Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 177088 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:06:53

Qalb ma’rifatlar bilan kengayishidagi va oriflar qalbida malakut olamining kengligi namoyon bo‘lishidagi tafovut ham shunga o‘xshashdir. Shuning uchun ham xabarda keladiki: «Qiyomat kuni qalbida zarra misqolicha iymoni bor kishilarni do‘zaxdan 
chiqaringlar va yarim misqol bo‘lsa ham, misqolning to‘rtdan biri miqdorida bo‘lsa ham, bir arpa donicha va zarraning o‘zichalik bo‘lsa ham, chiqaringlar», deyiladi (Imom Buxoriy va Muslim «misqolning to‘rtdan biri» lafzisiz rivoyat qilishgan). Bularning hammasida iymon darajalarining tafovutli ekanligiga tanbeh bor. Albatta iymonning bu miqdorlari do‘zaxga kirishdan man qilmaydi. Bu hadisdan misqoldan ko‘proq iymoni bor kishi do‘zaxga kirmasligi ham tushuniladi. Zero, agar kirsa ham, avvalo uning chiqarilishiga albatta buyruq beriladi. Yana bu hadisda qalbida zarra iymoni bor kishi agar do‘zaxga kirsa ham, unda abadiy qolib ketishga mustahiq bo‘lmaydi, degan ma’no bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlari ham shunga o‘xshashdir: «Unga o‘xshagan mingtasidan biron narsa yaxshiroq emas, faqat mo‘min insongina yaxshiroqdir» (Tabaroniy rivoyati).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:07:35

Bunda Alloh taoloni tanuvchi, Unga qat’iy ishonuvchining qalbi afzalligiga ishora bordir, chunki uning qalbi mingta avom xalqning qalbidan yaxshiroqdir. Batahqiq, Alloh taolo aytadi:

«Agar (haqiqiy) iymon egalari bo‘lsangizlar, sizlar ustun bo‘lguvchidirsizlar» (Oli-Imron surasi, 139-oyat).

Bu oyatda Alloh taolo taqlidiy musulmonlardan ko‘ra haqiqiy iymon keltirganlarni ulug‘lab keltirdi. Yana aytadi:

«Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur» (Mujodala surasi, 11-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:07:47

Bu oyatda Alloh taolo «iymon keltirgan», degan so‘zidan ilmsiz tasdiq qilgan kishilarni iroda qildi va ularni ilm berilgan kishilardan alohida holda keltirdi. Bu oyat taqlidiy iymon keltirganlarga garchi ular fahmlab va tasdiq qilib-tasdiq qilmagan bo‘lsalar ham, mo‘min lafzini qo‘llashga dalil bor. Ibn Abbos roziyallohu anhu Alloh taoloning «Ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur», degan qavlini «Alloh taolo olimni oddiy mo‘mindan yetti yuz daraja yuqoriga ko‘taradi, har ikki darajaning o‘rtasi osmon bilan yerchalik masofadir», deb ta’vil qildilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Jannat ahlining ko‘plari sodda kishilardir va Illiyyin esa aql egalarigadir», dedilar («... va Illiyyin esa aql egalarigadir» lafzining asli yo‘q). Yana: «Olim kishining obiddan ustunligi sahobalarimning eng past martabalilaridan mening ustunligimga o‘xshaydi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati, sahih). Boshqa rivoyatda «O’n to‘rt kunlik oyning yulduzlardan ustunligiga o‘xshashdir», dedilar. Mana shu ko‘rsatmalarga ko‘ra, jannat ahli qalblari va bilimlarining tafovutiga ko‘ra darajalarining ham har xilligi ravshan bo‘ladi. Shuning uchun qiyomat kuni o‘lganlar tiriltiriladigan kun bo‘ldi, zero ziyon va zararning eng kattasi Allohning rahmatidan mahrum bo‘luvchi kishigadir. Mahrum kishi o‘zining darajasidan nihoyatda katta darajalarni ko‘radi. Uning yuqori darajalarga nazar solishi o‘n dirhamga ega bo‘lgan boy kishining mag‘ribdan mashriqqacha yerga ega bo‘lgan boy kishiga nazar solishiga o‘xshaydi. Ularning har biri ham boy, lekin o‘rtalaridagi farq naqadar katta! Nasibasi kam bo‘lgan kimsaning ziyoni qanchalik katta!

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:08:31

Tasavvuf ahli ta’lim olmasdan va g‘ayrioddiy yo‘l bilan bilimni qo‘lga kiritishining to‘g‘riligiga shar’iy dalillar bayoni

Bilingki, qaysi bir kishiga ilhom yo‘li va bilmagan joydan qalbga tushib qolishi bilan ozgina bo‘lsa ham, biror narsa kashf bo‘lib qolsa, batahqiq to‘g‘ri yo‘lni tanigan bo‘ladi. Kim o‘z nafsida biror narsa topmagan bo‘lsa ham, unga ishonmog‘i lozim bo‘ladi. Chunki bundagi ma’rifat darajasi juda nodirki, bularga dalillikka shar’iy dalillar, tajriba va hikoyalar yetarlicha bor. Ammo shar’iy dalil Alloh taoloning mana bu oyatidir:

«Bizning (yo‘limiz)da jihod qilgan - kurashgan zotlarni albatta O’z yo‘llarimizga hidoyat qilurmiz» (Ankabut surasi, 69-oyat).

Ta’lim olmasdan, doimiy ibodat bilan qalbda zohir bo‘ladigan har bir hikmat kashf va ilhom yo‘li bilandir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim bilgan narsasiga amal qilsa, Alloh u bilmagan narsalari ilmini yuzaga chiqaradi va unga amal qiladigan narsalarida yordam beradi, hatto jannatga sazovor bo‘ladi. Kim bilgan narsasiga amal qilmasa, biladigan narsalarida ham adashadi va amal qiladigan narsalarida muvaffaqiyatga ega bo‘lmaydi, hatto do‘zaxga munosib bo‘ladi» («Ilm kitobi»da kelgan).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:08:52

Yana Alloh taolo aytadi:

«Kim Allohdan qo‘rqsa (ya’ni, yuqorida mazkur bo‘lgan taloq qilish qonun-qoidalariga Allohdan qo‘rqqani uchun rioya etsa), U Zot uning uchun (barcha g‘am-kulfatlardan) chiqar yo‘lni (paydo) qilur. Va uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantirur» (Taloq surasi, 2-3-oyatlar). Ya’ni, Alloh unga ilmni ta’limsiz bildiradi va tajribasiz tushuntiradi.

Alloh taolo yana aytadi:

«Ey mo‘minlar, agar Allohdan qo‘rqsangizlar, U Zot sizlar uchun (haq bilan nohaqni) ajratadigan hidoyat ato qilur» (Anfol surasi, 29-oyat).

Ba’zilar furqonni haq bilan botilni ajratadigan va u bilan shubhalardan chiqiladigan nur, deyishgan. Shuning uchun Rasululloh sollallohu  alayhi   vasallamning duolarida   nur  so‘rash   ko‘p   bo‘lardi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:09:25

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ey Allohim, menga nur bergin va nurni ziyoda qilgin va qalbimda nur qilgin va qabrimda ham nur qilgin va qulog‘imda ham nur qilgin va ko‘zimda ham nur qilgin» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari), hatto «Sochimda ham, yuzimda ham, go‘shtimda ham, qonimda ham va suyagimda ham (nur qilgin)», der edilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Alloh taoloning:

«Axir Alloh ko‘ksini Islom uchun keng qilib qo‘ygan, bas, o‘zi Parvardigori tomonidan bir nur - hidoyat ustida bo‘lgan kishi (kufr zulmatlarida adashib-uloqib yurgan kimsa bilan barobar bo‘lurmi)?!» (Zumar surasi, 22-oyat) qavlidagi kenglik haqida so‘rashdi. Shunda u zot aytdilar: «U bir kenglikki, albatta agar nur qalbga tashlansa, ko‘ksi uni sig‘dirishga yetarli darajada kengayadi». Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbos roziyallohu anhuni duo qilib aytdilar: «Ey Allohim, uni dinda faqih qilgin va unga ta’vilni o‘rgatgin» (Imom Ahmad rivoyati, sahih). Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Bizning huzurimizda Rasululloh alayhissalom bizga maxfiy qilib aytgan biror narsa yo‘q, faqat Alloh taolo bir bandaga

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:09:56

O’zining kitobini fahmlashni berib qo‘ymog‘i sirdir» («Qur’on tilovat qilish kitobi»da kelgan). Bu esa o‘rganish bilan bo‘lmaydi. Alloh taoloning quyidagi:

«U O’zi istagan kishilarga hikmat (foydali bilim) beradi» (Baqara surasi, 269-oyat) oyati tafsiri to‘g‘risida hikmat Alloh kitobini fahmlashlikdir, deyilgan.

Yana Alloh taolo aytadi:
«Bas, Biz uni Sulaymonga anglatdik» (Anbiyo surasi, 79-oyat).

Bu oyatda kashf bo‘lgan narsa «anglash» nomi bilan xoslab keltirildi. Abu Dardo: «Mo‘min Allohning nuri bilan yupqa parda ortidan qaraydi. Allohga qasamki, albatta bu haqiqatdir. Alloh taolo uni avval mo‘minlarning qalbiga tashlaydi, so‘ngra tillariga joriy qiladi», deb aytardilar. Ba’zi salaflar dedilar: «Mo‘minning gumoni bashorat qilishdir». Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘minning farosatidan qo‘rqinglar, chunki u Alloh taoloning nuri bilan qaraydi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:11:07

Bunga Alloh taoloning quyidagi oyatida ham ishora bor:

«Albatta bunda mo‘minlar uchun oyat-ibrat bordir» (Hijr surasi, 75-oyat).

Alloh taolo aytdi:
«Biz aniq ishonadigan qavm uchun oyatlarni bayon qildik» (Baqara surasi, 118-oyat).

Hasan Basriy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Ilm ikki xil bo‘ladi: biri qalbdagi botiniy ilmdir. Mana shu foyda beruvchi ilmdir» («Ilm kitobi»da kelgan). Ba’zi ulamolardan botiniy ilm nimaligini so‘rashdi. Shunda ular aytishdi: «U Allohning sirlaridan bir sirdir, Alloh taolo uni do‘stlarining qalbiga tashlab qo‘yadi va undan biron farishtaga va insonga xabar bermaydi». Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta ummatdan ilhomlantirilganlari, o‘rgatilganlari va ularga g‘oyibdan gapiriladiganlari bo‘ladi. Umar albatta ulardandir», dedilar (Imom Buxorif rivoyati).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:11:36

Ibn Abbos roziyallohu anhu Alloh taoloning:

«(Ey Muhammad alayhissalom), Biz sizdan ilgari yuborgan har bir elchi va payg‘ambar borki...» (Haj surasi, 52-oyat) qavlidagi elchi-payg‘ambar qatoriga siddiqlarni ham qo‘shganlar. Ular ilhom qilinganlar bo‘lib, ularga ilhom qalb tubidan - ichkaridan zohir bo‘ladi. Tashqi his qilinadigan narsalardan emas. Qur’on taqvo kashf va hidoyat kaliti ekanligini ochiq bayon qiladi. Va bu ham ta’limsiz ilm hisoblanadi.

Alloh taolo aytadi:
«Alloh osmonlar va Yerda yaratib qo‘ygan narsalarda Allohdan qo‘rqadigan qavm uchun oyat-alomatlar bordir» (Yunus surasi, 6-oyat). Alloh taolo oyat-alomatlarni O’zidan qo‘rqadigan qavmga xosladi.

Alloh taolo aytadi:
«Bu (Qur’on) odamlar uchun (to‘g‘ri yo‘lni) bayon qilguvchi va taqvo egalari uchun hidoyat va pand-nasihatdir» (Oli-Imron surasi, 138-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:11:56

Abu Yazid va boshqalar aytadilar: «Bir kitobdan biror narsani yodlab olgan kishi olim emas. Agar u yodlagan narsasini esidan chiqarib, unutib qo‘ysa, johilga aylanib qoladi. Lekin olim ilmini Robbidan qaysi vaqtda xohlasa, yodlamasdan va saboq o‘rganmasdan oladigan kishidir». Bu esa robboniy ilmdir va bunga Alloh taoloning so‘zida ham ishora bordir:

«Bas, bandalarimizdan bir bandani topdilarki, Biz unga O’z dargohimizdan rahmat (ya’ni, payg‘ambarlik) ato etgan va O’z huzurimizdan ilm bergan edik» (Kahf surasi, 65-oyat).

Zero, ilmlarning hammasi ham Allohning huzuridandir. Lekin ba’zisi ta’lim olish vositasi bilan o‘rganiladi. Bu ilmi laduniy, deb nomlanmaydi, balki tashqi odatiy sabablardan boshqa, qalbning ichida zohir bo‘ladigan ilm laduniy, deyiladi. Mana shular naqliy dalillardir. Agar bu xususda vorid bo‘lgan har bir oyat, xabar va asarlar jamlanadigan bo‘lsa, chegaradan chiqib ketadi. Ammo bu holatlarni tajribalar bilan ko‘rilgani ham juda ko‘p, bu narsa sahoba va tobe’inlardan, ulardan keyingi zotlardan ham zohir bo‘lgan. Abu Bakr roziyallohu anhu o‘lim paytlarida qizlari Oisha roziyallohu anhoga «Albatta ikkisi sening ining va singlingdir», dedilar. Xotinlari homilador edi, qiz tug‘di. Abu Bakr roziyallohu anhu homila tug‘ilmasidan oldin qiz ekanini bildilar.

Qayd etilgan