Ular shu ko‘yi bir muddat bir-birlarini iskalanib, bo‘ylariga to‘ymay turib qolishgach, Qora darveshga zabon bitdi:
— Oh, meni Xotamtoy birodarim, ehsonlari, sochganlari Abdurahmon Avfcha bor oshnaginam, ko‘rar kun bor ekan-ku, — deya chin mo‘minlardek hali u yelkasiga, hali bu yelkasiga bosh qo‘yib, ko‘risharkan, bu ham uning kuraklarini silab, alqashini qo‘ymas edi:
— Sog‘intirib qo‘ygan Ollohimga shukr, ko‘rmasa turolmaydigan etib qo‘ygan yolg‘iz Tangri subhonahu va taologa shukr, — derdi.
Nihoyat qo‘shilishib kelgan hamsoyasi bilan-da ko‘rishib, supaning uch tarafini egalladilar-da:
— Qadam yetdi, balo yetmasin, Olloh o‘zi rahmatidan benasib etmasin, — qavlida duolar qilishib, so‘rashib-istashga tushdilar.
Bu orada olma gulli choynaklarda choy chiqib, tolmachoyning mastavasi ham kela qoldi. Ayoli baraka topsin, qizlariga bosh bo‘lib, shu qisqa vaqtda xush-xo‘rgina mastava tayyorlab ulguribdi. Yana ustiga jindek qatiq, jindek murch, quruq rayxonlar bilan chiqarishibdi. Alqab-alqab ichib olishdiyu shu taftbosdidan so‘ng ikki birodar bir-birlariga o‘zlari tushunadigan tilda nigoh tashlab qoldilar. «Nechuk, zarur ishlaringni ham tashlab, biz tomon chopib qopsan? Tinchlikmi, ishqilib», derdi Bahriddin.
«Bilasan-ku, birodarlarimga tegishli gap chiqsa, ichimga sig‘dirolmay qolaman. Ayniqsa, sizlarga! Telegrammani olgandirsan?» demoqchi bo‘lardi u.
«Oldim», dedi Bahriddin bosh silkib. Qora darvesh esa, piyoladagi choyini bir xo‘plashdayoq bo‘shatib, turaverdi. So‘ngra gap-so‘zsiz uning tarafiga o‘tib, qo‘ltig‘idan oldiyu yelkasidan quchgancha xurmozor tomon boshladi, xurmolar tagiga yetishganda qo‘yib yuborib, o‘zi fil oyog‘idan-da yo‘g‘on bir daraxt tanasiga suyandi:
— Sog‘inch o‘z yo‘liga. Lekin men atay sizlarni deb, uni deb keldim, — dedi qorasidan oqi ko‘proq mitti ko‘zlarini buning yuziga qadab: — Topoldingmi o‘zini? Shu soat, shu daqiqada ko‘rsa bo‘ladimi? — dedi battar hayratda qoldirib.