Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127693 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 35 B


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:18:10

— Mashinani nima keragi bor? Anavi yerda xilvatdan-xilvat «Ko‘k gumbaz» began joy bor. G‘ir-g‘ir shabadasi bilan. Piyoda-yayov o‘ta qolamiz, — dedim.
Ko‘nmadi:
— To‘xtatdikmi, tashlab o‘tadi. Sazasi o‘lmasin buning ham, o‘tir.
Sezdim: shoferdan ham burun uning sazasi o‘lmasligi kerak. Bo‘lmasa, jindek otgan odam — xafa bo‘lib qolishi tayin.
O‘tirdik, g‘ir etib aylantirib o‘tib, tashlab ketdi. Sharbatli suv chaqirib, bir chekkaga qo‘ndik. Haqiqatda g‘ir-g‘ir shabada esib turar, allaqaerdan kabob hidi anqib-anqib kelar edi. Choyxona tomondan shekilli.
— Ovqatlanib ola qol, tushlik ham qilasan-ku, baribir, — deb to‘rttadan kabob, osh chaqirdi.
— Mezbon kim o‘zi? — dedim men ginam qo‘zib.
U tizzamga urib, o‘tkazib qo‘ydi:
— Sen bizdek bo‘lguncha hali ko‘p qovun pishig‘i bor. Izzatingda tur, mirzo degan noming bor.
U desam, bu deydi, bu desam u, ko‘nmadi ishqilib.
Jim ovqatlana boshladik. Aftidan ko‘rinib turibdi: nimadir ro‘y bergan. O‘sha narsa ichida g‘alayon qilib yotibdi-yu, o‘zini bosyapti. Shunda yuzi bo‘rtib, quloqlarigacha qizil tortib ketadiyu, gap ochaqolmaydi. Yo o‘sha gapni menga aytolmayapti, yo mavrid kutyapti.
Axiyri:
— Bo‘ldi, — dedi oldidagi sixlaru talinkalarni nari surib, — O‘zi yaxshi joy ekan-u, lekin kabobni qotirmabdi. Men o‘rgamchikka bundan yaxshi pishiraman.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:18:22

— Go‘sht jonivor yaxshi bo‘lsa, yap-yangi bo‘lsa — mahorat keragamas, — deb qo‘ydim uning ko‘ngli uchun. Lekin kabobning tuz-namagiyu ta’mi joyida edi. Olim akamning uni nishxo‘rdga chiqarishi boshqa narsadan edi, chog‘i. U axir men bilan kabob yeb otamlashgani kelibdimi! Havo yetmay pishillashiyu mishillashidan, yuragi siqilib ketayotgani aniq.
— Nima bo‘ldi? — dedim ko‘k choydan unga ham, o‘zimga ham quyib.
O‘sha nimanidir ichiga sig‘dirolmay ko‘kragini stol-ga berib, uni ikki chekkasidan tutgancha rosmana mast odamdek o‘tirgan Olim akam qaddini rostlab, birdan o‘zini orqaga tashladi va aftimga aftodahol ham alamli tikildi:
— Yo‘q, mirzo, avval sen ayt! Senam meni shunday pastkash odam deb hisoblaysanmi? Shu niyatda qaytib kelibmidim men? O‘sha joylarni shu niyatda olib, shu niyatda quribmanmi? Men bir marta adashib, nomim qora bo‘lgan odam — qoraligimcha qolarkanman-da? Yo‘q. Men bu niyatda kelmagandim, mirzo?! Meni kim deb o‘ylashibdi u tog‘alaring? Men ham bir odamdek, solih bir farzanddek otamning chirog‘ini yoqib o‘tirgani, jigarlarimning boshini qovushtirgani kelsam, ular nima deb o‘ylashibdi? Kim deb o‘ylashibdi?! Men muruvvat boshpana izlab kelibmanmi? Kindik qonim to‘kilgan yerni sog‘inib, uni vatan tutib o‘tirgani kelsam, kim deb, nima deb tushunishibdi! Sig‘sam hamma yerga ham sig‘ib ketaverardim. Lekin odam o‘zinikilar ichidagina, kindik qoni tomgan, ota-bobolari o‘tgan yerdagina bir halovat topib o‘tirmog‘i mumkin-ku! Men o‘z urf-odatlarimizni sog‘inib kelgan edim. Otam topingan narsaga men ham topinsam, ular qibla tutgan joyni men ham qibla tutsam degandim. Tog‘alaring to‘g‘ri tushunishmabdi, mirzo. Men ulardan unday oqibat kutib kelmaganman. Mendan bir og‘iz so‘ramay-netmay, nima ishlarni boshlab yurishibdi?!

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:18:32

Kutilmaganda stol ustiga uning mushtimi, nima kelib tushib, piyolalaru talinkalar sakrab ketdilar. Men bittasini zo‘rg‘a ilib olib qoldim, naq polga tushib chil-chil bo‘lar edi. Ammo u buni sezib-sezmadi ham. O‘sha qizishgancha davom eta ketdi:
— O‘zing o‘yla, mirzo, endi men kim degan odam bo‘ldim, eshitgan quloqqa?! Qolaversa, ular, u jabrdiydalar nima deb o‘ylashyapti ekan? O‘zlarining ko‘rgiliklari, shu kungacha ko‘rganlari kam ekanmi? Endi bu isnod ham bor ekanmi ularga, menga? Nimaga eshitib ham indamading sen? Sendan lozim emasmidi, qaytarib tashlash? Kim aytadi seni o‘qigan, oq-qorani tushungan deb?! Akam oldida bir marta yuzim shuvut bo‘lgani yetmaskanmi? Yana yuziqoralik uchun kelibmanmi men? Shunaqa, uka, pichoqni avval o‘ziga urib ko‘rish kerak-da, og‘rimasa, boshqaga urish kerak. Har narsaga aqllari yetgan tog‘amiz shunga kelganda oqsabdimi? Tavba! Xolam-chi, oyinglar-chi, indamadilarmi? Har narsadan adolatni ustun qo‘yadigan oying g‘iq etmaganlariga hayronman. Yetimning boshini shunaqqib silarkanlarmi? Birovlarni isnodga qoldirish evaziga-ya?! Men ham odamman-ku. Menda ham hamiyat, degan narsa bordir. Uyat, or-nomusni yig‘ishtirib tashlamagandirman juda. So‘qqabosh qaytgan bo‘lsam, menga ham Xudoning yozgani bordir, atagani bordir! Til bormaydi hatto aytishga! Men qayniman-ku, axir! O‘rtada akam turibdi-ku, axir. Men kimga deb olibman bu hovli-joylarni! Kimga deb quribman — agar akam qaytib kelmaydigan bo‘lsa?! Otam-chi? Akang bilan topish, deb vasiyat qilgan otam go‘rlarida tikka turmaydilarmi shundan keyin?! Qiyomatda, o‘sha tongla Mahsharda men u kishining yuzlariga qay ko‘z bilan qarayman? Nima deb ro‘baro‘ bo‘laman?! Shuni o‘ylashadimi bular?

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:18:41

Rostini aytsam, men hech kutmagandim. Har narsani kutsam-kutgandirman, lekin Olim akam shunday gaplar bilan keladi deb, hech o‘ylamagandim. Xayolimning bir chekkasidan o‘tib ham qo‘ymagandi bu. O‘zimning anavi kungi alam-achchiqlarim, yonib — damim ichimda ketganlarim esimga tushib, o‘zim uyaliblar ketdim. Men uni bu ishdan xabardor deb ne xayollarga borib edim! Uni esa, yetti uxlab tushiga ham kirmagan ekan! Qarab turib, suyib ketdim. O‘tirgan yerimda egilib, yelkalari aralash boshidan quchib oldimu qo‘yib yubormay, quloq yumshog‘i ostilarini, bo‘ynilarini iskab-iskalana ketdim:
— Olim aka, akajon! — deyman-u, u yog‘ini aytolmayapman. Bo‘g‘zimga kelib turib qolgan qaynoq yig‘imi, nima aytishga qo‘ymayapti. Ovozim ham goh ichimga tushib ketib, goh vulqondek otilib chiqadiyu hech tushuntira olmayman. Faqat qaytarib qo‘ymayapman:
— Bor ekansiz-ku, Olim aka! Faqat biz gumrohlarni kechirsangiz, bas! Siz haqingizda boshqa xayollarga borib yurganlarni... kechirolsangiz kechirib qo‘-ying, — deb qattiqroq tarmashaman, bosh-ko‘zlaridan o‘paman.
Bizni ko‘rganlar nima deb o‘ylayapti, degan andishaga-da borib qo‘ymasdim.
— Faqat menga ishonsangiz, bir gapni aytay, — dedim axiyri.
— Nima deysan? — dedi qaddini ko‘tarib. Men qo‘llarimni tortib, joyimga cho‘kdim. Lekin chin gapim: qaytib quchib olgim, hech kimdan uyalmay yuzlaridan o‘pib-o‘pib olgim bor, yuragimda borini to‘kib solgim bor. «Siz Sultonmurod akamning chin ukasi— tug‘ishgani ekansiz. Endi bildim» degim kelyaptiyu, aytolmayapman. Aytishga yigitlik g‘ururimmi, nimadir qo‘ymayapti. Yo‘q, qo‘ymayaptimas, bu gaplar o‘zi shundoq ham ayon, tushunarli-ku. Yaxshisi, ko‘zlaringdan, yuzlaringdan uqib olaversin, deyapti kallamning ich-ichida o‘tirib olgan bir mitta chol. Bilaman, u men o‘zim. Aytolmaydigan gaplarimni u goho ana shunday o‘zimga shipshib turadi. Hozir ham ko‘nglimdagini aytolmadim. Buning o‘rniga ham:
— Siz ko‘pam qayg‘urmang,— dedim sekin.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:18:53

— Nega? — dedi u hayron qolib.
— Avvalo, unchalik uyalishga o‘rin yo‘q. Bu gaplardan kennoyim bexabarlar. Qolaversa...
— Nima, qolaversa? — dedi u bilagimni sindirib yuborgudek changallab.
Men uning kiftlarini silab tinchlantirishga urindim:
— Qolaversa, pochcha ulamolardan fatvo bo‘lmaguncha kim bu ishga bosh qo‘shadi, deganmishlar.
— Ola, hali shungacha borishibdimi? — dedi u yuziyu fe’li o‘zgarib.
O‘rtaga shunaqa sukunat cho‘kib, u miq etmay qoldiki, men uning bunday o‘tiruvidan qo‘rqiblar ketdim. Yo‘q, u o‘zida bir kuch topib, boshini sekin ko‘tardi. Aftimga qattiq tikilib:
— Nima deyishibdi... o‘sha shariat peshvolari?..— dedi achchiq ustida.
— Bilmasam, — dedim mening ham ko‘nglimga bir sovuq g‘ulg‘ula oralab. — O‘shandan beri u kishini ko‘rganimcha yo‘q.
— Tur, ketdik, — dedi u dabdurustdan qo‘zg‘ola boshlab. — Ketdik-ketdik, shu bugunoq bir yoqli qilib kelamiz. Kim ko‘tarsa, ko‘tarsin bu isnodni, men ko‘taraolmayman!..
U yo‘lakay oshxona xizmatchisiga haqini tutqazib, zinadan tushaverdi. Keyin katta yo‘l yoqasiga chiqib, mashina tutmoqqa boshladi. Bormay ko‘r-chi, noiloj ergashdim. O‘lganni keti shahid, deganlari shu bo‘lsa kerak! Yetib borgunimizcha ham miq etmasa-ya. Naq yuraklarim yorilayozdi. Shariatda sharm bormi, yo‘l bersa, nima bo‘ladi, deb yuragim po‘killagandan-po‘killardi.
Borsak, pochcha hovlidagi kaftdek yog‘och so‘richalarida ko‘zoynak tutib, kitob ko‘rib o‘tirgan ekanlar. Biz xolavachchalarni ko‘rib, boshlari ko‘kka yetgancha, inqillab o‘rnilaridan tura boshladilar-da, keyin qaddilarini rostlab:
— Oh-oh, Olim, o‘zginangmisan? Xudo seni yetkazganini qara! Qani, chin vallomat so‘zingni ayt! O‘ynab bersanmi, yo suyunchini kattasini olib kelasanmi? Men fatvo toptirib qo‘ydim, — desalar bormi, Olim akam demaganlar darvozaxonadan o‘tolmayoq taxta bo‘lib qoldi. U na pochchaga qarab yura olar, na bir og‘iz bir narsa deya olar edi: yuzi quv oqarib ketibdi! Ko‘rib, o‘zim ham qo‘rqib ketdim.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:19:09

— Chindan shariat, — derdim-u, u yog‘ini aytolmasdim.
— Ha, dovqur? Seni kim aytadi, eshon pochchamning kenjalari deb? Shuni ham bilmaysanmi o‘zing?
Xo‘b pochchamiz borlar-da. Birov ne ahvoldayu u kishi qiqir-qiqir kuladilar. Bosh chayqab-chayqab, tir-qirab chiqqan ko‘zyoshlarini arta-arta, qayta boshdan kuladilar.
Axiyri:
— Hay, jiyan-a, jiyan, men bo‘laman-ku, seni o‘tga otib, olovida isinamanmi? Sen so‘rasang-chi avval fatvoni. Uni qay go‘rdan topganimni! Muftiy janoblaridan so‘rab keldim-ku, axir. Oddiy ulamodan olsam, qo‘rqsang yarashardi. Eshit, u qulog‘ing bilan ham, bu qulog‘ing bilan ham, — dedilar u kishi dona-dona qilib, — agar kishi hijrat qilib ketib, orqasida ahli ayoli qolgan bo‘lsa, nikohidagi erini... necha yil deymi, to‘qson yil kutsa joiz ekan. Demak, osmon nikohini hech kim buzolmagay. Muftiy taqsir ayttilarki, kim bul fatvoni tutibdi, najot halqasini tutibdi, Alloh rozi bo‘lsin, dedilar. Ey sen, kichkina Mahmudxo‘ja, borib kennoyingdan suyunchini olaver. Ularning Sultonmurod jiyanimiz bilan nikohlari hali-veri buzilmagay, — dedilar. Shunda olam bir yorishib, charog‘on bo‘lib ketganini sezdim-u, lekin u nimadan edi, bilolmaganimcha qoldim. Olim akam esa, ko‘zda yosh ila pochcha tomon quchoq ochib borardi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:19:21

11. Tutqin

Ishdan qaytsam, oyim ayvonda qarshi oldilar. (U kishining oyoqlari og‘riydi. Bir vaqtlar lat yegan joyi endi bilinyapti. Hovliga tushishdan ko‘ra, ayvonga emaklab chiqib, o‘tirib oladilar-da, o‘sha tizzalaridan pastini silagancha uzun xayolga beriladilar. Biz uzun xayol deb o‘ylasak, u zikr ekan. Endi tushunyapmiz).
Men salom berdim. U kishi alik olib, hol so‘ragan bo‘ldilar:
— Yaxshi keldingmi, bolam. — Shu asnoda oyoqlarini silashdan ham to‘xtadilar, sezdim og‘riyotganini menga bildirgilari yo‘q.
— Rahmat, — dedim botinkam ipini yecha boshlab, «nima, anavi kungi moy qoldirmadimi og‘riqni», deb so‘rashga iymanib turgan joyimda... oyim qaytarib so‘radilar.
— Mashinalar ko‘payib qolganmi, yo haliyam o‘sha-o‘sha — ikki soatda bir keladimi?
— Nima edi, oyi? — deb bosh ko‘tarib yuzlariga qarasam, menga achinib, tikilib turibdilar. Ona— ona-da. G‘alati bo‘lib ketdim. Tezdan holatimni o‘ng-lashga shoshildim. — Ey oyijon-a, har kuni boravergandan keyin odamga o‘rganish bo‘lib ketadi, bilinmaydi.
— Shunaqa-ku, yaqinroqdan biron ish topsang bo‘larmidi?
Hayron qoldim.
— Nega, oyi?
— Rizqni beradigan — Xudoyim. O‘zingni o‘tga-cho‘qqa uravermasang ham qozonimiz qaynamay qolmas. Qiynalib ketding.
— Men-a? — men u kishining nima demoqchi ekanliklariga hamon tushuna olmasdim. — U yerga odamlar yetolmaydi-ku, oyi, — dedim nihoyat. O‘zim ayvon ostonasiga o‘tirgancha qolgan edim.
— Endi aytaman-da, — dedilar u kishi ko‘zlarini tushirib va yana oyoqlarini bir qur silab qo‘yib.— Bizam g‘animat. Kunduzlari ko‘rgim keladi, sen esa,— u kishining ko‘zlari namlanib, bir g‘alati yiltiradi, — bugungicini aytmasa, qosh qorayar ham daraging bo‘lmas, vaqt ikki xuftonga yetar ham jujur mashinang tashlab keta qolmas. Eshikka tikilgan odamga qiyin-da, bolam.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:19:36

Tushundimu g‘alati bo‘lib ketdim. Ilgarigi gallardagidek «otdeksiz, oyi, Nikolayning yog‘ini yeganlar bilan paxta yog‘i yeganlar baravarmi» deb hazilga olib keta olmadim. Ichim uvishib qolganini ko‘rib... oyimning o‘zlari gapni boshqa mavzuga burib yubora qoldilar.
— Ha, aytmoqchi, akangning anuv shaharlik o‘rtog‘i keluvdi. Tutingan oshnasi-chi, o‘sha.
— Chaman akami?
— Ha, bularning o‘sha suyangan tog‘i.
Tushundim, ammo ichim battar hapriqib borar edi:
— Tinchlikmi, nima deydi?
— Bular yo‘q edi, tikuvchinikiga ketishib edi,— dedilar oyim qo‘rqma, degan kabi. — Birpas Yodgor bilan o‘tirdi. Keyin ketdi.
— Hech narsadan hech narsa yo‘g‘-a?
— Nega, to‘yga aytib kepti seni. Boringlar, dedi.
— To‘y? Qanaqa to‘y? — Men hech narsaga tushuna olmasdim.
— Qanaqa to‘y bo‘lardi, o‘zi uylanayotganmish, — nimasiga tushunmading deganday qaradilar oyim.
Mening ko‘z o‘ngimdan esa, o‘sha kovshandozi mo‘’jaz xonadagi oq ruh karavotda o‘tirib qolgan oq-oppoq kampir ketmasdi: nihoyat orzusiga yetibdi-da u kishi? Unatibdi-da? Yana boshqa narsayam ko‘z oldimga aylanib-aylanib kelaverar edi: o‘sha Yodgor bilan chiqqanimiz — boloxonadagi ular turgan joy, uning derazasi, derazasidan ko‘ringan ishkomlar, Kalkovuz suvi, uning bo‘yidagi qator tollar, qolaversa, o‘girilgach devorda ko‘rganim — g‘aroyib surat — bir qarasang kennoyim, bir qarasang akam va yana bir qarasang         u — Chaman akam bo‘lib ko‘ringuvchi narsa yodimga tushib ketgan edi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:19:54

— Picha bo‘lsa ham kut...madimi?
— Kimni? — Oyim tushunmadilar.
Mening esa, nomini aytishga tilim aylanmas, ne xayollarga borib gunohga botayotganimni o‘ylar, o‘ylagan sarim yuzimu quloqlarim osti yonib borar edi.
— O‘sha, necha yil panohida asrab kelgan kishisi— kennoyimlarni-da? Ularni ham aytgani kelibdimi, axir?
— Ha-a, — dedilar oyim endi tushinib, — aytdi, «bular ham borishsin. Oyim boshlari ko‘kka yetadi», dedi. «O‘zlari bilgan joy», dedi.
Mening ko‘nglim xuddi chanqog‘i qongan odamnikidek xotirjam tortib qolgan edi-yu, o‘zim boyagi xayollarimdan endi ich-ichimdan uyalib bormoqda edim.
— Yodgorni-chi, olib borarmikanmiz? — dedim bosh-qa gap topolmay. Men atrofga alanglab, uni izlardim, lekin hech yerda ko‘rina qolmasdi.
— Voy, hamma qolib, uni obormay bo‘larkanmi? Ichikib bir yerga yetgan ekan, ko‘rib naq yopishib oldi-ku. Keyin senga bir nimalar yozib tashlab ketdi. Nima desam, Yodgoring taklufnoma, shunaqasi rasm bo‘libtu, deydi. Mana. — U kishi omonatni nimchalarining yon cho‘ntakchasidan olib uzatdilar.
Rosmana taklifnoma, orqasida chumoli izidanam mayda bitik-xat. O‘qishga tutindim.
«Maqsud, ukajon. Biz ham ozod qush edik! Ota-ona orzusi bizni ham tutqun etdi! Na qilaylik, bor ekan taqdirida, deganlaridek... ko‘ndik. To‘rva xalta bo‘yinga tushdi, ukajon. Endi biz ham hamma qatori yashamakchimiz. Eplay bilamizmi-yo‘qmi, uni yolg‘iz Alloh bilgay.
Borgin, akangni ko‘rgandek bo‘laman, Chaman».

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:20:09

«Voh, shunday odam axir sinibdimi?!» deb yubordimu o‘z xayolimdan o‘zim qo‘rqib ketdim. Ketidan keladigani... chindan qo‘rqquvlik edi: Axir nega sinmayotgan edi?!
Boshqa degani bormidi yo?
Kim edi u?..
Nimani kutar edi?
Yo biron qasam ichgan joyi bormidiki, uylanolmasa?
Qachon uylanmoqchi edi?
Akamni qaytarib olib kelibmi, tinchibmi?
Endi-chi, noilojlikdan, onasining — o‘sha besh kunligi bormi-yo‘q, oq-oppoq bo‘lib o‘tirgan onaizorning so‘zini tashlay olmay uylanmoqdami?
Unda nega ichi yonib ketyapti? Dudi osmonga chiqib, nega ozod qush edik, tutqun bo‘ldik, demoqda?
Kimni deb bo‘ydoq o‘tmoqda edi?
Bu savollarga qani edi biron javob topolsam...
To‘y ham bir chiroyli o‘tdi. Rasm-rusumi joyida bo‘ldi. Qudalar ham rozi ketdi.
Biz hammamiz tushib bordik. Yodgordan kennoyimgacha. O‘z xesh-aqrabolarimiznikidagidek «qamishdan bel bog‘lab» xizmat qildik. Ayniqsa, oyimlar bilan opa-singildek topishib qolgan Oyto‘ra buvining esi ketdi. Bir duo qildilar, bir duo qildilar. Duolari dargohida qabul bo‘lgan bo‘lsin. Shu bilan bu xonadonga xotirjamligu xalovat inib, Chaman akamning uzun-uzun ketishlari orqada qolib, tup qo‘yib palak yozadigan payti kelgani rost bo‘lsin. Alloh uning ko‘ngliga bu kelgan izli-qutli kelinga muhabbat, yaqinlariga mehr solsin. Duo yaxshi narsa, hammamizning ko‘nglimizni iylab-iyitib yanada yaqin qilib qo‘ygan edi. Go‘yo uzulmaydigan rishtalar bilan bog‘lab tashlagandek edi.

Qayd etilgan