Fotimaxon Sulaymonqori qizi. Mo'minalar silsilasi  ( 72839 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 B


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:04:26

Qasr malikasi

Qadim zamonda Misr yerida Muso alayhissalom tug‘ilmaslaridan avval Bani Isroil xalqi xorlikda yashardi. Ular nihoyatda xaqir, eng og‘ir ishlarni qilishar, haqlarini olisholmasdi. Hukmdorlari Fir’avn o‘ta zolim odam edi.

Amakisining qizi Osiyoga uylangach Fir’avnning, otasi vafot etdi. Osiyo qasrda eri bilan tinch-osuda yashardi. Vaqtlar o‘tib, Fir’avn haddidan oshdi. Shayton qalbiga vasvasa solib: «Sen yagona hokim, ilohsan!» dedi. U vaziri Homon bilan birgalikda insonlarni Fir’avnga sajda qilishga, unga itoat etishga, uni buyuk iloh deb tan olishga majbur qila boshladi. Misrliklar unga itoat etib, sajda qila boshlashdi. Osiyo erining zolimligini, o‘z xalqini qiynayotganini ko‘rib, yuragi siqilardi, chunki uning fitrati sog‘, aqli yetuk, qalbi rahmga to‘la ayol edi. Odamlar qo‘rqqanidan Fir’avnga sajda qilayotganini, u iloh emasligini, bu zo‘rlik ekanligini u yaxshi bilardi.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:04:50

Muborak o‘g‘il

Bir kun Fir’avn tush ko‘rdi: tushida bir o‘t Baytul Muqaddasdan Misrgacha yonib kelayotgandi. Ta’birchilarning aytishlaricha, Bani Isroildan bir bola tug‘ilib, Fir’avnning bor mulkini xarob qiladi.

Fir’avn Bani Isroilda tug‘ilgan barcha go‘daklarni so‘yishga qaror qildi. Odamlar podshohga: «Bir yil qatl qildir, bir yil qoldir, bo‘lmasa, Bani Isroil qirilib ketadi», deyishdi. Podshoh ko‘ndi. Kechirilgan yili Xorun tug‘ildi, qatl yili Muso dunyoga keldi. Alloh taolo bolani sandiqqa solib, Nilga oqizishni onasiga bildirdi. Onasi xuddi shunday qildi. Sandiq oqib, Fir’avnning qasriga yaqin keldi.. Xotini Osiyo sandiqni oldirib uni ochib, bolani qo‘liga oldi. Qalbiga uning muhabbati tushdi. Qattiq xursand bo‘ldi. Bildiki, bu bola muboraklidir.
Fir’avnning terisi oqarib qolgan edi. Musoning qo‘lchasi bilan Osiyo terini silab qo‘ygan edi, Allohning qudrati ila oqargani ketdi.

Oradan oz muddat o‘tib, podshohning askarlari bolani o‘ldirishga farmon olganlarini aytib keldilar. Osiyo: «Bu bola Bani Isroil emas, boshqa yerdan oqib keldi, men o‘zim borib bu haqda podshohga arz qilaman», dedi va bolani ko‘tarib shohning oldiga bordi. Shoh huzuriga kirib: «Bu sening va mening ko‘z qorachig‘imiz-ku», dedi. Fir’avn: «Sening ko‘z qorachig‘ingdir, lekin mening unga hojatim yo‘q», dedi. «Fir’avnning xotini (unga): «(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir. Uni o‘ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni bola qilib olsak», dedi. Ular (o‘zlarining halokatlari shu go‘dak qo‘lida ekanini) sezmagan hollarida (uni bola qilib oldilar)» (Qasos surasi, 9-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:05:13

Bir kuni Osiyo Muso bilan Fir’avnning oldiga keldi va uni shoh huzuriga tashlab chiqib ketdi. U yerda majlis bo‘layotgandi. Muso Fir’avnning tizzasida o‘tirib, soqolini yulib oldi. Homon: «Shu bola sening mulkingni xarob qiladi, senga merosxo‘r bo‘ladi, buning bobosi Ibrohim xalildir», deb Musoni yomonladi. Fir’avn jallodlarni chaqirdi. Bu xabar Osiyoga yetib keldi va tezlik bilan shoh huzuriga yugurdi va: «Menga hadya qilgan bolani so‘ymoqchimisan!» dedi. Fir’avn: «Soqolimni yulib oldi, mulozimlarim: «Bu bola senga merosxo‘r bo‘ladi, qo‘lingdagi mulkingga egalik qiladi», deyishdi», dedi. Osiyo: «Sen ularning so‘ziga ishonma! Bu bola hali yosh, hech narsaning farqiga bormaydi. Men buni senga isbot qilib berishim mumkin!», dedi. Fir’avn: «Qanday qilib?!», dedi Osiyo: «Bolaning oldiga cho‘g‘ bilan gavhar qo‘y. Agar gavharni olib, cho‘g‘dan saqlansa, bilginki, u aql yuritayotgan bo‘ladi. Agar cho‘g‘ni olsa, bilginki, aqlli kimsa gavhar turganda cho‘g‘ni olmaydi», dedi. Fir’avnga bu gap ma’qul bo‘ldi. Saroy xizmatchilaridan ikkitasini chaqirib, birining qo‘liga cho‘g‘, ikkinchisinikiga gavhar berdi va ularni bolaning oldiga yubordi. Jabroil alayhissalom Musoning qo‘lidan ushladilar va cho‘g‘ ustiga qo‘ydilar, hatto u cho‘g‘ni qo‘lida ko‘tarib og‘ziga soldi, bundan tili kuydi. Shu sabab Muso alayhissalomning nutqlari yaxshi, ravon bo‘lmay qolgan. Fir’avn buni ko‘rib: «Bu bola so‘yilmasin», dedi. Osiyo xursand bo‘lib bolani olib chiqib ketdi. Unga malika yaxshi tarbiya berdi, yozish va o‘qishni o‘rgatdi. Muso Osiyoning fazilati bilan xuddi podshohning o‘g‘lidek o‘sdi. Alloh shu ishlarga sababchi qildi. «Qachonki, u voyaga yetib, (aqli) to‘lgach, Biz unga hikmat va bilim ato etdik. Biz chiroyli amal qilguvchi kishilarni mana shunday mukofotlarmiz» (Qasos surasi, 14-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:05:40

Osiyoning Allohga bo‘lgan iymoni

Bir kuni Muso Bani Isroilni himoya qilib, Fir’avn ahllaridan birini o‘ldirib qo‘ydilar. Podshohning azob berishidan qo‘rqib, Madyanga qochib ketdilar. U zotning ketganlarini eshitgan Osiyo onamiz qattiq iztirob chekdilar. Na taom, na uyquda halovat bo‘lmadi, chunki Musoning firoqi qalblarini o‘rtardi. Muso alayhissalom o‘n yildan so‘ng Misrga payg‘ambar bo‘lib keldilar. Insonlarni yagona Allohga ibodat qilishga, Unga hech narsani sherik qilmaslikka chaqirdilar. Nihoyat Muso alayhissalom akalari Xorun bilan Fir’avnning qasriga kirdilar. Buni ko‘rgan Osiyo nihoyatda xursand bo‘ldilar. Ular Fir’avnni Haqqa da’vat qilishayotganini eshitdilar. Osiyo onamiz Muso alayhissalomning sodiq, haq payg‘ambar ekanliklariga ishondilar. Va yagona Allohga hamda Muso alayhissalomning rasul ekanliklariga iymon keltirdilar. Fir’avn ahllaridan amakilari Xaziqil ham imon keltirib mo‘min bo‘ldi. Xaziqil va Osiyo imon keltirganlarini qasr ahlidan yashirdilar. Osiyo onamiz Fir’avn, Homon va a’yonlarning Muso alayhissalomga zarar berishlaridan qo‘rqib, Allohdan u zotga yordam berishini, ular ustidan g‘olib bo‘lishini so‘rab duo qildilar. Muso alayhissalomning Fir’avn sehrgarlari ustidan g‘olib bo‘lganlarini ko‘rib ko‘p suyundilar. Iymonlari yanada quvvatlandi. Fir’avnning mo‘minlarni qiynashi Hazrati Osiyoning nafsoniyatlariga ta’sir qilardi va yanada Allohga bo‘lgan imonlari ziyoda bo‘lardi. Osiyo iymonlarini oz muddat yashirib yurdilar. Bu ko‘pga bormadi.

Xotini yolg‘iz Allohga imon keltirgani, Muso alayhissalomning da’vatlarini tasdiq etganini bilib qolgan Fir’avn qattiq g‘azabga keldi. Osiyoning oldilariga qattiq jahl bilan kirdi va: «Musoning Rabbisiga kufr keltirasan, bo‘lmasa, o‘lguningcha azoblayman», deb keskin talab qildi. Osiyo hech qo‘rqmasdan: «Rabbim, Rabbing va hamma narsaning Rabbisi bo‘lgan yolg‘iz Allohga keltirgan iymonimdan qaytmayman», dedilar. Fir’avnning g‘azabi yanada ortdi. Kohin va vazirlarni to‘plab dedi: «Mazohim qizi Osiyo haqida nima bilasizlar?» Ular Osiyoni maqtashdi. Fir’avn: «U boshqa Xudoga itoat qilyapti!» dedi. Kohinlar: «Uni o‘ldirgin», deyishdi. Fir’avn: «Uni o‘ldirolmayman, lekin qattiq azob bersam, dinidan qaytadi!» dedi va xizmatchilariga «Azobning eng qattig‘ini qo‘llanglar», deb buyurdi. Ular yerga to‘rtta qoziq qoqib, unga Osiyo onamizning qo‘l-oyoqlarini mahkam bog‘lashdi va quyoshning qaynoq harorati ostiga qo‘yishdi. Shuncha azob berilsa ham, Osiyo iymonlaridan qaytmadilar. Bularning hammasi Alloh uchun bo‘lgani sababidan azob ham u kishiga rohat bo‘ldi. Fir’avn azobni tinimsiz kuchaytirishni amr qilardi, Osiyo esa hammasiga sabr qilardilar. Iymonlari esa ziyoda bo‘lib boraverdi.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:06:20

Shahidlik va xushxabar

Kun o‘tgani sayin Fir’avn Osiyo onamizga azob berishning turli usullarini o‘ylab topardi. Uning mulkida katta sahroi biyobon bor edi... Ana shu joyda Osiyoga azob berardi. U zotning esa duolari ijobat bo‘lib, maloikalar qanotlari bilan quyoshning haroratini to‘sishardi.

Bir kuni Osiyo onamiz jannatdagi makonlarini ko‘rib kuldilar. Fir’avn xotinini kuzatib turgandi, bu holga ajablandi. Atrofdagilarga: «Uning jinniligidan ajablanyapsizmi? Biz azoblayapmiz, u kulyapti», dedi. Oxiri Osiyo onamizni o‘ldirishdi. Pok ruhlari Rabbisi huzuriga ko‘tarildi. Maloikalar u ayolning jannatda yashashlari, ne’matlanishlari uchun ruhlarini olib chiqib ketishdi. Oxiratda Osiyo onamiz ulug‘ marhamat va ikromga noil bo‘ladilar. Bu ikrom Rasululloh alayhissalom aytgan jannati ayollardan biri bo‘lishlaridir.

Sayyidai Osiyo Qur’onda sodiq mo‘mina ayollar qatorida, Haq yo‘lini topgan ayol sifatida madh etildilar. Allohga imon keltirishda orqaga qaytmagan bu ayol Fir’avnning azoblariga, chidagan holda iymonlarida sobit turdilar.

Hidoyat va Haq yo‘lida bardavom bo‘lgan, oxiratni bu dunyo mashaqqatlariga sotib olgan ayol! Jannat va uning ne’matlarini, qasrlarini sotib olgan ayol! u Bu ayol sayyidai Osiyodir!

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:06:45

BILQIS BINTI SHAROHIL
 (Yaman malikasi)


Miloddan avval, Yaman mamlakatidagi Saba’ shahri hukmdori Bilqis zamonida bu mamlakat odamlari quyoshga sig‘inishardi. Sulaymon alayhissalomning askari hudhud qushi buni ko‘rib, u shahar xabarini berdi. Sulaymon alayhissalom xat yozib, (Bilqisni) Islomga da’vat etdilar. U payg‘ambarga katta hadyalar yubordi, lekin Sulaymon alayhissalom ularni olmasdan yana Islomga chaqirdilar. «Bas, qachonki (Bilqisning elchilari uning yuborgan hadyasini olib) Sulaymon (huzuriga) kelgach, u dedi: «Sizlar menga mol-dunyo bilan madad bermoqchimisiz?! U holda (bilingizki), Alloh menga ato etgan (payg‘ambarlik va mulku davlat) U zot sizlarga bergan (mol-dunyodan) yaxshiroqdir. Balki sizlar hadyalaringiz bilan xursand bo‘larsizlar, (lekin mening unga ehtiyojim yo‘qdir). Sen (qavmingga) qaytib borib (aytginki, agar huzurimga bo‘yinsungan hollarida kelmasalar), albatta biz ularga shunday qo‘shin bilan borurmizki, ular unga aslo bas kela olmaslar va albatta biz ularni (qishloqlaridan) mag‘lub hollarida quvib chiqarurmiz» (Naml surasi, Zb-37-oyatlar).

Bilqis Sulaymon alayhissalomning katta quvvat sohibi ekanliklarini, u zotning dinlari haq dinligini bilib, payg‘ambar huzurlariga boradi. Islomni xalqiga e’lon qiladi. «(Malikaga): «Saroyga kirgin», deyildi. Endi qachonki u (saroyni) ko‘rgach, uni suv (to‘lqin) deb o‘ylab oyoqlarini ochgan edi, (Sulaymon): «Bu oynadan yasalgan baland qasrdir», dedi. (Shunda malika) aytdi: «Parvardigorim, darhaqiqat men (quyoshga sig‘inish bilan) jonimga jabr qilibman, (endi) Sulaymon bilan birga barcha olamlar Parvardigori - Allohga bo‘yinsundim» (Naml surasi, 44-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:07:16

Xayrli hudhud

Bilqis va uning qavmi quyoshga ibodat qilishardi. Allohdan boshqaga sajda etishardi. Sulaymon alayhissalom Shomda edilar. Ularning qo‘llarida katta davlat bor edi. Inson va jinlar bo‘ysunishib, xizmatlarini bajarishardi. Qushlar tilini bilar edilar. Bir kuni Sulaymon alayhissalomning askari hudhud askarlar ichida ko‘rinmay qoldi. U Yamanga ketgan edi. U yerda malika va qavmini ko‘rdi. Ularning quyoshga ibodat qilayotganlaridan, Allohdan boshqaga sajda etayotganlaridan hudhud xafa bo‘ldi. Sulaymon alayhissalom askarlari orasida hudhudni ko‘rmaganlari uchun uning qaerdaligini so‘radilar. «Agar uzrsiz ketgan bo‘lsa, azoblayman», dedilar. «U qushlarni ko‘zdan kechirib (ularning orasida hudhudga ko‘z tushmagach): «Nega men hudhudni ko‘rmayapman, balki u (mendan beizn) g‘oyib bo‘lguvchilardandir?! Albatta men uni qattiq azob bilan azoblarman yo so‘yib yuborurman yoki u menga (o‘z uzrini bayon qilib) ochiq hujjat keltirur», dedi» (Naml surasi, 20-21-oyatlar). Bir oz vaqtdan so‘ng hudhud keldi. oyib bo‘lganligi sababini undan so‘radilar. «Sulaymon dedi: «Sen rost so‘zladingmi yoki yolg‘onchilardan bo‘ldingmi, ko‘rurmiz» (Naml surasi, 27-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:07:34

Ulug‘ maktub

Sulaymon alayhissalom Bilqisga maktub yozdilar: «Bismillahir rohmanir rohim! Sulaymon ibn Dovuddan Bilqis - Saba’ malikasiga! «Sizlar menga kibr-havo qilmay, huzurimga bo‘yinsungan holingizda kelingiz!» (Naml surasi, 31-oyat)».

Maktubni yozib bo‘lib hudhudga dedilar: «Mana bu maktubimni olib borib ularga tashlagin, so‘ngra ulardan chetlanib kuzatgin-chi, nima (javob) qaytarar ekanlar» (Naml surasi, 28-oyat). Tumshug‘ida maktubni tishlab hudhud uzoq yo‘lga tushdi. Shomdan Yamanga - malikaning qasriga yetdi.

Bilqis o‘z xonasida uxlayotgan edi. Uni qo‘riqchilar hushyorlik bilan qo‘riqlar ekan. Xonasi qulf! Eshiklar, derazalar qulf! Lekin kichkina darcha ochiq ekan! Hudhud malikaning hujrasiga darchadan kirdi. Malika shirin uyquda edi. Uning ko‘rpasi ustiga xatni tashladi. Malika cho‘chib uyg‘ondi. «Kim bu xatni olib kirdi, nega hech kim sezmadi?» deya fikr qildi. So‘ng darchaga qaradi, hudhudni ko‘rdi. Maktubni ochib o‘qidi. Bildiki, Shom podshohi Sulaymon ekan, u Islomga kirishni taklif qilibdi. U yagona Allohga imon keltirishga chaqiribdi! O’ylab qoldi. Davlatining baobru erkaklari va vazirlari bilan bir qarorga kelishni, ular bilan maslahatlashishni rejalashtirdi.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:08:16

Malika qavmi bilan kengashdi

Bilqis shohona kiyimini kiydi. Vazirlar oldiga chiqib, tezda to‘planishlikni amr qildi. Malika taxtga chiqdi, atrofiga vazirlar, davlat a’yonlari, hukamolar yig‘ilishdi. Malikaning qo‘lida Sulaymon alayhissalomning xatlari bor edi. Xatni ochib dedi: - «(Qachonki hudhud Sulaymonning maktubini olib kelib malika Bilqisning oldiga tashlagach), u dedi: «Ey odamlar, haqiqatan menga ulug‘ bir maktub tashlandi. Albatta u Sulaymondandir va u (maktubda shunday bitilgandir): «Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman. Sizlar menga kibr-havo qilmay, huzurimga bo‘yinsungan holingizda kelingiz!» (Naml surasi, 29-31-oyatlar).

Qavm xatni eshitib jim bo‘lib qolishdi. Malikaning o‘zi bu jimlikni buzdi. «(Malika) aytdi: «Ey odamlar, menga bu ishimda fatvo-maslahat beringlar. Men to sizlar guvoh bo‘lmaguningizcha biron ish haqida hukm qilguvchi emasman» (Naml surasi, 32-oyat). Qavm o‘zining quvvatini hisobladi, 12 ming sarkardasi va 100 ming jangchisi bor edi. «Ular dedilar: «Bizlar kuch-quvvat va jur’at-matonat egalaridirmiz. (Qanday ishga) buyurish sening o‘zingga havola. Bas, nimaga buyurishni o‘ylab ko‘raver, (bizlar esa senga itoat eturmiz)» (Naml surasi, 33-oyat). Malika: «Sizlar biz jangga tayyormiz, deb o‘ylayapsizlarmi?» dedi. Qavm: «Albatta, uni o‘ldiramiz, chunki bizning katta kuchimiz bor, albatta uning ustidan g‘alaba qilamiz!» dedilar. Malika so‘radi: «Sizlarda boshqa fikr yo‘qmi?». «Yo‘q, bu bizning oxirgi fikrimiz!» deyishdi ular. Malika: «Sizning bu maslahatingiz ma’qul bo‘lmadi, chunki urush hamma narsani fasod qiladi, uning oqibatini hammamiz bilamiz. Podshoh agar bir davlatga qarshi urushsa, u davlatni fasod qiladi, ahliga aziyat yetkazadi. Agar Sulaymon kelib urushadigan bo‘lsa, uylarimizni vayron qiladi, erkaklarimizni o‘ldiradi, ayollarimizni joriya, bolalarni qul qiladi. Tezda biz zaiflashib qolamiz», dedi. Qavm malikaning hikmat va aql sohibasi ekanligini, oqilona tadbirini ko‘rib, unga hurmatlari oshdi, undan hozir nimani o‘ylayotganini so‘radilar: «Endi qanday chora ko‘ramiz?» Malika dedi: «Unga bir kishi orqali katta hadyalar yuboramiz, agar qabul qilsa, biz bilan urushmaydi. Agar u dunyo podshohi bo‘lsa, bizning hadyamizni oladi, unda u payg‘ambar emas. Yuborgan odamimiz ularning quvvatini, askarlarini bilib keladi, bizga kuchi yetadimi-yo‘qmi, bilib olamiz». Qavm bu taklifni ma’qulladi. Hammalari uning bu fikrida ittifoq bo‘lishdi.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:08:27

Qimmatbaho hadya

Malika bir dunyo mol - tilla, kumush, la’li-marjon, gavhar, zumrad, yoqut, shu kabi qimmatbaho toshlardan, Yaman yerida o‘sgan yaxshi mevalar, turli xil mato, toza ipakdan bo‘lgan kiyimlar va yana qullar, joriyalar yubordi. Ularni bir donishmand hakim va qo‘riqchilar olib borishdi. Unga: «Podshohning qancha quvvati, askari borligini ham bilib kelasan», deb tayinlashdi.

Qayd etilgan