Zirg‘om javob berdi:
— To‘g‘ri, oyi, xudo xohlasa ertaga boshlaymiz.
Ular hali ovqatni yeb, dasturxon yig‘ishtirilgani ham yo‘q ediki, saroy g‘ulomlaridan biri kelib, Zirg‘omni xalifa yo‘qlatayotganini aytdi. Zirg‘om o‘rnidan turib, kiyimlarini kiydi-da, chiqib ketdi. U umumiy qabulxonaga yaqinlashganda, darvoza yonida turgan ushrusanalik bir qancha yigitlarni ko‘rib, Afshinning shu yerdaligini payqadi. Ichkariga kirib, majlisning to‘rida, o‘z taxtida o‘tirgan xalifaga, uning yonida kursida o‘tirgan Afshinga ko‘zi tushdi. Vardon bilan Hammod katta xonning bir chekkasida tikka turishardi. U salom bergach, xalifa unga «o‘tir» ishoratini qildi. U o‘zini tushunmaganga solib:
— Oliy hazratlari ruxsat bersalar, bir og‘iz gap gapirsam, — dedi.
Xalifa:
— Mayli, gapir, — dedi.
Zirg‘om Vardonni ko‘rsatib: «Hazrati oliylariga Armanistonning katta poplaridan biri bo‘lgan Vardonni tanitmoqchiman. Bazz, va Ammuriyya muhorabasida askarlarimiz safida yaxshi ish ko‘rsatdi», — dedi.
Xalifa ham, Afshin ham uning gapidan hayron bo‘lib qolishdi.