Bu muridning riyozat yo‘llari va Allohga yo‘liqishga yetishdagi tarbiyasidir. Ammo turli sifatdagi riyozatning tafsiloti tez orada keladi. Chunki insonga ko‘proq g‘olib keladigan sifatlar bu - uning qorni, farji va tilidir, ya’ni shularga taalluqli shahvatlardir. So‘ngra shahvatlarning himoyasi uchun askar kabi bo‘lgan g‘azabdir, modomiki, inson qorin, farj shahvatlarini yaxshi ko‘rib, ularga ulfat bo‘lsa, dunyoni yaxshi ko‘radi. Dunyoga esa faqat mol va martaba bilan ega bo‘ladi. Agar mol va martabani talab qilsa, unda kibr, manmansirash, boshliqlik paydo bo‘ladi. Agar shular zohir bo‘lsa, uning nafsi dunyoni butkul tark qilmaydi. Dindan rahbarlik qilishi mumkin bo‘lgan joyini mahkam ushlaydi. Unga aldanish g‘olib keladi.
Shuning uchun bu ikki kitobni taqdim etganimizdan keyin, Xudo xohlasa, muhlikotning qismini sakkiz kitob bilan to‘ldiramiz. Bular -«Qorin va farj shahvatlarini sindirish kitobi», «Til ofatlari kitobi», «G’azab, gina va hasadni sindirish kitobi», «Dunyoni yomonlash va uning aldashi tafsiloti kitobi», «Mol muhabbatini sindirish va baxillikni yomonlash kitobi», «Riyo va amalparastlikni yomonlash kitobi», «Kibr va ujubni yomonlash kitobi», «Aldanish o‘rinlari kitobi»dir. Bu muhlikotlarni zikr qilish, undagi muolaja yo‘llarini o‘rgatish bilan «Rub’ul muhlikot»dan maqsadimiz oxiriga yetadi, inshaalloh. Chunki avvalgi kitobda zikr qilgan narsalarimiz halok qiluvchi va najot toptiruvchilarning koni bo‘lmish qalb sifatlari uchun sharh edi, xolos. Ikkinchi kitobda zikr qilgan narsalarimiz esa xulqlarni tuzatish yo‘llari va qalb kasalliklarini davolashga to‘liq ishoradir. Ammo uning tafsilotlari esa keyingi sakkizta kitobda keladi, inshaalloh.