Irodaning shartlari, kurashishning boshlang‘ich holatlari, muridni riyozat yo‘lini tutishga ko‘niktirish bayoni
Bilingki, qaysi bir inson oxiratni qalbi orqali ishonch bilan ko‘rsa, shaksiz oxirat ekinini iroda qiluvchi, unga mushtoq bo‘luvchi, yo‘llarida yuruvchi, dunyo ne’matlari va lazzatlarini past sanaguvchiga aylanadi. Chunki qay bir insonda marjon bo‘lsa-yu, keyin qimmatbaho javharlarni ko‘rib qolsa, unda marjonga qiziqish qolmaydi va ularni keyingi qimmatbaho toshlarning barobariga sotib yuborishga xohishi kuchayib ketadi. Kim oxirat ekinini xohlamasa va Allohga yo‘liqishni talab qilmaydigan bo‘lsa, bu uning Allohga va oxirat kuniga iymoni yo‘qligiga (dalolat qiladi).
Lekin men marjoni bor odam javohirni ko‘rsa, uning marjonga bo‘lgan qiziqishi so‘nib, javohirga ishtiyoqi tushib qoladi, deyishimdan javohirning marjondan yaxshiligini tasdiqlaydi-yu, ammo javohirning haqiqatini bilmay, balki lafzinigina biladigan insonni iroda qilayotganim yo‘q. Chunki bunga o‘xshash ishonuvchilar agar marjonga o‘rganib, ulfatga aylanib qolgan bo‘lsa, uni tashlab ham yubormaydi va javharga juda katta ishtiyoqda ham bo‘lmaydi. Yetishishdan man qiluvchi narsa yo‘lga yurmaslikdir. Yo‘lga yurmaslikdan man qiluvchi narsa irodaning yo‘qligi, irodadan man qiluvchi narsa esa iymonning yo‘qligidir. Iymon yo‘qligining sababi yo‘l ko‘rsatuvchi, eslatuvchi, Allohning yo‘liga boshlovchi, dunyoning haqirligi va oxirat ishining buyuk, davomatli bo‘lishidan ogohlantiruvchi Alloh taolo ulamolarining yo‘qligidir. Xalq esa g‘aflatda, o‘z shahvatlariga kirishib, uyqu dengizlariga cho‘kib ketgan.