Podshoh qasrida
Podshoh odamlari Sora haqidagi xabarni yetkazganlaridan keyin molik Sorani keltirishni buyurdi. Ibrohim alayhissalom Alloh taologa yolvorib, shu zolimdan yordam berishini O’ziga tavakkal qilib so‘radilar. «Albatta Alloh taolo O’zi muhofaza qiladi va O’z qudrati bilan himoyasiga oladi», deb duo qildilar. Podshoh xizmatchilari Hazrati Sorani olib ketishdi. Ibrohim alayhissalom tahorat qildilar, namoz o‘qidilar, Alloh taologa tazarru’ bilan ayollarini qaytarishini so‘rab, duo qildilar.
Soraning hujralariga podshoh kirganida tahorat olishga izn so‘radilar, u izn berdi. Tahorat oldilar, namoz o‘qidilar, qo‘llarini baland ko‘tarib, duo qildilar: «Allohim, Sen bilasan, men Senga va rasulingga iymon keltirganman! Meni bu kofirdan o‘zing salomat saqlagin!» Alloh subhanahu va taolo mo‘minlarning iltijolarini albatta ijobat qiladi va yomonliklarni ular ustidan ko‘taradi. Alloh mo‘mina qulining duosini ijobat qildi! Podshoh Hazrati Soraga qo‘l uzatishi bilan qo‘li shol bo‘lib qoldi. «Ey Sora, Rabbingga duo qil, qo‘limni tuzatsa, men senga zarar keltirmayman», dedi shoh. Sora duo qildilar, duolari ijobat bo‘lib, shohning qo‘li tuzaldi. Lekin uning nafsi g‘olib kelib, Soraga yana qo‘lini cho‘zdi, yana qo‘li shol bo‘lib qoldi. Yana shoh yalindi. Sora ikkinchi marta duo qildilar, shohning qo‘li tuzaldi. Uchinchi marta qo‘lini Sora onamizga uzatgandi, yana shol bo‘ldi. Shoh qattiq qichqirib: «Duo qil Rabbingga, meni tuzatsin, senga hech zarar keltirmayman», dedi. Sora onamiz duo qildilar, qo‘li tuzaldi. Podshoh askarlariga baqirdi: «Senlar inson emas, shayton olib kelibsanlar, mening yerimdan olib chiqib tashlanglar!» Qo‘li tuzalganidan xursand bo‘lgan shoh Soraga bir joriyani qo‘shib berdi. U ayol misrlik Hojar edilar.