Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155256 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 ... 40 B


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:25:33

    Zirg‘om Mu’tasimning lashkargohiga o‘tdi. Mu’tasim uni hurmatlab, o‘ziga yaqin tutardi. Uning yaqin kishilari ichida Horis as-Samarqandiy ham bor. Xalifa Zirg‘omni o‘ziga yaqin tutgani va uning  obro‘si oshayotgani uchun Horis qattiq hasad qila boshladi. Ammo Zirg‘om bunga unchalik e’tibor bermasdi. Uning fikr-yodi Jahonni qutqazishga qaratilgan. Vardonning xayoli esa, qanday qilib bo‘lmasin, Haylonani uchratishda.
Bular joylashgan lashkargohda ikkovlari bir tepalikka chiqib, Ammuriyyaga qarashdi. Ammuriyya — binolari ko‘p, atrofi keng katta bir shahar. Uning tevaragida baland qo‘rg‘on, qo‘rg‘on ustida hashamatli minoralari bor edi. Qo‘rg‘onning darvozalari esa pishiq-mustahkam. Binolar orasida ustida bayroqlar hilpirab turgan bir qasrga ko‘zlari tushdi. U butxona boshlig‘i Notisnig qasri ekanini va Jahon shu yerda istiqomat qilishini bilib, Zirg‘on og‘ir bir xo‘rsindi-da, yer chizib o‘tirgan Vardonga ko‘z tashladi:
— Shu popning qasri emasmi?
— Ha, xuddi o‘shaning o‘zi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:25:56

— Hammodning gapi to‘g‘ri bo‘lsa, Jahon bilan Haylona shu qasr ichida qamalib yotgan bo‘lishi kerak. Bu shahar juda mustahkam ko‘rinadi. Unga yorib kirish oson emasga o‘xshaydi. Lekin xudo xohlasa, bizga uning istehkomi bardosh bera olmaydi, — dedi-da, Vardonga qarab: — Hammod tayinlagan qo‘sh bayroqni tayyorlab qo‘yganmisan? — dedi.
— Ha, tayyorlab qo‘ydim. Lekin biz Mu’tasimning lashkargohida, uning bayrog‘i ostidamiz. Hammod tayinlagan qo‘sh bayroqni qanday osa olamiz?
— Uni bir chekkaga osamiz. Balki Hammod o‘z xatida yozganidek, uni ko‘rishga muntazir bo‘lib turgandir.
— Bo‘lmasa, men uni ertaga mana shu tepa ustiga bir soatcha osib qo‘yaman. Nima bo‘lsa ko‘rarmiz, — dedi-da, Vardon lashkargohga qaytib ketdi.
    Ertasiga Mu’tasim majlis chaqirdi. Majlisda qo‘mondonlar, xalifaning maxsus kishilari qatnashdi, ular ichida Sohib va Horis as-Samarqandiy ham bor edi. Majlisda bo‘lajak jang rejasi muhokama qilindi. Muazzin peshin namoziga azon aytgan vaqtda ular tarqaldi. Xalifa o‘z chodiriga kira turib: «Ertaga erta bilan mening oldimga kel», — deb Sohibga buyurdi. Zirg‘om chodirga qaytib kelib, o‘zini kutib turgan Vardonni ko‘rdi. U juda g‘azablangandi. Undan Zirg‘om: «Bayroqni nima qilding?» deb so‘radi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:26:43

— O‘sha tepaga qo‘yib keldim.
— Qanday qilib uni tashlab kelding? Nega qovog‘ing soliq, xafa ko‘rinasan?
— Bayroqdan ham muhimroq bir ish chiqib qoldi. Shuning uchun ham tashlab kelaverdim, — dedi Vardon hayajonlanib.
— Nima bo‘ldi? Ayt.
— La’nati Somonni Afshinning lashkarlari orasida ko‘rib qoldim. U juda izzat-hurmatda. Aftiga qarashga sira toqatim yo‘q edi. Ushlab, bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ya qolgim keldi.
— Yo‘q, og‘ir bo‘l, do‘stim. Hozirgi vaziyatimiz ittifoqni, birlikni talab qiladi. Unga qo‘l ko‘tarsang, Afshinning jig‘iga tegib, askarlar orasida g‘ovg‘a ko‘tarilishiga sabab bo‘lasan. Somon masalasini boshqa bir vaqtga qo‘yib, tepaga bor, qo‘rg‘onlarni kuzat, tunda u yerda bo‘l!
Vardon chiqib ketdi. Zirg‘om yolg‘iz qolib, o‘zi haqida o‘ylab ketdi. U yotib uyqusi kelguncha Jahonni, onasini, Hammodni va Afshinni xayolidan o‘tkazdi. Keyin uyquga ketib Vardoning chaqirgan ovozini eshitib uyg‘ondi. Ko‘zini ochib qaradi: Vaqt kechqurun bo‘lib, hamma yoqni qorong‘i bosgan edi. «Vardon Hammodni ko‘rib, mendan sevinchi olgani kelgan bo‘lsa kerak», deb o‘yladi:
— Hammod keldimi? — shoshib so‘radi u.
— Yo‘q, kelgani yo‘q.
— Bo‘lmasa, nega bayroqni tashlab qaytib kelding?
— Ertagacha sir tutib bo‘lmaydigan bir ish chiqib qoldi. Shuning uchun tashlab kelishga majbur bo‘ldim. Erta bilan Mu’tasimning oldiga borishingdan ilgari bu sirni bilib qo‘yishing kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:27:05

Zirg‘om hovliqib:
— Ikki og‘iz so‘z bilan aytib qo‘ya qol. Mayli, bo‘lmasa, men sen bilan o‘sha tepaga boraman, kechani birga o‘tkazamiz. O‘sha yerda aytib berarsan.
— Aytadigan gapim ko‘p emas, lekin tepagacha men bilan borsang, yomon bo‘lmasdi.
Zirg‘om irg‘ib o‘rnidan turdi-da, oddiy askar kiyimini kiyib, Vardon bilan yo‘lga chiqdi.
Tepalik Mu’tasim bilan Ashnosning lashkargohlari o‘rtasida edi. Ular ikkalasi ba’zisida chirog‘ yoqilgan, ba’zisi qorong‘i chodirlar yonidan o‘tishdi.
— Meni notekis yo‘llar bilan olib ketayotganga o‘xshaysan, — dedi Zirg‘om Vardonga qarab.
— Senga bir yangilikni ko‘rsatmoqchiman. Chap tomonimizdagi mana bu chodirni bilasanmi? — dedi Vardon.
— Ha, bilaman, Ma’munning* o‘g‘li Abbosning chodiri, nima bo‘lipti?
— Menga bir sir ayon bo‘ldiki, agar buni Mu’tasim bilib qolsa, butun lashkargohni ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi.
Zirg‘om taajjublandi:
— Qanday sir?
— Shu bugun men sening yoningdan qayta turib, anavi yerdan o‘tdim. Horis as-Samarqandiyning shu chodirdan chiqib kelayotganini va Abbos uni zo‘r hurmat bilan kuzatayotganini ko‘rdim. O‘zimcha, bu hurmatning tagida bir gap bor bo‘lsa kerak, deb qo‘ydim. Mu’tasim Horisning qo‘lidan Yoqutani olib qo‘yib, senga hadya qilgani uchun undan o‘ch olish niyatida yurganini bilardim. Xalifalikni egallab olgani uchun Abbosnnig Mu’tasimga: «Hap sanimi, qarab tur», deb yurgani ham senga sir bo‘lmasa kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:27:34

     Qo‘mondonlardan ba’zilari xalifalikni Abbos olishi kerak deb yurardi. Lekin u bay’atni* o‘ziga talab qilishga yuragi dov bermagach, taxt Mu’tasimga o‘tgan edi. Men Somurroda turgan vaqtimda Horis as-Samarqandiy Mu’tasimni qoldirib o‘rniga Abbosga bay’at qilish kerak, deb yurganlardan bittasi deb eshitgan edim. Lekin ular askarlardan qo‘rqib, bu ishni amalga oshira olmay yurishgan. Bugun Horis Abbosning chodiridan chiqib kelayotganini ko‘rib, ikkalasining o‘rtasida muhim bir ish bo‘lsa kerak, degan fikr ko‘nglimga keldi.
     Tepaning ustiga o‘rnatilgan chodirga yetib borishguncha Vardon yo‘lga past ovoz bilan shu sirni hikoya qilib bordi. Kechasi qorong‘i edi. Zirg‘om chodir yonida ho‘kizga o‘xshab xurrak otib yotgan bir kishini ko‘rdi. Og‘zidan sharob hidi burqsib turardi.
— Bu kim?  Undan sharob hidi kelyapti-ku? — dedi Zirg‘om.
— Menga sirni aytim bergan odam shu. Bu kishi Horisning qullaridan. Men u bilan Somurroda tanishganman. Uni aldab olib kelib, ichirdim. Kayf bo‘lib qolgach, menga qiziq bir gapni aytib berdi. Uni senga shu yerda aytaveraymi yoki chodirga kirganingdan keyinmi? Ochig‘ini aytganda, shu qorong‘ida bayroqni tikib poylab o‘tirishning hech keragi yo‘q. Uni o‘n gaz naridan ham ko‘rib bo‘lmayapti-yu, Ammuriyyadan turib qanday ko‘rinsin?

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:27:57

— Gaplaring to‘g‘ri, — dedi Zirg‘om, — bayroqni Hammod kechasi ko‘radi, degan fikrda emasman. Lekin uni kun botayotgan paytida ko‘rgan bo‘lsa-yu, bir ilojini qilib, kelib topib olsa, yoki ertaga tongotar vaqtida ko‘rib, izlab kelib seni topsa, degan xayol bilan «uni osib qo‘yish kerak», deyapman. Qani, anovi quldan eshitgan gapingni aytib berchi.
Vardon tepadan bir necha gaz nariroqda yotgan katta bir xarsang tomonga yurdi. Ikkalasi tosh ustiga o‘tirishgandan keyin Vardon hikoyasini boshladi:
— U qulning aytishicha, xo‘jayini Horis hamma qo‘mondonlarga elchi bo‘lib borib, ulardan Abbos uchun bay’at olishga til biriktirgan emish. Qo‘mondonlarning ba’zisi Afshinning qo‘li ostida, ba’zisi Ashnos qo‘lida va qay birlari esa Mu’tasimning askari ichida. Shunday bo‘lgach, Horis uchchala lashkargohni aylanib chiqqan. Qo‘mondonlar, undan tashqari, Mu’tasimning xos kishilaridan bir necha odam u orqali Abbosga bay’at qilishgan emish. Yana Horis bay’at qilgan qo‘mondonlarga:
— Biz shu hodisani e’lon qilganimizdan keyin har qaysingiz o‘z bosh qo‘mondoningizni o‘ldirishingiz kerak. Masalan, Mu’tasimning xoslari Mu’tasimni, Afshinning xoslari Afshinni va Ashnosning xoslari Ashnosni o‘ldirsin, — degan emish.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:28:17

Vardonning gapini tinglab, lol qolib o‘tirgan Zirg‘om:
— Obbo, yuzi qora-ey. Subutsiz, badbaxt xotin-ey, — deb qo‘ydi.
Vardon so‘zini davom ettirdi.
— Meningcha, Abbos ularning hammasidan aqlliroqqa o‘xshaydi. Qulning gapiga qaraganda, u Ammuriyyani fath qilish ishini tag‘in qo‘ldan boy berib qo‘ymaylik, deb bu yomon niyatni amalga oshirishga qarshi chiqqan emish. Bu gaplarni senga bugun aytishdan maqsadim shuki, ertaga xalifa oldiga borganingda, istasang uni ham xabardor qilarsan.
— Yo‘q, Vardon, bu ishni xalifa bilmasliklari kerak. Bilib qolsalar, biz musulmonlar orasida fitna chiqargan bo‘lamiz. Ular bu shum niyatning ijrosini keyinga siltashgani uchun, yashirib turaylik. Xalifaning muborak hayotlarini omon saqlash uchun atroflarida parvona bo‘lib tursak kifoya.
Vardon Zirg‘omning fidoiligiga qoyil qolib:
— Ofarin senga, qahramon! Bu fikring juda to‘g‘ri, — dedi.
Zirg‘om unga:
— Lekin bu qulni shu yerda qoldirib xato qilgansan: U hushiga kelib, bu yerni tanib qo‘ysa, seni chaqishi mumkin. Bu joyni bilmagani durust. Yaxshisi, u hozir uyqu va kayfda ekan, boshqa joyga eltib qo‘y. Qaytib kelguningcha men shu yerda tura turaman, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:28:51

    Vardon: — Ma’qul, — dedi-da, irg‘ib turib, uni uyg‘ota boshladi. Lekin u hamon o‘ziga kelavermagandan goh turg‘izib, goh yetaklab, goh sudrab, o‘zining chodiridan Abbosning chodiri yaqiniga olib borib tashladi-da, qaytib keldi. Vaqt yarim kecha bo‘lib, lashkargohdagilarning hammasi uxlagandi.
Zirg‘om unga:
— Men o‘z chodirimga boraman, sen tong otguncha shu yerda bo‘l, — dedi.
Vardon:
— Bosh ustiga, xo‘p, jonim bilan, — deb javob qildi.
    Zirg‘om xayolga cho‘mgancha o‘z chodiri tomon yo‘l oldi. U chodirga yetmasdanoq qo‘rg‘on yaqinida g‘ovur-g‘uvur ovoz eshitdi. Qarasa, lashkargoh soqchilaridan bir to‘dasi bir kishini bo‘ynidan bo‘g‘ib, haydab kelishyapti. U kishi esa: «Meni Sohibga olib boringlar», deb baqirardi.
Uning tovushini eshitib, Zirg‘om bezovta bo‘lib qoldi, chunki u Hammodning tovushi edi. Zirg‘om chodiriga yugurib kirdi-da, ularning yetib kelishini kutib turdi. Bir ozdan keyin ulardan bittasi Zirg‘omning oldiga kirib:
— Biz bir ayg‘oqchini ushladik, u shahar tomondan lashkargohga kirgan. Men Sohibning oldiga kelayotgandim deydi,— dedi.
Zirg‘om:
— Qani, uni bu yoqqa olib kiringlar-chi, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:29:34

U kirdi. Zirg‘om sinchiklab qarab, Hammodning o‘zi ekanini aniqladi-da: «Qoldirib ketaveringlar», — deb soqchilarni jo‘natib yubordi. Ular ketgandan keyin Hammod bilan salomlashib, hol-ahvol so‘radi va yoniga o‘tqazib, undan Jahon to‘g‘risida savol qildi.
— Jahon hali ham pop Notis yonida turipti, — dedi Hammod.
— Bizning xabarimizni unga yetkazganing yo‘qmi?
— Yo‘q, hech shunga muvaffaq bo‘la olmadim. Kecha sizlarning askarlaringizni ko‘rib, bayroqlarga qattiq tikilib qaradim, lekin qo‘sh bayroqni faqat shu kechagina ko‘rdim. Bu yerga chiqib kelishning ilojini topa olmay, hozirgina bir amallab chiqqandim, adashib qoldim. Soqchilar qo‘liga tushganimdan keyin: «Meni Sohibning oldiga olib boringlar», — deb talab qildim. Mana, huzuringdaman.
Zirg‘om:
—Xush kelding, demak, Jahon hamon Notis qasrida ekan-da.
— Ha, Haylona ham u bilan birga. Pop ikkalasiga qattiq hirs qo‘ygan. Xafa bo‘lma, yaqin orada sevgilingga muyassar bo‘lasan.
— Qanday qilib? Qo‘rg‘onlarning istehkomi qattiqqa o‘xshayapti-ku, qamal ancha vaqtga cho‘zilsa kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:30:21

— Xudo xohlasa, buni o‘zim qisqartaman.
— U yoqqa osonroq kiradigan yo‘lni bilasanmi?
— Fathni yengillashtiradigan yo‘lni bilaman, hozir senga uni ko‘rsatib qo‘yaymi?
— Men ertaga barvaqt xalifaning oldiga boraman. Dushman to‘g‘risida ma’lumotga ega ekaningdan uni xabardor qilaman. Shu gapni xalifa sendan rozi bo‘lishiga vosita qilamiz-da, o‘tmishdagi ishlaringdan kechib yuboradi,— dedi.
Hammod bu maslahatga rozi bo‘ldi.
Ertalab Zirg‘om bilan Hammod xalifaning chodiri tomon yo‘l olishdi. Zirg‘om Hammodni  tashqarida qoldirib, ruxsat so‘rab xalifa oldiga kirdi. Xalifa uni yaxshi qarshi olib, yoniga o‘tqazdi. Ammo Zirg‘om uning qovog‘i osilganini ko‘rib tashvish ichida indamay turgan edi, xalifa:
— Nima uchun chaqirganimni bilasanmi? — deb so‘radi.
Zirg‘om:
— Menda karomat yo‘q, taqsir, bir narsani oldindan bila olmayman, — dedi.
Mu’tasim bir xo‘rsinib qo‘ydi-da: «Men Somurroda qozi Ahmadni o‘zimga mahram bilib, unga sirlarimni aytar edim. Halol va pokdilligingni bilganim uchun hozir sening maslahatingga tayanishim kerak, deb o‘ylayman», — dedi.

Qayd etilgan