Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155257 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 B


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:30:41

— Men janoblarining ixlosmand qullariman.
— Afshin ustida ishtibohdaman deb, aytganim esingda bormi?
— Ha, esimda, janob xalifa.
— Men ilgari uning tamagirligini ko‘rib hayron bo‘lib yurardim, lekin hozir bu lashkargohda qilayotgan yashirin fitnalarini ko‘rib, avvalgi ishlari buning oldida holva ekan, deb qo‘ydim. Uning qilayotgan ishlaridan hech xabaring bo‘ldimi?
Zirg‘om tushunib turgan bo‘lsa ham, o‘zini go‘llikka solib:
— Janoblarining maqsadlarini tushunmadim, — dedi.
— Eshitishimcha, ba’zilar akamning o‘g‘li Abbosga bay’at qilishga va meni o‘ldirishga qaror qilishgan emish, — dedi g‘azabdan ko‘zlari o‘tdek yonib.
Xalifaga tasalli bermoq uchun Zirg‘om:
— Bunday gaplarning bo‘lishini aqlan ehtimol tutsam ham, bo‘lganini bilganim yo‘q, chunki o‘tmish xalifalar davridan buyon xalifalik tamagirlarning ko‘z tikkan yerlari bo‘lib kelgan. Farazan, ba’zi kishilar shu fikrga kelgan bo‘lsa ham, lekin qo‘llaridan hech narsa kelmaydi, kutgan natijalariga erisha olmaydilar. Atrofimizdagi dushmanlar ustidan g‘alaba qilish uchun hozir hammamiz bir yoqadan bosh chiqarmog‘imiz kerak. Men janoblarining fikrlariga bir qo‘shimcha kiritsam, ajab emas, shu bilan ko‘ngillari taskin topsa, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:31:06

— Qani, ayt-chi, nima gap topib kelding? — dedi.
— Men janoblariga shu oqshom Ammuriyyaning o‘zidan kelgan bir odamni boshlab keldim, u kishi shaharning hamma kirish-chiqish joylaridan xabardor. Uni huzuringizga keltiraymi?
— Ha, mayli, kirsin!
Zirg‘om irg‘ib turib Hammodni chaqirdi. Hammod kirib tik turgancha, xalifaga salom berdi. Xalifa uni ko‘rishi bilan tanidi-da, qovog‘ini soldi-yu, lekin «o‘tir», deb joy ko‘rsatdi. U cho‘nqayib o‘tirdi. Mu’tasim Zirg‘omga qarab:
— Buni men arab bolasi Hammodga o‘xshatyapman, o‘sha emasmi? — dedi.
— Ha, xuddi shunday, o‘zlarining qulvachchalari. Ilgari bundan xatolik o‘tgan, lekin o‘zlarining afv-karamlari ulug‘, bu o‘shandan umidvor.
— Nima vajdan bizga keldi ekan?
Hammod:
— Shu shaharga kirish peshanamda bor ekan, bundan bir necha hafta ilgari kirdim, uning istehkomlari bilan tanishdim. Kecha janoblarining askarlarini ko‘rdimu, harakat qilib qochdim va shu yerga keldim, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:31:19

— Bizga qanday xizmat ko‘rsatish qo‘lingdan keladi?
— Janoblariga shaharning shikastlarini ko‘rsataman, uni bilgandan keyin fath qilishlari oson bo‘ladi. Bu shaharning mustahkam qo‘rg‘oni bor. Bir vaqtda sel kelib, bir qismini yuvib ketgan. Podsho uni qaytadan bino qilishni buyurib, omiliga xat yozgan, lekin omil sustkashlik qilib, vaqtni o‘tkazib yuborgan. Podshoning Qustantiniyadan* chiqqanini eshitgan omil uning Ammuriyyaga kelib, bu vayrona qo‘rg‘onni ko‘rib qolishdan hurkib, uni nari-beri ishlatib qo‘ya qolgan, ya’ni yuzini tosh bilan ishlaganu, lekin teshik rahnalarini esa yog‘och bilan to‘sib qo‘ygan. Agar istasalar, uni shu yerdan turib ko‘rsata olaman, — dedi.
Xalifa o‘rnidan turib:
— Qani, menga uni ko‘rsat-chi, — dedi.
Hammod olisdan uni xalifaga ko‘rsatdi. Xalifa uni ko‘rgandan keyin Hammodga tashakkur aytdi va: — Gaping to‘g‘ri chiqsa yaxshigina mukofot olasan, — dedi.
Zirg‘om:— Gapining rostligiga men kafilman. Mukofotni darhol berishga buyursalar mumkin bo‘larmikin, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:31:38

— Xo‘p, sen tufayli uni tezlataylik, nima mukofot bersak bo‘larkin?
— U mol talab qilmaydi, faqat ruxsat bersangiz, cho‘ringiz Yoqutani o‘ziga xotin qilib olsa.
Xalifa:
— Yoqutani — xotiningnimi? — deb hang-mang bo‘lib qoldi.
Zirg‘om ozgina jim turdi-da:
— Ha, menga xotin bo‘lsin, deb janoblari buyurgan Yoqutani. U mana shu o‘rtog‘imning sevgilisi bo‘lgani uchun janoblarining saxovatpeshaliklariga suyanib, uni xotin qilmaganman. Uni omonat tariqasida uyimda saqlab keldim. Agar janoblari bizni boshimizdan oyog‘imizgacha in’omlari bilan ko‘mmoqchi bo‘lsalar, bu urushdan sog‘-salomat qaytib borganimizdan keyin gunohimizni kechib, Yoqutaning Hammodga tanmahram bo‘lishiga ijozat bersalar, — dedi.
Xalifa Zirg‘omning vijdoniga, xulq-odobiga qoyil qolib, jilmaydi-da:
— Ikkalangizning gunohlaringdan kechdim, ayni vaqtda Hammod mening imtiyozli kishilarimdan biri bo‘lishini istayman, ko‘p in’omlar beraman, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:32:10

    Ikkalasi uning marhamatiga tashakkur aytishdi. Keyin Mu’tasim: «Qani, ishga o‘taylik», dedi-da, o‘z chodirini buzilgan qo‘rg‘on oldiga ko‘chirilib, oldiga manjaniqlar o‘rnatishni va qo‘rg‘onning qolgan qismini ham vayron qilishni buyurdi. Rumliklar qo‘rg‘on o‘rniga bir-biriga zich qilib xodalar taxlashdi. Manjaniq u xodalarni ham sindiravergach, rumliklar uning ustiga barzax o‘rnatishdi. Yana manjaniqlardan toshlar otilavergach, qo‘rg‘on yorildi. Keyin Mu’tasim qamal qilishni kuchaytirdi.
    Rumliklar qo‘rg‘on atrofida o‘tib bo‘lmaydigan bir xandaq kovlashgandi. Agar o‘sha xandaq bo‘lmaganda, shahar ilbatta olingan bo‘lardi.
    Zirg‘om xalifaga o‘sha xandaqning ichiga tuproq to‘ldirilgan qo‘y terilari bilan yopishni maslahat berdi. Xalifa shu maslahat bo‘yicha ish ko‘rdi hamda teri ustidan qo‘rg‘on tomonga yumalatish uchun har birining ichiga o‘ntadan odam sig‘adigan katta dabboblar qildirib, bittasini yumalatib ko‘rishdi. U dabboblar xandaqning yarmiga borganda o‘sha terilarga ilindi. Xandaq ichidagi kishilar arang undan qochib qutuldi. U yana bir qancha narvon va manjaniqlar ishlatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:32:31

    Zirg‘om Jahonga tezroq erishish uchun hujumni boshlashga ruxsat berishni xalifadan hadeb iltimos qilardi. Xalifa uni ayab, hujumga ruxsat bermadi, keyin u urush ochishni buyurdi. Birinchi bo‘lib hujum qilgan Ashnos bo‘ldi. Ma’raka maydoni tang bo‘lgani uchun urush qilish qiyin bo‘ldi. Shuning uchun Mu’tasim qo‘rg‘on atrofidagi manjaniqlar bilan unga yordam berdi. U qo‘rg‘onning teshilgan yeri ustiga manjaniqlarni to‘platdi. Ikkinchi kuni Mu’tasim Afshinga o‘z odamlari bilan hujumga o‘tishni buyurdi. Uchinchi kuni esa Mu’tasimning o‘zi qo‘l ostidagi lashkari, jumladan, mag‘ribliklar, turklar bilan birga hujumga kirdi. Mu’tasimning qo‘l ostida bo‘lgan Zirg‘om shu qadar abjirlik va matonat ko‘rsatdiki, unga har qanday qahramon ham havas qilsa arzirdi. Hammodning ishidan xabardor bo‘lgan Vardon ham Zirg‘om yonida edi. Zirg‘omning  fikr-xayoli pop Notis qasri tomon yo‘llanishda.
    Jang qattiq qizib, kechasigacha davom etdi. Poplar ilgari qo‘rg‘on minoralarini bo‘lashib olishgandi. Keyin ular orasida janjal chiqib qoldi, ba’zilari ertalab kelib, boshqalarining ziddiga yurish uchun qurollarini tashlab, Mu’tasimning kishilari oldiga tushib, shaharga kelishdi. Rumliklar mag‘lub bo‘lib, shaharga musulmonlar fotihlar sifatida kirishdi va unda talash, o‘ldirish va qurollarni olish bilan mashg‘ul bo‘lishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:33:03

    * * *

    Zirg‘om o‘z sevgilisini qidirib, to‘g‘ri popning qasri tomon yo‘l oldi. Shahar ko‘chalari talon-toroj qilish, asir olish uchun kirgan musulmonlar bilan liq to‘lgani uchun Vardon bilan Hammod ham qasrga ko‘p aziyat chekib, arang yetib bordi. Uch og‘ayni qasrga kirsa, uning eshiklari lang ochiq, ichida na mol-mulk, na xotinlar qolgan. Ular Jahon bilan Haylonani izlab, qasrning hamma uylarini aylanib chiqishdi. Ulardan darak topolmagach, Zirg‘om Hammodning aytgan gaplariga shubhalanib qoldi. Hammod esa uning shubhalanganligini sezib aytgan gapining to‘g‘riligiga ont ichdi va:
— Menimcha, askarlardan ba’zilari qasrga kirib, uni talagan va odamlarini olib ketgan bo‘lsa kerak, — dedi.
Zirg‘om bilan Vardon xafa bo‘lib o‘rnidan turishdi. Vardon:
— Ma’raka tugagandan so‘ng ularni asirlar orasidan axtaramiz, — dedi.
Musulmonlar g‘alabaga erishgach, xalifa urushni to‘xtatib, o‘ljalarni shahar atrofiga to‘plashni buyurdi. Ular sotiladigan bo‘lganidan xaridorlar ko‘paya boshladi. Sotishni tezlatish uchun har bir mol ustida uch marta: «Kim oshdi?» deyiladi-da, sotib yuborilaveradi. Asir-qullar ko‘pligidan, ularni bir yo‘la beshta-beshta, o‘nta-o‘ntadan sotishardi. Mu’tasim esa sotuvchilarni «tez bo‘linglar» deya oshiqtirardi. Xalifa shaharni vayron qilishga buyurgani uchun, askarlar uni vayron qilishdi, kuydirishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:33:27

    Kishilar oldi-sotdi bilan band bo‘lib turgan paytda Vardon asirlar orasini aylanib chiqdi. U na xotinidan va na Jahondan darak topmagach, yuragi siqildi va birgalikda maslahat qilishib olmoq uchun Zirg‘omning oldiga qaytib kelmoqchi bo‘ldi. Yo‘lda u Afshinning lashkargohidan o‘ta turib, o‘ljalar orasida Jahonning qashqa otiga ko‘zi tushdi. Ot yonida turgan Somonni ko‘rib, u muqarrar Jahonning oti ekanligiga ishonch hosil qildi. Uni yomon ko‘rgani uchun qattiq g‘azablandi-yu, lekin Zirg‘omni rioya qilib, unga bir shikast yetkazishdan o‘zini tiydi, chunki Zirg‘omning xohishi shu edi. Shundan keyin u ko‘rgan voqeasini yugurib borib Zirg‘omga aytdi. Zirg‘om kelib Jahonning qashqa otini ko‘rdi, lekin Somon allaqachon ot oldidan ketib qolgandi. Otga qarab, uning peshanasidagi sher suratini ko‘rdi-yu, u Jahonning oti ekaniga Zirg‘omda shak-shubha qolmadi. Jahon bilan Haylona Afshin olgan asirlar ichida ekan, degan fikr ko‘ngliga keldi. Darhol kirib, Jahon bilan Haylonani talab qilmoqchi bo‘ldi, lekin askarlar orasida nizo chiqib ketishidan qo‘rqib, bu ra’yidan qaytdi, chunki u askarlarning ittifoq bo‘lishini istardi. Keyin u o‘zicha, Jahon bilan Haylonani qutkazish uchun xalifani o‘rtaga qo‘yishga qaror qildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:33:59

    Shunday keyin Zirg‘om xalifani qidirdi. Uning umumiy qabulxonada o‘tirganini, g‘alaba bilan muborakbod qilish uchun oldiga qo‘mondon va a’yonlar keti uzilmay kirib turishganini eshitdi. Xalifaning bo‘shashini kutib o‘tirib, kunni allamahal qildi. Axiri odamlar tovsalgandan keyin ruxsat so‘rab, sekin yoniga kirdi. Xalifa uni yaxshi qabul qilib, o‘z yoniga o‘tqazdi, unga xushchaqchaqlik bilan muomala qildi. Zirg‘om ham uni tabriklab, haqqiga duo qilgan bo‘ldi. Zirg‘omning yuzida g‘am ko‘lankasini, tutoqish alomatlarini ko‘rgan xalifa:
— Senga nima bo‘ldi? Xafa ko‘rinasan? — dedi.
Zirg‘om:
— O‘z xojasi oldida quldan aslo xafalik zohir bo‘lmaydi. Xafa emasman, lekin bir oz bezovtaroqman, — dedi javob qildi.
— Nima uchun hayajonlanding, Sohibim?
— Afshinning zulm-taaddisi meni hayajonga soldi.
— Uning taaddisi nimadan iborat? Sen donosan, birovlar bilan «san-manga» bormasliging menga ma’lum.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:34:21

— Men u bilan na martaba, na o‘lja talashmayman. Men oshiq bo‘lgan qiz falakning gardishi bilan Ammuriyya-ga kelib qolgan ekan, Afshin mening sevgimdan voqif bo‘la turib, asir tushirib, o‘ziniki qilib olibdi.
Mu’tasim hayron bo‘ldi: «Qanday qilib Ammuriyyada buning ma’shuqasi bo‘ladi?» deb o‘yladi-da, unga qarab: «Ochiqroq gapir, men tushuna olmadim», dedi.
Zirg‘om gap boshladi:
— Janob oliylari, xudo baxtu davlatlarini bundan ham ziyoda qilsin, Somurroda kaminaga Yoqutani tanmahramlikka taqdim etgan edilar. Men kecha o‘zlariga aytganimdek, buyruqlariga xilof ish qilgandim. Xilof ish qilganimning boisini o‘sha vaqtda o‘zimdan so‘ramadilar. Uning boisi cho‘rilar olib kelish uchun meni Farg‘onaga yuborgan vaqtingizda u yerda bir qizga oshiq bo‘lib qolgandim va u bilan ikkimiz umr yo‘ldoshi bo‘lishga ahd qilgan edik. Baxtga qarshi shu payt qizning otasi vafot etib qoldi. Farg‘onadan qaytib kelishim to‘g‘risida o‘zlarining farmoni oliylari bo‘lib, to‘y masalasini keyinga qoldirib, Somurroga qaytib kelgandim. Shundan keyin ko‘p hodisalar yuz berib, oxiri bu qiz taqdirning taqozosi bilan Ammuriyyaga kelib qoladi. Qiz Ammuriyya popi Notisning qasrida qamalib yotgan ekan.

Qayd etilgan