Kennoyim yerga qarab siniq jilmaydilar. Lekin bu jilmayishning tagida g‘amdan ko‘ra quvonch ko‘proqqa o‘xshar, ko‘zlari ham chaqnar edi:
— Shifo so‘rab ichsun, inshaalloh, ko‘rmaganday bo‘lub ketgay, deganmushlar...
Valloh-valloh, shunday deganmishmi, atay berib yuborganmishmi?!.
Ana senga Sulton akang, mujohid akang! — derdi ichimdagi mitti chol tilga kirib. — Kelib ketgani, ko‘rib ketgani rost ekanmi? Ko‘rmasa, zamzam berib yuborarmidi?! Shifo so‘rab ich, dermidi?! Kelganki, ko‘rganki, u dardlari ariyqolsin deb, berib yuborgan. Ana, ular qandoq ham bir-birlariga mehribonlar, yeru ko‘kka ishonmaslar, derdi. Men bu so‘z-bu hislardan ichim allaqanday toshib yig‘lasim kelib borar, o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. Vujudimga ham titroq kirganmi, qo‘limdagi piyola omonatga o‘xshab, ichidagi suv mavjlangandan-mavjlanib chayqalayotgandek, hozir o‘zimni tutmasam, bir yonga og‘ib to‘kila ketadigandek edi.
Kennoyim esa qistar edilar:
— Olung, Maqsudxo‘ja, faqat niyat qilub iching. O‘sha Xojar onamiz buloqlariga bizlarnuda o‘zi yetkazsun.
Men:
— Ilohim, ilohim, aytganiz kelsin, — dedimu ichib yubora qoldim. Oh, suv ham yutumi shunchalar yumshoq, o‘zi tomoqqa tekkandanoq chanqoqni oladigan bo‘ladimi ekan?! O‘zimizning Izzani buloq suvlariga o‘xshab, ichgan saring ichging kelaverardi, tavba. Yer ostidan chiqqan suv bunchalar yutumli, yumshoq bo‘lmasa?! Odam bolasiga atalgani, Ollohning marhamati ekani, O‘zi chiqarib qo‘ygani uchun ham shundaymikan?.. Men birinchi marta shunday xayollarga bormoqda edim. Nazarimda bu marhamatning hikmatini ham topgandek edim.
Kennoyim esa, yuzimga qarab, iltifot qilardilar:
— Yana bir piyolagina iching, Maqsudxo‘ja?