Buyuk faryod — jahannam ahli eng ko‘p faryod ko‘tarib yig‘iladigan to‘rt joydan birinchisi — sur chalingan paytda; ikkinchisi — do‘zax farishtalari qo‘lidan qutilib, mahshar ahliga qarab ketayotgan paytda; uchinchisi — Odam (a.s.) Alloh taologa shafoatchi yuborish uchun chiqqan paytda; to‘rtinchisi — ular do‘zaxning azob farishtalariga topshirilgan paytda.
Do‘zaxiy bo‘lganlar do‘zaxga ketgach, arosat maydonida faqat mo‘minlar, muslimlar xayru ehson qilganlar, oriflar, siddiqlar, valiylar, solihlar, shahidlar va rasullar qoladilar. Iymonlarida shubhalari bo‘lganlar, munofiqlar, zindiqlar, bid’at sohiblari (ya’ni, ahli sunnat e’tiqodida bo‘lmagan mo‘minlar) ham do‘zaxga ketishadi. Alloh mahsharda qolganlardan: "Ey insonlar, Rabbingiz kim?" deb so‘raydi. Ular: "Alloh taolodir", deb javob berishadi. Alloh taolo: "Siz uni bilasizmi?" deb so‘raydi. Ular: "Ha bilamiz, ey Rabbimiz", deyishadi. Shunda ularga Arshi a’loning chap tarafidan bir farishta ko‘rinadi. U farishta shu qadar bahaybatki, agar yetti dengiz barmog‘ining uchiga qo‘yilsa, bir tomchidek bo‘lmaydi. U farishta mahshardagilarga Allohning amri bilan ularni imtihon uchun: "Men sizning Rabbingizman", deydi. Ahli mahshar: "Sendan Alloh taologa sig‘inamiz", deyishadi.
Undan keyin Arshi a’loning o‘ng tarafidan bir farishta ko‘rinadi. U ham shunday bahaybatki, agar oyog‘ining uchi bilan bir bossa, o‘n to‘rt dengiz ko‘rinmaydi. U ahli mahsharga: "Men sizning Rabbingizman", deydi. Ahli mahshar: "Sendan Alloh taologa sig‘inamiz", deyishadi.