Fotimaxonim Husayinning qaysi maktabda o‘qishiga kuyinishi o‘z bolasiga kuyingan onaning mehribonlngidan ziyodaligi diqqatga sazovordir. Erdolbek kelishidan bir kecha avval bu mavzuda bahslasharkan, Odilbek:
— Xonim, bilaman... bu bolalar uchun qayg‘u, ozor chekdingiz, ammo... —deyishi bilan Fotimaxonim:
— Ozor chekkanim yo‘q. Har ona bolasiga ne istasa, shuni istadim.Tabiiyki, mening ham haqqim bor, —deb javob qildi. Bu so‘zlarni o‘gay ona emas, haqiqiy onaga munosib Fotimaxonimning o‘z og‘zidan eshitganimizda yanada yaxshiroq tushungan bo‘lardik. Menga nima,o‘zining o‘g‘li, ne istasa, shuni qilsin, deyishi mumkin edi. Hatto o‘qitmaslikka chora izlab, yo‘liga g‘ov bo‘lardi. Faqat uning bu tiynatda emasligi yillar davom etgan o‘gaylik-o‘zlik imtihoni natijasida ma’lum bo‘lgan, u o‘gay degan o‘y allaqchonlar mahalladoshlari xotirasiga kelmay qo‘ygandi. O’gay deyilganda, u xaqiqiy ona ekanligini isbot etdi. Ozor chekasan deyilganda, u zahmatlar rahmatga yuz burajagiga ishondi, sabr-matonat ko‘rsatdi. Unashtirilgan kunlarda, hamma bunday turmushdan qaytarmoqchi bo‘lgan paytlarda, «qizim insonlik sharafi yaxshi qaror qabul qilishgina emas, balki aziyatlarga sabr qilib, o‘sha qarorda sobit turmoq va davom etmokdadir» degan ayol nasihatiga munosib, muvofiq harakat etdi. Kim nima desa-desin, Xusayin endi o‘z o‘g‘li edi. Unda bir onaning o‘z o‘g‘liga bo‘lgan haqqi qadar haqqi bor edi. Bu xaq yaxshiliklarini yuzga solish, kimlargadir aytib yurish ma’nosida emas, balki unga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish va yo‘llash ma’nosidagi haqdir.
Hozir ham o‘g‘lining Imom Xatib maktabida o‘qishi uchun aynan shu xaqni qo‘llamoqda va shu haqqa rioya etmoqda.