Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127605 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 35 B


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:20:21

Hatto Chaman akam ham sipo tortib qolgan, uyatchan kuyovto‘ralardek qizaribgina, tortinibgina qarab qo‘yishini aytmasa, Oyto‘ra buvining gaplariga so‘z qo‘sholmay yer chizib o‘ltirar edi. U to‘rvaxalta bo‘yniga tushganidan xursand ekanini ham, xomush ekanini ham bilib bo‘lmas, men uni ichida jon-jon deb turganini tashiga chiqarolmayotgan kuyovlarga ham o‘xshatolmasdim. U ko‘proq to‘rga tushib qolganini sezdirmaslikka urinayotgan kabi edi. Balki menga shunday tuyilgandir.
Harqalay, u biz bilan xayrlasharkan, kelganimizdan boshi ko‘kka yetganini qayta-qayta aytib, qo‘lini ko‘ksidan uzmasa-da, yana nimadandir juda-juda xijolat edi. U go‘yo endi ilgarigi suyangan tog‘imiz — ishongan bog‘imiz emasdi, endi uning o‘z oilasi, tashvishlari bor edi, o‘zidan ortib, bizga muruvvat qila olmas, panohiga ham ola bilmas, akam haqda undan xushxabarlar ham kuta olmasdik. Chunki endi u uzoq komandirovkalariga chiqa olmas, akang haqda xabarlar bor, zora o‘zini ko‘rsam deb, zudlik bilan jo‘nab keta olmas edi. Uning bo‘yniga oila atalmish bo‘yinturuq tushgan, Kalkovuz bo‘yidagi shu hovliga ipsiz bog‘langan edi. Chaman akamdek ozod qush bu to‘rga qanday ilina qoldi, hech aqlim yetmasdi. Sababi — men sizga aytsam, anchaga dovur ma’lum bo‘lmay qoldi. Bu o‘rtada yoz o‘tdi, kuz ketdi, qish chiqay deganda shahardan xabar keldi. Oyto‘ra buvi nevara ko‘ribdilar. «Muborak bo‘lsin»ga oyim bilan kennoyim tushib chiqishdi.
Shundan ikki haftalar o‘tgandimi, ishxonaga qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. Olsam — Chaman akam: boshi osmonda:
— O‘zingmisan, pakana pari? Uka degan ham shunaqa bo‘ladimi? Xabaram olay demaysan, tabriklay ham demaysan? E, barakalla!
— Muborak bo‘lsin, o‘g‘ilchalar! — dedim xijolatlarga botib.
— Muborak ham gapmi, xari sindirish kerak! Akang qarag‘ay shu kunni kutib o‘lib bo‘ldi, ko‘kraklari teshilib ketdi-ku. Bu yog‘i ozodlik, yana xurlik-ku, Maqsud. Eshityapsanmi?
Men esovsirab qolgan edim!

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:20:35

«Qiziq-ku! Shu kunni kutib yotgan ekanmi?! Kelinposhsha bilan (tavba, nega kelinposhsha bo‘lsin! Kelinoyi-ku!) ahdnoma shunday ekanmi?» Chindan u qanday rozi bo‘libdi ekan? Buning yurishlariga, bedarak tentirab ketishlariga! Bekorga u qariqizni, «o‘qiy-o‘qiy shahar olib bera olmagan», onasiga shahar olib berolsa ham o‘ziga baxtdan taxt yaratolmagan o‘sha olimani xotinlikka olmagan ekan-da. Jindek shunga o‘xshash gaplar qulog‘imga chalingani bor edi. Go‘yo «Bitta qo‘chqordek o‘g‘il tug‘ib bersang, bas, oyimning armonlari ushalsin. Keyin o‘shanga andarmon bo‘lib o‘tiraverasizlar qaynona-kelin...» deganmish, tavba.
Voh! Shunday bo‘lsa, yana yaxshi-ku! Akamning chopari, kimlarning «suyangan tog‘iyu ishongan bog‘i» o‘lmagan ekan-ku! Iste’foga chiqmagan ekan-ku soqchi farishta! Yuragiga balli-ey, bir yilga chidab o‘tiribdi-ya! Endi tentirasa, qayoqqa borarkin? Akamni izlab qay diyorlarga o‘tarkin? Qay sarhadlardan oshib, qay shaharlardan uni so‘roqlarkin? Yo‘qotgan izini qay sahrolardan izlarkin? Biron mujda topganmi yo tavakkalchini ishini Xudo o‘nglar deb, otlanib qoldimi? Ruxsat berishmasa, qayoqqa boradi?
— Tushaymi, qaerdasiz? — dedim yutaqib.
— Tush-tush. Olib ketgani keldim-da seni. Ichlarim toshib ketdi-ku, pakana pari. Senga yorilmasam kimga yorilaman? Bo‘l, yig‘ishtir ish-pishingni. Bir kun sensiz ham chiqar o‘sha hech kimga keraksiz gazeting...
Ol-a, shu yerga kelganda oshirvordi-ku. Odamning hamiyatiga tegib ketadi ham demaydi-ya. Xuddi bir vaqtlardagi salti-svoy Charli chapanidek nimalar deyapti?! Shuncha odam ko‘r bo‘lib chiqargan gazetni nima demoqda? Rosti, gapi endi menga nasha qilmoqda, ichimda alammi, bir nima g‘imirlashga tushgan edi. Chindan ham hech kimga keraksizmi? Kimning gapini gapiryapti? Hamma-hamma bilan, u shunday deb tursa-ya... Alamdanmi, nimadan tilim tanglayimga yopishib qolgandek edi go‘yo!..
— Ha, daming chiqmay qoldi, biron yumushing... — dedi u sal yumshab.
Men ham uni ayadim. Axir kimsan akamning qiyomatli oshnasi. Boshqa birov bo‘lganida eshitadiganini eshitib olardi. Haqimni qo‘ymasdim balki... Lekin bu akamning tug‘ishgandan a’lo oshnasi. U keladi-ku, men chiqmaymanmi? Bir arzimas gapiga zarda qilib-a?! Ot tepkisini ot ko‘taradi-da.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:20:53

— Yo‘q, chiqayapman, yumush-pumushi bormi! Hammasi sizdan aylansin, — dedim.
— Bu boshqa gap, pakana pari. O‘zingga yetari yo‘q. Bo‘laqol, — deb shoshirdi.
Yo‘lakay paltomni egnimga ila-ila kubankamni qo‘lga olgancha zinadan pastga oshiqdim.
O‘pkamni qo‘ltiqlab degandek tushib borsam, tushdan avvalgi yilt etgan eshak o‘ldirar oftobda jindek erib, yana qatir-qutur yaxlamoqqa boshlagan yo‘lkada Chaman akam betoqat borib-kelmoqda. U meni ko‘rib chekib turgan sigaretini qorga itqitib, o‘zi menga quchoq ochgudek yurdi.
— E, bormisan, Kattabog‘ning guli! Oshnaginamning pakana pari ukaginasi! So‘rab kelmasam, o‘zing boray ham demaysan?! Oqibat shu bo‘ldimi?
— Uzr, uzr. Eshitibam o‘tolmadim. Muborak bo‘lsin, yangi mehmonlar? Oti nima bo‘lda, polvonning oti? — dedim ginalarni unuttirishga urinib.
— O‘g‘ilchanimi? — dedi u quchog‘idan qo‘yib yubormay. Undan hozirgina chekkan sigaretining hidi gurkirab kelar, o‘zi esa meni yalab-yulqashga tayyor edi.— Olma olmadan nari tushganmi, ammo men ixtimat qo‘yib, oshnamning nomini berdim. Adashiga o‘xshab, botur bo‘lsin, undanam uzoqqa borsin. U yetolmagan orzularga hech qursa bular yetsin deb, shunday qo‘ydik. Qalay, senga yoqdimi?
— Sultonmurod debmi? — dedim hayratu shodligimni ichimga sig‘dirolmay.
— Ha, to‘lig‘icha qo‘ydim. Irim qilib emas, niyat qilib! — Keyin kutilmaganda qulog‘imga engashib shipshidi, — Bilib qo‘y! Har ish niyatga bog‘liq. Payg‘ambarimizdan shunday hadis bormish.
— Rahmat, unutmaganizga... — deyoldim ichim allatovur achishib kela boshlab.
— Unutish? — dedi u ikki yelkamdan changallab tutib turganicha, ko‘zimdan ko‘zini uzmay. — Qayoqdagi gapni gapiryapsan sen?! Uni unutsam, Chaman otimni boshqa qo‘yarman! Usiz men kimman? — dedi meni silkilab, keyin itarib yuboraturib, mahkam o‘ziga tortdi-da, qo‘shdi. — Qo‘y bu gaplarni hozir: yaramga tuz sepma. Undan ko‘ra ketdik. O‘g‘ilni yuvamiz biron yerda. Bir otamlashib, ezilishaylik.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:21:07

Mening miyamga qachondir, kimdandir eshitganlarim urilib, bosh chayqadim:
— Otamlashsak otamlashaylig-u, lekin yuvmaylik. Chillasi chiqmagan bolaga yaxshimas. Yuk tushadi, deydilar oyim. Undan ko‘ra, biron holiroq issiq joy topaylik, — dedim iymanibgina.
Chaman akam dabdurustdan yelkamga qo‘lini tashlab, qoqdi:
— O‘lma. Shunday kunda tanchadan zo‘ri bormi? Yur, uyga ketdik. Bozillagan tanchada bir bitimiz to‘kilsin.
— Bu boshqa gap. Sho‘rvani solib qo‘yib, ezilishganga nima yetsin. — dedim. Ichimda esa, nimadir g‘urmishlagandan-g‘urmishlab nimani ilinib kelibdikan, deb turibman-u, so‘ray olmayapman. Chaman akam bo‘ladiyu behudadan-behudaga so‘roqlab keladimi? Balki, avvalgi safarlarida topgan xatlaridan qolgani bo‘lsa o‘shani ham bermoqchidir?..
U ixcham, uzun qora charm palto kiygan, boshida ham charm kepka, hatto qo‘lqopi yumshoq — toza charmdan edi. U shu turishida qora mashinalarda yuradigan amaldor vazirlardan bir tuki kam emasdi. Men uni biron balandroq vazifaga tayinlashibdimi, xizmat mashinasi ham hozir kelib qolsa ehtimol, deb o‘ylab qolgan edim.
Unday desam, bozillagan tancha haqidagi gapi qiziq... Yo qabulu majlislardan bezib, yorilarga mendek bir yaqin suhbatdosh istab qoldimikan?
Hukumatning qora mashinasi ham kelmadi, uning orqa o‘rindig‘iga ham o‘tirmadik. Nechta binoyi taksilarni o‘tkazib yuborib, kepkasining moyi chiqqan bir kirakashning mashinasini to‘xtatdi-da, savdolashmay ham old o‘rindiqqa cho‘kdi. Keyin yarim o‘girilib o‘tirib olib, gap bera ketdi. Yo rosa ichi qizib, to‘kilolmay yurgan ekan, yo meni topib olib, gap xaltasi ochilib ketgan edi. Faqat men bir narsaga hayronman: bir yil burun uylanib sipogina kuyovga aylangan Chaman aka qani? Go‘yo u bir dumalab, yana avvalgi o‘z holiga qaytib ulgurgan, bir gapirib o‘n kular, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan sarguzashtu tesha tegmagan hangomalarni qalashtirib, ichimni uzib borayotgan edi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:21:23

Yaxshiyam moy bosgan kepkasini bostirib olgan anuv sariqmoshak shofer bizning tilimizga tushunmaydi. Tushunsa, shu vaqtgacha qaybir ariqqa mashinani solvorgan bo‘larmidi. Shunda ham har sharaqlagan kulgimizga xuddi bir narsa tushungandek iljayib qarab qo‘ymoqda.
Kalkovuz ko‘prigidan o‘tib, suv yoqalab o‘sha ostonasi tagiga o‘n odam zo‘rg‘a ko‘targudek katta xarsangtosh yotqizilgan eshikka yetganimizda akam shoferning tizzasiga ikkita qizil o‘n so‘mlik tashlab, yelkasiga qoqdi:
— Rahmat, sariq-suruq — o‘zimizning urug‘, uka. Topganing osh bo‘lsin.
Sariqmoshak ham vallomat ekan:
— O‘zlariga-da, rahmat, shef, — deya kishibilmas bitta o‘n so‘mlikni tushayotgan akamning cho‘ntagiga qistirib yubordi. Nazari to‘qligini ko‘ring buni... deb o‘yladimu... shu zahoti o‘zimni omilarning omisi, har bitta kelgindidan fazilat izlaguchi go‘llarning bittasi hisoblab — o‘z-o‘zimdan ijirg‘anib ketdim. Shunaqqib, o‘zimizni past ola-ola kim bo‘lib qolmoqdamiz?! Sultonmurod akamdek odam hech zamonda shunday hayratga tusharmidi?! Chaman akam u sariqmoshakka behuda ikkita o‘n so‘mlik tashlab tushdimi? Go‘yo ma, shunga kelganmisan, xizmat haqingni ol-da, qorangni o‘chir, demoqchimasmi? U ham anoyimas (jilla qursa, men ko‘raman-ku vallomatligini!!) o‘sha xorijda ham qadrlanadigan o‘n so‘mlikning bittasini qaytarib, qistirib yubordi. Shunaqa «o‘qsiz jang» allazamondan beri davom etayotganini mana hozir anglab-ko‘rib turgandek edim men. Bular ham tashlaridan sezdirmasalar-da, ichlaridan bo‘sh kelmasdilar. Erta-birisi kun kim g‘olib keladi, buni yolg‘iz Alloh biladi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:21:37

Ya’ni kim Allohga yaqin bo‘lsa, o‘sha yutadi. G‘ururi, ori, nomusini, demakki, dini-diyonatini qaytarib oladi. Hozircha xufyona jang ketyapti. Rosti, bunday «noma’qul» fikrlar mehmon bo‘lib kelayotganidan ba’zan qo‘rqib-qo‘rqib ketsam, ba’zan akamga o‘xshab borayotganimdan xursand bo‘lib ketaman...
Tushdik. Kirib boryapmiz ishkomlaru ko‘milgan tok zanglari oppoq qor tagida qolib, yana ham kengayib ketgan hayhotdek hovli-bog‘ning yapasqi g‘isht yotqizilgan yo‘lkasi bilan o‘sha tepadagi uzun ham boloxonali uylar tomon. Biz bu yerdan o‘zimiz uchun aziz odamlarni topganmiz bir vaqtlar. Og‘ir kunda ular shu yerda jon saqlashgan. Yodgortoyimiz esa, shu yerda tug‘ilib, dunyo yuzini ko‘rgan. Hov anavi shoxlari har tomonga salom berib egilib qolgan tollar ostidagi ko‘hna hovuz bo‘ylarida chopqillab yurib, katta bo‘lgan. Kechalari esa, (hozir derazasiga bo‘zmi — nima tutilgan) hov anavi boloxonali uyda yotib, tushlarida kimlarni ko‘rgan. Shu bois ham bu hovli, bu uylar menga azizdan-aziz. Anavi chekkadagi bir uy, bir dahlizda Yodgorning o‘rnigayam (men Yodgorman deb!) buvalarining yurtiga borib kelgan, ularga sovg‘a-salomlaru mujdalar olib kelgan Saritoyu uni asrab olgan onasi Asal opa turadi. Bunisiga bo‘lsa, kelin tushgan. Yonginasida (hov o‘sha boloxonaga chiqadigan yog‘och zina yonida) bu xonadonning nuri iymoni bo‘lib, Oyto‘ra buvi o‘tiribdilar. Hozir qaerga kiramiz ekan? Qaerga kirganimizda ham avval buvini ziyorat qilib qo‘yish qarz ham farz. Duolarini olish lozimdan-lozim. Qolaversa, yangi mehmonli bo‘lishgan. Muborakbod etib, ko‘rmanasini u kishiga bermoq lozim. Urf shunday, irimi shunday. Amaqisiga o‘xshab, mirzo yigit bo‘lsin, bizaniyam tarixlarimizni yozsin, deb duo qilsalar, boshim ko‘kka yetmaydimi?..
— Qarang, oyi, men kimni boshlab keldim. Oshnaginamning tug‘ishgandan a’lo xolavachchasi. Tanuqli mirzo... Anavi kungi mehmonlar shularnikidan kelishib edi-da. Endi bu kishining onalari bizga ham xola hisoblanadilar-da, shundaymi, oyijon?
— Voy, onayiz aylansin. Kim kelyapti desam, sizmidiz hali? Keling-keling, qadamlaringizga xasanot. Tutinganlarni tug‘ishgandan a’lo etgan Allohimdan o‘rgilay, keling, — deb bir yerga yeta ketdilar.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:21:47

Qo‘llaridagi qariganda topgan nevaralari — yo‘rgakdagi bolani yonginalariga yotqizib, o‘tirgan joylarida men bilan ko‘rishishga chog‘lanarkanlar, bu ko‘p qadim uylar yangi mehmon ko‘rishib, avvalgidan ham charog‘on bo‘lib ketgandek edi. Chindan kelinning qadami qutlug‘ kepti bu xonadonga. Hammayoq saranjom-sarishta, derazalardan oftobda yarqiragan qorning oppoq nurlari to‘kilibmi, uy ichi charog‘on tortib ketgan. Ilgarigi zah-mog‘or hidlaram yo‘q. Tokcha qoziqlaridagi oxorli sochiqlardanmi va yo beshik boshiga ilingan qalampirmunchoq shodasidanmi, tanish iforlaru bo‘ylar taralardi. Unga norasida bola isi, yangi kelin bo‘ylari, Oyto‘ra buvining shirin mulozamatlari qo‘shilib, uy emas, jannatga kirib qolgandek bo‘lmoqda edim. Boshim ham yengil-engil aylanib kelmoqda edi go‘yo. Men bosh egib borib, oq ruh karavot yoniga tizzalagancha Oyto‘ra buvining momiq bag‘irlarida qoldim. Undan esa boyagi bo‘ylardan ham azizroq bir bo‘y — halim tortib qarigan taqvodor zotlardan keladigan bir tur ifor hidlar anqib, xuddi jannatdan tushgan deb ataluvchi anjir tagiga kelib qolgandek edim.
U kishi esa, momiqdan yumshoq kaftlari bilan boshimu kuraklarimni silab, shivirlar edilar:
— Eslab kepsiz, iloy, bizning nevaralarga ham sizning yo‘lingizni bersin. Yurtda azizu mukarram qilsin O‘zi, — ketidan qo‘llarini ochib, duo qilib qo‘ydilar, — Va sallalohu taolo ala xoyri xolqihi Muhammadin va ala alihi ashabihi ajmayin. Birohmatika ya arhamar rohimiyn.
Beixtiyor biz ham qo‘l ochib duoga qo‘shildig-u, ammo bu Payg‘ambarimiz sha’nlariga salovat ekanini, shusiz osmon eshiklari ochilmasligini hov talay yillardan keyin anglab yetdik. Ular bilgan narsalarni bilishimizga necha qovun pishig‘i bor bo‘lsa-da, bu duolar bizga moydek yoqib tushmoqda edi.
Keyin Oyto‘ra buvi boshlari ko‘kka yetib, so‘rasha ketdilar:
— Oyiz Salomxon omon-esonmilar, kelinposhsham qalaylar? Bir-biridan shirin jujuq qizlariz bormish — boy ekansiz, katta bo‘lishyaptimi? O‘g‘ilchangiz yurib ketganmish, ilo-oy, Alloh baxtini bersin. Go‘shangalarga kuyov bo‘lsin.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:21:57

Shu asno yo‘rgakdagi chaqaloq guvranib, boshini dam u, dam bu tomonga burgancha iskalana boshlab edi, buvi uning tilidan ham gapirib qo‘llariga oldilar-da, boshini tikka qildilar:
— Voy, amaqujon, assalomu alaykum, bu yoqda biz ham bormiz, go‘shangalarga kuyov bo‘ladigan. Xush kepsiz, adajonimizning azizlari. Chillamiz chiqib qoldi bizaniyam, odam taniydigan bo‘p qolamiz hademay.
Men iyib ketib, o‘rnimdan tura boshladimu qo‘yin cho‘ntagimdan beshta qizil o‘n so‘mlik olib, akamning mitti adashi bo‘lmish bolakay yo‘rgagining ipak bog‘ichiga qistirdim.
— Vaalaykum, vaalaykum. Katta yigit bo‘lsinlar. Otlariga yarasha ishlar qilib, hammaning duosini olib yursinlar. Biz yetolmagan joylarga yetsinlar, — dedimu o‘zim nimagadir to‘liqib kelib, ko‘zlarim namlandi.
Bu yoqda ahli ayoli, o‘g‘li qolib, o‘zi qaytar yo‘lini topolmagan akam yodimga tushib ketgan edi. Va negadir Chaman akam shu o‘g‘lining otini bunday qo‘ymay tursa bo‘larmidi... shu bilan qaytar yo‘li tamom berkilmasmidi?.. degan o‘ylar kechib, ichimni tirnay boshlagan ham edilar. Islomda irim yo‘q bo‘lsa-da, negadir men o‘zimni bosolmasdim. Ich-ichimdan g‘urmishlab kelayotgan bir g‘ashlikni quvarga ham yaramasdim.
Qarangki, qaytib o‘tirarimni ham, chiqishga izn so‘rarimni ham bilmasdim. Yaxshi ham Chaman akam bor ekan, u holimni tushunib, oraga tushdi.
— Oyi, bizga ruxsat bersangiz, narigi tanchali uyga joy qildirib edik. O‘rik o‘tinning olovida tanchani bir bozillatib o‘tirmoqchimiz.
 — Yaxshi o‘ylabsizlar. Oyoqni hozirdan asrash lozim. Keyin mendek, manavunday kunga qolib o‘tirmaysizlar. Boravering, baxayr...

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:22:11

Manziratlar bilan chiqdik. Biron yoqqa ketishgan shekilli, Asal opa ham, uning asrandi o‘g‘ilchasi kemshiktoy ham ko‘rinmas, faqat tashlandiq hovuz tomondagi oshxonadan yengil dudu tutun o‘rlab, olovning charsillagani eshitilar, ishkomlar orasiyu hovlidagi qor ko‘rpasiga qarab bo‘lmas, u oftobda ming-milliard marvaridu injularga aylanib yarqirar, qamashgan ko‘zni qayoqqa olarni bilmasdik.
Biz o‘n bir to‘sin (bolor)li, laklangan toqilari qora jigarrang tusga kirib ketgan, gir aylanasiga dorpechu gulpechlar tutilgan, atir upayu qovuzdog‘u beshik anjomlarining bo‘ylariga qo‘shilib, qalampirmunchoqmi, go‘dak isimi, nimadir o‘tirib qolgan kelinlik uyiga kirib qolgan, tepadagi deraza tagida ko‘rpa yopilgan tancha ko‘rinar edi.
Chaman akam yassi g‘ishtdan terilgan xanik yonidagi kovshandozda qo‘njli nozik botinkasini yecha turib, tegishdi:
— Mana shu bizning tutqunxonamiz. Xudo xohlasa, shu g‘urbatxonaga tushganimizga ham bir yil bo‘lyapti. Kelasi haftalarga Sultontoyning chillari chiqsa, to‘rtta cholni chaqirib, is chiqarib yuborsak, qarabsizki, uy tutqunidan ham ozodmiz-da. Kelishuv shunday bo‘lgan. Keyin to‘rt tomonimiz qibla, xohlagan yog‘imizga qanot yozib ucha olamiz. Ozodlik!..
— Kimdan? — deb yuboribman beixtiyor.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:22:22

— Kimdan bo‘lardi, — deb ishshaydi u namat ustiga o‘tib, — bu tarz bir tupkaga qamalib o‘tirishlardan. Ro‘zg‘or ivir-chiviriyu hamma qatori yurishlardan. Bemaqsad, bemurod umrguzaronlikdan. To‘ydim hammasidan. Qolaversa, pakana pari, endi senga yorilsam bo‘ladi, boshda chaqirib olishganida shartlashuv shunday bo‘lgan. Uylanasan, o‘g‘ilmi-qiz ko‘rasan, chillasi chiqadi, so‘ng ozodsan, ungacha bo‘yningda bo‘yinturuq — o‘tiravurasan. Sen bularning orzu-havasini qondir — keyin to‘rt tomoning qibla, borgancha borib, kelgancha kel. Ob-havo istansangdagi vazifalar sensiz ham ado etib turiladi. Dunyoni to‘fon bosib ketmas, kut, deb shu to‘rt devor ichiga tiqishgan edi. Mana, biz shartni ado etdik. Toy bolaning chillalari chiqyapti, kelinposhsha qo‘llari kosov, sochlari supurgi, bularning istaklarini ado etib turibdi. Qolaversa, kemshiktoy er yetib qoldi. Demak, bu xonadon erkaksiz emas. Akang qarag‘ay issig‘ ellarga qarab uchsa, bo‘lavuradi. Ram-ram, ram-tararam...— deb aylana turib, qosh qoqib, ko‘z uchirib, qars badabangga o‘yinga tushib ketsa, bo‘ladimi?
Men taxta bo‘lib qolayozgan edim. Uni tabriklarimni ham, quchib olarimni ham bilmasdim. Vaho-langki, arzirdi. Shuni aytadilar-da, har narsa niyatga bog‘liq deb. Niyat sof bo‘lsa, kim niyatiga yetmagay?!

Qayd etilgan