Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155300 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:09:59

     «Zirg‘om kaytib kelyapti», degan xushxabarni birinchi bo‘lib Mas’uda eshitdi. Onasi yo‘liga intizor bo‘lib o‘tirganini bilgan Zirg‘om o‘zidan oldinroq elchisini yuborgan edi. Elchi kelib Mas’udaga Zirg‘omning kelayotganini xabar qilish bilan, Mas’uda yugurib sayidasi Oftob oldiga chopdi. Oftob uning yuzini ko‘ra olsa, albatta, qizning chehrasida shodlik alomatlarini payqagan bo‘lardi. Ona bechorani biror xastalik yoki tabiiy nuqson emas, balki zamonaning jabr-sitamlari  ko‘rish ne’matidan mahrum qilgandi. Ko‘r bo‘lib qolishining haqiqiy sababini hammadan sir saqlab yurishi ham zamona zulmi tufayli edi.
     Ona Mas’udaning shoshilib kirishidan yaxshilik xabar topib kelganini sezdi, yuragi oshiqib ketganidan, uni gapirishga ham qo‘ymay:
— Ha, Mas’uda, o‘zi nima gap? Zirg‘om keldimi? — deb so‘radi.
— Ha, sayidam, Zirg‘om keldi, qaerdan bildingiz? — dedi qiz.
— Ko‘nglim sezib turuvdi, axir Zirg‘omdan bo‘lak kimim ham bor? Qani, Zirg‘om o‘zi?
— Kelayotganmish, yaqin kelib qolganmish, — onani yupatdi Mas’uda.
Oftob o‘zini tutolmay, irg‘ib o‘rnidan turdi. Uning yuzlariga qon yugurdi, ko‘zidan tomgan ikki dona yoshni qora ro‘molining bir chekkasiga surtib, tabassum bilan dedi:
— Zirg‘omim kelyapti? Xudoga shukur, uyga qachon yetib kelarkan?
— Xudo xohlasa, kechqurungacha kelib qoladi, — tasalli berdi Mas’uda.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:11:40

    Oftob: «Tur bo‘lmasa, darrov kechki ovqatingga urin»,— dedi-da, ko‘zi qaytadan ochilganday, hech narsaga turtinmay-qoqilmay to‘ppa-to‘g‘ri o‘z hujrasiga borib, yuz-qo‘lini yuvdi, yangi kiyim-boshlarini kiyib oldi. Zirg‘omga muntazirlikdan o‘zini chalg‘itish uchun bo‘lar-bo‘lmas narsalarga urinib turdi.
    Oftob zehni o‘tkir va sezgisi nozikligidan xizmatchilarini uydami, bog‘chadami yurganini o‘tirgan yerida payqab turardi. U o‘z ishlaridan qutulgach, ayvonga kelib o‘tirdi. Mas’uda esa sayidasining o‘g‘li kelayotganidan xursandligini ko‘rib, sevina-sevina oshxonada ovqat tayyorlash bilan mashg‘ul edi. Oftobning «Mas’uda» deb chaqirgani eshitildi.
U yugurib kelib: «Labbay, sayidam, men shu yerdaman», — dedi.
— Zirg‘om keldi, xizmatchilarga ayt, darrov uning istiqboliga chiqishsin, — dedi ona.
Hali hech narsaning daragi bo‘lmay turib, o‘zidan-o‘zi «Zirg‘om keldi» deganidan ajablanib Mas’uda boqcha tomon chiqib qaradi, lekin hech kimni ko‘rmagach, qaytib kelib Oftobga: «Kelganicha yo‘q, lekin hali zamon kelib qolsa kerak», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:12:58

— Bir otning oyoq tovushlarini eshityapman, — dedi ona. Oftobning g‘oyat sezgirligini ko‘pdan sinab kelgan Mas’uda garchi yaqinlashib kelayotgan biror kishini ko‘rmasa ham boqcha tomon borib, xizmatchilarga Zirg‘omni kutib olishni buyurdi. U qaytib boqcha eshigiga yetmasdanoq, olisdan ko‘tarilayotgan changni ko‘rib, otlarning tapir-tupur ovozini eshitdi-da, Oftobning so‘zi rostligiga to‘la qanoat hosil qildi. Ozgina fursat o‘tar-o‘tmas safar kiyimidagi otliq Zirg‘omga, uning orqasidan boshqa bir otni choptirib kelayotgan Vardonga ko‘zi tushdi. Oftobdan suyunchi olish uchun uy tomon yugurib keldi. Ona ko‘zlarini katta-katta ochganicha, otlarning ovozi kelayotgan tomonga tikilib, eshik yonida turardi. Go‘yo bir narsani ko‘rayotgandek ko‘zlari aylanib turardi. Uning ko‘zini aylantirayotgan narsa tengsiz onalik mehri edi. Mas’udaning kelayotganini sezgan Oftob uni gapirtirishga qo‘ymay: «Men, Zirg‘om keldi demadimmi? Otining ovozi bo‘g‘in-bo‘g‘inimga singib, nafasining haroratini sezib turibman. Xudoyim, uni yomon ko‘zdan asragin». Oftob bu gaplarini ko‘zi, qoshi, qo‘li va butun gavdasi bilan gapirayotgandek tuyulardi. Uning bu holati Mas’udaga qattiq ta’sir qildi. Onaga rahmi kelib, yuragi achidi. Koshki u mushtipar onaning hozir ikki ko‘zlari charaqlab ochilib ketsa-yu, nuri diydasini ko‘rsa.
     Boqcha darvozasiga yetib kelgan Zirg‘om otning jilovini xizmatchisiga tutqazib, hovli zinapoyasiga chiqib onasining yoniga keldi-da, uning og‘ushiga otilib, qo‘llarini o‘pa boshladi. Ona ham onalik mehri bilan uni o‘z bag‘ridan qo‘ymasdi. U ayvon tomon yo‘l olib, o‘g‘lini eson-omon yetib kelgani bilan muborakbod qilar, qayta-qayta o‘pib, yelkasi, bilaklari, ko‘kragi va bo‘ynini ushlab zavqlanar va barmoqlari bilan yuzi, soqol-mo‘ylablarini silardi. Go‘yo ona barmoq uchlari bilan o‘z farzandining butun vujudini ko‘rayotgandek his qilardi. Zirg‘om bilan qo‘l ushlashib ayvonga kelgan ona avval o‘zi ko‘rpachaga o‘tirdi-da, qo‘lidan birov olib qochib ketayotgandek qizg‘anib, o‘g‘lini mahkam quchoqlab, yoniga o‘tqazdi. Sevinganidan uning ko‘z yoshi sira tiyilmasdi. Zirg‘om esa yosh boladek ona bag‘ridan o‘zini olmasdi. Shu yo‘sinda birmuncha fursat o‘tgach, ona undan hol-ahvol so‘rashga o‘tdi. O‘g‘il sog‘-salomatligini aytib, uni tinchitdi va: «Sizni juda ham sog‘indim, shuncha uzoq vaqt safar vaqtida bir daqiqa ham xotiramdan nari ketmadingiz», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:13:37

     Oftob Mas’udaga darrov dasturxon yozishni buyurdi. Zirg‘om esa safar kiyimlarini yechib, boshqa kiyinib kelish uchun onasidan ijozat so‘radi. U safarga ketganidan buyon birinchi marta hamma yoqda shamlar yondirilgan kecha edi. Chunki avvalo Oftob uchun shamning hojati bo‘lmasa, undan keyin Zirg‘om ketgach, keldi-ketdilar ham tiyilib qolgandi. Ular birgalikda dasturxon atrofida o‘tirib ovqatlanishdi. Ovqatdan keyin Oftob o‘g‘lini yoniga olib qo‘yarda-qo‘ymay gapga solaverdi. Yo‘ldan charchab kelgan Zirg‘om onasining ijozati bilan yonboshladi, ko‘rish ne’matidan mahrum bo‘lgan ona uning qo‘lini ushlaganicha yonida o‘tirardi. Onasining iltimosiga ko‘ra, u Somurrodan chiqib ketganidan buyon ko‘rgan-kechirganlarining hammasini birma-bir hikoya qilib berdi. Ona: «Farg‘onada uzoq turdingmi?» — deb so‘radi. U Farg‘onani tilga olishi bilan Zirg‘omning ko‘nglida ko‘p narsalar kechdi:
«U yerda bir necha kun turdim», — dedi-da, hokimning vafot etganini unga aytish-aytmaslikni o‘ylab, jim bo‘lib qoldi. Zirg‘omning o‘yga tolganini payqab ona:
— Ha, gapiraver, bolam, u yerda nimalar ko‘rding, nima yangiliklar bor? — dedi.
— Nima desam ekan, hammalari sizni so‘rashdi, juda yaxshi qo‘shnimiz edilar, deb maqtashdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:14:34

— Hokimning uy ichi tinch ekanmi? — Zirg‘om qanday javob berishini bilmasdi.
— Hokimdan boshqa hammalari yaxshi, sog‘-salomat o‘tirishibdi, ammo hokimning o‘zi og‘ir xasta, tabiblar ham, ularning dori-darmoni ham u kishiga shifo bo‘lmayapti.
— Olamdan o‘tganga o‘xshaydilar, shunday emasmi? — dedi ona.
— Hali vafot etmagan bo‘lsalar ham, har holda o‘sal bo‘lib yotibdilar, kasallari ko‘pdan beri davom etyapti. U kishi juda olijanob odam, sizni ko‘p hurmat bilan tilga oldilar.
— Chamamda hokimning vafot etganini aytishga tiling bormayotganga o‘xshaydi. Xudo rahmat qilsin. Kelayotganingda bola-chaqalarining ahvoli qanday edi?
Zirg‘om onasi hokimning o‘lganini sezib qolganidan ajablanmadi, chunki uning shunday o‘tkir sezgiga egaligini ko‘p marta tajribadan o‘tkazgandi. U Jahon to‘g‘risida so‘z ochishga bahona qidirdi:
— Bola-chaqalari durust, ularga ko‘p mol-mulk qoldirib ketdi.
—Ehtimol, butun merosi Jahonga qolgandir?
Zirg‘om onasining Somonni yoddan chiqarganidan taajjublandi:
— Somon yodingizdan chiqdimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:15:11

    Oftob yashirib yurgan sirni o‘zi oshkor qilayotganini sezib, yuzlarida ikkilanish paydo bo‘ldi. Ko‘zlari alang-jalang bo‘lib, boshini quyi egdi:
— Somonni unutganim yo‘g‘-a, lekin otasi uni merosdan mahrum qildimikin, deb o‘ylayman.
Onasi bir gapni bilmay aytmasligini tushunadigan Zirg‘omning taajjubi yana oshdi:
— Bu gapni o‘zingizcha aytyapsizmi, yoki biror narsani yashiryapsizmi?
— Bordi-yu, biror narsani yashirdim deylik, agar uni senga aytish mumkin bo‘lganda, albatta aytardim. Hozircha Somonni bir yoqqa qo‘yib, menga Jahon to‘g‘risida — Farg‘ona malagi ustida gapir. Uning holi ne kechyapti? Men uni jonimdan ham yaxshi ko‘raman, biram ziyrak, biram xushchaqchaqki, asti qo‘yaverasan.
    Onasidan Jahonning rosa maqtovini eshitgan Zirg‘om Somon to‘g‘risida bilmoqchi bo‘lgan gaplaridan voz kechib, onasi bilan faqat o‘z sevgilisi to‘g‘risida suhbatlashishni ma’qul ko‘rdi:
— Jahonni so‘rasangiz arziydi, butun Farg‘ona ahli unga mahliyo. Men umrimda unaqa qizni ko‘rmaganman, aql-idrokini, husnda tanholigini aytmaysizmi? Xudoyim sizga qaytadan ko‘z bersa-yu, uni o‘z ko‘zingiz bilan bir ko‘rsangiz...

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:16:10

     Jahon haqida jo‘shib-toshib gapirayotganini eshitgan ona o‘g‘lining unga bir olam muhabbati borligini sezdi va: «Qancha maqtasang ham oz. Senga e’tiroz bildirishga sira o‘rin yo‘q. Ey xudo, ko‘zi ochiq kishilar dunyoda istagan narsalarini ko‘rganda, men bechora sen bilan Jahonni ko‘ra olsam nima bo‘lardi», dedi-da, bir xo‘rsinib qo‘ydi: «Mayli, bu dunyoda baxtim shu ekan, o‘ziga ming qatla shukurki, ko‘zimning nurini olgan bo‘lsa ham, aqlimni nurli qildi, baxtimga seni qoldirdi. Seni ko‘zim bilan ko‘rmasam ham, qalbim bilan ko‘raman. Jahonni esa, hammadan yaxshi ko‘raman, u ham qalbimning to‘ridan joy olgan». Ona quchoqlamoqchiday qo‘lini Zirg‘omning ko‘kragiga uzatdi. Yuragining qattiq urishidan Jahonni chindan ham sevishini aniqlab oldi. Ammo Zirg‘om onasining maqsadini tushunib yetmagandi. Oftob: «Men Jahonni yaxshi ko‘raman, sen ham uni sevasanmi? Rostini ayt!» — dedi. Zirg‘omning nazarida butun olam charog‘on bo‘lib ketdi:
— Ha, onajon, sevaman, buning uchun siz mendan ranjimasangiz kerak. Uni men bilan birga yuragingizga jo qilgansiz-ku.
— Sira ham ranjimayman, bolam, lekin u ham seni sevadimi? U hokimning qizi, otasining saroyida biz mehmon bo‘lib turganmiz. Ulug‘lar odaticha u o‘zini, ehtimol sendan yuqori ko‘rar. Unga nima ham deb bo‘ladi. Sening otang kimligini bilmaydi-da, axir. — Oftob bu so‘zni aytishga aytib qo‘ydi-yu, lekin o‘zi afsuslandi. Badani zirillab ketib, gapirayotgan gapini to‘xtatib qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:16:43

— Ko‘nglingizni to‘q qilavering, oyijon, — dedi Zirg‘om, — u meni astoydil yaxshi ko‘radi, xudoga shukur, u o‘zini katta olishni xayoliga ham keltirmaydi. Asli zotimni bilmasa ham, men bilan turmush qurishga ahd qildi. Gapdan gap chiqib, hozir nasabimni tilga olib qoldingiz, va’dangizga vafo qiladigan payt endi kelgandir deyman?
    Zirg‘omning niyatini sezgan Oftob: «Bolam, va’daga vafo qiladigan vaqt hali bo‘lgani yo‘q, lekin yaqin qoldi. Jahon to‘g‘risida gaplashaylik, unga boshim osmonga yetib sovchi qo‘yaman. O‘zim ham shuni ko‘pdan o‘ylab yurardimu, lekin bu aqldan uzoq narsa deb qo‘yardim. Ha, aytgancha, bu gapni otasining huzurida aytdimi?» — dedi.
— Oyi, o‘rtamizdagi sirni endi sizga aytib bera qolay. Men siz bilan Somurroga kelishimdan burun Jahon bilan turmush qurishga ahdlashgandik. Buni sizga ilgari aytmaganimning sababi, u vaqtda men hech qanday obro‘ va mansabga ega emasdim, shuning uchun unga qanday tenglashaman deb o‘ylagandim. Xudo meni xalifa oldida shunday obro‘ga erishtirgandan keyin, uni Jahonga ma’lum qilish va otasi huzurida nikoh masalasini hal etish uchun Farg‘onaga borish taraddudiga tushgandim. Otasining betobligi va vafoti xalal berib qoldi, bo‘lmasa va’dasiga vafodor Jahon bilan turmush qurish masalasini hal qilgan bo‘lardik. Otasining vafoti sababli bu ishni keyinroqqa qoldirdik.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:17:01

— Jahonga uylansang, Farg‘onada turmoqchi edinglarmi yoki uni bu yerga olib kelmoqchimiding?
— Bu albatta sizning ra’yingizga bog‘liq narsa edi. U sizning gapingizdan sira chiqmaydi. Men uning ta’ziyasi tugaguncha Farg‘onada turib, nikohdan keyin bu yerga olib kelmoqchi edim, lekin xalifadan «zudlik bilan qaytib kel», degan buyruq olgach, Jahon bilan maslahatlashdim, u qaytishimni ma’qul ko‘rib, to‘y masalasini keyin bamaslahat hal qilamiz, dedi.
Oftobning chehrasi ochilib, yuzida tabassum paydo bo‘ldi.
— Shunday kunlarni bergan xudoga hamd aytaman va seni eng yuqori baxtga erishtirishini ko‘nglimning sultonidan iltijo qilaman. — Onasining gapi otasi ustida borayotganini payqagan Zirg‘om:  «Siz meni tuqqaningiz, emizib katta qilganingiz uchun men eng baxtli odamman, lekin...» Otasi to‘g‘risidagi gap bir-biriga ulanib ketishidan qo‘rqqan ona uning so‘zini bo‘lib: «Xalifa nima uchun seni zudlik bilan kel deb chaqirganining boisini bildingmi?».
— Hozircha bilganim yo‘q, u meni biror harbiy masalada u yoq-bu yoqqa yubormoqchi bo‘lsa kerak, yoki o‘zingiz biror gap eshitdingizmi?..
— Sen yo‘g‘ingda men hech narsa eshitganim yo‘q, bolam, chunki men Mas’udadan bo‘lak hech kim bilan gaplashganim yo‘q.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:17:25

Zirg‘om so‘radi:
— Xalifa Afshinni ham chaqirtirdimi?
— Bilmayman, hozir Afshin qaerda? U Somurroda emasmi?
— Yo‘q, uni men Farg‘onada uchratdim.
Oftobning ko‘ngliga bir nima keldi shekilli, shuni o‘ylayotgandek boshini quyi solib turdi-da: «Afshin hokimning yaqin do‘sti edi, uning ta’ziyasida hozir bo‘ldimi?»— deb so‘radi.
— Ha, hozir bo‘ldi, hokim uni o‘z oilasiga vasiy qilib belgiladi...
Zirg‘omning gapini quvvatlaydigan eski ishlardan xabardor kishidek Oftob sekin kulib qo‘ydi. Uning kulganidan shubhalangan Zirg‘om: «Oyi nimaga kulyapsiz? Bu to‘g‘rida mendan boshqa kishilardan ham biror narsa eshitganmisiz?» — dedi.
— Yo‘q, lekin Jahonning onasi rahmatlik dugonamdan eshitgan narsalar esimga tushib ketdi. U hech bir sirni mendan yashirmasdi, men ham sirlarimni unga ochiq aytaverardim. Jahonning onasi ko‘pincha erining Afshinga e’tiqod qo‘yishidan nolib yurardi. Uning ochko‘zligini, tamagirligini bilgani uchun o‘zi unga inonmasdi. Lekin hokimning ishlariga aralashishni o‘ziga ep ko‘rmasdi.

Qayd etilgan