Oylar o‘tdi. Maryamning tug‘ishlari yaqinlashdi. Alloh taolo dedi: «Bas, (Maryam) unga homilador bo‘lib, u bilan birga yiroq bir joyga ketdi. Bas, to‘lg‘oq azobi uni bir xurmo daraxtining shoxiga olib bordi (va u shoxga osilgan holda ko‘zi yorigach), dedi: «Qani, mana shu (kundan) ilgari o‘lib ketsam-u, butunlay unutilib ketsam edi» (Maryam surasi, 22-23-oyatlar); «Shunda (xurmo daraxtining) ortidan (Jabroil) nido qildi: «amgin bo‘lma, Parvardigoring (oyoq) ostingdan bir ariq oqizib qo‘ydi. (Mana shu qurib qolgan) xurmo shoxini silkitgin, u senga yangi xurmo mevalarini tashlar. Endi sen yeb-ichgin, shod-xurram bo‘lgin. Bas, agar odamzoddan birontasini ko‘rib qolsang (va u sendan bu bolaning otasi haqida so‘rasa), u holda: «Men Rahmon yo‘lida ro‘za tutmoqni nazr (ahd) qilganman, bas, bugun biron insonga so‘zlamayman», degin» (Maryam surasi, 24-26-oyatlar). Maryam tinchlandilar, yedilar, ichdilar va bolani emizdilar.
Kunlar o‘tdi, Maryam o‘zlariga kelib, yana quvvatlandilar, bolani ko‘tarib, qavmiga qaytdilar va albatta hamisha Allohning yordamiga suyanardilar. Qavm bu bolani bilib qolganidan keyin masxara qila boshladi. «So‘ng (Maryam bolasini) ko‘targan holda qavmiga kelganida ular: «Ey Maryam, (sen hech kim) qilmagan ajib ishni qilding-ku!» (Maryam surasi, 27-oyat) dedi ular. Ba’zilari: «Ey Horunning singlisi, sening otang yomon odam emas, onang ham fohisha emas edi-ku!» dedilar» (Maryam surasi, 28-oyat). «Shunda (Maryam og‘iz ochmasdan bolasiga) ishora qildi (ya’ni, uning o‘zidan so‘ranglar, dedi). Ular aytdilar: «Beshikdagi go‘dak bilan qanday so‘zlashurmiz?!» (Maryam surasi, 29-oyat). Alloh subhanahu va taolo O’z qudrati bilan Maryamning pokligini isbot qilish uchun, bu bolaning otasiz yaratilishidagi Alloh taoloning mo‘‘jizasini ta’kidlash uchun bolaga nutq berdi. «(Shu payt chaqaloq, ya’ni Iso tilga kirib) dedi: «Men Allohning bandasidirman. U zot menga Kitob -Injil ato etdi va meni payg‘ambar qildi. Yana meni qaerda bo‘lsam, xayru-barakotli qildi va modomiki, hayot ekanman, namozni (ado etishni) va zakotni (ato etishni) amr qildi. Shuningdek, (Alloh) meni onamga itoatli-mehribon qildi va meni sitamkor badbaxt qilmadi. Menga tug‘ilgan kunimda ham, vafot bo‘ladigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham tinchlik-omonlik bo‘lur» (Maryam surasi, 30-33-oyatlar). Beshikdagi bolaning javobi va ovozi har bir gumonni yo‘qotdi. Qavmining yuzi dahshatli bo‘ldi. Ular Olamlar Rabbisining ulug‘ mo‘‘jizasi oldida turganliklarini bildilar. Maryamning pok ekanliklari alomatlari zohir bo‘ldi. Bundan Maryamning qalblari yorishdi va Allohga hamd aytdilar.