Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 176947 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 33 B


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:44:15

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘llarida tilladan yasalgan uzuk bor edi, minbarda turganlarida unga nazarlari tushdi. So‘ngra uni otib yubordilar. Va: «Unga bir qarash, sizlarga bir qarash (sodir bo‘ldi)», dedilar (Nasaiy rivoyati). Bu holat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda shayton tilla uzuk va kiyimning belgisiga qarash lazzatini qo‘zg‘ash bilan vasvasa qilgani uchun bo‘ldi. Bu holat tilla harom bo‘lishidan oldin bo‘lgandi. Shuning uchun taqdilar-u, so‘ngra otib yubordilar. Dunyo matolarining va pullarining vasvasasi faqat uni otib yuborish, undan ajrash bilangina uziladi. Modomiki, hojatidan tashqari bir dinorga ega bo‘lsa ham, namozida shayton o‘sha dinor to‘g‘risida fikrlashga vasvasa qilishdan to‘xtamaydi, ya’ni dinorni qanday saqlashi, uni nimaga ishlatishi, hech kim bilmasligi uchun uni qanday yashirib qo‘yishi yoki u bilan faxrlanishi uchun uni qay holatda oshkor qilish va yana boshqa vasvasalar bilan (uni bezovta qiladi).

Endi qaysi bir inson tirnoqlarini dunyoga botirib olgan holda shaytondan qutulishni umid qilsa, go‘yo asalga belanib olib menga pashsha qo‘nmaydi, deb gumon qilgan kishiga o‘xshaydi. Bu esa mumkin bo‘lmagan bir holatdir. Dunyo shayton vasvasasi uchun juda katta eshikdir. Shayton vasvasasi uchun birgina eshik emas, balki ko‘pgina eshiklar bor.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:44:30

Hukamolardan birlari aytgan: «Odam farzandiga shayton gunoh ishlar tomonidan keladi, agar gunohdan bosh tortsa, uning oldiga nasihat qilish uchun keladi. Uni hatto bir bid’at ish qilishga majburlaydi. Agar bundan ham bosh tortsa, gunoh qilishdan o‘zini tiyishda qattiq turishga buyuradi. Hatto harom bo‘lmagan narsalarni o‘ziga harom qiladi. Agar bundan ham bosh tortsa, tahoratida va namozida uni shaklantirib qo‘yadi, hatto qancha o‘qiganini bilmay qoladi. Agar bundan ham bosh tortsa, yaxshi ishlarni unga yengil qilib qo‘yadi. Hatto odamlar uni sabrli va pok tanli deb o‘ylashadi, qalblari unga moyil bo‘ladi. Ana shunda u o‘z nafsiga yuqori baho beradi, shu bilan uni halok qiladi. Mana shu holatga kelganda shaytonning uni talab qilishi kuchayadi, chunki bu insonni aldashning oxirgi bosqichidir. Agar inson shundan o‘tib ketsa, albatta undan qutulib jannati bo‘lib qoladi».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:45:09

Qalbning tez o‘zgarishi hamda qalblarning o‘zgaruvchanlik va sobit turishga taqsimlanishi bayoni

Bilingki, zikr qilganimizdek, qalbni yuqorida aytib o‘tilgan sifatlar o‘rab olgan. Oldin sifati aytib o‘tilgan eshiklardan qalbga har xil holatlar va xabarlar kelib turadi. Go‘yo qalb butun atrofdan mo‘ljalga olingan nishonga o‘xshaydi. Agar unga ta’sir qiladigan bir narsa yetsa, unga yana boshqa tomondan o‘sha narsaning ziddi yetib keladi. Natijada uning sifati o‘zgaradi. Agar qalbga shayton tushib, uni havoyi nafsga chaqiradigan bo‘lsa, unga farishta ham tushadi va uni havoyi nafsidan boshqa tomonga buradi. Agar uni bir shayton biror yomonlikka tortsa, boshqa shayton undan boshqasiga tortadi. Agar bir farishta uni biror yaxshilikka tortsa, boshqa farishta undan boshqa yaxshilikka tortadi. Goho ikki farishta, goho ikki shayton, goho esa farishta bilan shayton o‘rtasida qalb talash bo‘lib qoladi va hargiz bee’tibor bo‘lmaydi. Bunga Alloh taoloning mana bu oyatida ishora bordir:

«...dil va ko‘zlarini aylantirib qo‘yurmiz» (An’om surasi, 110-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:45:44

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qalb ajoyibotlari va uning o‘zgarishi to‘g‘risidagi Alloh taoloning ajoyib san’atidan xabardor bo‘lganlari uchun qalb bilan qasam ichardilar, ya’ni «Qalblarni o‘zgartiruvchi Zotga qasamki, unday emas», der edilar (Imom Buxoriy rivoyati). Yana ko‘pincha «Ey qalblarni o‘zgartirguvchi, qalbimni diningda sobit qil», deb duo qilardilar (Imom Termiziy rivoyati, hasan). Shunda sahobalar: «Siz ham qo‘rqasizmi, ey Rasululloh?» deyishdi. «Meni nima xotirjam qila olardi? Vaholanki, qalb Rahmon barmoqlaridan ikki barmoq orasida bo‘lsa, uni xohlagan tomoniga bursa», dedilar.

Boshqa bir lafzda: «Agar uni to‘g‘rilashni xohlasa, to‘g‘rilaydi. Agar (haqdan boshqa tomonga) burishni xohlasa, buradi», deyiladi. Bunga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uch xil misol keltirdilar. Birinchisi -«Qalbning misoli chumchuqqa o‘xshaydi, har vaqtda o‘zgarib turadi». Ikkinchisi - «Qalbning o‘zgarib turishdagi misoli qaynashga hozirlangan qozonga o‘xshaydi» (Imom Ahmad rivoyati, sahih). Uchinchisi - «Qalbning misoli ochiq bir sahrodagi patga o‘xshaydi, shamollar uni orqaga va oldinga uchiradi» (Tabaroniy rivoyati, sanadi hasan). Bu o‘zgarishlar va o‘zgartirishdagi Alloh taoloning ajoyib san’ati shundayki, uni ilm bilan aniqlab bo‘lmaydi. Uni faqat qalblarini kuzatib turuvchi va Alloh taolo oldida ahvollari e’tiborga olingan kishilargina biladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:48:22

Qalblar yaxshilik va yomonlikda sobit turishda va ikkisining o‘rtasida beqarorligida uch xildir: birinchi qalb - taqvo bilan obod bo‘lgan, riyozat bilan tozalangan, iflos xulqlardan pok bo‘lgan, g‘ayb xazinalaridan va malakut olamiga kirish o‘rinlaridan yaxshi xayollar uchqunlab turadigan qalbdir. Aql qalbga tushgan xayollar to‘g‘risida undagi yaxshilik zarralarini va uning foydalari sirlarini bilish uchun fikrlashga o‘tadi. Shunda unga qalbning yuzi idrok nuri bilan ochilib, undagi fikrni ro‘yobga chiqarish kerakligiga hukm qiladi va uni shunga undab bajarishga chaqiradi. U qalbga farishta nazar solib, uni javhari yaxshi, taqvosi bilan poklangan, aql ziyodasi bilan nur taratuvchi va ma’rifat nurlari bilan obod qilingan holda topadi. U qalbning o‘ziga qarorgoh bo‘lishiga va tushadigan joy bo‘lishiga loyiq deb ko‘radi. Ana shu paytda ko‘zga ko‘rinmaydigan askarlar bilan uni quvvatlab, boshqa yaxshiliklarga burib qo‘yadi. Hatto yaxshilik boshqa yaxshiliklarga tortib ketaveradi. Uni yaxshiliklarga qiziqtirish va ishlarni yengillashtirish bilan unga madad berishi to‘xtamaydi. Bunga Alloh taoloning mana bu oyatida ishora bor:

«Ana endi kim (o‘z mol-davlatidagi kambag‘al-bechoralarga berilishi lozim bo‘lgan zakot va boshqa sadaqotlarni) ado etsa va (Allohdan) qo‘rqsa hamda go‘zal oqibatni (ya’ni, jannat bor ekanini) tasdiq etsa, bas, Biz uni oson yo‘lga muyassar qilurmiz» (Val-layl surasi, 5-7-oyatlar).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:48:41

Bunga o‘xshagan qalbda rububiyat tokchasidagi chiroq nur taratib turadi, hatto zulmatli kechada qora chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroq bo‘lgan xufyona shirk ham maxfiy bo‘lmaydi. Bu nurdan biron narsa yashirinib ololmaydi. Bu qalbga shayton hiylalaridan birortasi kirolmaydi. Balki shayton vaziyatni poylab, unga yolg‘ondan iborat chiroyli so‘zlarni vasvasa qiladi, qalb esa unga boqmaydi ham.

Bu qalb halok qiluvchi narsalardan poklanganidan keyin najot beruvchi amallar bilan obod qilingan qalbga aylanadi. Najot beruvchi amallar shukr, sabr, xavf, rajo, faqirlik, zohidlik, muhabbat, rozilik, shavq, tavakkul, tafakkur, o‘zini hisob-kitob qilish va boshqalar bo‘lib, bularning zikri ham tez orada keladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:49:13

U qalb shunday qalbki, Alloh taolo unga «yuzi» bilan ro‘para bo‘lgandir. U orom olgan qalbdir. Alloh taolo aytadi:

«Ogoh bo‘lingizkim, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom oladi» (Ra’d surasi, 28-oyat).

Alloh taolo aytadi:
«Ey xotirjam, sokin jon...» (Fajr surasi, 27-oyat).

Ikkinchi qalb yordamsiz qo‘yilgan, havoyi nafs bilan o‘ralgan, yomon va iflos xulqlar bilan bulg‘angan, shayton eshiklari ochib qo‘yilgan, farishtalar eshigi yopib qo‘yilgan qalbdir. Bu qalbdagi yomonlikning boshlanishi unda havoyi nafsdan bir fikr uchqunlanib paydo bo‘lishidir. Natijada qalb hokim bo‘lgan aqlga undan fatvo so‘rash uchun va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun qaraydi. Aql esa u yerda havoyi nafsning xizmatiga odatlangan, unga ulfat bo‘lgan, unga hiylalar o‘ylab topishda va yordam berishda davom etardi. Natijada qalbga (aql emas), nafs egalik qilib, unga yordam beradi, qalb havoyi nafsga ochiladi. Uni himoya qilishdan aql askari to‘xtatib qolingani uchun unga havoyi nafs zulmatlari tarqab ketadi. U yerga havoyi nafs tarqalib, unda shayton faoliyat boshlagani uchun uning hukmronligi kuchayadi. Unga chiroyli ko‘rsatish, aldash va orzular bilan ro‘para bo‘ladi. Ana shu bilan unga aslida yolg‘on, chiroyli so‘zlarni vasvasa qiladi. Natijada va’da va va’idlarga bo‘lgan iymon hukmronligi zaiflashadi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:49:38

Oxirat xavfiga bo‘lgan ishonch nuri so‘nadi. Zero, havoyi nafsdan qalb atroflarini to‘ldirib bir zulmatli tutun ko‘tariladi, hatto qalb nurlari o‘chib qoladi. Aql go‘yo qovoqlariga tutun to‘lib, qarashga qodir bo‘lmay qolgan ko‘zga o‘xshaydi. Qalbda shahvat g‘alabasi shunday holatni yuzaga keltiradiki, hatto qalbning bir to‘xtab, tekshirib olish imkoni qolmaydi. Garchi uni bir nasihatgo‘y ko‘rib, qaysi narsa haqligini bildirsa ham, endi u fahmlashga e’tibor bermaydigan, tinglash qulog‘ini berkitadigan, shahvat qo‘zg‘aladigan, unga shayton hujum qilgan, uning a’zolari havoyi nafs xohishiga ko‘ra harakatlanadigan qalbga aylangan. Natijada Alloh taoloning qazoi qadar bilan ma’siyat g‘ayb olamidan shahodat olamiga zohir bo‘ldi. Mana shunga o‘xshash qalblarga Alloh taoloning quyidagi oyatlarida ishora bor:

«Xabar bering-chi, kim havoyi nafsini iloh qilib olgan bo‘lsa, siz uning ustidan vakil-qo‘riqchi bo‘lurmisiz? Yoki siz ularning ko‘plarini (haq so‘zni) tinglay oladilar yo anglay oladilar, deb o‘ylaysizmi?! (Undoq emas, zero) ular hech narsa emaslar, magar chorva hayvonlari kabidirlar. Yo‘q, ular yanada yo‘ldan ozganroq kimsalardir» (Furqon surasi, 43-44-oyatlar).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:49:57

«Aniqki, ularning ko‘plariga so‘z (ya’ni, azob haqidagi hukm) haq bo‘lgandir. Bas, ular iymon keltirmaslar» (Yosin surasi, 7-oyat).

«Kufr yo‘lini tutgan kimsalar esa xoh siz, (ey Muhammad alayhissalom), ularni (Alloh taolo azobidan) qo‘rqiting, xoh qo‘rqitmang, ularga barobardir - iymon keltirmaydilar» (Baqara surasi, 6-oyat).

Ba’zi shahvatlarga berilib, ahvoli shunday bo‘lgan ko‘pgina qalblar ba’zi narsalardan parhez qiladi-yu, lekin chiroyli yuzni ko‘rganda ko‘ziga va qalbiga ega bo‘lolmaydigan, aqli yengiltaklik qiladigan va qalbining to‘g‘oni tushib ketgan kishiga o‘xshaydi. Yoki martaba, ulug‘lik va boshliqlik o‘rinlarini ko‘rganda o‘zini ushlab turolmaydigan, bularga erishish sabablari zohir bo‘lganida o‘zini ushlab turish uchun tayanchi qolmagan kishiga o‘xshaydi yoki biror aybi zikr qilinib haqir sanalganda g‘azabi kelib, o‘zini boshqara olmaydigan kishiga o‘xshaydi. Yoki bir dirham yo bir dinor olishga qodir bo‘lib turganida o‘zini tutolmaydigan, hatto uning ortidan go‘yo hayajonlanib aqldan ozgan kishiga o‘xshab yuguradigan, natijada dirham va dinorni deb sha’n-shavkat va taqvoni unutib qo‘yadigan kishiga o‘xshaydi. Mana shularning hammasi havoyi nafsning tutuni qalbga ko‘tarilib, oqibatda uning nurlari o‘chib qorong‘ilashib ketgani uchundir. Undan hayo, muruvvat va iymon nurlari ham o‘chib ketadi. Keyin qalb shaytonning murodini hosil qilishga harakat qiladigan bo‘lib qoladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:50:07

Uchinchi qalbda havoyi nafsning fikrlari zohir bo‘lib, uni yomonlikka chaqiradi. Iymonning fikri uni ortidan yaxshilikka chaqiradi. Nafs o‘z shahvatlari bilan yomonlikning fikriga yordamga qo‘zg‘aladi. Shahvat kuchayib, lazzatlanish va baxra olishni unga chiroyli ko‘rsatadi. Aql yaxshilikning fikri tomon qo‘zg‘alib, shahvatning ishini xunuk sanab, u tomonga tashlanadi. Unga johillikning nisbatini berib, yomonlikka tashlanishda hamda oqibatlarga befarqligida hayvonga va yirtqichlarga o‘xshatadi. Natijada nafs aqlning nasihatiga moyil bo‘ladi. Shayton esa yana aqlga qattiq hamla qiladi, nafsga chaqiruvchi fikr yana kuchayadi. Shayton: «Nima bu o‘zini ma’nosiz qiynash, nima uchun xohishingdan bosh tortib nafsingga aziyat berasan? Zamondoshlaringdan birortasi havoyi nafsiga xilof qilib, o‘z maqsadini tark qilyaptimi? Dunyo lazzatlaridan foydalanishni ularga qoldirasanmi? Bu lazzatlardan nafsingni to‘sib qo‘yib, o‘zing mahrum, bechora va qiynalgan holda qolasanmi? Zamondoshlaring ustingdan kulishadi-ku! Mansabing ham falon-falon kishilardan ziyoda bo‘lishini xohlamaysanmi? Ular sen istagan narsalarni qilishdi, undan bosh tortishmadi. Falon olimni ko‘rmaysanmi? U bunday narsalardan ehtiyot bo‘lmayapti, agar bu ishlar yomon bo‘lganida albatta undan tiyilardi», deydi. Natijada nafs shaytonga moyil bo‘lib, u tarafga buriladi

Qayd etilgan