Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127779 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 35 B


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:22:40

12. Xush qol endi, jamilam...
(Tangritog‘dan o‘zga diyorlardan topilgan maktublar jumlasidan.)



«Alloh senga sabr berib, O‘z panohida asrasin. Seni unga topshirdim. O‘zini senga vakil etdim. Tushun, jamilam, shunday ishlar bo‘lib ketdi! Hamma sig‘gan Tangritoqqa bizlar sig‘may qoldik. Ko‘nglum harqalay tinch edi sizlardan. Shunday dovon oshib, sarhaddan o‘tsam yetadigan joyda edim. Jilla qursa, sog‘iniblar ketsam, o‘sha dovonga chiqib tushmog‘im, sizlar panoh topgan ona diyor havolaridan tuyib-to‘yib nafas olmog‘im, u aziz yurt nasimlariga yuzlarimni tutib, soatlab o‘tirmog‘im mumkin edi. Barchasini Xudoyim ko‘p ko‘rdi. Tangritog‘ni tashlab chiqdik. Qori akam aytadilar: Hazrat Alidan so‘rashgan ekan: agar Osmon kamonga aylanib, Yer uning ipiyu odamlar o‘rtasidagi majorolar kamon o‘qiga aylansalar, Kamonchi esa, buyuk Allohning o‘zi bo‘lsa, nishonga aylangan bebaxtlar qayoqqa qochgaylar deb. Shunda u kishi: Albatta, Alloh tomonga qochib, jon saqlash mumkin, deb javob qilgan ekanlar. Shunga o‘xshab, biz ham Uning panohiga qochmoqni afzal ko‘rdik. Shoyad Ka’batulloh tomonlardan najot topsak. Ana shu umidda hijratni ixtiyor etdik. Bunda yolg‘iz Alloh roziligidan bo‘lak niyatimiz yo‘q, Mahfuzam.
To‘g‘ri, Mahfuz, Ka’ba yo‘li osonmas. Unga yetmoq dushvordan-dushvor. Ayniqsa, bizdek darbadarlar uchun mushkuldan-mushkul bir safar. Yetguncha ne diyorlarda qanday zahmatlar chekarmiz,  qancha sarhadlardan qanday osharmiz — bilmasmiz. Oldinda Allohning yana qanday imtihonu sinoatlari bor, ne ko‘rgiliklarga uchrarmiz, bilmasmiz. Bilmasak-da, Kamonchi tomon qochmoqni, uni panoh tortib bormoqni lozim ko‘rdik.
Mahfuz, «biz ko‘zingizga ko‘rinmadikmi?» deb o‘pkalashga haqlisan. Yig‘lab-siqtashga, sochlaringni yoyib, yuzingni yostiqlarga burkab o‘krashga haqlisan.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:23:03

Mayli, kimsasiz uylarga qamalib olib, to‘yib-to‘yib, xun-xun bo‘lib yig‘la, ko‘z yoshlaringga erk ber. Busiz ham ezilgan yurakkinangni bo‘shat. Ammo taqdiringni qarg‘ab tilga ola ko‘rma. Bular hammasi — men bu yoqlarda qolib, sen ota yurtda orqadoshingni kutib yurmog‘ing, ayol boshing ila vatanda vatansiz qolmog‘ing — barcha-barchasi Allohning yozmishi — xohlashidir. Uning sinovi — imtihonidir. Har ikkimizga ham shundaydir. Negaki bu dunyoda Allohning xohishidan tashqari na bir yel esar, na bir kun kechar. Qalam yozishdan to‘xtagan, siyohi bitgan! Barchasi yozilib bo‘lgan! Bu yozmishni o‘zgartiruvchi Allohdan bo‘lak Zot yo‘qdir. Xohlasagina O‘zi o‘nglagay. Shuning uchun ham, jamilam, gunohga botib, yozmishimizdan nolib, taqdirni qarg‘ab o‘tirma. Barchasiga ko‘n. Dunyoda Allohning yozmishiga ko‘ngan kishidan ham oqilroq odam bo‘lmagay. Ana shunday kishigina banda sanalgay. Ko‘nib, Allohning roziligini topolgay.
Sen (uzr, avval sizlar edim, endi azbaroyi o‘zimga yaqin olib senlayotirman. Chunki osmon nikohi o‘qilgan yolg‘iz rafiqamsan. Men sendan tonmasman. Har qancha uzoq ketmay, unutmasman), ha, sen o‘zing oqilasan, barcha-barchasini vaqt o‘tib tushunib olgaysan. Bu jahon ayvonida Allohning ixtiyori, irodasidan tashqari hech narsa sodir bo‘lmasligini anglab yetgaysan. Tushun, biz bir-birimizdan qancha olislarda bo‘lsak-da, o‘rtada qancha tog‘, qancha daryolar yotsa-da, baribir yolg‘iz bir Zot panohidamiz. Uning O‘zi yaratgan Yer ustiyu Osmon ostidamiz, undan chiqib ketmaganmiz. Qolaversa, uning xush ko‘rgan dinidamiz. O‘zi panohida asragay bizni. Shuning uchun men sendan xotirjamman. O‘ziga topshirib qo‘yganman seni! Hech bir kimsa seni ul Zotdek asray olmas! Faqat sen buni tushunsang, bas. O‘zingni unga topshirsang, hasbiyallohu ne’mal vakil1, deya tavakkul qilsang, bas. O‘zi asragay. Ana shunda, bilki, qalbingga ham buyuk bir xotirjamlik ingayki, uning oldida bu dunyoning barcha tashvishlari hechga aylangay! O‘zing esa, mening go‘zal amalli, sabotli mahbubamga aylanib qolgaysan.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:23:14

Bu bir taskin emas, jamilam. Rivoyat yo ertak ham emas. Bu haqiqatdir. O‘zini bilgan, Allohni tanigan, uni hech bir narsaga almashtirmagan, yolg‘iz Allohga tavakkul qilgan mo‘minlarning buyuk e’tiqodidir. Laa ilaha illallohu2 — ana shudir! Shunga suyan — shundan panoh topgaysan.
Barcha ishlar niyatga bog‘liq, demishlar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam. Biz jihodni dilga tugib, o‘sha sarhad oshib borgan kezimizda zohiran niyatga yetmagan esak-da, botinan Alloh rizoligini topgan ekanmizki, buyuk Alloh o‘sha kechaning o‘zidayoq meni ajri mukofoti ila siylagan, sening ruxsoringga yetkazgan edi! Endi imonim komilki, o‘sha safarda bizga sarhad yo‘llarini ochib uni bexatar qilib qo‘ygan ham uning O‘zidir. To‘ramni ishni qayta boshdan boshlab, zafar topmoqqa ko‘ngillarini choptirmagan ham kim bo‘lardi?! O‘zidir! Faqat meningu sening qaysi fe’limizu amalimiz unga xush kelmishki, bizni shu bahona topishtirdi, bir kecha mehmon etdi bir-birimizga. Shunga ham beadad shukrlar bo‘lsin. Topishtirmasa, boshqa ko‘rishtirmasa, nima qilar edik?! Va buning hikmatini hov keyin anglab yetarmiz balki.
Sen g‘am yema. Hammasini buyuk Alloh o‘zi chokini chokiga to‘g‘rilab, o‘nglagay. Iymonim komilki, o‘sha uchrashuv beiz ketmagay. Undan yodgor qilib bir tirnoqmi, nima bergayki, alal-oqibat o‘shal farzandimiz tufayli o‘rtadagi rishtalarimiz uzulmay qolgay, qachondir bizni  topishtirgay. Bo‘lmasa, nega ko‘rishtirdi, uchrashtirdi, agar qaytib topishtirmasa?! Mening umidim shundan va yolg‘iz Yodgorimdan. Qay yurtlaru begona ellarda darbadar kezmay, afg‘on chekib hindudek qoraymay bu niyat, bu umiddan tonmasman, sizlarni unutmasman.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:23:26

Mayli, yig‘la-siqta, tishingni tishingga bos, ammo Tangrimiz azza va jallaga shukrni unutma. U inoyatga kimlar yetdi, kimlar yetmadi?! Axir Mahfuz qaerdasan, bil. O‘z ota yurtingda, xolalarimiz qavatida o‘tiribsan. Bizdek darbadar kezsang, nima qilarding?! Noshukr bo‘lma. Qanchalar u diyorning bir xovuch suviga zor, tuprog‘iga zor. Yaqinlarini tushlarida ko‘radi, xolos. Sen ularning qavatida o‘tiribsan-ku.
Bilaman, kuchi ko‘z yoshidan bo‘lakka yetmagan bir ayolsan, bir kelinchaksan. Lekin meni desang, qaerda bo‘lsa, omon bo‘lsin desang, yig‘lamagaysan. Uning o‘rniga ham o‘zingga sabr tilagaysan. O‘yla, Mahfuzam, bu  dunyoda shunchaki yashashdan ne foyda? Agar o‘z nafsingga qarshi jihod qila bilmasang?! Bu dunyoning xoyu havaslaridan ustun turolmasang?! Qolaversa, nimaga yashab yuribmiz, agar Allohning roziligini topolmasak?! Shundan boshqa tongla Mahsharda katta tarozuga qo‘yadigan nimamiz bor?! Agar shu rozilikni topsak, bilki, u qirq yil birga yashaganimizdan a’loroqdir!
Qo‘y, ko‘zyoshlaringga ham rahming kelsin. Umidim bor. Buyuk Alloh bizni shunday qoldirmagay, bu judoliklar ketidan visol kelsa, ajabmas. Seni, Yodgorimni bir bor ko‘rmay ketsam — ko‘zim ochiq ketmasmi?
Kut. Saharlarda yolg‘iz O‘ziga iltijo qilki, bizni qayta ko‘rishtirsin, topishtirsin.
Xush qol endi, jamilam. Men senga sabru sabot tilarman.

Sultonmuroding
Peshovar».

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:23:47

13. Chin soqchim, qiyomatli birodarim —
Charli-Chamanimga


«Oh, birodarim, bu dunyoga kelib topgan yakka-yolg‘iz sodiq do‘stginam, Chaman! Qadim Eskijuvaligim! Horisim, soqchi farishtam, Zakiy Validiydek suyanganim, ishonganim!
Uzr, ming bor, uzr! Yo‘llarimiz ayro tushganiga. Men sendan beruxsat, bemaslahat bu yo‘lni — hijratni ixtiyor etib qo‘ydim. Vatanga sig‘maganlarga Allohim O‘zi hijrat yo‘lini ochgay ekan. Men bu yo‘lning birinchi yo‘lovchisi ham, oxirgisi ham emasman! Taqdirga shukrona aytmog‘im lozim.
Yo‘q, men qasamni buzmoqchi emasman va buzganimcha ham yo‘q. Senga bergan so‘zim-so‘z, unga hiyonat etganimcha yo‘q! Faqat shunday bo‘lib qoldi. Barcha majoroyu mushkulotlar Kamonchi tomonga qochib, jon saqlamoqdan bo‘lak yo‘l qoldirmadilar. Hamma yo‘llar berkilib, shu birgina yo‘l — Alloh panohiga qochmoqgina qolgan edi, Chaman.
Men seni og‘ir kunga qoldirdim, uzr. Buning uchun seni tinch qo‘ymaslar. Bir qavat etingni shilib ol-salar-da mumkin. Lekin sen epini topasan, deb o‘y-layman. Ne og‘ir hollardan qutulib chiqmagansan,   axir. Bir chorasini toparsan. Axir senday chapdast bu dunyoda ikkita bo‘lsa, bittasi o‘zingdirsan. Balki sen ham o‘sha Kamonchi panohiga qochib qutilarsan?

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:24:04

Chaman, tushun! Sen uchun hamisha vazifalar o‘z yo‘liga, bir bahona bo‘lgan xolos. Seni menga ming ishonchluv soqchi etib tayinlashmasin, ming hisobu hisobotlar talab etib kelishmasin, sen hamisha meni balo-qazolardan asraguvchi  soqchi farishta bo‘lib kelgansan. Shuni oliy vazifa, niyat, maqsad deb bilgansan. Shu bilan Alloh roziligini topmoqni istagansan. Bo‘lmasa, allaqachon meni mahv etib yuborar edilar. Yoxud yer osti muzxonalarigami, qamoqxonalarigami tiqib tashlagan bo‘lardilar. Sen esa, meni ularga kim ko‘rsatib, qay sarhadlardan oshirib, qay janggohlarga olib chiqib yuribsan! Va biz «topshiriq ila ot mingan» mujohidlar safiga qo‘shilib turibmiz! Sen niyati yolg‘iz Allohgagina ayon bo‘lgan ulug‘ o‘yinchisan! Sen Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam urush — o‘ziga xos firib berishdir, deb marhamat qilganlaridek, ustomonlik bilan bizni qutqargan, mujohidlar safiga qo‘shgan kishisan. Alloh rozi bo‘lsin, yaxshiliklaring uchun! Faqat men sening bu yaxshiliklaringga arzirli yaxshilik qilib ulgurmadim. Qaytaga seni og‘ir ahvolga solib, Tangritog‘dan chiqib ketdim. Izimni yo‘qotib ketdim. Senga jabr qilib ketganimni, Chaman, endi anglab turibman. Lekin endi kech, orqaga qaytishga imkon ham, yo‘l ham yo‘q. Uzr, oshna, Allohning xohlashi balki shunday bo‘lgandir. Men barcha-barchasini hozir tarozuga solib, kim haq-nohaqligini aniqlashga ojizman. Faqat Buyuk Kamonchi — Allohning panohiga qochib to‘g‘ri qilganimni bilaman, xolos. Qori akam aytdilar: Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam Hazrati Aliga: «Ey Ali, agar butun olam senga dushman bo‘lsa ham hech andisha qilmagil rost so‘zlashdan, omonatni asrashdan, juvonmardlikdan» deb vasiyat qilmishlar. Shu bois men ham senga rost so‘zni aytdim, toki meni qasamga hiyonat etdi, deb o‘ylamagaysan va bundan keyingi qadamlaringni bilib bosib, o‘zingni kasu nokaslardan asragaysan.
Oh, Chaman, Chaman, bilasanmi, bizning fojiamiz nimada? Sarhad oshmaganimizda, dunyo ko‘rmaganimizda. Kindik qonimiz to‘kilgan joynigina vatan hisoblab yurishimizda. Undan ajrasak, o‘zimizni eng baxtsiz kishi sanashimizda. Vaholanki, Alloh bizga butun yer yuzini namozgoh qilib berib qo‘ymish. Va unga bizni vaqtincha nigohbon etib tayinlamish. Ana shu imtihon diyoridaki, biz barcha mo‘minlarning dardi bilan yashay bilmas ekanmiz, qandoq ham butun yer yuzini sajdagoh vatan tuta olgaymiz. Mangu vatanimiz jannatga erisholgaymiz?! Busiz Alloh roziligini topib bo‘lgaymi?! (Yana biz o‘zimizni mujohid sanab yuribmiz!)

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:24:17

Chaman, xatning shu joyiga kelganda o‘qishdan to‘xtagil-da, volidang Oyto‘ra buvi oldilariga chiq. Chiq-da, (darvoqe, biz uchun aziz u kishiga ko‘pdan-ko‘p duoi salomlarimni yetkazgaysan. Alloh u kishini sizlarinng baxtingiz uchun ham o‘z xifzu himoyasida asrasin. Yana ko‘p yillar shu xonadonning duogo‘y onaxoni bo‘lib o‘tirsinlar!) karavotlari tepasidagi jildda osig‘liq turmush o‘sha Kalomullohni ochib, biz vatanjudolar haqida kelmish bir oyatni — Niso surasining 100-oyatini topib o‘qib berishlarini iltijo et. Shunda ko‘ngling joyiga tushib, barcha g‘ilu g‘ashliklarni, alamlarni unutib, hech zamon tuymagan bir xotirjamlikni tuygaysan, o‘rtoq.
Qaytib chiqdingmi, endi eshit. O‘sha Qur’oni Karimni birinchi bo‘lib bizning tilimizga o‘girmish zot (u kishi ham vatanjudo — bu yoqlarga hijrat qilmish ko‘p tabarruk kishi emishlar) — ana o‘sha kishi hijrat oyatini bunday sharhlamishlar: «Kishiki, Xudo rizosi uchun aziz vatanlarin, mahbub xonadonlarin va xesh-aqrobolarin tashlab, alarning hajrlariga sabr qilurlar va aziyat olamiga o‘zlarini olurlar, Janob Parvardigor alarga vatanlaridan yaxshi vatan va birodarlaridan mehribon birodarlar va izzatlaridan ziyoda izzat va rizqlaridan ortiq rizq ato qilur. Va bu — dunyodagi ajrlaridur, oxiratdagi daraja va savoblarini bayon qilib bo‘lmas. Agar andin xabardor bo‘linsa erdi, hijrat qilolmag‘on bechoralar ham har nechuk kulfatlar va aziyat ko‘rsalar ham albatta, hijrat qilur erdilar».

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:24:31

U kishi bizdan ancha oldin bu tomonlarga hijrat etib, shu darajalarga yetmishlar. Ishon, biz ham Allohga shu tariqa tavakkul qilgan kishilar izidan bu diyorlarga ularni qora tutib kelganmiz. Har qancha aziyatlar bo‘lsa, chidamoqqa bel bog‘laganmiz. Xudo xohlasa, u taraflarda ado etolmagan (ado etishga qo‘yishmagan!) vazifamiz — barcha mo‘minlarning dardi bilan yashash orzumizga shu yerda yetsak, shoyad! Shoyad, o‘z vatani, yaqinlari, qavmu qarindoshlaridan ajrab aziyat olamiga yuz tutgan vatanjudolar dardiga malham bo‘la olsak, ularni bebaqo dunyoning turfa adolatsizliklaridan himoya eta olsak. Jilla qursa, ular suyana oladigan bir «vatanjudolar jamiyati» tuzsak edi. Loaqal o‘z yo‘lini yo‘qotgan, adashgan, mushkul kunga, vaziyatga tushganlarga esh bo‘la olsak edi, Alloh roziligini toparmidik?! Taqdirni qaraki, o‘z yurtiga sig‘mamish va quvilmish buyuk bobokalonimiz Bobur Mirzo vatan tutib, saltanat qurmish diyorlarga biz g‘ariblarni-da qadami yetdi. Ul zot bir hovuch ishongan birodarlari ila saltanat qurgan bo‘lsalar biz sig‘indi vatanjudolarni himoya eta oladigan, silai rahm ko‘rsatadigan jamiyat tuza olmasmizmi? Loaqal o‘zimiz uchun, Alloh roziligi uchun! U jamiyat saltanat da’vosini qilmas, lekin sobiq mujohidlarni-da xo‘rlatib qo‘ymas.
Yodingda tut. O‘sha O‘rinburgdan cho‘l oshib, necha qum-taqirliklarni ortda qoldirib, Makka safariga chiqmish ulug‘ tutqun Xudoyorxon qadami yetgan joylarga yetib kelmishbiz. Va u suv kemasiga tushib, Jiddaga otlangan bandargohdan ish topmishbiz. Ishimiz chinakam qora ish — kemalaru qayuqlarning tagini saqich-qoramoy eritib mumlashdir. Ammo shunday ishni topolmagan darbadarlar ham qancha, Allohga mingdan-ming shukrki, bizni ishlik etti, boshpanalik etti. U yog‘iga ham Xudo o‘zi Halloqdur. Ishqilib niyatimizni o‘zimizga hamroh etsin, hidoyatini darig‘ tutmasin.
Chaman, jon birodarim, Alloh o‘zingga to‘zim bersin, u diyorda men uchun aziz kimlar qolgani yolg‘iz o‘zingga ma’lum. Nima demoqchiligim ham o‘zingga ayon. Ularni senga, seni esa, Xudoga topshirdim. U ojizalarimdan o‘zing xabardor bo‘lgaysan. Alloh O‘zi panohiga olsin. Agar o‘tga tushsang, O‘zi Namrudning o‘tini sovuq qilib, Ibrohimni asraganidek asrasin, Agar tegirmonga solsalar esa, yana O‘zi butun chiqarsin. Chunki sen biz mazlumlarga keraksan. Duolarim ijobat bo‘lmog‘ini Allohdan so‘rab,

Sultonmurod birodaring. Bombey».

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:24:54

14. Yana bir umrli asrordoshim Chamanga

«Hov, asrordoshim-sirdoshim, Chaman! Senga yolg‘on, Xudoga chin — Alloh bizni yorlaqadi! Shunday bir darbadarlikda biz mazlumlarni qo‘lladi-ya! Chindan uning O‘zi «Xuva a’la kulli shayin qodir»dir. «Xuvar Rohmanur Rohiym»dir! Mazlumlarning g‘amini yeguvchi «Va xuval azizul hakiym»dir.
Faqat niyatni to‘g‘rilab, yolg‘iz O‘ziga tavakkul qilsang bas ekan, suyansang bas ekan! Qo‘llaguvchi, yetkazuvchi O‘zi ekan!
Kim o‘ylabdi, dengiz bo‘yi bandargohida, kishi nazariga ilmas bir yumushni bajaruvchilar — shu ishdan ro‘shnolikka chiqamiz deb?! Kim ham xayoliga keltiribdi, qoraqurumga belanib mum erituvchi va kemalar tagini saqichlovchi bizdek kelgindilar yarim yilga qolmay o‘zimizni o‘nglab olamiz deb! O‘nglab olibgina qolmay mushkul kunga tushib qolgan vatangadolarni qo‘llaguvchi kishilarga aylanamiz deb!
Avvalboshdan niyatimiz Allohga xush kelganini ko‘r!
Kel, yaxshisi, bir boshdan aytay. Bunday voqea — Allohning inoyati deymizmi, sinovi yoxud mo‘’jizasi deymizmi, o‘tgan asrda biz tomonlarda ham sodir bo‘lgani qachondir qulog‘imga chalingandek... Hozir kimdan eshitganimni aniq eslay olmayotirman. Ammo Allohning qudratini ko‘rki, o‘zimiz o‘shandek holga tushgan edik. Bo‘lmasa, hech kim nazarga ilmas bu bandargohda kimlar ishlab ketmagan, bu qirg‘oqni qancha suvlar yuvib o‘tmagan. O‘shanda ochilmagan xum bir to‘lqin kelishi bilan ochilib turibdi! Har kuni o‘tadigan oyoq tagimizdan chiqib turibdi! Qumdan kavlab olsak, ichi to‘la xazina. Yaxshi ham Qori aka bor ekanlar:
— Esingizni yig‘ing, yigitlar. Hech kimga buyurmagan bu xazina bizga ham buyurmas. Uning o‘z egasi bor, — dedilar hayratimizga suv sepib, — agar egasini topib ishlatmasak, ajri ham buyurmas. Bu yo sinov, yo fitnadir. Hozircha undan nari turmoq lozim. O‘ylang, nega bizdan oldin o‘tgan shuncha kishilarga ko‘rinmay turib, bizga ko‘rindi? Mana shuning siriga yetmoq kerak...

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:25:08

Yaxshiyam qaytargan ekanlar, xazina egalarini Allohning o‘zi ko‘rsatdi. Qori aka Qur’on ochib, hikmat qidirgan edilar, «Allohga qarzi hasana beringlar!» oyati chiqdi.
— Darvoqe, botur, avvalboshda niyat nima edi?! Vatanjudolarga qayishmoq, ularning boshini silamoqmidi?! Alloh ana shunga yarasha yetkazibdi. Bu o‘sha jamiyat uchungina halol! — deb fatvo berdilar.
Uni qara! Mo‘minning, mazlumning niyati xush kelsa, Allohdek Zot qum tagida Xudo bilsin, necha zamonlar yotgan xazinani bir to‘lqin yuborib ochib qo‘yadi ekan! «Kun» deptiyu ustini ochib qo‘ya qolibdi! Ana shunday qilib degin, Chaman, yetarli jamg‘armasi bor jamiyatga ega bo‘lib turibmiz. Kecha qora bir go‘loh edik, hech kim nazariga ilmagan! Bugun vatandan uzoqda o‘zimiznikilarga muruvvat ko‘rsata olguvchi dasti uzun kishilarga aylanib qolgan edik. Ana, Allohning niyatga qarab berishiyu haq va’dasi!
Alloh roziligi uchun aziz vatanlariyu mahbub xonadonlarini, xeshu aqrobalarini tashlab chiqqan kishilarga va’dasi esa, vatanlaridan yaxshi bir vatan, birodarlaridan mehribon birodarlar, izzatlaridan a’lo izzat, rizqlaridan ortiq rizq va bu shu dunyodagisi edi! Qaraki, haligi xazina o‘sha va’dalarning debochasi ekan! Qur’onni turkiyga o‘girib sharh etgan Oltinxon to‘ram ta’villari rost chiqdi.

Qayd etilgan