Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 177006 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 33 B


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:03:30

Ibn Muborak yomon xulqli kishi bilan hamsafar bo‘lib qoldilar. Safar davomida uning aziyatlarini ko‘tarar va u bilan murosa qilar edilar. Ajrashishgan vaqtlarida yig‘lagan ekanlar. U kishiga «Nima sababdan yig‘ladingiz?» deyildi. «Unga rahmim kelganidan yig‘ladim. Men undan ajraldim-u, lekin uning xulqi ajralmay, o‘zi bilan qoldi», dedilar.

Junayd aytadilar: «To‘rt narsa bandani oliy darajalarga ko‘taradi, garchi uning amali va ilmi oz bo‘lsa ham: tavoze’lik, halimlik, saxiylik va chiroyli xulq. Bular esa iymonning mukammalligidir».

Kanoniy aytadilar: «Tasavvuf bu - xulqdir. Kim sizdan xulqda ziyoda bo‘lsa, sizdan tasavvufda ziyoda bo‘libdi».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:04:00

Umar roziyallohu anhu aytadilar: «Insonlarga (chiroyli) xulqlar bilan aralashinglar. Ulardan (yaxshi) amallar bilan ajrab turinglar».

Yahyo ibn Muoz aytadilar: «Yomon xulq bir yomonlikki, u bilan yaxshilikning ko‘pi ham foyda bermaydi. Husni xulq bir yaxshilikki, u bilan ko‘p yomonliklar ham zarar qilmaydi».

Ibn Abbos roziyallohu anhudan «Ulug‘lik nima?» deb so‘raldi. U kishi dedilar: «Ulug‘lik Alloh O’zining aziz Kitobida bayon qilgan narsadir. Ya’ni, Alloh taolo aytadi:

«Albatta sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir» (Hujurot surasi, 13-oyat). Yana «Obro‘-martaba nima?» deyildi. «Sizlarning xulqi chiroylilaringiz obro‘-martabada afzallaringizdir», dedilar. Yana aytdilar: «Har bir binoning poydevori bo‘ladi. Islomning poydevori husni xulqdir».

Ato aytadilar: «Yuksalgan kishi faqat husni xulqi bilan yuksaldi va mukammal husni xulqqa esa faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erishganlar. Insonlarning Alloh azza va jallaga yaqinrog‘i chiroyli xulq bilan Rasulullohning izlaridan yurganlaridir».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:05:17

Husni xulq va yomon xulqning haqiqatlari bayoni

Bilingki, insonlar husni xulqning haqiqati va uning nimaligi to‘g‘risida ko‘p gapirishadi. Uning haqiqati haqida ular mufassal gapirishmagan, balki samarasiga aloqador gaplarni aytishgan. Shunda ham samaraning hammasini mukammal aytishmagan, balki ulardan har biri samaradan esiga kelganini va fahmi yetganini zikr qilgan. Uning haddi va bor samarasini qamrab oluvchi haqiqatini batafsil va mukammal zikr qilishga fikrlarini burishmadi. Bu Hasan Basriyning quyidagi gaplariga o‘xshaydi: «Husni xulq ochiq yuzli bo‘lish, molni sarflash va aziyat berishdan o‘zni tiyishdir».

Vositiy aytadilar: «U (ya’ni, husni xulq) Alloh taoloni yaxshi tanigani tufayli biror kishiga xusumat qilmaslik va unga ham biror kishining xusumat qilmasligidir». Shoh Kirmoniy aytadilar: «U aziyatdan tiyilish va mashaqqatni ko‘tarishdir». Ba’zilar aytadilar: «U insonlarga yaqin va ular o‘rtasida g‘arib bo‘lishdir». Yana Vositiy aytadilar: «U xalqni osonlik vaqtida ham, qiyinchilik paytida ham rozi qilishdir». Abu Usmon aytadilar: «U Alloh taolodan rozi bo‘lishdir».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:05:45

Sahl Tustariydan husni xulq haqida so‘rashganida, u kishi: «Uning eng ozi aziyatlarni ko‘tarish va tovon (pul)ini tark qilish, zolimga rahm qilish, uning uchun istig‘for aytish va unga shafqat qilish», dedilar. Va yana aytdilar: «U - rizq to‘g‘risida Haqdan shubhalanmaslik, Unga ishonish, Alloh taolo kafil narsalariga vafo qilishiga ko‘ngilni xotirjam qilish, Allohga itoat qilish va o‘zi bilan Alloh o‘rtasidagi narsalarda hamda o‘zi bilan insonlar o‘rtasidagi narsalarda Allohga osiy bo‘lmaslikdir».

Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Husni xulq uchta xislatda bo‘ladi: haromlardan saqlanishda, halolni talab qilishda va oilani farovon qilib qo‘yishda». Xusayn ibn Mansur aytadilar: «U - Haqni ko‘rganingdan keyin o‘z foydang uchun xalqqa jabr qilinishini ixtiyor etmasligingdir». Abu Sayid Xarroz aytadilar: «U senda Alloh taolodan o‘zga tashvish bo‘lmasligidir».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:06:10

Husni xulqning misollari ko‘p. Bu misollar uning haqiqatini bildirmaydi, balki samaralarinigina anglatadi. Lekin bu gaplar ham samaralarning hammasini qamrab olgan emas. Haqiqat pardasini ochish har xil so‘zlarni naql qilishdan ko‘ra yaxshiroqdir.

Xulq va xalq (yaratilish) birga ishlatiladigan ikki iboradir, deb aytamiz. Falon kishining xulqi ham, xalqi (ya’ni, yaratilishi) ham chiroylidir, deyiladi. Ya’ni, ichi ham, tashi ham chiroyli. Xalqidan tashqi surati, xulqidan esa ichki surati iroda qilinadi. Chunki inson ko‘z bilan ko‘radigan jismdan va qalb ko‘zi bilan idrok eta oladigan ruh va nafsdan tarkib topgan. Bularning har ikkisi uchun chiroyli yoki xunuk surat bo‘ladi. Qalb ko‘zi bilan idrok etadigan nafsning qadri ko‘z bilan idrok etadigan jismdan ko‘ra ulug‘roqdir. Shuning uchun Alloh taolo uning ishini Qur’onda O’ziga izofa qilib keltirish bilan ulug‘lab qo‘ydi. Alloh taolo aytadi:

«Eslang, Parvardigoringiz farishtalarga degan edi: «Albatta Men loydan bir odam yaratguvchidirman. Bas, qachon uni tiklab, unga O’z ruhimdan puflab kirgizganimdan so‘ng unga sajda qilgan hollaringizda yiqilinglar!» (Sod surasi, 71-72-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:06:35

Alloh taolo jismning loyga va ruhning esa olamlar Robbiga mansub ekanligiga ishora qildi. Bu o‘rinda ruh va nafsdan murod bittadir. Xulq nafsda mustahkam bo‘lgan bir holatdan iboratdir, undagi ishlar fikr va mulohazaga ehtiyoj qolmasdan, osonlik va yengillik bilan sodir bo‘ladi. Agar nafsning holati unda aqlan va shar’an maqtalgan chiroyli ishlar sodir bo‘ladigan darajada bo‘lsa, ana shu holat husni xulq, deb nomlanadi. Agar nafsning holati undan xunuk ishlar sodir bo‘ladigan darajada bo‘lsa, asos hisoblangan ana shu holat yomon xulq, deb nomlanadi. Xulqni mustahkam bir holat, deyishimizning sababi shuki, ba’zi bir holatda biror sabab tufayli molini sarflaydigan kishi, modomiki, ana shu sarflash nafsida mustahkam o‘rnashmaguncha saxiy xulqli, deb aytilmaydi. (Holat xulq bo‘lishi uchun) ishlar insonda mulohazasiz, osonlik bilan sodir bo‘lishini shart qildik. Chunki molni majburan sarflagan kishi yoki g‘azablangan paytida qiynalib va oqibatini o‘ylab majburan sukut qilib turgan kishi saxiy yoki halim, deyilmaydi

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:06:41

Endi bu yerda to‘rt xil ish bor: birinchisi - chiroyli ish va xunuk ish. Ikkinchisi - ikkisini ham qilishga qodir bo‘lish. Uchinchisi - ikkisini ham bilish. To‘rtinchisi - nafsning u ikki tomondan biriga moyil bo‘lgan holati. Unga ikkisidan birini, ya’ni chiroyli yoki xunugini qilish oson bo‘ladi. Xulq (bir ishni) bajarishdan iborat emas. Ko‘pincha saxiy kishilar moli yo‘qligi uchun yoki boshqa bir monelik sababli mol sarflay olmaydilar. Goho baxil kishilar bor, ular biror sabab tufayli yoki riyo uchun molini sarflashadi.

Yana xulq quvvatdan iborat emas, chunki quvvatni qizg‘onchiqlikka va saxiylikka nisbat berishda, ya’ni ikki zid narsaga nisbat berishda farq yo‘q. Har bir inson tabiatan berishga ham, qizg‘onchiqlikka ham qodir qilib yaratilgan. Bu esa xulqi baxillik va saxiylik ekanini vojib qilmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:06:54

Yana xulq ma’rifatdan iborat ham emas, chunki ma’rifat chiroyliga ham, xunukka ham bir xil taalluqli bo‘ladi. Xulq to‘rtinchi ma’nodan iboratdir. U nafsdan qizg‘onchiqlik yoki saxiylik sodir bo‘lishi uchun unga tayyorlanib turiladigan holatdir. Demak, xulq nafsning holatidan va botiniy suratidan iborat narsadir. Zohiriy suratning to‘la-to‘kis chiroyliligi burun, og‘iz va yonoqlar xunuk bo‘lib, ko‘zning o‘zigina chiroyli bo‘lishi bilan mukammal bo‘lmaydi, balki tashqi chiroy mukammal bo‘lishi uchun hamma a’zolar chiroyli bo‘lishi lozim.

Xuddi shuningdek, ichki olamda ham to‘rt xil rukn bor, ya’ni husni xulqning mukammal bo‘lishi uchun shu ruknlarning hammasi chiroyli bo‘lishi lozimdir. Agar ana shu to‘rt rukn birdek to‘g‘ri, mo‘‘tadil bo‘lsa va bir-biriga munosib kelsa, husni xulq hosil bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:07:07

To‘rtta rukn - ilm quvvati, g‘azab quvvati, shahvat quvvati va bu uch quvvat o‘rtasidagi adolat quvvatlaridir. Ilm quvvatining chiroyli va yaxshi bo‘lishi so‘zlardagi rost va yolg‘on o‘rtasidagi farqni bilish, e’tiqod borasida haq bilan botil o‘rtasidagi farqni bilish va ishlarda esa yaxshi bilan yomon o‘rtasidagi farqni bilish oson bo‘ladigan darajada bo‘lmog‘idadir. Agar bu quvvat yaxshi bo‘lsa, undan hikmat mevasi hosil bo‘ladi, hikmat esa chiroyli xulqlarning boshidir. Bu to‘g‘rida Alloh taolo bunday deydi:

«Kimga hikmat berilgan bo‘lsa, batahqiq unga ko‘p yaxshilik berilibdi» (Baqara surasi, 269-oyat).

G’azab quvvatining chiroyliligi uning qisilishi va yozilib ketishi hikmat taqozo qilgan chegarada bo‘lishidadir. Xuddi shuningdek, shahvatning chiroyliligi va yaxshi bo‘lishi ham hikmat ishorasi ostida, ya’ni aql va shariat ishorasining ostida bo‘lmog‘idadir.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:07:25

Adolat quvvati - shahvat va g‘azablarni aql va shariat ishorasi ostida ushlab turishdir. Aql nasihatgo‘y bir maslahat beruvchiga o‘xshaydi. Adolat quvvati - qodirlikdir. U aqlning ko‘rsatmasini amalga oshirib yurgizuvchiga o‘xshaydi. G’azab esa unda ko‘rsatma amalga oshiriladigan narsadir. U ovchi itga o‘xshaydi. Chunki g‘azabni erkin qo‘yish va uni to‘xtatib turish nafsning shahvatini qo‘zg‘ashi taqozosi bilan emas, balki ko‘rsatmaga binoan bo‘lmog‘i uchun unga odob-tarbiya berish lozim. Shahvat ov qilish uchun miniladigan otga o‘xshaydi. Chunki u ham goho tarbiyalangan, o‘rgatilgan bo‘ladi, goho esa bo‘ysunmas bo‘ladi. Kimda mana shu xislatlar bir xil holda to‘g‘ri bo‘lsa, u to‘liq husni xulqlidir. Kimda uning ba’zisi to‘g‘rilanib, ba’zisi to‘g‘rilanmagan bo‘lsa, u to‘g‘rilangan ma’no jihatidan chiroyli xulqlidir, bunday inson yuzining ba’zi a’zolari chiroyli bo‘lib, ba’zisi xunuk kishiga o‘xshaydi.

G’azab quvvatining chiroyli va to‘g‘ri bo‘lishi shijoat, deyiladi. Shahvat quvvatining chiroyli va to‘g‘ri bo‘lishi esa iffat, deyiladi. Agar g‘azab quvvati to‘g‘rilikdan ziyodali tomonga moyil bo‘lsa, u haddan oshish, deb nomlanadi. Agar zaiflik va nuqsonli tomonga moyil bo‘lsa, u qo‘rqoqlik va ojizlik, deb ataladi. Agar shahvat quvvati ziyodali tomoniga moyil bo‘lsa, u ochko‘zlik, deb nomlanadi. Agar nuqsonli tomonga moyil bo‘lsa, u jaholat, deyiladi. Bulardan o‘rtachasi maqtovga sazovor va fazilatdir. Ikki tomoni esa, ya’ni ziyoda va kam tomoni yomonlangan va nuqsonlidir. Adolat agar yo‘q bo‘lsa, uning uchun ziyoda va nuqson tomon bo‘lmaydi. Balki uning bitta ziddi va muqobili bo‘ladi, u esa zulmdir. Ammo hikmatni yomon maqsadlarda ishlatishda haddan oshish axloqsizlik va tilyog‘lamachilik, deb nomlanadi. Unga beparvolik qilish esipastlik, deyiladi. Bu ikkisining o‘rtasi esa hikmat nomi bilan xoslanadi.

Qayd etilgan