Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155299 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 40 B


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:19:31

    Shu mo‘ljalim to‘g‘ri bo‘lib chiqdi, Ammuriyyaga borgan vaqtida Jahon bilan Haylona Bazzdan to‘g‘ri kelib, Bobakka yordam berish to‘g‘risida Rum podshosiga iltimos qilsa deb, Notisga yo‘liqishganini eshitdim. Notis ularni o‘z qasriga tushirgan va iltimoslarini ado etishga va’da bergan ekan. Bazz qo‘ldan ketib, Bobak o‘ldirildi, degan xabar kelgandan keyin Jahon bilan Haylona Armanistondan butunlay umid uzib, Ammuriyyada qolib ketishgan. Katta pop ularning har ikkalasini, xususan, Jahonni juda yaxshi ko‘rgan, ularning o‘z qasridan tashqariga chiqishiga hech yo‘l qo‘ymagan. Jahon seni topishdan umidi uzilgandan keyin, chin ko‘ngildan asirlikka rozi bo‘lgan bo‘lsa kerak. Sening hol-ahvolingni va uchrashuv vaqtlaring yaqin qolganini Jahonga xabar qilib, bir sevintiraman deb ko‘p urindimu, lekin ilojini topa olmadim. Chunki ular musulmonlardan o‘zlarini qattiq ehtiyot qilishadi. Musulmonlarning birontasidan badgumon bo‘lishsa, ularni darrov o‘ldirib, zibatroliklarga qilgandek, quloq-burnini kesishadi.
    Jahon bilan Haylona hozir Ammuriyya katta popi Notisning qasrida qamalib yotibdi. Ishim tezda o‘ngidan kelishini kutmasam ham, ularning har ikkisiga xabar yetakzish ustida qo‘limdan kelgancha harakat qilaman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:20:07

    Bilishimcha, rumlar islom mamlakatini yo‘qotishmoqchi, musulmonlar tezroq otni qamchilab, oldinroq ularning mamlakatini zabt etishlari kerak, deb o‘ylayman. Ularning eng mustahkam shahri Ammuriyyani olsak, uni fath qilish musulmon qo‘shinlari uchun hech qiyin emas. Chunki shaharning paxsa qo‘rg‘onlari ancha zaif deb eshitaman.
    Shu maktubni olganingdan keyin, do‘sting xalifani Ammuriyyani fath qilishga da’vat etasan, degan umiddaman. Agar Ammuriyyaga yurish qilsalaringiz, sening o‘zing qo‘ngan yeringni bilib olishim uchun o‘zaro belgimiz uzun ikki bo‘lak bayroq bo‘lsin. Kelganing zamon ikkita uzun bayroqni tikka qadab qo‘yish esingdan chiqmasin. Ko‘rishguncha xayr».


Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:20:48

    Xatni o‘qib bo‘lmasdan Zirg‘omning chakkasidan ter quyilib, g‘am-g‘ussasi ortib, qahr-g‘azabi qaynab ketdi. Keyin u xatini Vardonga uzatdi. U ham o‘qib chiqib:
— Ishga tezroq kirishish lozim deb o‘ylayman. Men Ammuriyyaga jo‘nashim kerak, — dedi.
— U yoqqa borishingdan foyda yo‘q. Chunki u ikki ayolning asirlikdagi ahvoli xatda yozilganidan ham ko‘ra ortiqroq. Do‘stimiz Hammod bizni qattiq qo‘rqitib yubormaslik uchun uni yengilroq qilib ko‘rsatibdi. Xatni qaragin, katta pop Notis har ikkoviga, xususan, Jahonga qattiq hirs qo‘ygan, deb yozibdi. Ya’ni, u Jahonni sevib, o‘ziga mo‘l turibdi, demoqchi. Uning changalidan Jahonni qutqazish uchun hiyla-nayrangning o‘zi yetmaydi, albatta, kuch ishlatish kerak. Hammod o‘z xatining oxirida shunga ozgina ishorat qilibdi.
— Agar muhoroba lozim bo‘lsa, bu masalani sendan bo‘lak hech kim qo‘zg‘ata olmaydi. Chunki xarifa oldida obro‘ying katta. U sening aytganlaringdan chiqmaydi. — Shu onda Zirg‘om irg‘ib o‘rnidan turdi-da, Vardonni tashlab uyiga ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:21:55

    Kiyimlarini kiyib, to‘g‘ri xalifaning oldiga borib, kirishga ruxsat so‘radi. Xalifa qozi Ahmad bilan o‘tirgandi. Ikkalasining yuzida g‘amginlik alomatlari sezilib turardi. Zirg‘om kirib salom berishi bilan xalifa uni qarshi olib: «Juda vaqtida kelding. Men hozir senga kishi yubormoqchi bo‘lib turgan edim. Qani, o‘tir», — deb yonidan joy ko‘rsatdi.
Zirg‘om o‘tirib:
— Nima uchundir huzuringizga kelgim kelaverdi. Chunki mening fikri zikrim hamma vaqt sizda. Yaxshi istaklaringizga sherik bo‘lganim uchun ko‘nglimizga keladigan gapimiz ham doim bir yerdan chiqaveradi, — dedi.
Qozi gap boshladi:
— Bazzni fath qilishda ko‘rsatgan qahramonliging uchun xalifa sendan xursand bo‘lganlarini eshitdim. Sening to‘g‘ringdagi fikrlarim to‘g‘ri chiqqanidan mamnunman. Mana, janob xalifaning nazarlarida katta obro‘ga ega bo‘lding, sening maslahatingga qo‘shiladigan, qilichingga suyanadigan bo‘ldilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:22:19

   Zirg‘om odob saqlab bosh egdi, qozining gapiga javob qaytarmadi. Xalifa qozining gapiga ilova qildi:
— Rum mamlakatidan bizga kelgan ma’lumotga qaraganda, la’nati Tiyufil Zibatro va Maltiyyaga kelib, xalq-qa juda azob bergan, musulmonlarga nisbatan ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan noma’qulchiliklarni qilgan emish. Zirg‘om muddaoni aytdi:
— Bu xususda mening ra’yimni so‘rasalar, Horun ar-Rashid tadbiriga amal qilib, qilich solishdan bo‘lak chora yo‘q. Ularga hujum boshlab, mamlakatlarini yakson qilish kerak. Tiyufil kishilarining ko‘z o‘yish, burun kesish va ayollarni asir olish kabi yovuzliklariga biz musulmonlar chiday olmaymiz. Askarlaringizni tayyorlatishingizni, ularning bir zafardan ikkinchi zafarga bel bog‘lashlarini sizdan iltimos qilardim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:22:43

    Kamina qulingiz bo‘lsa, bu urushga hammadan avval otlanaman.
    Xalifam erkak musulmonlarning ko‘zi o‘yilishiga chidasalar ham, musulmon ayollar asir olinishiga sira toqat qila olmasalar kerak, deb o‘ylayman. — Zirg‘om shu gaplarini gapirib turib ko‘zidan o‘t chaqnab, g‘azabidan lablari pir-pir uchdi. U xalifa oldida ortiqcha harakatlar qilganini o‘z so‘zini tugatgandan keyin sezib qoldi. Boshini ko‘targan edi, Mu’tasimning jahli chiqqanidan rangi o‘chib, ko‘zlari qizarib, chaqnab ketganini ko‘rdi. U o‘tirgan yerida hayajonlanib gapirarkan, Zirg‘omga tikildi. Bir narsaga hamla qilmoqchi bo‘layotgan sherdek botir bo‘lib ketdi. «Jur’at qilib so‘zlaganim uchun uning jahlini chiqardimmi», deb qo‘rqqan Zirg‘om uzr aytish uchun gap boshlagandi, qozi Ahmad uni to‘xtatib:
— Sen amiralmo‘’mininning musulmonlar foydasiga bo‘lgan hamiyatlarini qo‘zg‘atding. O‘zlariga shu ish sir bo‘lmasa ham, xuddi shunday hamiyatni o‘z askarlari va bahodirlarida ko‘rishni sevadilar.
Xalifa:
— Sohib xuddi tilimning uchida turgan gapni topib gapirdi. Men yo Afshinga va boshqa sarkardalarga urushga tayyorlanish to‘g‘risida buyruq beraman. Bu albatta Islom yo‘lidagi muqaddas urush bo‘ladi. Xudo xohlasa, ertaga ko‘rishamiz, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:23:20

    Shundan keyin qozi ham, Zirg‘om ham xalifaning yonidan chiqib ketishdi.
    Zirg‘om turli xayollar bilan uyi tomon yo‘l oldi. Uni kutib turgan Vardonga bo‘lgan voqeani hikoya qilib berdi. Vardon bu gaplardan xursand bo‘lsa ham xalifaning fikri o‘zgarib qolmasmikin, deb xavotirga tushdi. Ertasiga erta bilan barvaqt xalifaning g‘ulomi Sohibni istab keldi. Zirg‘om u bilan birga xalifaning yoniga bordi. U kishilarni qabul qilmaydigan xos xonasida kechalik libosi bilan keng choponga o‘ralib o‘tirgandi. Xalifaning yuzida qandaydir tutaqishizish alomatini ko‘rib, Zirg‘omning ko‘ngliga xavf tushdi. Mu’tasim unga o‘tirishni buyurdi. Zirg‘om o‘tirib olgach, xalifa so‘radi:
— Seni nima uchun chaqirtirib, shu taxlitda qabul qilganimni bilasanmi?
— Yo‘q, mavlono, bilmadim.
— Uyqudan cho‘chib uyg‘ondim-da, to‘shagimdan irg‘ib turib ketdim.
— Ilohim, tushingiz yaxshilikka buyursin!
— Kechasi xufton namozini o‘qib, rumliklar xususida musulmonlar uchun foyda bo‘ladigan bir fikrni ko‘nglimga solarmikin deb xudodan iltijo qildim. Uyquga ketibman. Tushumda alahsirab, o‘zimni yo‘qotib qo‘ya yozdim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:23:51

    Zirg‘om bo‘ynini cho‘zib, e’tibor bilan uning gapiga quloq solmoqda edi. Xalifa soqol-mo‘ylabini silab, boshidagi kichkina sallasini to‘g‘rilab oldi-da:
— Men tushimda ko‘rdim dedim. Aslida u tush emasdi: bir ovoz eshitdim — yuragimning ich-ichiga o‘tib ketdi. Rum mamlakatida asirga tushgan Hoshim qabilasidan bir ayolning: «Mu’tasim qaerdasan?» deb qichqirayotganini eshitdimu, «Yordamingga tayyorman», deb uyg‘onib ketdim. Demak, xudo menga yurish qilishni va bevosita o‘zim bu jihodda ishtirok etishni amr qildi deb, tushimga ta’bir berdim. Sen safar tayyorgarligini ko‘raver, men qo‘mondonlarimga ham tayyorlanishni buyuraman. Askarlarimga ishonsam bo‘ladimi?
Zirg‘om uning Afshindan shubhalanib yurganini esladi:
— Buni men aniq aytolmayman. Ularning dunyo jamg‘arish uchungina jang qilishayotganidan o‘zingiz xabardorsiz, albatta. Ular Bazzni fath qilib, xurramiylarni tugatishdi. Rumlarni ham shunday qilishsa kerak.
— O‘ylashimcha, agar sen bormaganingda, ular Bazzni fath qilishni yana bir necha yilga sudrashardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:24:07

Zirg‘om xalifaning bu mubolag‘ali maqtovidan xijolat tortib:
— Kaminaga ishonchlari bo‘lsa, shu hujumga yuborsalar. Mendan xiyonat chiqar deb, qo‘rqmasalar ham bo‘ladi, inshoolloh, — dedi.
Xalifa undan so‘radi:
— Seningcha, Rum mamlakatlarining qaysi biriga yo‘l olsak yaxshi bo‘ladi?
— Siz eshitgan o‘sha dodlash ovozi Ammuriyyadan chiqqan. Ammuriyya Rum shaharlarining eng kattalaridan biri, xristianlikning qaynagan yeri. Uning fath qilinishi musulmonlar uchun katta g‘alaba.
Xalifa Zirg‘omning fikrini quvvatladi:
— To‘g‘ri aytding. Yo‘l taraddudini ko‘raver.
Zirg‘om sevinchi olish uchun Vardonning yoniga chopib ketdi va tayyorgarlik ko‘rishga kirishdi.

________________
* Melodiy hisobda 837—838 yillar.
* Huzayfa ko‘prigi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:25:11

    AMMURIYYANING FATH QILINISHI*

    Mu’tasim o‘z askarlarini urushga tayyorlab qo‘yib, umumiy qabul xonasiga kirdi. Bag‘dod qozisini va uch yuz yigirma sakkizta odil kishilarini chaqirib, vaqf qilgan yer-suvlariga ularni guvohlikka o‘tkazdi. Shu yer-suvlarini uchga bo‘lib, bir qismini xudo yo‘liga, ikkinchi qismini bola-chaqasiga, uchinchi qismini esa ozod qilgan qul va xizmatchilariga atadi. Shundan keyin Ammuriyya safari uchun qurol-yarog‘, mayda asbob-uskunalar, suv va boshqa suyuqliklar solinadigan idishlar va boshqalarini tayyorladi. To‘qqiz yuz ming jangchidan iborat askar ajratdi. Ularga Afshin, Ashnos va boshqalarni qo‘mondon qilib belgiladi.
    Mu’tasimning o‘zi ham otiga minib, islomning avvalgi yillaridagi jihodga chiquvchilarga o‘xshab, ozuqa to‘ldirilgan xaltani orqasiga osib oldi.
Askarlarni Rum mamlakatining turli tomonlariga taqsim qildi. Ular hammasi Anqara yaqinida birlashib, Ammuriyyaga qarab yo‘l olishlari kerak edi. Ularni uch tomonga yo‘lladi: chap tomondagisiga boshliq Ashnos turtki bo‘ldi, o‘rtadagisiga Mu’tasimning o‘zi va o‘ng tomondagisiga Afishinni tayinladi. Har bir qo‘shilmaning orasi ikki farsax* bo‘lishi kerak edi. Yana har bir qo‘shilmani ikkiga — o‘ng va so‘lga bo‘lishga va yo‘lda duch keladigan hamma qishloqlarga o‘t qo‘yib, vayron qilish va odamlarni asir olishga buyurdi. Shunday qilib, har bir qism Anqara bilan Ammuriyya o‘rtasidagi belgilangan joyiga borib turishi kerak. Anqara bilan Ammuriyya o‘rtasi yetti mazgil edi. Qo‘mondonlar Mu’tasim buyrug‘iga muvofiq ish ko‘rib, askarlari bilan Ammuriyyaga yetib borishdi. Birinchi borgan Ashnos, keyin Mu’tasim va oxirgisi Afshin bo‘ldi. Qo‘mondonlar Ammuriyyani har tomondan o‘rab olishdi. Mu’tasim uni qo‘mondonlarga bo‘lib berdi. Har bir qo‘mondonga qaramog‘idagi odamlariga qarab qo‘rg‘onlar tayinlandi.

Qayd etilgan