Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 177087 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:14:20

Albatta ilm moddiydir, avval yaratilgan narsa bo‘lmog‘ini tasavvur etilmaydi. Balki undan oldin yoki u bilan birga ilmning o‘rni yaratilgan bo‘lmog‘i lozimdir. Chunki bu holda unga xitob qilish mumkin bo‘lmaydi. Xabarda kelishicha, Alloh taolo unga, ya’ni aqlga «Kel», dedi. U keldi, «Ket», dedi, u esa ketdi (hadisdan).

Shunday bo‘lgach, batahqiq, sizga bu lafzlarning ma’nolari mavjud holda kashf bo‘ldi. Ular jismoniy qalb (ya’ni, yurak), jismoniy ruh, shahvoniy nafs va ilmlar. Bu to‘rt xil ma’noga ko‘ra to‘rt lafz yuritiladi. Beshinchi ma’no ham borki, u insonning ichki tuyg‘usidan bo‘lgan ilohiy ne’mat - biluvchilik va idrok etuvchilik ne’matidir. Bu to‘rt lafz, ya’ni nafs, ruh, qalb va aql - hammasi ana shu beshinchi ma’noning ustida ittifoqqa keladi, ya’ni birlashadi. Demak, ma’no beshta, lafzlar esa to‘rtta. Har biri esa ikki xil ma’no uchun qo‘llanadi. Ahli ilmlarning ko‘plariga bu lafzlarning har xil ma’noda kelishi va qaysi ma’noda bir xil bo‘lishi chigallidir. Ularning xohishlar to‘g‘risida bu aql xohishi, bu ruh istagi, bu qalb xohishi va bu nafs istagidir, deyishayotganini ko‘rasiz. Mulohaza qilib ko‘rgan kishi ushbu lafzlarning ma’nolari har xil ekanini bilmaydi. Mana shularga to‘silgan pardalarni ochish uchun avval bu lafzlar sharhini keltirdik.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:14:55

Qur’on va sunnatda «qalb» lafzi keladi. Undan murod inson anglaydigan va narsalarning haqiqati bilinadigan ma’nodir. Gohida u ko‘krak ichidagi yurakka nisbatan ham ishlatiladi. Chunki shu ilohiy mohiyat bilan yurakning jismi o‘rtasida o‘ziga xos bir munosabat bor. Garchi qalb (ilohiy mohiyat) badanning boshqa a’zolari bilan munosabatda, unga xizmat qildirilgan bo‘lsa ham, a’zolarga yurak vositasi bilan bog‘lanadi. Uning bog‘liqligi avval yurakda bo‘ladi. Go‘yoki yurak qalbning o‘rni, uning mamlakati, uning olami va uning ulovi. Shuning uchun Sahl Tustariy qalbni arshga, ko‘krakni kursiga o‘xshatdilar. Bundan Allohning arshi va Uning kursisi, deb gumon qilinmaydi. Balki bu so‘zlardan insonning birinchi mamlakati, tadbirlari, tasarrufotlari avval joriy qilinadigan joy nazarda tutiladi. U ikkisi, ya’ni qalb va ko‘krak qafasi insonga taalluqliligi bilan arsh va kursiga o‘xshaydiki, Alloh taologa taalluqligi bilan bu o‘xshatish faqatgina ba’zi ko‘rinishlardagina to‘g‘ri bo‘ladi, xolos. Buni sharhlash ham bizning maqsadimizga kirmaydiki, bundan qalb mavzuini davom ettirishga o‘taylik.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:15:35

Qalb askarlarining bayoni haqida

Alloh taolo aytadi:
«Parvardigoringizning askarlarini faqat Uning O’zigina bilur» (Muddassir surasi, 31-oyat).

Robbimiz Alloh subhanahu va taolo uchun qalblar, ruhlar va olamlardan iborat narsalar ichida shundayin askarlari borki, uning haqiqati, adadi va tafsilotlarini faqat Alloh taoloning O’zi biladi. Biz hozir qalb askarlarining ba’zilariga to‘xtalib o‘tamiz. Ana shu narsa mavzuimizga taalluqlidir.

Qalbning ikki askari bor. Bir askarini ko‘z bilan ko‘rsa bo‘ladi. Yana bir askarini faqat qalb ko‘zi orqali ko‘riladi, u farishta hukmidadir. Ko‘riladigan askarlari esa xizmatkor va yordamchi hukmidadirlar. Qalbning ko‘z bilan ko‘riladigan askari - qo‘l, oyoq, ko‘z, quloq, til hamda boshqa zohiriy va botiniy a’zolardir. Ularning hammasi qalb uchun xizmatkor bo‘lib, unga bo‘ysundirilgan. Qalb a’zolarining tasarruf qiluvchisi va ular uchun beqaror narsadir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:15:55

Darhaqiqat, a’zolar unga itoat qiladigan holatda yaratilgan. A’zolar qalbga qarshi chiqishga, unga osiylik qilishga qodir emaslar. Agar ko‘zga ochilish uchun buyruq berilsa, ochiladi. Agar oyoqqa harakatlanishga amr berilsa, harakatlanadi. Agar tilga gapirishga qat’iy buyruq berilsa, gapiradi. Boshqa a’zolar ham shunday. A’zolar va ularning sezish qobiliyatlarining qalbga bo‘ysundirilishi farishtalarning Alloh taologa bo‘ysunishi ko‘rinishiga o‘xshaydi. Chunki farishtalar itoat qilish uchun yaratilgandirlar. Ularga nima buyurilsa, qilishadi. Buyurilgan amrlarga hargiz itoatsizlik qilishmaydi. Ular bir narsada ajrab turishadi, u ham bo‘lsa, farishtalar itoat qilish va bo‘ysunishni albatta his etib turishadi. Qovoqlar ochilib-yopilishda qalbga bo‘ysundirish yo‘liga binoan itoat qiladi. Uning o‘zidan ham, qalbga itoat qilishidan ham xabari yo‘q. Qalb safarga chiqish uchun go‘yo ot va ulovga muhtoj bo‘linganidek, askarlarga, ya’ni a’zolarga muhtoj bo‘ladi. U oddiy safar emas, balki qalb ana shu safar uchun yaratilgandir. U Alloh subhanahu va taologa bo‘lgan safardir. Unga yo‘liqish uchun butun manzillarni bosib o‘tish kerak. Qalblar ana shu sababdan yaratilgan. Alloh taolo aytadi:

«Men jin va insni faqat O’zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Vaz-zoriyot surasi, 56-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:16:14

Albatta qalbning ot-ulovi badandir. Zodi (yo‘l xurjuni) esa ilmdir. Ana shu zodi rohilaga yetkazadigan va undan kerakli narsani olish imkonini beradigan sabablar borki, bular solih amallardir. Banda modomiki badani sukunat topib dunyodan kechmasa, Alloh subhanahu va taologa yetishmoqligi mumkin bo‘lmaydi. Chunki uzoq manzilga yetish yo‘lida yaqindagi manzilni kesib o‘tishdan boshqa chora yo‘q. Dunyo esa oxiratning ekin maydonidir va hidoyat manzillaridan bir manzildir. Uning dunyo, deb nomlanishi ikki manzilning eng yaqini bo‘lgani uchundir. Bu olamdan zod olinmoqqa majbur bo‘linadi. Badan qalbni uzoq olamga yetkazadigan ulovdir. Ulov hisoblangan badanning ehtiyotini qilib, uni muhofaza etib turmoqlikka muhtoj bo‘linadi. Albatta badan unga foydali va yoqimli ovqat va boshqa narsalarni jalb qilish hamda halok bo‘lishiga sababchi narsalarni badandan daf etish bilan muhofaza qilinadi. Badanni oziqlantirishda ikki askarga muhtoj bo‘linadi: ya’ni botiniy askar - u shahvatdir va zohiriy askar - u qo‘l hamda ozuqa jalb etuvchi boshqa a’zolardir. Qalbda shahvatlar ehtiyojga yarasha yaratildi. Yana shahvatlar uchun ish qurollari sanalmish a’zolar ham yaratildi.

Qalbni halok qiluvchi narsalardan muhofaza etish uchun ham ikki askarga muhtoj bo‘linadi: biri botiniy bo‘lib, u halok etuvchi narsalarni daf qiladigan va dushmanlardan o‘ch oladigan g‘azabdir. Ikkinchisi esa -zohiriy bo‘lib, u qo‘l va oyoqdirki, ular bilan g‘azab taqozo qiladigan narsalar bajariladi. Ana shularning har biri tashqi ishlardir. Badandagi a’zolar go‘yo qurol kabi narsalarga o‘xshaydi. Modomiki, ozuqani bilmas ekan, ularni oziqlantirishga muhtoj qalbga ozuqani xohlashi hamda uni do‘st tutishi foyda bermaydi. Uni bilish uchun ham ikki askarga muhtoj bo‘linadi. Biri - botiniy bo‘lib, eshitish, ko‘rish, hidlash, ta’m bilishlarni idrok eta olishdir. Ikkinchisi - zohiriyki, ular ko‘z, quloq, burun va boshqalardir. Bularga muhtoj bo‘lish va ulardagi hikmat yo‘llarining tafsilotini bayon etadigan bo‘lsak, bu uzayib ketadi. Ko‘p jildli kitoblar ham ularni qamrab ololmaydi. «Shukr kitobi»da bular tafsilotining kichik bir qismiga ishora qilganmiz.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:16:26

Qalb askarlarining hammasi uch xil sinfga bo‘linadi. Birinchisi -chorlovchi va tezlovchi, ya’ni shahvatga o‘xshash xohishga muvofiq keladigan foydalarni jalb qiladigan yoki g‘azabga o‘xshash qarshi chiquvchi zararlarni daf etadigan sinfdir. Goho bu chorlovchi narsa iroda, deb yuritiladi.

Ikkinchi sinf - mana shu maqsadlarni hosil qilish uchun a’zolarni harakatga keltiruvchi bo‘lib, u kuch-qudrat, deb yuritiladi. U boshqa a’zolarga tarqatilgan askarlardir, xususan, a’zolarning paylari va tomirlaridir. Uchinchi sinf - go‘yo josuslarga o‘xshab narsalarni tanuvchi va idrok etuvchi ko‘rish, eshitish, hidlash, tatish va ushlash quvvatlaridir. U muayyan a’zolargagina tarqatilgan. Bular ilm-idrok, deb yuritiladi. Bu botiniy askarlarning har biri bilan zohiriy askarlar ham bor. Ular yog‘, go‘sht, pay, qon va suyaklardan tarkib topgan a’zolardir. Bular esa botiniy askarlar uchun asbob sifatida tayyorlangan. Chunki ushlash quvvati barmoqlar bilan va ko‘rish quvvati ko‘z bilan bo‘ladi. Boshqa quvvatlar ham shundaydir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:16:38

Biz zohiriy qo‘shinlar, ya’ni a’zolar to‘g‘risida gapirmoqchi emasmiz, negaki, ular mulk va shahodat olamidandir. Balki ko‘zga ko‘rinmas qo‘shin bilan quvvatlantirilgan narsalar haqida gapirmoqchimiz. Bu uchinchi sinf, ya’ni bular ichidan idrok etuvchisi ikki qismga bo‘linadi: birinchisi - zohiriy manzillarga o‘rnashganlari, ya’ni eshitish, ko‘rish, hidlash, tatish va ushlashlardan iborat sezgi a’zolari. Ikkinchisi - botiniy manzillarga o‘rnashganlari. Botiniy manzillar miya bo‘shliqlaridir. U ham beshtadir. Chunki inson bir narsani ko‘rgandan keyin ko‘zini yumib, uning suratini albatta o‘z nafsida idrok etadi va bu xayol, deyiladi. So‘ngra bir narsa sabab bo‘lib, o‘sha surat u bilan birga qoladi. Uni yodlab oladi, u yodlovchi askardir. So‘ngra yodlagan narsalari to‘g‘risida fikr qiladi. Ba’zisini ba’zisiga qo‘shadi, keyin unutgan narsalarini eslaydi va unutganlari esiga keladi. His etilgan narsalar bilan mushtarak hissiyot xayolida his etilgan narsalar ma’nolarining hammasini jamlaydi. Botinda, ya’ni ichki olamda mushtarak hissiyot, xayolot, fikrlash, eslash va yodlash qobiliyatlari bor. Agar Alloh taolo yodlash, fikrlash, eslash va xayol surish quvvatlarini yaratmaganida, albatta qo‘l-oyoqlar ulardan xoli bo‘lganidek, dimog‘ ham ulardan xoli bo‘lar edi. Ana shu quvvatlarning o‘zlari ham botiniy askarlardir. Ularning makonlari ham botiniydir. Mana shular qalb askarlarining qismlaridir. Bularni tushunishga kuchlari yetmaydigan kishilarga tushuntirish darajasida sharhlash juda cho‘zilib ketadi. Ushbuga o‘xshash kitoblar undan zakovatli kishilar va yetuk ulamolarning foydalanishlari uchun ta’lif etiladi. Lekin zaiflarga ham tushuntirish maqsadida ularning fahmlariga yaqin bo‘lishi uchun misollar keltirishga harakat qilamiz.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:16:56

Qalbning botiniy askarlariga oid misollar

Bilingki, g‘azab va shahvatdan iborat bo‘lgan ikki askar qalb uchun mukammal holatda bo‘ysunadilar. Bu bo‘ysunish yurayotgan yo‘lida qalbga yordam beradi. Qalbning maqsadi bo‘lmish safarda ularning hamrohligi chiroyli bo‘ladi. Goho g‘azab va shahvat qalbga qarshi chiqib, isyon qiladilar. Hatto unga ega bo‘lib, qalbni qul qilib oladi. U holda qalb halok bo‘lib, abadiy saodatga yetkazuvchi safaridan uzilishlik sodir bo‘ladi.

Qalbning yana boshqa bir xil askarlari ham borki, ular ilm, hikmat va tafakkurdir. Tezda  bularning ham  sharhi  keladi.  Bu askarlardan yordam so‘rash qalbning haqqidandir. Chunki bu askarlar boshqa ikki askarga - shahvat va g‘azabga qarshi Alloh taoloning jamoasidandir. Chunki ana shu ikki askar goho shayton jamoasiga qo‘shilib ketadi. Agar shu vaqtda qalb (inson) yordam so‘rashni tark qilsa hamda nafsi ustiga g‘azab va shahvat askarlarini hokim qilsa, aniq halok bo‘ladi, ochiq-oydin ziyon ko‘radi. Ko‘p insonlarning holati mana shunday. Negaki, ularning aqllari har xil hiylalar vositasida shahvatlariga bo‘ysundirilgan. Aslida aql shahvatga muhtoj bo‘lgan o‘rinlarda shahvat ularning aqllari uchun bo‘ysundirilmog‘i yaxshiroq edi. Biz ana shuni sizga uchta misol bilan yaxshiroq tushuntiramiz.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:17:12

Birinchi misol - aytish joizki, insonning badanidagi nafsi, ya’ni oldin zikr qilingan latif nafsi o‘z shahridagi va mamlakatidagi bir podshohga o‘xshaydi. Chunki badan nafsning mamlakati, olami, qarorgohi va shahri hisoblanadi. Uning a’zolari va quvvati ishchilar-u hunarmandlar o‘rnidadir. Uning fikr yurituvchi aqliy quvvati esa nasihatgo‘y, maslahatchi va oqil vazirdir. Uning shahvati shaharga oziq-ovqat olib keladigan yomon bir qulga o‘xshaydi. G’azabi va hamiyati esa mirshablarga o‘xshaydi. Taom olib keluvchi qul yolg‘onchi, makkor, aldoqchi bir iflos kas esa-da, xuddi nasihatgo‘y suratida gavdalanadi. Uning nasihati tagida dahshatli yovuzliklar va zahri qotillar bor. Bu qulning qilig‘i-yu odati nasihatgo‘y vazirning fikrlari va tadbirlari to‘g‘risida tortishishdir. Hatto u biror soat ham vazir bilan tortishish va unga qarshi chiqishdan xoli bo‘lolmaydi. Qalb go‘yoki bir hokim, agar u mamlakatida (ya’ni, badanda) har bir ishni hal etishda vaziri (ya’ni, aql) bilan kifoyalanib, faqat u bilan maslahatlashsa, o‘sha yomon qulning fikri o‘ziga zid bo‘lgani uchun uning aytganlariga ko‘nmasa, mirshablari qulning adabini berib tursa, vazir ham uning ustida siyosat yurgizib, o‘z maslahati asosida harakat qilishga majburlasa, hokim o‘z vazirini ana shu iflos qul, uning yordamchilari va izdoshlari ustidan boshliq qilib qo‘ysa, bu qul hukm yurituvchi bo‘lmay, unga qarshi hukm yuritiladigan bo‘lsa, u tadbir qiluvchi amir emas, balki uning tadbirini qilib, unga amr etiladigan bo‘lsa -shundagina shahar (badan) ishlari to‘g‘ri yo‘lga tushadi. Shundagina intizom va adolat bo‘ladi. Shuningdek, nafs ham qachon aqldan yordam so‘rasa, g‘azab hamiyati bilan odoblanib, uni (ya’ni, g‘azab hamiyatini) shahvat ustiga g‘olib qilsa va ikkalasi (g‘azab hamiyati va shahvat)ning biridan boshqasi zarariga yordam so‘rasa, uning quvvati mo‘‘tadil, axloqi esa chiroyli bo‘ladi. Yordam so‘rash gohida shahvatga qarshi chiqish va uni avrash bilan g‘azab darajasi va mojarosini kamaytirish orqali bo‘ladi. Gohida esa yordam so‘rash g‘azab va hamiyatni shahvat ustiga hukmronlik qilish va u taqozo etgan narsalarini xunuk sanash bilan uni yanchib, ustidan g‘olib kelish orqali bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:18:15

Qaysi bir inson bu yo‘ldan burilib ketadigan bo‘lsa, u Alloh taolo kalomida aytgan  quyidagi kishilar jumlasidan bo‘ladi:

«(Ey Muhammad alayhissalom), havoyi nafsini o‘ziga «iloh» qilib olgan va Alloh uni bilgan holida yo‘ldan ozdirib, quloq va ko‘nglini muhrlab, ko‘z oldiga parda tortib qo‘ygan kimsani ko‘rganmisiz?» (Josiya surasi, 23-oyat).

Yana Alloh taolo aytadi:
«Va u havoyi nafsiga ergashdi, bas, uning misoli xuddi bir itga o‘xshaydiki, uni haydasang ham, tilini osiltirib turaveradi yoki (o‘z holiga) qo‘ysang ham, tilini osiltirib turaveradi» (A’rof surasi, 176-oyat).

Qayd etilgan