qo‘lidan kelsin-chi! Kelmaydi. Kelishi uchun Alloh iroda etib, panohida saqlamog‘i kerak.
Shunday qilib desang, mezbonlarimiz borgan kunimizning ertasiga:
— Uzr, ota yurtdan kelmish azizlar, bu kun sizni bahavoroq otelga ko‘chirgaymiz. Ma’zur tutgaysizlar bir yo‘la olib bormaganimizga,— deb qolishdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:54:12

Bordik.
Ular oldida Ovruposi ip esholmay qopti.
Shunaqa orasta, shunaqa osudaki, Maqsud, biz kamida bir asr orqada qolib ketgandekmiz. Bunaqa sharoitli imoratlar qurishimiz uchun diyor o‘zimizga qolishi, biz dunyoga chiqishimiz, dunyoda tenglar ichida teng sanalishimiz kerak. Ungacha birov qayg‘urmaydi bizga.
Xonalarga joylashib, yuvinib-taranib bo‘lib edik hamki, bir piyola choyga deya qush sutidan bo‘lak hamma narsa muhayyo etilgan stol yoniga nonushtaga taklif etishdi.
Men-ku bunaqasini ko‘p ko‘rganman. Ammo esini tanib qishlog‘idan narini ko‘rmagan, daladan beri kelmagan hamrohim dovdirar, hech qovusha olmas edi. Bizda bir piyola choyni ham iloji bo‘lsa, o‘tirib-xotirjam ichadilar. Bu yerda ko‘ngil tortgan narsani o‘zi olib yeyish, yeganda ham tik turib tanovul qilish kerak edi.
O‘ttizdan endi oshib-oshmagan hamrohim — To‘ram diyordan hijrat etganlarida onasining qornida qolgan farzandlari bu taomillarga ko‘nikolmay, og‘ziga ushoq solishdan ham tortinib turar, boya aytganimdek, hech qovusholmas, o‘zining bu holidan xijolatlarga tushib borar edi. Shuncha qistashimga qaramay, u choy ichmadi, choy uni ichdiyov.
Shu orada mezbonlardan biri kelib, hamrohimga sezdirmay, qulog‘imga shivirlay ketdi:
— Endi ul zotning ziyoratlariga kirgaymiz, tayyormisizlar?
Men dabdurustdan anglamabman. Hovliqib qolib:
— Kimning huzuriga? — dedim.
— Pir to‘ramni. U kishi sizlarni intizor-intizor kutadirlar, — dedi u.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:54:24

Shundagina o‘zimga kelgan edim:
— Unday bo‘lsa, mozorbosdi sovg‘a-salomlarimizni olvolaylik.
— Yaxshi-yaxshi, ola kelishamiz, — deb bizga ergashdilar.
Yo‘lakay hamrohimga shipshidim.
— Vatandan esdalik deb bervorishgan narsalarni olvolar ekanmiz.
U kelayotgan yerida bir cho‘chib tushdi. Hatto to‘xtab qoldi, desam to‘g‘riroq bo‘lar.
— Nima, ular shetta ekanlarmi? — dedi hayratga tushib. Uchrashuv joyi shu deb kutmagan ekan, dovdirab qolgan edi.
— Ziyoratlariga chaqirishayapti, bardam bo‘lavering. U kishi sizning padari buzrukvoringiz bo‘ladilar, — dedim yelkasiga qoqib.
— Siz... siz ilgaridan bilasizmi? — dedi u yuzlarimga termulib. Nega ilgariroq aytmadingiz demoqchi bo‘lar edi u.
Men uni suyib, sekin bag‘rimga tortib qo‘ydim:
— Yo‘q, og‘ayni, — dedim yana ham yaqin olib, — dovruqlarini ko‘p eshitganmiz, — orqasidan qo‘shib qo‘ydim. — U kishining ziyoratlariga yetolmaganlar qancha, oshiqqanlar qancha. Ammo bugun u kishi sizni intizor-intizor kutadirlar. Axir tug‘ilganingizdan beri ko‘rmaganlar, to‘g‘rimi? — Qarab tursam, bu gaplardan uning ko‘zlari yoshlanib-yiltirab bor-yapti. Yelkasidan quchib xonaga boshlay qoldim. — Yuring, yuraqoling, unday zotlarni mahtal qilmoq mumkin emas.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:54:32

Mozorbostiga Arslonbobning asaliyu Quvaning anoridan, yana «churukchopon» deb atalmish qovunlar olvolgandik. To‘nu sarupolarimiz bor edi. Barchasini ko‘tarib, bizni dahliz atalmish, lekin xonning salomxonasidan qolishmaydigan bir xonaga olib kirdilar. Sovg‘alarimizni qo‘yib, yuraklarimiz potragancha kutib turibmiz, ichkariga xabar qilgani kirib ketgan diyonat ishlari vaqfining xodimi esa qaytib chiqa qolmaydi.
Dunyoda yana shunday orziqib kutilgan bir boshqa ziyorat bo‘lganini eslay olmayman, Maqsud. Ammo biz qay birimiz oldin, qay birimiz keyin kirarkanmiz deb, ichimiz tushib turarkanmiz, haligi turk birodarimiz ostonada ko‘rinib, imlab chaqirdi:
— Afandim, siz kiring, harna hazratim hovrdan tushsalar. Dilbandlarini to‘sindan ro‘baro‘ etmayluk, — dedi u shivirlab.
Men esam ul zotning huzurlariga qanday mujda bilan kelganimni bilsam-da, qanday sarupo yoxud diyordan esdalik ko‘tarib kirarimni bilmasdim. Shoshib qolganimdan qo‘limga ilingan narsani olvolibman.
Tanishtirguvchi turk birodarimiz xuddi xonning xudaychisidek eshikdan o‘tiboq, ta’zimga egildi:
— Hazratim, diyordan mujdalar ila kishi kelmish. Muftiy janoblari ham To‘ram taqsirning elchilari kirishga izn so‘rarlar...
Va men qo‘limda bir shisha bol ila kirib bordimu xona o‘rtasiga ham yetmay to‘xtab qoldim. Ajab sinoat. Taxt misoli ishlangan (balki menga shunday ko‘ringandir) yumshoq divanda lo‘la bolishu par yostiqlar ichiga ko‘milgancha Hizrdek nuroniy bir qa-riya — uzun yuz, cho‘qqi soqolli mo‘ysafid yonlariga engashgan kishining tushuntirishlariga some bir holda o‘ltirar, yuzlaridan yog‘ilayotgan nur o‘sha chiroyli kuzalgan oppoq cho‘qqi soqollaridan chiqarmi va yo boshlaridagi simobiy oppoq salladan taralarmi, ajratib bo‘lmas edi. Kishi chehrasidan shunchalar tiniq, shunchalar oydin nur yog‘ilishiga — aql bovar qilmas edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:54:45

Ul zot yonlaridagi kishining tushuntirishi bilan qo‘llaridagi hassaga tayanib tura boshladilar ham, men o‘zim sezmagan holda oshiqib borib, tiz bukmoqqa va barlarini o‘pmoqqa intildim. Salom berganim ham esimda.
Ul zot chiroyli alik olib (hozir ham quloqlarim ostida turibdi u kalom: va alaykum assalomu va rahmatullohi va barakotuhi va solavatullohi alayh. Yanglishmasam shunday edi), o‘zlari chap qo‘llari bilan qo‘ltig‘imdan olib, turmoqqa ishora etardilar. Qo‘llari biram yumshoq, biram haroratli, uzmasalar derdim. Oxirgi marta Tangritog‘da shunday qo‘l, shunday kaftga yo‘liqqan edim. U ham bo‘lsa, yo‘qotib topganimiz eshon dadamizniki edi. Mana hozir shunga o‘xshab, qarshimda go‘yo rahmatli dadamiz turgandek edilar.
— Turing, o‘g‘lon, yukunmoq nechun, biz ham banda. Bo‘ylaringizdan o‘rgilay, sizdan yurt bo‘ylari ufuradir. Ruxsat eting, bag‘rimga bosib to‘yay, o‘shal bo‘ylara.
Men qo‘limdagi asaldonni hamsoyalarigami, kimga tutqizib ulgurib, o‘zimni ul zotning ixtiyorlariga topshirdimu allaqanday yumshoq ham yoqimli bag‘irga singib bora boshladim. Faqat odam o‘zini xirmonda, oftob nurlarini emib yotgan momiq paxtalar ichiga tashlabgina, yo bo‘lmasa, onaizor bag‘riga yopishibgina shunday hislarni tuymog‘i, osmonlarda pardek uchib yurmog‘i mumkin edi, Maqsud.
Men shu holda edim. U kishi, ul zot esa bo‘ynilarimdan iskalanib, Allohga hamdlar aytardilar:
— Allohim, o‘zingga beadad shukrlar bo‘lsin. O‘zing yaratgan olamlar qadar hamdu sanolar bo‘lsin, meni bu bo‘ylara yetkarding, vatanim islarini ola kelgan o‘g‘longa yetkarding, O‘zingga sanolar bo‘lsin. Bu tan, bu jon O‘zingga fidolar bo‘lsin. Yetmasam nima qilardim?! Ko‘zlarim ochiq ketarmi deb saharlarda O‘zingga yig‘lardim, mana, yetkarding, ijobat etding O‘zing,— deb bo‘zlardilar, bo‘zlab turib, tasanno aytardilar Xudovandi karimga.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:54:54

Men esam u kishining bag‘irlarida bir yoqdan erib bormoqdaman, bir yoqdan esa, ajab tashvish bosib kelmoqda. Qarichilik — meni kim deb o‘yladilar, dilbandlari deb bildilarmi — hoy, xudaychi, qaydasiz, degim keladiyu qani uni izhor etarga til aylansa. Yaxshiyam talvasaga tushib ulgurmadim.
Ul zot birdan ikki kiftimdan tutib, yuzlarimga boqqancha qoldilaru o‘zlariga kelib, so‘rab istashga tushdilar:
— So‘zlang, o‘g‘lon, bizga qanday salomlar, mujdalar keltirdiz? Ahllarimiz, dilbandlarimizdan ne xabarlar bor?
Hayriyat, adashuvdan qutulgan edim, o‘zimni bir yengil his etdimki, bu turuvimizdan faqat farog‘at tuymoqda edim. Endi Alloh izni ila til ham bita qolgan edi.
— Avvalo, muftiy janoblari bilan To‘ram taqsir haqingizga duoda bo‘lib, ko‘pdan-ko‘p salomlar yo‘llab qolishdi, — dedim.
— Shundaymu? Alloh umrlarini ziyoda etsun. Raiyatning toleiga, vatanni toleiga ul zotlarni salomat etsun. Faqat faromushlik qursin, To‘ram taqsirni tuzukroq tanitsangiz?..
— Tangritog‘dan qaytmish Hoziq to‘ram... ona tomondan o‘zlariga tomir ekanlar, — deya oldim men yana qanday tushuntirarimni bilmay.
— Hay-hay-hay, ul zotmu? O‘shal diyorda dorilomon bir yurt qurmoq bo‘lgan To‘rammu? Niyatlariga yetdim deganda, yana ajdaho komiga tushgan marshalimizmi? Yurti sarbonidan ayrilib bo‘zlab qolgan, tengi yo‘q mujohidimizdanmu? Alloh salomat etsun, taskin-tasallular bersun O‘zi ul zotga. Qaytib chiqqaymikan yana ulardek bir zot?! Holimizni O‘zi o‘nglasin, ilohum!

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:55:03

Gap vatan ozodligiga borib taqalsa, ul zotni to‘xtatib bo‘lmas, bir xo‘rlikmi, nima bosib kelib, qaltirab qoladilar ekan. Hozir ham, sezib-ko‘rib turardim, ul zotning ovozlari titrab, o‘zlari bir holga tushib borayotib edilar. Hamsoyalari shoshib-la qolishdi. Tirsaklaridan tutib, qo‘ltiqlariga kirmoqqa urinar, joylariga o‘tkazmoqqami, nimaningdir harakatiga tushib qolgan edilar.
Men esam nima qilarimni-da bilmay, xijolatlarga tushib borar edim. Haytovur, u kishi o‘tirgan joylarida xirqalarining yeng uchini mijjalariga bosa-bosa, jindek xotirjamlanib, yana betimga savolomuz qaradilar. Ovozlari ham boyagindan hiyla qotgan edi:
— Ul zotlarning so‘zlarini yerga tashlamay kelgan sizga-da Allohimning cheksiz marhamatlari bo‘lsun. Ko‘p mutaassir etdingiz. Ayting, o‘g‘lon, yana nelar keltirdingiz kamina huzuriga? Faqat yaxshilikdan, ezgulikdan so‘zlang biz vatanjudo bechoralarga.
Esim qursin, u kishi nima so‘rardilar-u, mening esimga nima tushib, tilimga nima kelibdi!
— Taqsir, vatanni, uning bo‘ylarini eslatsin deb sizga Arslonbob asalidan keltiruvdik, — deb boyagi asaldonni ola tiz bukancha qo‘shqo‘llab tutdim.
— Voh, shundaymu?! Qanday go‘zal ish bo‘ptu! Oh, Vatan bo‘ylaridan o‘zim o‘rgilsam! — deb u kishi asaldonni qo‘llariga oldilar-da, ochib bo‘ylagancha turib qoldilar.
Qarasam, ich-ichidan ilohiy bir nur balqigan o‘shal yuz-ko‘zlarda g‘alati bir jimirlov paydo bo‘lib, mijjalarida shudringdek ikki tomchi yosh ko‘rindiyu hech qancha ilinib turolmay dumalab tushib, o‘shal oppoq cho‘qqi soqollariga singib keta qoldi. Mendan bo‘lak birov ko‘rib-ko‘rmayin ham qoldi.
Oh, Vatan bo‘ylari shundoq ham aziz narsa ekanmi?! Ichimda bir narsa uzilib tushdimi deb o‘yladim, Maqsud! Ko‘zlarim tinib-la ketdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:55:12

Ko‘z ochganimda ul zot bolga botirilgan o‘rta barmoqlarini angishvonadekkina og‘izlariga olib bormoqda edilar. Xonani esa, bol hidi tutib ketgan edi.
— Oh! Bol, degancha borsan o‘zing. Dunyoning yana qay bir chekkasinda bundayin asal? Yolg‘iz jannatda topilsa mumkin, — dedilar ul zot. Keyin asaldonni hamsoyalariga tutdilar, — Oling sizlar ham, Vatandan bol kelibdir. Bolga qo‘shib,— ul zot yana menga o‘girildilar, — yana nimalar keltirmishsiz?
— Ruxsat eting, ola kirsam, — dedim men o‘rnimdan dik turib.
— Shoshmangiz, — deb imo berdilar ul zot, — Siz bir boshdan ayting, ular opkirgaylar.
Men valakisalang, bul zotga manzur bo‘larli, yana bir narsadan boshlashni istardimu qaysinisidan boshlashni bilmasdim.
— Aytovuring, bizga u diyorning azizmas narsasining o‘zi yo‘qdir?
— Eng aziz narsalardan... ya’nikim, Marg‘ilon behisi, — dedim hamon o‘zimga kelolmay.
Olib kirdilar, sarig‘ oltindek sarg‘argan, piyoladek-piyoladek behilar shodasini.
Ul zot o‘tirgan joylarida nurga botib jilmaydilar:
— Sallamno bo‘lsin, Allohgakim, faqat bizning diyorlarda o‘stirib-bitdirib qo‘ymish bunday ne’matlarini. Yana, — dedilar u kishi, — bundanam bo‘ydorroq, xushbo‘yroq nima keltirmishsiz?
— Diyorning mashhurizamon «churukchopon»i...
Olib kirdilar sariq-ko‘kish olovdek tovlantirib, o‘tdan to‘qilgan jildbog‘ida osiltirib.
— Sallamno, sallamno. Nomiga-da, kishtikoriga-da, yetishtirgan egalariga-da. Qabul-qabul, — deb turib, yana boyagidek intiqlik-la so‘radilar. — Yana-chi, yana?! Yana bizning boshimizni qanday ko‘kka yetkurmakchisiz?
Shunda Maqsud, vujudimga uyat olovi yugurib, yuzlariga zo‘rg‘a boqdimu:
— Ma’zur tutgaysiz, biz faromushxotirlar-    ni, — dedim o‘zimda jur’at topib, — Boldan totluv, har narsadan aziz dilbandingiz turib, biz nimalarni kiritib o‘ltiribmiz?! Ul taqsirlar siz uchun bu olamda har nedan aziz oilangiz, ahli ayolingiz, tomirlaringiz daragini topib, dilbandingizni yubormishlar.

Qayd etilgan