Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 177096 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 33 B


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:16:25

Agar shayx unga balandparvozlik, kibr va nafs azizligi kuchli bo‘lganini ko‘rsa, uning bozorlarda gadoylik va tilanchilik uchun chiqishiga buyruq beradi. Chunki nafs azizligini va kattalikni faqat xorlik sindiradi. Tilanchilik xorligidan ko‘ra katta xorlik yo‘q. Nafs azizligi va kibri singunicha shu holda davom etishga majburlaydi. Chunki kibr halok qiluvchi kasalliklardandir. Balandparvozlik ham shunga o‘xshashdir. Agar unda badan va kiyimidagi pokizalik g‘olib kelganini, qalbining shunga moyilligini va shunga burilib, u bilan xursandligini ko‘rsa, uni tozalik to‘g‘risidagi balandparvozligi yo‘q bo‘lguncha hojatxonaga qarab turishga, uni tozalashga, iflos joylarni supurishga, oshxona va tutunli joylarda xizmat qildiradi. Chunki kiyimlarini o‘ta pokiza tutib, uni ziynatlab yuradigan, doim pokiza kiyimlarni va rang-barang gilamlarni talab qiladigan kishilar bilan kun bo‘yi o‘zini ziynatlab yuradigan kelinchakning o‘rtasida farq yo‘q.

Insonning o‘z nafsiga ibodat qilishi yoki butga ibodat qilishi o‘rtasida ham farq yo‘qdir. Inson qachon Allohdan boshqaga ibodat qiladigan bo‘lsa, u Allohdan to‘sib qo‘yiladi. Kim kiyimi halol va pok bo‘lishidan tashqari qalbi unga burilib qoladigan darajada e’tibor bersa, u nafsi bilan mashg‘ul kishidir.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:16:40

Yana riyozatning ajoyibotlaridan quyidagilar bor: agar murid balandparvozlik yoki boshqa sifatlarni tark qilishga boshdanoq himmat ko‘rsatmasa yoxud u sifatlarning ziddini qilishga daf’atan bo‘ysunolmasa, uni yomon xulqdan boshqa yengilroq bir yomon xulqqa ko‘chirish kerak. Bu agar qonni suv ketkizolmasa, siydik bilan yuvib, so‘ngra siydik suv bilan yuvilganga o‘xshaydi. Go‘dak bola maktabda avval to‘p, to‘qmoq va shunga o‘xshash narsalar bilan o‘ynashga qiziqtiriladi. So‘ngra u o‘yindan ziynatlanishga, ko‘rkam kiyimlar kiyishga ko‘chiriladi. So‘ngra shunday qiziqtirish bilan rahbarlikka va obro‘ talabiga ko‘chiriladi. Keyin obro‘dan u oxiratga qiziqtirishga ko‘chiriladi. Shuningdek, kimning nafsi obro‘sini tark qilishga birdaniga bo‘ysunmasa, u o‘zining obro‘sidan pastroq bir obro‘ga ko‘chiriladi.

Boshqa sifatlar ham shunga o‘xshashdir. Agar shayx muridiga taomga ochko‘zlik kuchli ekanini ko‘rsa, unga ro‘za tutish, ovqatni ozaytirishni shart qilib qo‘yadi. So‘ngra unga shirin taomlar tayyorlashni, uni boshqalarga berib, o‘zi undan yemasligini buyuradi. Hatto u ana shu yo‘l bilan nafsiga kuchi yetadigan bo‘ladi, sabrni odat qilib, ochko‘zligini sindiradi. Xuddi shuningdek, qo‘li kalta muridning uylanishga juda qiziqayotganini bilsa, unga ro‘za tutishni buyuradi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:16:52

Ba’zan ro‘za tutish bilan ham uning shahvati susaymaydi. Uni bir kecha nonsiz, suvning o‘ziga iftor qilishga, bir kecha esa suvsiz, nonning o‘ziga iftor qilishga buyuradi. Nafsi xor bo‘lib, shahvati singuncha go‘sht bilan nonxurushni butkul man qiladi. Xohish-irodaning boshlanish vaqtida ochlikdan ko‘ra foydaliroq davo bo‘lmaydi. Agar g‘azab g‘olib bo‘lganini ko‘rsa, unga halimlikni va sukut saqlashni buyuradi hamda unga xulqi yomon kishilarni sherik qilib, unga ularni hukmron qilib qo‘yadi. Uning nafsini ulardan yetayotgan yomonlikka chidashga o‘rgatguncha yomon xulqli kishilarga xizmat qilishni buyuradi. Ba’zilardan hikoya qilinishicha, ular nafsiga halimlikni odatlantirar, o‘zidan qattiq g‘azablanishni ketkazardi. Hatto odamlar to‘planib turadigan joylarda o‘zini so‘ktirish uchun kishilarni ishga solardi. Bundaylar nafsini shunga chidashga majbur qilardi. G’azablarini esa yutib yuborardi. Hatto halimlik bu kishilarga zarbulmasal darajasida odatga aylanib qolardi. Ba’zilari esa o‘zlarida qo‘rqoqlik va zaif qalblilikni sezib, shijoat xulqini hosil qilishni istasa, qish faslida to‘lqinlar mavj urib turgan paytda dengizga chiqardi. Hind ibodatgo‘ylari dangasaliklarini tun bo‘yi bir ustunning ustida turib chiqish bilan davolaydilar. Ba’zi shayxlar dastlab kechasi qoyim bo‘lishdan dangasalik qilishardi. So‘ngra oyoqlarida ixtiyoriy qoyim bo‘lish uchun o‘zlarini tun bo‘yi boshlarida turishga majburlashardi. Ba’zilari esa mollarining hammasini sotib yuborish, dengizga uloqtirish bilan o‘zlarini mol-dunyo muhabbati xastaligidan davolaganlar. Zero, saxiylik balandparvozligidan, sarflash riyosidan qo‘rqib, uni insonlarga tarqatishmagan.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:17:10

Mana shu misollar sizga qalbni davolash yo‘llarini o‘rgatadi. Maqsadimiz har bir kasallikning davosini zikr qilish emas, chunki bular keyingi kitoblarda keladi. Albatta hozirgi maqsadimiz bunda mutloq yo‘l - nafs xohlaydigan va unga moyil bo‘ladigan har bir narsaga zid yo‘lda yurish ekanini bildirishdir. Alloh taolo bularning hammasini O’zining aziz kitobida bitta kalimada jamlab qo‘ygan:

«Endi kim (hayoti dunyodalik paytida qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (va U Zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi xohishlaridan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur» (Van-noziot surasi, 40-oyat).

Bu harakat va urinishdagi asl muhim narsa qasd etilgan narsaga vafo qilishdir. Agar shahvatni tark etishga qasd qilinsa, shahvatga olib boradigan yo‘llar yengillashib qoladi. Bu esa Alloh taolodan bo‘lgan imtihon va sinovdir. Endi sabr qilmog‘i va qasdida doimiy bo‘lmog‘i lozim. Chunki u nafsini qasdni tark qilishga odatlantirsa, nafsi shunga o‘rganib qoladi va buziladi. Agar unga qasdni buzish to‘g‘ri kelib qolsa, nafsiga bir jazo tayinlashi lozim. Buni «Muhosaba va muroqaba kitobi»ning nafsni jazolash to‘g‘risidagi bobida zikr qilganmiz. Agar nafsni bir jazo bilan qo‘rqitmasa, nafs unga ustun keladi va nazdida shahvatga binoan ish qilishi chiroyli ko‘rinadi. Shu sababli riyozat butkul fasod bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:17:40

Qalblarning kasallik belgilari va uni sog‘liqqa qaytarish alomatlari bayoni

Bilingki, albatta badanning har bir a’zosi maxsus bir xizmat uchun yaratilgan. Uning kasalligi o‘ziga xoslangan ishni qilishda uzrli bo‘lib qolishidir. Hatto o‘sha ishni mutlaqo qila olmay qoladi yoki bir nav qiynalish bilan bajaradi. Endi qo‘l kasalligi unga ushlashni qiyinlashtiradi. Ko‘z kasalligi ko‘rishning qiyin bo‘lishidir. Shuningdek, qalbning kasalligi ham o‘ziga xoslangan, qalb nima uchun yaratilgan bo‘lsa, o‘sha ishni bajarishga imkonsiz qolishidir. Bu ishlar ilm, hikmat, ma’rifat, Alloh taoloni sevish, Unga ibodat qilish, Uni eslash bilan lazzatlanish hamda bularni boshqa har qanday shahvatdan ustun qo‘yish, jamiki shahvat va a’zolardan bu ishda yordam so‘rashdan iborat. Alloh taolo aytadi:

«Men jin va insni faqat O’zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Vaz-zoriyot surasi, 56-oyat).

Har bir a’zoda bir foyda bor. Qalbning foydasi esa hikmat va ma’rifatdir. Odam uchun nafsning xususiyati chorva hayvonlaridan ajratib turishidir. Chunki inson hayvondan yeyish, jimo’ qilish, ko‘ra olish va boshqa narsalarga bo‘lgan imkoni bilangina ajrab turmaydi. Balki narsalarni aslidagidek bilishi bilan ajrab turadi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:18:01

Narsalarning asli va ularni bor qiluvchi, ixtiro qiluvchi Alloh azza va jalladir. U shunday Zotki, narsalarni yaratgandir. Agar inson har bir narsani tanisa-yu, lekin Alloh azza va jallani tanimasa, u go‘yo hech narsani tanimabdi. Tanishning belgisi sevishdir. Kim Alloh taoloni tanisa, Uni sevadi. Sevgining belgisi esa dunyo va boshqa suyukli narsalarni Undan ustun qo‘ymaslikdir. Alloh taolo aytadi:

«(Ey Muhammad alayhissalom), ayting, agar ota-onalaringiz, bolalaringiz, aka-ukalaringiz, juftlaringiz, qarindosh-urug‘laringiz va kasb qilib topgan mol-dunyolaringiz, kasod bo‘lib qolishidan qo‘rqadigan tijoratlaringiz hamda yaxshi ko‘radigan uy-joylaringiz sizga Allohdan, Uning payg‘ambaridan va Uning yo‘lida jihod qilishdan suyukliroq bo‘lsa, u holda to Alloh O’z amrini (ya’ni, azobini) keltirgunicha kutib turaveringlar. (Zero) Alloh bunday itoatsiz qavmni hidoyat qilmas» (Tavba surasi, 24-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:18:09

Qay bir insonda Allohdan ko‘ra suyukliroq narsa bo‘lsa, uning qalbi kasaldir. Bu oshqozonga o‘xshaydi. Har bir oshqozonga non va suvdan ko‘ra loy suyumliroq bo‘lib qolsa yoki uning non va suvga bo‘lgan ishtahasi yo‘q bo‘lib qolsa, u oshqozon kasal, bular kasallik alomatlaridir. Shundan bilinib turibdiki, qalblardan Alloh xohlaganigina sog‘lom, qolganlari esa kasaldir. Lekin kasallar orasida egasi bilmaydiganlari ham bor. Qalb kasalligi ham qalb egasi bilmaydigan kasalliklardandir. Shuning uchun egasi xastalikdan g‘ofil qoladi. Garchi uni bilsa ham, davolanish mashaqqatiga sabr qilishi qiyin bo‘ladi, chunki uning davosi shahvatlarga qarshi chiqishdir. Bu esa jonni sug‘urish demakdir. Agar u nafsida shunga sabr qilish quvvatini topsa ham, uni davolaydigan o‘tkir tabib topolmaydi. Chunki tabiblar ulamolardir. Ularni ham o‘sha kasallik egallagan. Bemor tabib o‘zini davolashga juda kam e’tibor beradi. Shuning uchun dard davosiz bo‘lib qoladi. Kasallik surunkali davom etadi. Vaholanki, bu ilmni o‘zi dars qilib o‘rgangan va (lekin) qalblarning tabobatini, uning kasal bo‘lishini butkul inkor etgan edi. Dunyo muhabbatida zohiran ibodat ko‘ringan, botinan esa odat va riyokorlik bo‘lgan amallarni qilish bilan xalqqa yuzlangan edi. Mana shular asl kasalliklar alomatidir.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:18:21

Ammo muolajadan keyin uning sog‘liqqa qaytish belgilari tabibning davolayotgan kasalligiga qarashidir. Agar halok etuvchi va Alloh taolodan uzoq qiluvchi baxillik kasalligini davolayotgan bo‘lsa, uning davosi molni sarflash va uni infoq qilish bilan bo‘ladi. Lekin u goho molini isrof qiluvchiga aylanish chegarasiga yetguncha sarflab yuboradi. Isrof ham yana bir kasallik hisoblanadi. U kishi go‘yo sovuqlikni issiqlik bilan davolab, hatto issiqlig‘i ko‘payib ketgan kishiga o‘xshaydi. Bu ham bir kasallikdir. Balki istalayotgan narsa issiq va sovuqning o‘rtasidagi mo‘‘tadillikdir. Shuningdek, isrofgarchilik va baxillikning o‘rtasidagi matlubi mo‘‘tadillikdir. Hatto bu mo‘‘tadillikning o‘rtada va ikki tomondan ham g‘oyat uzoqlikda bo‘lishidir.

Agar o‘rtachalikni bilishni xohlasangiz, qaytarilgan xulq keltirib chiqaradigan ishga qarang. Agar u sizga yengilroq va ziddidagi ishdan jozibaliroq bo‘lsa, ustun kelgani shu holatni keltirib chiqaradigan xulqdir. Bu sizga molga baxillik, uni to‘plash lazzatliroq va haqdor kishiga sarflashdan ko‘ra osonroq bo‘lishidir. Bilingki, sizda baxillik xulqi ustun kelgan bo‘lsa, davomatli sarflashni ko‘paytiring. Agar nomunosib joylarga sarflash sizga lazzatliroq va haq bilan ushlab turishdan ko‘ra yengilroq bo‘lsa, demak, isrofgarchilik g‘olib bo‘libdi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:18:30

Endi noo‘rin joylarga sarflashdan o‘zingizni ushlab turishga harakat qiling. Endi doim nafsingizni kuzatishda, ishlarning oson va qiyin kechishi bilan xulqingizning qandayligidan dalil sifatida foydalanish payida bo‘ling. Shunda mol-dunyoga iltifot qilishdan qalbingizning aloqasi uziladi. Uni noo‘rin sarflashga va qizg‘anchiqlikka moyil bo‘lmaysiz. Balki mol nazdingizda suvga o‘xshab qoladi. Undan hojatga zarurinigina ushlab turishni yoki kerakli hojatgagina sarflashni xohlaysiz. Sizga ushlab turishdan ko‘ra sarflash afzal bo‘lib ko‘rinmaydi. Shunday har bir qalb Alloh taologa, ayniqsa, shu maqom (ya’ni, isrofgarchilik va baxillik)dan salomat holda boradi. Unda dunyoga taalluqli biror narsa bilan aloqa bo‘lmasligi uchun nafs dunyoga iltifot qilmasdan va sabablariga oshiqmasdan, balki u bilan aloqalarni uzganini bildirmagunicha boshqa yomon xulqlardan saqlanish vojib bo‘ladi. Shunda xotirjam nafsning qaytishiga o‘xshab rozi bo‘lgan va undan ham rozi bo‘lingan holda payg‘ambarlardan, siddiqlardan, shahidlardan va solihlardan iborat Alloh taoloning muqarrab bandalari qatorida Robbiga qaytadi. O’shalar (muqarrab bandalar) qanday yaxshi hamrohdirlar.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:18:43

Ikki tarafning o‘rtasidagi haqiqiy mo‘‘tadillik g‘oyatda xufyona, soch tolasidan ham ingichkaroq va qilichdan ham o‘tkirroq bo‘lar ekan, demak, qay bir kishi dunyoda mana shu to‘g‘ri yo‘lda yursa, oxiratda ham shunga o‘xshash yo‘ldan o‘tishida shak-shubha yo‘q. Banda ikki tomonning biriga moyil bo‘lib, o‘rta yo‘ldan boshqa tomonga burilib ketsa, uning qalbi moyil bo‘lgan tomoniga taalluqli bo‘lib qoladi. Shuning uchun bir bor azoblanishdan va do‘zax ustidan, garchi chaqmoqdek bo‘lsa ham, o‘tishdan qutulolmaydi. Alloh taolo aytadi:

«Sizlardan har biringiz unga tushguvchidirsiz. (Bu) Parvardigoringizga (ya’ni, U Zotning amriga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir. So‘ngra taqvodor bo‘lgan zotlarni (undan) qutqarurmiz» (Maryam surasi, 71-oyat).

Ya’ni, ularning to‘g‘ri yo‘lga yaqinliklari uzoqliklaridan ko‘ra ko‘proq bo‘lgan taqvodor zotlari najot topadi. To‘g‘ri bo‘lish qiyinligi sababli har bir bandaga har kuni o‘n yetti marta «Bizni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgin», deb duo qilmog‘i vojib bo‘ladi. Zero, namozning har bir rakatida Fotiha surasini o‘qish vojibdir.

Qayd etilgan