Insonlar Odam (a.s.)ga deydilarki: "Ey Odam (a.s.)! Sen aziz va sharafli bir Payg‘ambarsanki, Alloh taolo seni yaratdi. Farishtalarni senga sajda qildirdi. Senga dargohidan ruh ato qildi. Hisobning boshlanishi uchun bizga shafoat qil, Alloh nima hukm qilsa, shunga mahkum bo‘laylik va qaerga buyursa, hamma o‘sha yerga ketsin. Hamma narsaning hokimi va moliki bo‘lgan Alloh taolo maxluqlariga istagan hukmini qilsin".
Shunda Odam (a.s.): "Men Alloh taolo ta’qiqlagan daraxt mevasini yedim. Shuning uchun Alloh taolodan uyalaman. Sizlar rasullarning birinchisi bo‘lgan Nuhning (a.s.) oldiga boringlar" dedi. Shunda insonlar o‘zaro mashvarat qiladilar.
So‘ngra Nuh (a.s.)ning oldiga boradilar va: "Sen birinchi Rasulsan. Ahvolimiz juda ham tang. Bizning muhokamalarimizning tezroq qilinishi uchun shafoat qil! Toki shu mahshar jazosidan qutulaylik" deb yolvoradilar. Nuh (a.s.) ularga javoban: "Men Allohga duo qildim va yer yuzidagi barcha insonlar suvga g‘arq bo‘ldilar. Shuning uchun Alloh taolodan uyalaman, Sizlar Ibrohim (a.s.)ning oldiga boringlar. Chunki u Xalilullohdir. Alloh taolo Haj surasining so‘nggi oyatida:
"Otalaringiz Ibrohimning dinini (ya’ni, Islomni ushlangiz)! Toki (Qiyomat Kunida) Payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun, sizlar esa (barcha dinlardagi) odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz uchun (Allohning) O‘zi sizlarni ilgari(gi muqaddas Kitoblarda) ham, mana shu (Qur’onda) ham musulmonlar (ya’ni, O‘zining diniga bo‘yinsunuvchilar) deb atadi", deb marhamat qilgan. Balki u sizlarni shafoat qilar", dedi.