Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127750 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 35 B


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:13:32

Men kimdan, nima deb so‘rarimni bilmay taraddudda ekanman, shu mahal haligi eshikdan xayr-xo‘shlashib tish kavlagan qariyalar chiqa boshladilar. Ular qay birlari alqab, qay birlari kekirib, duo qilib chiqishmoqda edi. Shu yer ekanmi, kamina ehsondan kechikibtilarmi, deya yaqin borarimni ham, bormasimni ham bilmay, ikkilanib turarkanman, kuzatib chiqqanlar orasida pochchaniyu Qo‘ldosh tog‘amlarni ko‘rib qadamimni tezlatdim. Qariyalar salomimga alik olib, gurung bergancha yo‘lni kesib o‘tib ketdilar. Aftidan ular masjidgami — qayoqqa shoshar, oldinda borayotgan oq salla, sidirg‘a xalatli zanji bashara imomdan ortda qolmaslikka tirishar edilar.
Tanidim, bu o‘sha qiroati shirali, ammo bidirlab gapirganidan nima deyayotganini ilg‘ab olish qiyin bo‘lgan tarashadek ozg‘in domla edi. Biznikilar Cho‘pon ota masjidining bu domlasini — nimasiga ixlos qo‘yishgan — hech yig‘inga kanda qilmay aytishadi, tushuna olmasdim. Balki qiroati uchundir— Qur’onni hurmatidan. Yana kim biladi. Shu tob pochchaning ko‘zlari menga tushib qoldi.
— Ie-ie, Maqsudxo‘ja, o‘zingmisan? Kepqopsan-ku. Kir-kir, bolam. Xolalaring so‘rayverib bir yerga yetishayotuvdi. Yetib kelganing ko‘p yaxshi bo‘pti, ko‘p yaxshi bo‘pti. Hoy, Olim, qanisan, jigargo‘shangga qara, orqamizda qoladigan jiyanlaringga qara, — deb alqay ketdilar. Men hijolatlarga botib, borib ko‘risha boshladim.
— Uzr, xizmatchilik, topib kelgunchayam vaqt o‘tib ketipti.
— Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q. Masjid qavmi chiqqani bilan hamma qarindoshlar sho‘tta — ichkarida. Hech kim tarqagani yo‘q, kira qol, — dedilar Qo‘ldosh tog‘am o‘zlariga yarashadigan bir tarzda, o‘sha-o‘sha lab chetida suyib, iljayib turgancha. Hammadan Olim akamning boshi osmonda edi:
— Ana, ana, qanday yarashib turibdi kelganing. Avvalroq aytmaysanmi, safarim bor deb, bular ko‘zimni ochirishmayotib edi. Kelib yuzimni bir yorug‘ etting, oqlab yubording barcha ginalarniyam. O‘zing zo‘rsan, mirzolarning mirzosi, mening chin xolavachcham. Akaginamning suygan pakana parisi, bag‘rimni to‘latding, — deya bag‘riga bosib, ichkariga yetaklay ketdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:13:46

Men hech kutmagandim. Uning bunchalar yayrab ketishini, boshi osmonga yetib alqashini. Kim tufaylidir meni bunchalar yeru ko‘kka ishonmasligini. Yoki bular hammasi yo‘liga — mulozamat uchunmi? Unday desam, kipriklari namlanib, azza-bazza ko‘ziga yosh kelgan, ovozi ham bir tarz o‘zgarib, so‘zlari bo‘g‘ziga tiqilib borayotir... U ham odam ekan-ku o‘zimiz qatori. Jigarchilikni bilarkan-ku. Qadri endi o‘tibdimi akamning? U akamni eslab ko‘ngli buzilib ketganini men endi ko‘rib turishim edi...
Ikkita bir xilda qilib, yonma-yon qurilgan, loki qotmagan qo‘sh darvozaning berigisidan hovliga kirib bordik. Qarangki, darvoza ikkita bo‘lgani bilan hali o‘rtadan devor olinmagan, hovli juda keng, pastdagi bog‘-ishkomlar uzun ketgan, yo‘lkalar bir rasamadli, meva tuplari undan-da rejali, akam bog‘ hovli olibdimi, yangi hovli-joy qilibdimi, bir qarashda bilish qiyin edi. Shu keng hovli-bog‘ning bir tarafida kunga qaratib solingan qo‘sh qavatli, ayvonlari keng-keng, yog‘och zinalari bir chiroyli, peshtoqi ajab o‘ymakorli naqshlar bilan naqshlangan, ayvon panjaralari yarqiragan, o‘zi ixcham-u, lekin ko‘krakdor oq bino ko‘rinar, xuddi uning qarshisida— azim daraxtlarga ko‘milgan bog‘ ichida unga qaratib solingan xuddi o‘shandek boshqa bir oq bino ko‘zga tashlanar edi. Go‘yo biri boshqasining ulkan oynasuvdagi aksi-suvratidek odamni lol qoldirar edi.
— Jur, jur, mana bu yoqqa jur. Avval aziz xolajonlarimiz, tog‘alarimiz bilan omonlashib ol. Seni ko‘rib ko‘ngillari joyiga tushsin. So‘rayverib ham holi-jonimga qo‘yishmadi. Ko‘rsatib o‘zimni oqlab olay, jur.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:13:58

U meni o‘ng qo‘l tomondagi o‘sha aziz xolajonlarimning tanish shovur-shuvur ovozlari kelayotgan oq uy tomon boshladi. Hovlida patnisu idish-tovoq ko‘targan ayollaru xizmatchilar ko‘rinar, men qay go‘shaga kelib qolganimni bilmay gangib qolganimdan qay birlari kim ekanliklarini salomlariga alik olibgina tanimoqda edim. Qolaversa, salqin bolalaydigan bu hovlida allaqanday ovloq bog‘lar, chakalaklarning havosini tuyayotgan, ariqlardagi shildirabu o‘ynoqlab oqayotgan suv qaerdan kirib, qayoqqa chiqib ketayotganini hali anglab yetmagan bo‘lsam-da, uning sarishtaligimi — nimasi, yoqqandan-yoqib tushmoqda edi. Qachon ekilgani noma’lum, ammo yerni xohlab qolib, toza bo‘y talashib o‘sgan kadi noklar tagiga tushgan imorat shuncha ko‘krakdorligi bilan hech qisinib qolmagan, qaytaga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib turar edi. Ishkomlar ortidanmi, qay tarafdandir katta suv salqiniga qo‘shilib, yovvoy yalpizu suv o‘tlarining omuxta hidi kelar edi. Men uni tanigandek edim, bu salqinligu bolalikdan tanish bo‘ylar ko‘ksimga moydek oqib kirmoqda edilar. O‘zimni Bo‘zsuv bo‘ylarida turgandek his qila boshlagan edim. Olim akam chindan polkovniklar qavatidan joy olibdimi? Unda bu bog‘, anavi ishkomlar suv bo‘yiga qadar tushib boradi, desang-chi. Hali pastda allaqancha tepalaru soylar, chakalakzorlar bor, desang-chi. Balki savat tashlaydigan, baliq tutadigan joylari ham bordir? Bu orada biz panjarali ayvon o‘rtasidagi kovshandozdan o‘tib, ikki yon tarafdagi boloxonaga olib chiqadigan yog‘och zinalarni ortda qoldirib, ichkari kirib borgan, oltmish chog‘li odam sig‘sa mumkin bo‘lgan zol ostonasiga yetgan edik. Parket polli bu yo‘lak-kovshandozning ikki tarafida yana bezog‘liq mehmonxonalar ko‘rinar, u yerda kim bor, haligi chiqib borayotgan chollar qaerda kutildi ekan, daf’atan ajratish mushkul edi.
— Kel, kel, shu zolga o‘taver, Usmon tog‘angu Norxo‘ja pochchalar shu yerda o‘tirishibdi. Ie, ana xolalarimiz ham chiqishibdi. Hammalari bilan shu yerda ko‘risha qoladigan bo‘libsan. Xola, qarang, men kimni boshlab kelyapman. Qochqoq o‘g‘lingizni obkeltirmaguncha qo‘ymadim, qarang, — deb Olim akam bir yayrab, bir kerilib kirib borarkan, xursandligini yashirmas, ochilib-sochilib ketgan edi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:14:15

Keng-keng, qo‘shqavat derazalari orqa bog‘ga qaratib ochib yuborilgan zol oynalari ko‘pligidanmi, yo devorlari ganchkor, kamiga xuddi teatr zollaridagidek o‘rtalariga toshoynalar o‘rnatib zeb berilganidanmi, uy ichi yana ham kengayib ketgandek edi. Narigi tarafda ham xuddi shunday zol bordek, u yerda ham odamlar o‘tirishgandek taassurot tug‘diraverar edi. Olim akam bekorga dunyo kezmagan ekan, uyini xon qasriyu saroylaridan qolishmaydigan qilib bezattirgan edi. Bular uchun yolg‘iz didning o‘zi kamlik qilar, havas-ishtiyoqning o‘zi ham yetmas, juda katta mablag‘ ham kerak edi. Nima balo, anuv yilt yangi «Volva»ni loylab, hammasini shu yerga uribdimikan?
Men ko‘rishishni kattalardan boshlagan edim. Eng to‘rda qachondir uloqda lat yegan, yozsalar yig‘a olmay, turishga qiynaladigan oyoqlarini xontaxta tagiga cho‘zib yuborgancha, qo‘sha-qo‘sha ko‘k duxoba yostiqlarga botib, Usmon tog‘am o‘tirar, yonlarida tiz bukib, cho‘kkalagancha darozdan-daroz Norxo‘ja pochcha choy quyib, gurung berar edilar. Ular o‘lgudek chistonchi-hazilvon bo‘lganlaridan hozir ham allaqaysi tog‘amiz birovga yaxshilik qilaman deb, qovun tushirib qo‘yganlarini kula-kula hikoya etar edilar. Meni ko‘rib, pochcha uzun qo‘llarini cho‘zdilar:
— Ie, ana, gap o‘g‘risi ham kepqopti-ku. Salomxon, buniz biz o‘tib ketgandan keyin ham mana shu voqealarni eslab, kitob yozib yurmasa edi, deng. Odamni kimlarga sharmanda etib. Bizdiki, beg‘araz, jiyan, yozib yurmaysiz-a?
— Nima, yomonmi, pochcha, — deb kuldilar Usmon tog‘am yumshoqdan-yumshoq, xuddi kuylagandek eshitiladigan bir tovushda. — Shunaqa dali-g‘uli odamlar ham o‘tgan ekan-da, deb eslab yurishadi.
Pochcha qo‘limni qo‘yib yubormay bosh chayqadilar:
— Eslagani yaxshi-yu, shaytoni zo‘r ekan deb tushunmasalar bo‘lgani.
Pishillab-xarsillab kirib kelayotgan Nusrat pochcha bilan Qo‘ldosh tog‘am bu gapdan yayrab kulishdi.
— Shoytoniz ham bordir — o‘zizdek? — dedilar Nusrat pochcha tegishib, — Unga o‘ziz bas kelmasangiz, unaqa-bunaqa odamni tentiratib qo‘yar-e. Qaerdan ilashtirgansiz uni?

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:14:29

Tog‘alarimu xolalarim qaysi bir voqeani eslab, barchalari kulishdi.
— Chakalakning shaytoni-da. Qaerniki bo‘lardi,— deb qo‘ydilar katta xolam, — odam joy tanlamay yotib qolavursa, shu-da.
Yana kulishdi. Shu asno pochcha mening qo‘limni qo‘yib yuborib edilar, boshqalar bilan ham ko‘rishib chiqa boshladim. Tog‘alarim duo qilib, xolalarim esa, yelkalarimga qoqib, kuraklarimni silab ko‘rishishdi. Keyin o‘tirib mening haqqimga, Sultonmurod akam, Olim akamlarning, barcha orqada qoladiganlarning haqqiga duo qilishdi. Hammalari bir og‘izdan «Iloy, shularga to‘zim bergin, ittifoqlik ato etgin, orqamizdan chirog‘imizni yoqib o‘tirishsin, tup qo‘yib palak yozishsin» deb, duolar qilishdi. Keyin «Mana bu sening nasibang, ol, ol, muntazir qilma» deb sho‘rvayu manti olib kelishdi.
— Mantini Mahfuz kennoying qildi. Har galgidek bir o‘xshabdi, bir o‘xshabdi. Ol, bolam, xamiri piyozni po‘stidan yupqa tortib ketipti, ol, — deb oyim qistadilar.
— Baraka topsin, ko‘p pazanda ekan, bu tog‘lik kelinimiz, — deb alqadilar Mubor xolam.
— Qo‘ying, opa, hamma maqtasayam siz maqtamang, ko‘ziz tegadi, — dedilar Xidoy xolam, u kishi xafa bo‘ladilar demay ham.
— Ha, men shunchaki, Xidoy. Suyganimdan, — dedilar xolam shirin jilmayib. U kishining bir ko‘zlariga jindek oq tushgan, boshqasida esa, xol bor — ana o‘sha yomon, astoydil qarasalar otni yiqitadilar, deyishardi. Mubor xolam kirib kela boshlasalar oyimgilar kelinlarga hay-haylab, shirin talpinadigan bo‘lib qolgan chaqaloqlarini darrov yashirishga tushishar, sog‘ib turgan, yangi bo‘shangan sigirlarini ko‘rsatmay qo‘ya qolishar edi. Negaki, o‘sha sigirga xolamning ko‘zlari tushdi deguncha u emchagiga qo‘l urdirmay, tepib tashlaydigan bo‘lib qolar, har yuvvosh sigirlarni ham jin urardi-qolardi.
— Sizni suyganiz bor bo‘lsin, — deb to‘ng‘illab qo‘ydilar Xabira xolam. — O‘zini kuygani yetmaydimi, eri kelolmay qaerlarda yuribdi-ku.
— Alloh hafiz. Eshon pochchamni qancha alg‘ov-dalg‘ovlardan asragan, o‘g‘lini ham asrar, — deb qo‘ydilar Mubor xolam.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:14:47

U kishining bu gaplarni zarracha og‘ir olmay, choy xo‘plagancha jilmayib o‘tirishlari bir g‘alati edi. Inson shunchalar ham kengfe’l-kengyurak bo‘la olar ekanmi — hech tushuna olmasdim. Shu tob toshoynalarda aks etib turgan «qo‘shni zol»da qo‘lidagi likopchada bir nima ko‘tarib kelayotgan, o‘sha husndan emas, boshqa narsadan Xudo qisgan Mahfuz kennoyimni ko‘rib, ichimda bir narsa chirt uzilgandek tek qoldim. O‘zimga kelganimda chindan ham u hech narsadan bexabar qo‘lidagi likopchada ikki six qiyma kabob ko‘targancha men tomon kelar, tog‘alaru xolalarim jim qolishgan, Mubor xolam esa, Xudoga ming qatla shukr — nazarlarini olib qochib, xijolatli jilmaygancha, kaftlari ila dasturxon popugini silab-to‘g‘rilar edilar. Shungayam shukr, ayaganlariga shukr. Kimsan Eshon pochchaning zurriyotiga tegishli ekan, baxtida qarisin, deb o‘tirganlariga shukr.
— Olung, Maqsudxo‘ja. Sizga ilinub, yangi qo‘yub berishdu.
— Rahmat.
U bo‘sh choynaklarni olib chiqdi ham, xolalarim boyagi sukutni buzisha olmasdi.
— Yaxshi olib kelibsiz, Salomxon. Shunaqa qo‘shilib tursin, yolg‘izligini, g‘amlarini unutadi, — dedilar Xabira xolam.
— Qavatingizga olib kelib, undan ham yaxshi qilibsiz, opa. Himoyachisi yo‘q deya olmaydi birov, — dedilar kenja tog‘am.
— Savob ham kerak-ku, — dedilar Usmon tog‘am.— Endi manavi jiyanimizning boshini ikkita qilib qo‘ysak — Alloh ham bizdan rozi bo‘lardi. Shunday hovli-joylarni bekorga qurmagandir. Oldingisi unaqa chiqqan bo‘lsa, endigisi oq yuvib-oq tarab o‘tirar. Nima deysiz, Nusratxo‘ja?
Olim akam qay bir yumush bilan tashqari chiqqan, shundan foydalanib bular shu haqda gap ochgan, hovli to‘yi — ehson bahona uni oilali qilib qo‘yish g‘amiga tushgan ko‘rinar edilar.
— Umid bilan hovli-joy qipti, bosh qo‘shsak, yo‘q demas, — dedilar pochcha, — Qolaversa, uy bitipti, bu yog‘iga oyoq-qo‘lli bir ahli ayol topish bizdan lozim.
— Lozim-lozim. Shariatda nikoh nimaga buyurilgan? Vaqt-bemahal maza-bemaza yo‘llardan tiyilishga buyurilgan, — dedilar Norxo‘ja pochcha o‘sha-o‘sha cho‘kkalab — qo‘ndoqdek o‘tirgancha.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:14:59

Nusrat pochcha bu gapga negadir miyig‘larida kuldilar-u, har qalay kuyov nomlari bor, xolalarim oldida tillariga kelganidan tiyildilar.
— Bordir, axir, urug‘imizda bironta o‘ziga mosi?— dedilar Usmon tog‘am ayaga ko‘z qirlarini tashlab qo‘yib va ham yumshoq jilmaygancha.
Shu jilmayishlarida «Sizlar topasizlar undayi-ni» degan mazmun bor edi. Xolalarim «razm solib ko‘raylik-chi, oka», degandek bir-birlariga ma’noli qarashdi-yu, ochiq bir narsa deyishmadi. Shu tob (o‘sha maqtashgan mantidan bir tishlagan edim, u g‘irchcha moyga pishgan, ziralari tobida, yesang ham yeydigan, yemasang ham yeydigan edi) Qo‘ldosh tog‘am tomoq qirdilar:
— Izlashga nima hojat? Enidan chiqqanini etagiga solib qo‘yaqolayluk. Yuradimi bu bu yoqda so‘qqabosh, u u yoqda bevadek?
— Kim? — dedilar oyim ilkis bosh ko‘tarib. U kishi birinchi bo‘lib tog‘amning niyatlarini payqab qolgan va ham norozi qarab turar edilar.
Yuragim shig‘ etdi, og‘zimdagi og‘zimda, bo‘g‘zimdagi bo‘g‘zimda qoldi. Nohat kennoyimni aytmoqdalar?
— Kim bo‘lardi, hozirgi keliniz-da, opa.
Shunday katta zolga pashsha uchsa bilinadigan jimlik cho‘kkan edi. Oyim, tog‘amdan shuncha yaxshiliklar ko‘rib, oldilarida ham, orqalaridan ham alqab yuradigan oyimning tuslari o‘zgarib ketgan, qo‘llari ko‘rpacha chetini changallagancha qolgan edi. Nihoyat u kishiga jon bitdi, jon bitib kaftlari bilan yuzlarini siladilaru tog‘amdan yuz burdilar. Sezib turibman. U kishi «Uyaling, Qo‘ldoshxo‘ja! Opamizning o‘g‘li Sultonmurod o‘lgani ketgan emas-ku!» demoqchi bo‘lar edilar-u, tillari aylana qolmasdi. U kishi — shuncha to‘g‘riso‘z, gap kelganda hech kimni ayamaydigan odam — hozir jim qolgan, irim qilibmi, dillaridagini tillariga chiqarmay turar edilar.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:15:11

Oyimning o‘rnilariga Oyposhsho xolam javob qildilar:
— Bilamiz, Qo‘ldoshxo‘ja, siz yaxshi niyatda, savob bo‘larmikan deb, aytayapsiz bu gapni. Lekin bedarak ketgani — qaytmaydi deganimasdir?
— Men ham bir narsani bilarman, opa? Shu hukumat turadigan bo‘lsa, Sultonmurodizni ikki dunyoda ham bu yoqlarga yo‘latmas...
Men ado bo‘lgan edim: og‘zimdagiyu bo‘g‘zimdagini qanday yutdim, dasturxonga qanday fotiha o‘qib turdim — bilmasdim. O‘zimga kelganimda kosamni ko‘tarib, sekin zoldan chiqib borardim. Ko‘z oldimda esa, allaqanday tuman, chala yonib tutayotgan samovar tutunidek bir narsa turib qolgan, negadir ko‘zim emas, ichim achishib borar edi. Chiqishim-la Yodgor ko‘rib chopib keldiyu o‘zini otib, belimdan quchib oldi:
— Voy, amaqujon! Kelubmu edingiz? Men ko‘rmabman.
Qo‘limdagi kosa tushib ketay deb... zo‘rg‘a ushlab qoldim. Buni ko‘rib, kennoyim yolg‘iztoyini qaytargan bo‘ldilar:
— Voy, o‘g‘lum, ko‘ziz qayoqda? Eslu bollar amaqusiga shunaqa yopishadularmu? — U kishi qo‘limdan kosani oldilaru mening bir alpozdaligimni ko‘rib, shoshib qoldilar: «Voy, Maqsudxo‘ja, tinchlukmu, o‘ziz chiqdizmu»lab shivirlar, atrofimda aylanib o‘rgi-      lar ekanlar, men «tinchlik-tinchlik» derdim-u, ich-ichimdan bosib kelib, ko‘ksimni achishtirib-achishtirib o‘tayotgan otash-alamni ichimga qult-qult yutgancha turarkanman, «yo‘q-yo‘q, o‘zim» deya yolg‘onlashga tushgan edim:
— Ichkarida bo‘g‘ilib ketdim, u yoqlarga ham bir o‘tay-chi, — deb ishkom tomonlarga yura boshladim.
— Unday bo‘lsa, maylun-a, bora qolung, bir chiroylu joylar ekan. Pastda kattakon suv oqub yotiptu. Olub bor, Yodgor. Qaytishda maymunjon terub kelasizlar, — dedilar gapimga chippa-chin ishonib.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:15:23

Yaxshiyam ijikilab so‘ramadilar, so‘raganlarida o‘lgan edim. Nima deya olar edim?! Sizni shu chiroyli joylarning egasi qilishmoqchi! Akamni qaytmaydiga, qaytolmaydiga chiqarib, sizni shu uylarning xojasiga bo‘lishyapti! O‘zlariga oxiratda tegadigan savobni o‘ylab, ikki qovushmaydigan boshni... qovushtirishyapti! Birovni do‘zaxga otish hisobiga... o‘zlariga jannatdan joy hozirlashyapti. Ana, mening qanday tog‘alarim bor, dermidim?!. Nahot shu ishlar Xudoga ham xush kelsa? Shariatda sharm yo‘q, deganlari shudir balki?.. Ichimni o‘sha narsa tirnagandan tirnab, tirnaganda ham eng nozik joylarini o‘rtab bormoqda edi.
Undan faqat hech kim bilmas bir ovloqlarga qochib ketgilarim kelmoqda, qochganda ham o‘sha yerlarda o‘krab-o‘krab bo‘shanmaguncha... bo‘shanmog‘im, qutulmog‘im mushkuldan-mushkul edi. Hozir ham ishkomlar yoqalab tushgan so‘qmoqdan o‘shanday ovloq-soylikka tushib borayotgan bo‘lsam-da, o‘krab-o‘krab bo‘shani olmasdim. Barcha alamlarimni yutmoqqa majbur edim, miq etolmasdim. Oldimda goh u oyog‘ida, goh bu oyog‘ida sakrab-o‘ynoqlab Yodgortoy borar, men uning ko‘ngliga qarab salqin bolalaydigan chakalakzorlar osha chimzor soylikka, undan buloqlari katta suvga qo‘shiladigan «qo‘ltiq»dagi gala-gala mitti baliqlarni ko‘rgani tushib borar edik. Koshki shu chakalaklar, maymunjonlar tutib ketgan shoh-devorlar ko‘nglimga sig‘sa! Birontasiga qayrilib qarayotgan bo‘lsam, o‘lsin agar! Ammo katta suvni — jonajon Bo‘zsuvni ko‘rishim ila, uning namxush yellari ko‘ksimga urilishi ila zora chalg‘isam, zora unutsam, deb kelyapman. Lekin unutib bo‘larmikan bu alam, bu xo‘rliklarni?
Yetti yot-begonalar uyining to‘ridan joy berib, birovning ahli ayoli ekan deb, o‘rab-chirmab saqlaganda o‘zimiznikilarni nima jin urdi? Kennoyim boyaqishning ularga nima og‘irligi tusha qoldiki, qutulmoqchi bo‘lib qolishibdi? Yana o‘zlarini mehribon-panohgo‘y ko‘rsatib, enidan chiqqanini etagiga solmoqchi bo‘lishayotgani-chi! O‘lsin agar, shu Alloh rozi bo‘ladirgan ish bo‘lsa!

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:15:34

Olim akam-chi, nima deydi? Shu niyatda tog‘alarimu xolalarimni hovli to‘yiga chaqirib, bir yerga to‘plabdimi? Ko‘ring, qanday joylar qildim, endi boshimni ikkita qilib qo‘ysangiz — savobga qolasiz, demoqchimi? Niyati o‘zi nima? Unda anuv ro‘paradagi hovli-joy-chi, o‘zinikiga o‘xshatib, hech narsadan qismay, kamitmay qurgan ikkinchi koshona-chi? Kimga atalgan? Zarurmidi, niyati shunday ekan?
Ishkomlar tugab, chimzor soylikka tusha boshladigu ellik metrcha pastda Bo‘zsuv ko‘rinib, uning namxush yeli dimoqqa urildi. Xayolim akamning qarorgohini izlab yurgan kezlarimizga ko‘chgan edi va shu barobar ko‘zim Bo‘zsuvning narigi betidagi jarga tushib, xushim uchdi: nahot biz o‘sha mashhur jar ro‘parasida turibmiz? U bu yerga shunaqa yaqin ekanmi? Unga pochchaning bog‘lari tagidagi yo‘ldan tushib borilmasmidi? Katta yassitepaning naq ustiga chiqvolib, tamosha qilmaganmidik — jaziramaga tashlab qo‘yilgan Parpi o‘g‘rini?..
Gap shundaki, naq ro‘paramizdagi katta bir tepa... qoq yarmidan o‘pirilib tushganu... yarim yo‘lda bir mo‘’jiza bo‘lib, ilinib qolgan, uning ustidagi yolg‘iz qora tol shu holicha ko‘klab yotar edi. Tepaning surilmay qolgan qismidagi yolg‘iz tup daraxt esa, hov o‘sha biz ko‘rgan tepadagidek paqqos qurib qolgan edi. Ko‘z oldimga nima kelib ketibdi! Go‘yo u o‘sha qurigan daraxtning o‘zi ediyu... qo‘ltig‘idan arqonga bog‘lab pastdagi supaga tashlab qo‘yilgan Parpi tolga aylanib qolgandek edi. Men necha yildan keyin hov o‘shandagiga o‘xshash bir manzarani ko‘rib turar edim.
Faqat buning hikmati nima — o‘ylab o‘yimning tagiga yetolmasdim. Shunday bir yerda badar yo‘qolgan Olim akam mana necha yillardan keyin omon-eson qaytib kelib, o‘sha joylarga yaqin yerdan hovli-joy qilib, vatan tutayotgani juda-juda g‘alati edi. Xuddi o‘sha joyda adolat uchun kurashib, o‘z diyoridan judo bo‘lgan boshqa bir akam esa, o‘sha chiqib ketganicha badar ketib borardi... Ana sizga adolat! Ajab adolat! Kim qilgan qaysi xizmatlari evaziga ajri-mukofotini shu dunyodayoq olib tursa-yu, kim topganidan ham ayrilib, quvg‘indi bo‘lib yursa...

Qayd etilgan