Qarashsa, bo‘yi yetib-etmagan, oy desa degudek, kun desa kundan ravshan yuzlik bir mohichehra. Qori aka yuraklari jiz etib, otdan tushibdilar va qizni yigitdek kiyintirib, otga mingashtirgancha hijrat yo‘lida davom etibdilar. Tangritog‘ga yetishgach, bir kosa shirin suv ila nikoh o‘qitib, bir muruvvatpesha odamning kulbasida yashay boshlabdilar. Ammo Alloh qizni husnda benazir etgani bilan umrdan qisgan ekan. Farzand ko‘raturib, bu olamdan ko‘z yumibdi. Qori aka yolg‘iz yodgor chaqaloq bilan qolibdilar. So‘ng yana bo‘yinga o‘limni olib, sarhad oshib o‘tib, zurriyotlarini ishonchluv kishilarga qoldirib qaytibdilar. Shu-shu biz bilan ekanlar. O‘shandan beri u tirnoqlaridan na xabar bor, na xat. Tirik bo‘lsa, falon yoshga yetdi, maktabga qatnayotgandir, deb qo‘yadilar-u, ammo mahzun tortib yig‘laganlarini bilmaymiz. Faqat kechalari joynamoz ustida soatlab o‘tirishlari bor, Allohga tavallo qilishlari bor. O‘sha yolg‘iz zurriyotlari kamolini so‘rab, duo-iltijodan charchamaslar.
Qori akaning o‘rnida boshqa odam allaqachon tob tashlab, yiqilib qolardi. Lekin u kishi Allohga tavakkul qilib, yolg‘iz tirnoqlarini uning panohiga topshirib qo‘yiptilar. Ana sabotu ana matonat! Ana Allohga tavakkul! Shu bois ham biz yolg‘izmasbiz, Mahfuz. Jilla kursa, mening Yodgorim yonida sen borsan, senga suyanadi u tirnog‘imiz, bizning davomchimiz! Shunga-da shukr qilmoq kerak, yaxshi kunlarga umid tutmoq kerak. Shoyad o‘sha mitti zurriyotimiz bizning o‘rtamizda uzilmas bir rishta bo‘lib qolsa. Shoyad u biz xijronzodalarni, diyoridan judo bo‘lgan, ayriliq ichra qolib, aziyat olamida tentiraganlarni bir kun kelib topishtirishga sabab bo‘lsa.
Inshaalloh, degilki, qolgan barchasini Alloh o‘zi o‘nglagay. Shu bois, senga taloq so‘zini yo‘llashga tilim bormas! Seni barcha mushkulu mushkulotlardan shu bir og‘iz so‘z ila qutultirish, yo‘lingni ochib qo‘yish mendan lozim bo‘lsa-da, men u so‘zni hech qachon tilga olmasman. Olgan kunim mening o‘lganimdir, Sulton nomimdan tonganimdir! Dunyoda sizlar bor ekansiz, men ro‘shnolik uchun, sizlarga yetishmoq uchun kurashavergayman. Allohdan o‘tinib-o‘tinib so‘rayvergayman. Albatta, Uning O‘zi istasa, taqdirimizni ham o‘nglagay. Iloho, O‘zi bu o‘tkinchi dunyoda hech kimni O‘zidan o‘zgaga muhtoj etmasin.
Ko‘zlaringda billuriy yosh ko‘rmoqdaman. Iloho, u Allohimga ham xush kelsin.
Sultonmuroding. (Peshovar)».