Jahon sevinganicha chiqib ketdi, bir piyola suv olib kelib dadasiga uzatdi. Dadasi suvni ichib bo‘lar-bo‘lmas eshikdagi soqchi kirib: «Iroqdan kelgan bir mehmon yigit huzuringizga kirishga ruxsat so‘rayapti», — dedi.
— Bu mehmon albatta Afshin bo‘lishi kerak, — dedi hokim hayajon ichida va o‘z odatiga xilof ravishda mehmonning kimligini surishtirib o‘tirmay, «Kiraversin!» dedi. Jahon shu paytda bu yerda bo‘lganidan afsuslandi. Qani endi devor tars yorilsa-yu, bu yerdan chiqib keta qolsa, lekin dadasini o‘ylab, tishini tishiga qo‘ydi. Jahon ichidan zil ketsa ham, harakatidan sezdirib qo‘ymaslik uchun o‘zini dadil tutar, bardosh berib o‘tirardi.
Eshik soqchisi pardani ko‘tardi-yu, mehmon ichkari kirdi. Uni ko‘rgan Jahonning yuragi duk-duk urib, birdan gulday ochilib ketdi, chehrasidagi avvalgi g‘am-qayg‘udan asar qolmadi. Kelgan mehmon Afshin emas, Zirg‘om edi. Uni ko‘rish bilan hokim tabassum qilib, dedi: «Xush kelibsan, o‘g‘lim Zirg‘om, men do‘stimiz Afshin keldimikin deb o‘ylagandim. Sen Iroqdan kelyapsanmi?»
— Balli, sayidim, Iroqdan kelyapman, — dedi Zirg‘om.
— Afshin ham sen bilan keldimi?
— Yo‘q, u men bilan kelgani yo‘q, ammo Iroqdan chiqayotgan kunim uning ham Ushrusanaga kelish niyati bor deb eshitgan edim. Kelgan bo‘lsa ham ajab emas.