Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155268 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 B


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:48:56

Keyin guvohlardan yuqoridagi ruhoniy turdi:
— Bu kishi bo‘g‘ib o‘ldirilgan hayvon va qushlarning etini ham yeydilar va ular bo‘g‘izlangandan shirinroq bo‘ladi deb meni ham yeyishga majbur qiladilar. Bir kuni menga «Musulmonlarni yomon ko‘rsam ham, hamma ishlariga kirishdim, hatto zaytun yog‘ini yedim, tuya mindim, kavush kiydim, lekin shu paytgacha xatna qilinmaganimni yashirib kelaman», degan edilar, — deb guvohlik berdi. Afshin turib:
— Bu ishonchsiz odam, gapiga ishonib bo‘lmaydi, — deb e’tiroz bildirgan edi, qoralovchi Afshinning gapini rad qildi. Keyin qoralovchi Afshinga qarab: — Mamlakatingizdagi kishilar sizga xat yozganda nomingizni qaysi so‘zlarni qo‘shib ulug‘lashadi? — deb bergan savoliga Afshin: «Aytmayman», deb javob qildi.
— Ular sizni xudolarning xudosi deb yozishlari aniqmi?
— Ha, shunday deb yozishadi.
— Musulmonlar bunday demaydi. Endi fir’avndan qaeringiz kam?
— Ular otamga ham, bobomga ham shu ibora bilan xat yozishga o‘rganishgan. Islomga kirishimdan avval o‘zimga ham shunday yozib kelishgan. Men o‘zimni ota-bobolarimdan past olib «menga bunday deb yozmanglar» deb aytishni munosib ko‘rmadim. Basharti shunday deganimda, ular meni mensimay qolishlari mumkin edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:52:03

Keyin Moziyor o‘rnidan turdi. Qoralovchi Afshinga qarab so‘radi.
— Bu kishi bilan xat yozishganmisiz?
— Yo‘q.
Moziyor gap boshladi:
— Bu kishining nomidan ukasi mening ukamga xat yozgan. Xat mazmuni bunday: Bu dinga Bobakdan bo‘lak hech kim yordam bermadi. Lekin Bobak o‘zini-o‘zi o‘limga tashladi. Men uni o‘limdan qutqazish uchun ko‘p harakat qildimu, lekin bo‘lmadi. Agar sen qarshilik qilsang, seni o‘zim o‘limga tashlayman. Qo‘limda bahodirlar va yordam beradigan kishilarim to‘lib yotibdi. Senga qarshi askar yo‘llasam, biz bilan urushadigan uch toifa — arablar, mag‘ribliklar va turklar qoladi. Arablar it qatori bir xalq, oldiga bir burda non tashlab qo‘yib, boshiga uraveraman. Mag‘ribliklar kallaxo‘r. Ammo turklar bo‘lsa, ularning ishi bir soatlik. O‘qlari tamom bo‘lgach, tepalariga ot bilan hujum qilamizu, hammasini yer bilan yakson qilamiz. Keyin bizning zardushtlik dinimiz ajamlar vaqtidagidek rivojga minib ketadi.
Afshin:
— Guvohning o‘zi bu xatni ukam yozganini aytyapti. Mening bu ishda nima aybim bor? — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:52:22

Vardon o‘rnidan turdi:
— Xatni yozgan ukam, menda nima ayb bor deyapsiz. Xo‘sh, Farg‘onadagi otashxonada sizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishining gapiga nima deysiz? Shu Moziyor va Bobak yuborgan vakillar bilan otashxonada yonma-yon o‘tirishib, musulmon davlatini barbod qilishga ittifoq tuzgansiz. Shu ishni amalga oshirish uchun yetarli mol-davlat to‘plab berishni siz ustingizga olgansiz.
Afshin teskari qaradi:
— Bu menga da’vogar, o‘z da’vosini quvvatlash uchun yolg‘on gapiryapti.
Vardon bo‘sh kelmadi:
— Vasiyatnomaga shohid bo‘lgan ruhoniyning o‘zini olib kelsamu, u ham mening shu gapimni tasdiqlasa, bunga nima deysiz?
Xalifa:
— U ruhoniyni o‘zimiz oldirib kelamiz, — dedi.
Vardon: — Hazrati oliylari hozir Afshinning Somurrodagi uyiga bir kishi yuborsalar, zardushtlarning suratlaridan albatta bittasini topib keladi, — deb iltimos qildi.
Qoralovchi:
— Uni biz kecha oldirib keldik, — dedi-da, bir g‘ulomga buyurib o‘sha suratni keltirib ko‘rsatdi: yog‘ochdan ishlangan haykal ustida ko‘p qimmatli toshlar bor. Haykalning qulog‘ida bir-birining ichiga kirgizilgan ikki tosh bo‘lib, ularning ustki tomoniga oltin quyilgan edi. Bundan tashqari bir necha but va zardushtlarning bitta kitobi ham bor edi. Ularni ko‘rib Afshin hang-mang bo‘ldi-yu, tiliga muhr bosildi. Shundan keyin xalifa uni qamoqxonaga qaytarib: «O‘lgunicha ovqat va suv berilmasin» deb buyurdi. Afshin 226 yil, melodiy 840—841 yillarda o‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:52:54

    Bir necha kundan keyin Zirg‘om xalifa oldiga kirib, Afshinning Jahonga vasiylik da’vosini tag-tugi bilan tushuntirib berdi. Xalifa esa uning vasiyligini bekor qilib, otasidan qolgan mollarni Jahonning o‘z qo‘liga olib berilishini buyurdi va Farg‘onaga kishi yuborib, u yerdagi «Korshonshoh» degan otashxonani buzdirdi. Hammod bilan Vardonni o‘z a’yonlari qatoriga qo‘shdi, Zirg‘omni xalifa saroyidagi ikki qasrga joylashtirishni buyurdi. Xalifa Jahon bilan Zirg‘omning to‘yini o‘tkazishga amr qilib, hammalariga katta-katta in’omlar berdi.

_______________
* U r m u z d — zardushtiylar e’tiqodicha, ezgulik xudosi boshqa, yovuzlik xudosi boshqa. Urmuzd esa ezgulik xudosidir.
* A j a m — arab bo‘lmagan millatlar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:53:54

    ZIRG‘OMNING NASL-NASABI

    Somon hibsxonada bir qancha vaqt qolib ketdi. U Vardondan bo‘lak hech kimning esiga ham kelgani yo‘q, Vardon vaqt-vaqti bilan uni masxaralash va o‘ch olish uchun oldiga borib turardi. Zirg‘om esa band. Afshinning ishidan xotirjam bo‘lganidan keyin Zirg‘om rahm qilib, Somonni ozod qildirib yubormoqchi bo‘ldi. Vardon unga e’tiroz bildirdi:
— Uni bo‘shatsang, o‘rniga go‘yo meni qamagan bo‘lasan. Men undan bir qancha narsalarni so‘rab, o‘z og‘zidan javob eshitishga qiziqaman, chunki u hech bir inson qilmaydigan ishlarni qilgan.
Zirg‘om:
— Bo‘lmasa, bu haqda Jahonning fikrini olaylik, — dedi.
Vardon:
— Yaxshi bo‘ladi, — deb javob qildi.
Zirg‘om  Jahonga maslahat solgan edi, u «bilmadim, uning xususida mendan so‘ramay qo‘ya qolganingiz yaxshi edi, mutlaqo unutib yuborishni istardim», degan javobni berdi.
Zirg‘om har qalay uning fikrini bilish uchun:
— U hozir qamoqda, uni nima qilsak ekan? — dedi.
 Jahon bir oz sukutdan so‘ng:
— Uni bo‘shatishingni istardim, lekin menga hanuz qorong‘i bo‘lib kelayotgan bir sirni juda ham bilib olgim kelyapti — otamning undan xafa bo‘lganligi sababini, — dedi.
Shu payt Zirg‘om ko‘p vaqtdan buyon bilishga orzumand bo‘lib yurgan boshqa bir sirni esladi: bu — o‘zining nasabi masalasi edi. Somondan sirni bilib olgach, o‘z nasabi ustida onasidan uzil-kesil so‘rashni diliga tugdi.
    Zirg‘om qamoqxonadan Somonni  uyiga oldirib kelib, mehmon qilmoqchi bo‘ldi, unda o‘zi, onasi, Jahon, Yoquta, Hammod, Vardon va Haylona ishtirok etdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:54:18

     Somon yomg‘irda qolgan mushukdek shumshayib kirib keldi-da, jazolanishdan qo‘rqayotgan gunohkordek tikka turdi. O‘z qilmishlarini o‘ylab, rang-ro‘yidan ajragani yetmagandek, aft-basharasi ham tirnalgan, kiyim-boshlari yirtilib, ozib-to‘zib ketgan edi. Hovli o‘rtasiga kelib to‘xtagach, bo‘ynini egib, o‘tirganlarga ko‘zini javdiratib qaradi. U Yoqutani ko‘rdi-yu, ahvoli o‘zgarib, bir xil bo‘lib ketdi. Keyin  Jahonga ko‘zi tushdi-da, xo‘rligi kelib, yig‘lab yuborguday bo‘ldi. Jahon Somonni shunday ayanchli holatda ko‘rib, o‘ziga qancha jabru jafolar qilganiga qaramay, rahmi keldi — yig‘lab yubordi. O‘tirganlarning hammasi unga achindi. Ammo Vardonning ko‘ngli mutlaqo yumshamadi. O‘tirganlar ruxsati bilan birinchi bo‘lib Vardon so‘zladi:
— Somon! Qo‘rqma, bironta gunohing uchun seni sud qilishga chaqirganimiz yo‘q, o‘zing bo‘laringcha bo‘psan. Sud qilganimiz bilan ham aybingga loyiq jazo topa olmaymiz, odamlarga munosabatda sening qarorsizliging qiziqtiradi. Bir qarasak, seni otang merosidan mahrum qilgani uchun Afshindan xafa bo‘lib, unga qarshi Sohibdan yordam izlayapsan, keyin birdan Sohibga  qarshi bo‘lib qolib, Afshindan madad so‘rayapsan. Yana sal fursat o‘tmay, Afshin bilan teskari bo‘lib qolasan-da, yordam so‘rab Sohibga murojaat qilasan. Xullas, sening kimga do‘st, kimga dushmanligingni hech kim bilmaydi. Eng katta jumboq — axloq tomondan ham, husn-aqldan ham farishtalarga o‘xshagan shu singlingga xiyonat qilganing. U birovning xasmi bo‘lsa, o‘z sevgilisi yashayotgan yerga qochib ketishda senga ishonsa, akam deb suyansa-yu, sen shunga qaramay, dunyodagi eng buzuq kishiga uni ro‘baro‘ qilgansan. Singlingning xiyonatkorona qo‘lga tushurilib, buzuqlik sardori bo‘lgan o‘sha la’natiga majburan eltib berilishiga rozi bo‘lgansan. Uni Somurroga olib borganingda, u la’natidan oladigan mukofotdan ko‘ra yaxshiroq mukofotga ega bo‘lgan bo‘larding-ku axir. Baribir Bobakdan mukofot emas, sharmandalik, rasvolik topding, unga avval yordam berib, keyin xiyonat qilding, istehkomlarining sirini dushmanlariga ochib berding. Singlingga va uning sevgilisiga yoqmaydigan ishlarda Afshin bilan til biriktirding. Odamlar orasida ko‘p yomonlarini ko‘rdim, ular o‘zlariga ham, boshqalarga ham ayon bo‘lgan bir maqsad yo‘lida senikidan badtarroq ishlarni qiladilar. Ammo senda ma’lum bir maqsad borligini bilmadim.


Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:56:02

    Somon yolg‘ondan boshini yerga solib, Vardonning gapini tinglardi. Ko‘zi g‘ilay bo‘lgani uchun qarab turgani aniq bilinmasa ham, Yoqutadan ko‘zini uzmasdi. Vardon so‘zini tamomlaganidan keyin Somon unga qarab, qo‘rqa-pisa gapirdi:
— Men qilgan ishlarimning sababini o‘zim bilmaymanu, senga qanday aytib beray. Men shunday yomonliklar qildimki, uni bilganlar bildi, bilmaganlar yo‘q. Ularning yoki loaqal ulardan bittasining sababini so‘rasalar, javob ayta olmay qolaman. Mening bilganim shuki, avval bir yomonlikni qilaman, keyin uni tuzataman deb undan badtarrog‘iga yuguraman. Xullas, ishlarimning hammasi boshdan-oyoq zanjirdek bir-biriga ulangan gunohlardan iborat. Birinchi gunohimni ko‘rib, undan andoza olaver, — dedi-da, rangi o‘zgarib, zo‘rg‘a tupugini yutib, o‘zini u yoq-bu yoqqa tashladi.
Vardon to‘satdan:
— O‘sha birinchi gunohing nima? — deb so‘rab qoldi.
Somonning kuzlari pir-pir uchib Yoqutaga qaragancha anqayib qoldi-da, keyin ko‘zidagi harakat boshqa a’zolariga ham o‘tdi. Hatto ikki tizzasi bir-biriga chalishib, yiqilib ketayozdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:56:45

Undagi bu o‘zgarishni ko‘rgan Zirg‘om:
— Somon, bo‘lmasa, bemalol o‘tirib gapira qol, — dedi. Boshqa o‘tirganlar ham uning ahvoli o‘zgarib. Yoqutaga qattiq tikilib qolganidan hayron bo‘lishdi. Yoquta o‘zi ham uyalib, xijolat tortdi va unga teskari qarab o‘tirdi.
    Zirg‘omning gapi bilan Somon cho‘kkalab o‘tirdi-da, ikkala kafti orasiga boshini qo‘yib, o‘kirib yig‘lab yubordi. U entika-entika yig‘ladi. O‘tirganlar, bu yolg‘ondan yig‘layapti, shaytonlik qilyapti degandek bir-biriga qarab qo‘yishdi. Keyin u yig‘isini to‘xtatib, birdan irg‘ib turdi-da. Yoqutaning oyog‘iga yiqilib, yana yig‘i boshladi. Odamlar xususan, Hammod hayron bo‘lib, o‘z xotinidan uni nariroqqa itarib tashlamoqchi bo‘lib, oldiga bordi:
— Somon! Senga nima bo‘ldi? Kishilar sendan avval boshlab qilgan gunohingni so‘rashyapti, nega javob bermaysan?
     Somon Yoqutani ko‘rsatib, baland ovoz bilan: «Dastlabki gunohim shu yerda, xuddi mana shuning ustida», — deb yana yig‘lab yubordi. O‘tirganlar yana hayron bo‘lishda va uni aqldan ozibdi, deb o‘ylashdi. Jahon ham shunday xayolga borib:
— Gapirsangiz-chi, axir sizga nima bo‘ldi? Nega Yoqutaga yopishib oldingiz? Sizning nimaligingizga hech kim tushuna olmayapti, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:57:31

— Birinchi yanglishganimning o‘zi shu Yoquta. Buning asli ismi Yoquta emas, Shahrizod, — dedi.
Somonning bu gapini eshitgan Zirg‘omning onasi Oftob:
— Shahrizod?! To‘g‘ri, xuddi Shahrizodning o‘zi, — deb baqirdi va yonida o‘tirgan Yoqutani bag‘riga bosib: — Senga qo‘limni birinchi tegizganimdanoq isingdan sezgan edim, — dedi. Keyin Jahonni chaqirib: «Jahon! Azizim, Shahrizodni tanimaysanmi?» — deya savol qildi.
Jahon hayron bo‘lib, bir oz o‘ylanib turdi-da:
— Bunaqa ismli qizni bilmayman, faqat men tug‘ilmasimdan burun go‘dakligida o‘lib ketgan Shahrizod degan opam bo‘lganini eshitganman, — dedi.
Oftob:
— Sening opang xuddi shuning o‘zi, u o‘lgan emas, yo‘qolgandi. Voqea noma’lum bo‘lgani uchun uni o‘ldi deb ovoza qilishgan. Bu sirni men, dadang va shu Somondan bo‘lak hech kim bilmasdi. Uning yo‘qolishi shu Somonning qo‘li bilan bo‘lgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:58:07

     Bu endi atak-chechak qila boshlagan paytida Somon bog‘ tomonga olib chiqqan-da, saldan keyin o‘zi yig‘lab qaytib kelgan. «Shahrizod qani», deb dadang so‘raganda, u: «Yilqichilarning otidan bittasi kelib, uni olib qochib ketdi», — deb javob qilgan. Otang Somonning gapiga ishonmadi. Unga har qancha do‘q-po‘pisa urib qo‘rqitsa ham, bu o‘sha gapini ma’qullab turaverdi. Shundan keyin uni yomon ko‘rib qolgan va noiloj Shahrizodni «o‘ldi», deb ovoza qildirishgan, — dedi.
     Oftob shu voqeani so‘zlarkan, hamma miq etmay jim o‘tirardi. U gapini tugatgach, Jahon Yoqutaga yopishib, bag‘riga tortdi-da, hadeb o‘pa boshladi. Yoqutaning sevinchi hammanikidan ham oshib tushdi, chunki shu vaqtgacha o‘zini cho‘ri deb yurgan qiz hokimning qizi bo‘lib chiqdi. U ham singlisini quchoqlab o‘pdi. Bu tasodifdan hayratda: «Opa-singil o‘rtasidagi bu o‘xshashlik bejiz emas ekan-da», deyishar va bir-biridan bu o‘ngimizmi, tushimizmi deb so‘rashardi.
Jahon so‘radi:
— Somon aka, ochig‘ini ayting, Shahrizodni qanday qilib sizdan olib ketishgan?

Qayd etilgan