Shahvatlarga qarshi chiqish bilan Allohning toatida bo‘lish qalbni sayqallaydigan narsalar. Allohga osiy bo‘lish esa qalbni qoraytiradigan narsa. Qaysi bir inson gunohlarga yuzlansa, qalbi qorayadi. Qaysi bir inson gunohi orqasidan yaxshi amal qilib, uning asarini o‘chirsa, qalbini zulmat qoplamaydi-yu, lekin uning nuri kamayadi. Go‘yo oyna yaqinida nafas olib, so‘ng uni artib, keyin yana nafas olib, so‘ng yana artganga o‘xshaydi. Chunki u xiralikdan xoli bo‘lmaydi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qalblar to‘rt xil bo‘ladi, bir qalb borki, ichida yoritib turadigan chirog‘i bor, top-toza, bu mo‘minning qalbi. Yana bir qalb borki, qora, to‘ntarilgan, bu esa kofirning qalbi. Yana bir qalb borki, g‘iloflanib g‘ilofiga bog‘lab qo‘yilgan, bu esa munofiqning qalbi va oxirgisi moyil (egilgan) qalb, unda iymon ham, munofiqlik ham bor. Bu qalbdagi iymonning misoli baqlajonga o‘xshaydi. Yaxshi suv unga quvvat beradi. Undagi munofiqlikning misoli bir jarohatga o‘xshaydi, uni esa yiring bilan zardob rivojlantiradi. Shu ikki xil moddaning qaysinisi unga g‘olib kelsa, qalb o‘shanga hukm qilinadi» (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyatlari). Boshqa rivoyatda «Qaysinisi u bilan ketsa» bo‘lib kelgan. Alloh taolo aytadi:
«Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar-da, bas, (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar» (A’rof surasi, 201-oyat).
Alloh taolo qalbning jilosi va ochiqligi zikr bilan hosil bo‘lishini va yana bunga faqat taqvodorlargina erishishini aytdi. Taqvo zikr eshigidir, zikr kashf eshigidir, kashf esa katta zafar eshigidir va u Alloh taologa yo‘liqish bilan bo‘ladigan zafardir.