To‘rtinchisi - insonlarga qo‘shilib yurish. Xalq o‘rtasida yomonlangan har bir narsani o‘z nafsidan axtarsin va uni ana shu yomonlikka nisbat bersin. Chunki mo‘min mo‘minning oynasidir. Boshqa kishining aybi orqali o‘z aybini ko‘rib oladi. Tabiatlar havoyi nafsga ergashishda bir-biriga yaqinligini ham biladi. Tengdoshlardan biri nima bilan sifatlansa, ikkinchisi ham shu sifatning aslidan yoki undan ham kattaroqdan yo o‘sha sifatning biror narsasidan ham xoli bo‘lmaydi. O’z nafsini tekshirsin va uni boshqalar yomonlaydigan narsalardan poklasin. Mana shularning o‘zi sizga odob berishga kifoya qiladi. Agar insonlarning har biri boshqalarda yomon ko‘radigan narsalarini tark qilganlarida edi, ular odob beruvchilardan behojat bo‘lishardi.
Iso alayhissalomga «Sizga kim odob-axloqni o‘rgatgan?» deyishdi. Shunda u kishi: «Menga odobni hech kim o‘rgatgan emas, (balki) nodon kishining nodonligini ayb deb ko‘rdim, undan saqlandim», dedilar. Bularning hammasi taqvodor, ziyrak, nafsning ayblarini ko‘ruvchi, dinda nasihatgo‘y, o‘z nafsini poklab bo‘lgan, Alloh taoloning ibodatgo‘y bandalarini poklash bilan mashg‘ul bo‘lib, ular uchun nasihatgo‘y bir shayx topa olmagan kishilarga aytilgan yo‘ldir. Ammo kim o‘ziga mana shunday shayxni topgan bo‘lsa, u o‘ziga bir tabib topibdi. Uni mahkam ushlasin va shu tabib kasalidan xalos qiladi. Yaqiniga kelib qolgan halokatdan qutqaradi.