Ajoyib bashorat
Kun o‘tgani sari Maryam mehrobda tasbeh aytib, Allohga ibodat qilardilar. Balog‘at yoshiga yetgunlaricha insonlardan uzoqda bo‘lib, o‘zlarini ehtiyot qildilar. Shahvatli narsalardan tiyilib, ibodatga berildilar. Allohga iymon keltirib yashadilar. «(Ey Muhammad), ushbu Kitobda (ya’ni, Qur’onda) Maryamni zikr qiling: u o‘z ahli oilasidan chetga - kunchiqar tomonga borib, ulardan parda ortiga berkinib olgan paytida Biz unga O’z ruhimiz (ya’ni, Jabroil)ni yubordik. Bas, u (Maryamga) bus-butun (ro‘y-rost) odam bo‘lib ko‘rindi» (Maryam surasi, 16-17-oyatlar). «Yana (iymon keltirgan zotlar haqida) o‘z nomusini saqlagan ayolni - Maryam binti Imronni (misol keltirdi). Bas, Biz O’z tarafimizdan bo‘lgan ruhni unga pufladik (va u Isoga homilador bo‘ldi). U Parvardigorining so‘zlarini va kitoblarini tasdiq etdi hamda (Allohning amriga) itoat etguvchilardan bo‘ldi» (Tahrim surasi, 12-oyat). Maloikalar Maryamni ziyorat qilishardi. Alloh taolo uni tanlaganini, ayollar olamida eng afzal ayol bo‘lishlarining bashoratini berishardi. «Farishtalar Maryamga aytishdi: «Yo Maryam, albatta Alloh seni (ayollar orasidan) tanlab oldi va (barcha gunohlardan) pokladi hamda seni butun olamlarning ayollaridan afzal qildi. Yo Maryam, Parvardigoringga itoat qil va ruku’ (Allohga ibodat) qilguvchilar bilan birga sajda va ruku’ (ya’ni, ibodat qil!») deganlarini eslang!» (Oli Imron surasi, 42-43-oyatlar).
Bir kuni farishtalar Maryamning oldilariga kelishdi va chiroyli xushxabar berishdi, ya’ni hech bir erkak yaqinlashmasdan, erga tegmasdan o‘g‘il tug‘ishini aytishdi. Bu bola Allohning mo‘‘jizasidir! Bu bolani Bani Isroilga nabiy, rasul qiladi! «Eslang (ey Muhammad), farishtalar dedilar: «Yo Maryam, albatta Alloh senga O’z tomonidan bir So‘z haqida xushxabar beradiki, uning ismi Al-Masih Iso binni Maryam bo‘lib, dunyo-yu oxiratda obro‘li va (Allohning) yaqinlaridandir, odamlarga go‘daklik paytida ham voyaga yetgan chog‘idagidek gapirur. U solih bandalardandir», deganlarida, Maryam: «Parvardigorim, menga odamzod tegmagan bo‘lsa, qayoqdan menda farzand bo‘lsin?» dedi. Alloh aytdi: «Shunday, Alloh O’zi xohlagan narsasini (O’zi xohlagan suratda) yaratadi. Qachon biron ishni iroda qilsa, unga: «Bo‘l!» deydi. Bas, u ish bo‘ladi» (Oli Imron surasi, 45-47-oyatlar).