Ko‘chada turganlar orasida ikki kishi bor ediki, ularning biri farg‘onalik, ikkinchisi esa qo‘qonlik savdogar. Qo‘qonlik savdogar farg‘onalikning qarindoshi bo‘lib, yangi yilni kutib olish uchun kelgandi. Bunaqa narsalarni u ilgari ko‘rmagandi. Shu vajdan u: — Bunchalik tantana bilan ketayotgan kim bo‘ldi? — deb yonidagi o‘rtog‘idan so‘radi.
— Bu hokim Tahmozning qizi Jahonbekaning vahimasi. Ilgari eshitmaganmisiz?
— Bu shaharda juda badavlat bir hokim yashaydi, uning yolg‘iz sohibjamol qizi bor deb eshitgandim. Uning shu bittagina qizidan bo‘lak farzandi yo‘qmi?
— Bor, suyuq oyoq, badbashara, ko‘sa bir o‘g‘li ham bor, lekin u qiziga bir misqol o‘xshamaydi, — dedi farg‘onalik o‘rtog‘i.
— Hokim, albatta, shu shaharlik bo‘lsa kerak?
— Yo‘q, kelgindi, bundan o‘ttiz-qirq yil muqaddam, qirchillama yigitlik chog‘ida, arab musulmonlaridan qochib bu yerga kelib qolgan. U forsning allaqaysi qit’asida hokim bo‘lib, ko‘p qiyinchiliklarni boshidan kechirgan ekan. Ota-bobolarining dinidan chiqishni istamay, mol-mulkini yig‘ishtirib, shu yerga kelib qolgan.
— U rostdan badavlatmi? — so‘radi yana qo‘qonlik mehmon.
— Ha, mol-mulki behisob, Farg‘ona tashqarisida, Toshkent daryosi qirg‘og‘idagi daraxtzorlarning hammasi uniki. Uy-joy, oltin-kumush va javohirlarni aytmaysizmi? Keling, qo‘ying uni, yaxshisi, bozorga borib bir qo‘y olaylik-da, bola-chaqamizga so‘yib beraylik, — dedi farg‘onalik savdogar.
Ammo uning qo‘qonlik o‘rtog‘i har narsaga qiziqadigan odam bo‘lgani uchun do‘stining maslahatiga unamay, savolini davom ettiradi:
— Bu beka shunday kunda sayohatga chiqishiga bois ne ekan?
O‘rtog‘i kulib:
— Bo‘lmasa, u ham bizning ayollarimizga o‘xshab uyda xamir qorib, non yopib, ovqat pishirib o‘tirsinmi? U otasining uyida o‘zi bek, o‘zi xon, degani degan, aytgani aytgan, do‘stim. Bir necha yil bo‘ldi, onasi vafot etgan. Otasi shu qizining ko‘ngliga qarab boshqaga uylanmay kelyapti. Qizini juda yaxshi ko‘radi u. Qizini shunaqangi erkalatadiki, xuddi oshiq-ma’shuq deysan.
— Yo‘q, uni uyda o‘tirib xamir qorsin, ovqat pishirsin deyotganim yo‘q, — dedi qo‘qonlik o‘rtog‘i, — loaqal bayram kuni sovg‘a-salom bilan otasini ko‘rgani kelganlarni kutib olish uchun uyda o‘tirsa bo‘lardi.
Do‘sti uning so‘zini bo‘ldi:
— Ey, og‘rimagan boshimga oltin isirg‘a, yaxshisi, bozorga boraylik-da, oladigan qo‘yimizni tanlaylik.